Xorijiy til o‘qituvchisining sertifikati bo‘lmasa, unga dars bermaslik kerakmi?
Savol: Assalomu alaykum. Men nemis tili o‘qituvchisiman. Hozirda ikkinchi malaka toifasiga egaman. Sertifikatim yo‘q. Menga direktorimiz sertifikating bo‘lmasa dars bermayman deyapti. Shu to‘g‘rimi?
Savolga Ulug’bek Po’latov o’zining Xalq ta’limi info kanalida quyidagicha javob berdi:
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-sonli qarori 9-bandiga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, davlat ta’lim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilandi.
Keyinchalik, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 oktyabrdagi 07/1-1287-son topshirig‘i asosida umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini davomiyligini ta’minlash maqsadida 2022-2023 o‘quv yili uchun istisno tariqasida bu sertifikat talab etilmagan va mazkur talab 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab kuchga kirishi belgilandi.
Ya’ni, bu yildan boshlab faqatgina yangi ishga kirayotgan xorijiy tillar o‘qituvchilaridan B2 darajadagi sertifikat talab etiladi.
❕E’tibor bering, bu tartib hozirgi kunda maktablarda ishlab kelayotgan xorijiy tillar o‘qituvchilariga tegishli emas.
2024-2025 o‘quv yiliga qadar esa maktablarda faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi qo‘yiladi.
Ya’ni, amalda ishlab kelayotgan nemis tili fani o‘qituvchisidan hozir sertifikat talab qilish noto‘g‘ri. Bu yil o‘qituvchining ikkinchi malaka toifasiga munosib ravishda darc berib tursa bo‘laveradi.
Mavzuga doir:
Chet tili o‘qituvchilariga sertifikat talabi qachon joriy etiladi?