Maktab psixologi «Tarbiya» fanidan dars bersa bo‘ladimi?
Savol: Assalomu alaykum Ulug‘bek Po‘latov. Meni savolim quyidagicha: Men 2021 yilda FarDu maxsus sirtqi bo‘limi pedagogika va psixologiya fakultetini tamomlaganman. Hozirda maktabda 1 stavka psixolog bo‘lib ishlayapman.
Shunga qo‘shimcha 8 soat tarbiya darsini o‘tishim mumkinmi? Tarifikatsiya va adliyadan o‘tgan yili o‘tgan. Bu yil mumkin emas pulini qaytarib oladi deyishyapti. Nima qilsam bo‘ladi o‘taveraymi yoki darsni topshiraymi?
Savolga Xalq ta’limi info kanalida quyidagicha javob berildi:
Bu vaziyatda bir holatga adashmaslik lozim. Ya’ni, oliygohlarning «Pedagogika va psixologiya» yo‘nalishini 2020-2021 o‘quv yilidan avval tamomlaganlar «Tarbiya» fanidan dars berolmaydi.
2020-2021 o‘quv yili va undan keyin «Pedagogika va psixologiya» yo‘nalishini tamomlagan psixologlar esa «Tarbiya» fanidan dars bersa bo‘ladi. Hozir buning sababini to‘liq tushuntiramiz.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 iyuldagi 422-sonli qarorida 2020-2023 yillarda respublika oliy ta’lim muassasalarining «Pedagogika va psixologiya» va «Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)» ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida «Tarbiya» fanini o‘qitish huquqi berilishi yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligiga esa mazkur ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tegishli o‘zgartirishlar kiritish vazifasi yuklatilgan.
Aslida javob yanada aniq bo‘lishi uchun vazirliklar yuqoridagi topshiriqni qay darajada to‘g‘ri bajarganliklari ham muhim. Buning uchun psixolog o‘zi tahsil olgan oliygoh tomonidan taqdim qilingan diplom ilovasida «Tarbiya» fani bor yoki yo‘qligini ko‘zdan kechirib chiqishi lozim.
Agar diplom ilovasida «Tarbiya» fani qayd etilgan bo‘lsa, «Pedagogika va psixologiya» va «Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)» ta’lim yo‘nalishlarini 2021 yildan keyin tamomlagan psixologlar qo‘shimcha ravishda «Tarbiya» fanidan ham dars berishi mumkin.
Darslar “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida nizom” talablari bo‘yicha taqsimlanadi.
Mavzuga doir:
Yangi tarbiya fani qanday fan, unda nimalar o‘rganiladi?
Boshlang‘ich sinflarda “Tarbiya” fanidan dars bersam bo‘ladimi?
Tarbiya fanidan to‘garak hujjatlari, konspekt va ish rejalar