Xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchining bir stavkadan ortiq dars soati uchun ustama to‘lanmaydimi?
Savol: Maktabda 30 soat matematika darsim bor. Yaqinda GRE xalqaro sertifikatini oldim. Hozirda menga 20 soatga sertifikat uchun 50% ustama to‘lanyapni. Qolgan 10 soatiga esa yo‘q. Buning biron qonuniy asosi bormi? Aslida 30 soat uchun to‘lanishi kerakmi yoki 20 soatga? Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizomning 21-bandiga muvofiq pedagog xodimlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustamalar, shu jumladan mavjud sertifikatlari uchun to‘lanadigan ustamalar, tarifikatsiya ro‘yxatida ajratilgan dars soatlariga (o‘qituvchining tarif stavkasiga) mutanosib ravishda to‘lab beriladi.
Ya’ni, o‘qituvchining dars soati qancha belgilangan bo‘lsa, ushbu dars soatlari miqdoridan kelib chiqib, qo‘shimcha ustamalar to‘lab berilishi lozim.
Shuni ham alohida qayd etib o‘tish joizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023 yil 28 iyulda bir necha vazirliklar bilan imzolagan 25-sonli qo‘shma qarori bilan 2023-2024 o‘quv yili davomida umumta’lim maktablarining pedagoglariga 50 va 20 foiz ustama to‘lab beriladigan certifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan.
Ushbu hujjatda esa barcha sertifikatlar o‘zi dars beradigan fani bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega umumta’lim maktablarda faoliyat yuritadigan, hatto soatbay va o‘rindosh, pedagog xodimlarga shu jumladan, maktab direktori va o‘rinbosarlarga ham har oylik ustama to‘lash nazarda tutilgan.
Demak, ushbu vaziyatda xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchining faqatgina 20 soat darsi uchun ustama to‘lanishi noqonuniy xatti-harakat hisoblanib, shu vaqtga qadar noto‘g‘ri hisob-kitob oqibatida to‘lab berilmagan mablag‘lar xodimga qayta undirib berilishi lozim deb hisoblaymiz.
Mavzuga doir:
Sertifikat soxta bo‘lsa qonunchilikda qanday javobgarlik bor?
Barcha fanlardan milliy sertifikat namunaviy test savollari javobi bilan