Qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga kamroq dars berilishi kerakmi?
Savol: Ma’lumki, dars taqsimotida qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega bo‘lgan o‘qituvchi toifaga ega bo‘lgan o‘qituvchilardan keyin dars oladi. Ammo qayta tayyorlovda o‘qigan o‘qituvchi oliy toifasi bo‘lsachi? Dars taqsimotida qanday bo‘ladi? Men shunday holatdaman. Oliy toifam bo‘lsada, qayta tayyorlov deb oxirgi o‘rinda ozgina dars soati berishdi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (ro‘yxat raqami 3271) 15-bandida belgilangan ko‘rsatgichlarga asosan qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilardan keyingi o‘rinda turadi.
Ammo bu yerda nizomning 16-bandini esdan chiqarmasligimiz kerak. 16-bandga ko‘ra, o‘qituvchi nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.
Ya’ni, o‘qituvchi qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega bo‘lsa va shu mutaxassislik bo‘yicha malaka toifasini olgan bo‘lsa, uning malaka toifasi ko‘rsatkichlarning eng ustuvori deya baholanadi.
Ushbu vaziyatda qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega bo‘lgan, oliy toifali o‘qituvchi malaka toifalari bo‘yicha boshqa hamkasblariga nisbatan yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lsa, bu o‘qituvchiga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi.
Yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun aytadigan bo‘lsak, qayta tayyorlov diplomiga ega bo‘lgan o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha malaka toifasini olgach, uni qayta tayyorlovda tahsil olganligini unutamiz. Endi u toifali o‘qituvchi hisoblanadi.
Mavzuga doir:
O‘qituvchilarga ustama tayinlashni kim hal qiladi?
Maktabda darslar noto‘g‘ri taqsimlangan bo‘lsa nima qilish kerak?