Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylar to’plami

Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylar to’plami
Telegramda o'qish

Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylari to’plamini qabul qiling.

Eslatib o’taman, Bobur siymosiga bag’ishlangan tadbir ishlanmasini ushbu sahifadan yuklab olishingiz mumkin: Bobur kabi seving vatanni (tadbir senariysi)
Bobur tavalludiga bag’ishlangan senariylar to’plami esa mana bu manzilda joylangan: Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag’ishlangan tadbir senariylari to’plami, buklet va dars

RUBOIYLAR

Jono, bitigingki, bo‘ldi marqum manga,
Mehnat bila g‘amni qildi ma’dum manga.
Ko‘rgach ani garchi shod behad bo‘ldum,
Mazmuni, vale, bo‘lmadi ma’lum manga.

* * *

Ne ishratu aysh uchun mayi nob manga,
Ne toat uchun go‘shai mehrob manga,
Ne fisq qilurg‘a bordur asbob manga,
Ne zohid o‘lurg‘a toqatu tob manga.

* * *

To bo‘lg‘ali dildor o‘shal oy manga,
Holimni bilib, qilmadi parvoy manga.
Men asru harobu yor ko‘p mustag‘niy,
Ey voy manga, voy manga, voy manga!

* * *

Xush ulki, ko‘zum tushti sening ko‘zushta,
Bevosita holimni desam o‘zungga,
Bermay so‘zuma javob achig‘lanasen,
Qilding meni muhtoj chuchuk so‘zungga.

* * *

Asru ko‘p emish jur’atu ximmat sizga,
Ro‘ziy qilg‘ay Xudoy nusrat sizga.
Mardonalig‘ingizni bori el bildi,
Rahmat sizga, hazor rahmat sizga!

* * *

Har kimki vafo qilsa vafo topgusidur,
Har kimki jafo qilsa jafo topgusidur,
Yahshi kishi yomonlig’ ko’rmagay hargiz,
Ha kimki yomon bo’lsa jazo topgusidur!

* * *

Jondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz,
Har neniki sevmak andin ortiq bo’lmaz,
Andin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz.

* * *

Taqdir yuki boshimga balolig’ bo’ldi,
Har neniki ayladim hatolig’ bo’ldi,
Oz yurtni qo’yib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab netayin, bu ne yuz qarolig’ bo’ldi.

* * *

Yod etmas emish kishini g’urbatda kishi,
Shod etmas emish ko’ngulni mehnatda kishi.
Ko’nglim bu g’ariblikda shod o’lmadi, oh,
G’urbatda sevinmas emish, albatta, kishi.

* * *

Ahbob, yig’ilmoqni farog’at tutungiz,
Jamiyatingiz borini davlat tutungiz.
Chun gardishi charx bu durur, tengri uchun,
Bir — birini necha kuni g’animat tutungiz.

* * *

Tuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Sarrishtai ayshdin ko’ngulni zinhor
Uz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur.

* * *

Sen gulsenu men haqir bulbuldirmen,
Sen shu’lasen,ul shu’lag’a men kuldirmen.
Nisbat yo’qdur,deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga,vale senga quldurmen.

TUYUQLAR

Vasldin so‘z derga yo‘q yoro manga,
Hajr aro rahm aylagil, yoro, manga.
O’qung etti ko‘p yomon yoro manga,
Marxami lutfung bila yoro manga.

* * *

Ulki, har ko‘zi g‘azoli Chindurur,
Qoshida payvaeta oning chindurur.
Chunki ko‘p yolgon aytti ul manga,
Gar desam yolg‘onchi oni chindurur.

* * *

Meni behol aylagan yor oydurur —
Kim, oning vasli menga yoroydurur.
Gar visoli bo‘lmasa, ketar yerim
Yo Xuroson, yo Xitoy, yo Roydurur.

* * *

Ishq ahli ishq dardini taning,
Ko‘p yomondur, dardi ishqidin taning.
Har necha ko‘zum och ersa, ko‘z to‘yor
Gar ochilsa siymdek nozik taning.

* * *

Mehrkim, ko‘kka qilur ohang tong,
Ollida bo‘lsa, emas berang tong.
Xoliyu ikki labidek bo‘lmag‘ay,
Hindu ar keltursa shakkar tang-tang.

* * *

Kel, qilay jonni nisoring, o yorim,
Naqdi jonni bormu sendin oyorim?!
Bo‘sa bersang gar tamom og‘zing bila,
Kunji og‘zingdin oloyin oyorim.

* * *

Sen kibi bir dilraboni bilmanam,
Oshiki sodikki derlar, bil, manam,
Qil tasavvur ko‘z yoshimni bir tengiz,
O’zga oshiq ashki yanglig‘ bilmanam.

* * *

To chiqardi xat uzori pokidin,
Gul yuzi ozurda bo‘ldi pokidin.
Istar erdi el burun yuz mehr ila,
Emdi ul yuz mehri ketti pokidin.

* * *

To ko‘ngul berdim o‘shal qoysorig‘a,
Borgonini bilmadim qoy sorig‘a.
Do‘stlar, yorg‘a meni sog‘indurung,
Solsangiz nogah quloq qoysorig‘a.

* * *

Shah, supuray ostoning yuz ila,
Tiymanakdin necha uray yuz ila,
Ikki yuzluk muddaiydin ne g‘amim,
Gar ishim tushsa alardin yuzila?!

* * *

Ne balo biyikturur davlat tog‘i,
Ko‘hi g‘amni ne bilur davlat tog‘i.
Himmate tut, dog‘i davlat istagil,
Ximmating bo‘lsa, bo‘lur davlat tog‘i.

* * *

Jong‘a soldi da?f g‘urbat norini,
Ko‘z yoshim bo‘ldi mo‘g‘ulning norini.
Bu aroda men degandek bo‘lmasa,
Ko‘zlay Issig‘ko‘lu andin norini.

* * *

Qaddimni firoq mehnati yo qildi,
Ko‘nglum g‘amu anduh o‘tig‘a yoqildi.
Holimni sabog‘a aytib erdim, ey gul,
Bilmon, sanga sharh qilmadi yo qildi?!

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Комментарии: 1
  1. Otamurodova Mehruza

    :idea: :idea: :idea: :idea: :idea: :idea:

Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: