Eng sara Ezop masallari

Eng sara Ezop masallari
Telegramda o'qish

Ezop ijodiga mansub eng sara, qiziqarli va purhikmat masallar e’tiboringiz markazida. Barchasi qisqa va mazmundor.
Ezop (mil. av. 6-asr) — yunon masalchisi. Rivoyatlarga qaraganda, Ezop frigiyalik qul bo’lib, so’ng ozod qilingan. Lidiya shohi Krez saroyida xizmatda bo’lgan, Delfada o’ldirilgan. Antik davrda ma’lum bo’lgan deyarli barcha masallarning syujeti Ezopniki deb hisoblangan. Ular miloddan avvalgi 4-3 asrlardan boshlab to’plangan va «Ezop masallari» kitobiga kiritilgan. Milodiy 10-15-asrlardagi qo’lyozmalarda 300 dan ortiq shunday masal saqlanib qolgan.
Ezop masallari g’oyaviy jihatdan tushkunlik va umidsizlik ruhida yozilgan, personajlari (asosan, hayvonlar) o’ta shartli, voqealar ixcham bayon qilingan; tili sodda, jonli tilga yaqin. Ezop masallari syujeti Yevropa masalchiligi syujetining asosini tashkil etgan. Lotin masalchisi Fedr (1-asr) va yunon masalchisi Babriy (2-asr)dan tortib frantsuz J. Lafonten va rus Ivan Krilovgacha Ezop masallari syujetini davrga moslab ijodiy rivojlantirganlar. Quyida Ezop masallaridan sara namunalar keltirmoqdamiz. Masal nomiga bosganingizda masal ochiladi, yana shu masal nomiga bossangiz yashirin holatga qaytadi.

Eng yaxshi masallar

1. TULKI VA ECHKI

Baxtsiz tasodif tufayli bir Tulki o‘raga tushib ketibdi. U hech o‘radan chiqishning ilojini qilolmabdi. Bir payt tepadan Echki o‘tib qolibdi. U Tulkidan pastda nima qilayotganini so‘rabdi.
— Ey, hali eshitmadingmi? — debdi Tulki. — Yaqinda qurg‘oqchilik bo‘larmish, shuning uchun men bu yerga suv borligiga ishonch hosil qilish uchun tushdim. Balki sen ham tusharsan?
Echkiga bu maslahat ma’qul kelib, pastga sakrabdi. Ammo Tulki tezlik bilan uning orqasiga chiqib, oyoqlarini uning uzun shoxlariga qo‘yibdi-da, o‘radan chiqib olibdi.
— Xayr, do‘stim, — debdi Tulki, — keyingi safar esingda tursin: Hech qachon o‘zi mushkul ahvolda qolganning maslahatiga quloq solma.
2. BALIQCHI VA BALIQCHA

Baliqchi kun bo‘yi baliq tutishga harakat qilib faqat kichkinagina Baliqchani tutibdi.
— Yolvoraman, meni qo‘yib yubor, — debdi Baliqcha. — Men hozir yeyishing uchun judayam kichkinalik qilaman. Agar hozir meni daryoga qo‘yib yuborsang, men tezda o‘saman, keyin sen mendan ajoyib¬ taom tayyorlaysan.
— Yo‘q, yo‘q, Baliqcham, — debdi Baliqchi, — men seni hozir yeyman, bundan keyin seni tutolmasligim mumkin.
Qissadan hissa: Kelajakdagi nasiya katta narsadan ko‘ra, qo‘lingdagi naqd kichik narsa afzal.
3. SICHQONLAR KENGASHI

Mushukning doimiy xavf solishidan tushkunlikka tushgan sichqonlar muammolarini hal qilish uchun kengash chaqirishibdi. Ular birin-ketin bildirilgan rejalarni tahlil qilib, ularni rad eta berishibdi. Oxiri bir yosh Sichqon mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroq osib qo‘yishni taklif qilibdi.
— Qanday ajoyib fikr, — deb qichqi¬rishibdi ular, — bu Mushuk kelganda qochish uchun juda yaxshi ogohlantirish!
Ular bu taklifni zavq-shavq va olqish¬lar bilan qabul qilishibdi. Shunda keksa bir Cichqon o‘rnidan turib:
— Bu rostdan ham juda yaxshi maslahat va, shubhasiz, bizning muammomizni hal qiladi, — debdi. — Biroq Mushukning bo‘yniga qaysi birimiz qo‘ng‘iroqni ilamiz?!
Qissadan hissa: Taklif qilish bosh¬qa, uni bajarish boshqa.
4. IKKI DO‘ST VA AYIQ

Ikki do‘st o‘rmonda aylanib yurganlarida to‘satdan ayiqqa duch kelib qolishibdi. Ulardan birinchisi shoshib daraxtga chiqib olibdi va ayiqning changalidan qutulib qolibdi. Ikkinchisi esa, hech narsa qo‘lidan kelmasligini bilib, o‘zini o‘lganga solib yotib olibdi.
Ayiq yerda yotgan kishining oldiga kelib, qulog‘ini hidlabdi. Hatto uni turtib ham ko‘ribdi. Kishini o‘lgan deb o‘ylab, unga tegmasdan ketib qolibdi.
Ayiq ketgach, haligi kishining do‘sti daraxtdan tushib kelib:
— Do‘stim, ayiq qulog‘ingga nima deb shivirladi? — deb so‘rabdi.
— U menga: qiyinchilik paytida tashlab ketadigan do‘st bilan sayohatga chiqishni yaxshilab o‘ylab ko‘rmabsan-da, dedi, xolos, — deb javob beribdi do‘sti.
Qissadan hissa: Do‘stlik qiyinchilikda sinaladi.
5. TOVUQ BILAN TULKI

Baland daraxt shoxiga qo‘nib, qag‘-qag‘lab yotgan Tovuqning tovushi butun o‘rmonga taralib, ochlikdan sillasi qurigan Tulkining e’tiborini tortibdi. Tovuqning baland shoxda turganini ko‘rgan Tulki uni hiyla bilan pastga tushirib, yemoqchi bo‘libdi.
— Kechirasan, qadrdonim Tovuq, — deb gap boshlabdi u, — sen yirtqichlar bilan qushlar, umuman, o‘rmonimizdagi barcha jonzotlar o‘rtasida tuzilgan tinchlik bitimi haqida hali eshitmadingmi? Bundan keyin biz bir-birimizni ovlamaymiz, aldamaymiz va o‘g‘irlamaymiz, balki tinchlikda, hamjihatlikda yashaymiz. Pastga tush, bu haqda yaxshilab gaplashib olamiz.
Tulkining mug‘ombirligini yaxshi bilgan Tovuq hech narsa demay, xuddi bir narsaga tikilgandek yo‘lga qarab turaveribdi.
— Nimaga buncha tikilib qolding? — deb so‘rabdi Tulki.
— Men bir to‘da itlarni ko‘rayapman, — debdi Tovuq, — adashmasam, ular biz tomonga kelishayapti, janob Tulki.
— Shunaqami, unda men ketishim kerak, — debdi Tulki.
— Iltimos, janob Tulki, ketmay turing, — debdi Tovuq, — men endi tushmoqchi bo‘lib turuvdim. Keling, itlarni kutib turamiz, ular kelgandan so‘ng tinchlik bitimini birga muhokama qilamiz.
— Yo‘q, yo‘q, — debdi Tulki, — men ketishim kerak, itlar hali tinchlik bitimi haqida eshitmagan bo‘lishlari mumkin.
Qissadan hissa: To‘satdan taklif qilingan do‘stlikdan ehtiyot bo‘ling.
6. KO‘RSHAPALAK, QUSHLAR VA YIRTQICHLAR

Qushlar bilan yirtqichlar o‘rtasida katta nizo chiqibdi. Ikkala tomon ham o‘ziga qo‘shin yig‘a boshlabdi. Ko‘rshapalak qaysi tarafga qo‘shilishni bilmay, ikkilanib qolibdi. U turgan shox oldidan o‘tib ketayotgan qushlar:
— Yur, bizlar bilan, — deyishibdi.
Ammo Ko‘rshapalak:
— Men yirtqichman, — debdi.
Keyinroq ini tagidan o‘tib ketayotgan yirtqichlar tepaga qarab shunday deyishibdi:
— Yur, bizga qo‘shil.
Lekin u: — Men qushman, — debdi.
Xayriyatki, oxirgi lahzalarda tinchlik o‘rnatilibdi, hech qanday urush bo‘lmabdi. Shunda Ko‘rshapalak qushlarning oldiga borib ulardan o‘zini xursandchiliklariga sherik qilishlarini so‘rabdi. Ammo hamma qushlar undan yuz o‘girib, uchib ketishibdi. Shundan keyin¬ Ko‘rshapalak yirtqichlarning oldiga boribdi. Biroq tezda u yerdan ham chekinishga majbur bo‘libdi, zero, yirt¬qichlar uni burda-burda qilishga shay turardilar.
Shunda Ko‘rshapalak o‘ziga shunday dedi:
— Fazilati bo‘lmaganning do‘sti ham bo‘lmas ekan.
7. QAFASDAGI QUSH VA KO‘RSHAPALAK

Sayroqi Qushni qafasga qamab oyna tashqarisiga osib qo‘yishgandi. U faqat tunda, hamma qushlar uyquga ketgandagina sayrardi. Bir kuni kechasi Ko‘rshapalak kelib qafas panjarasiga chirmashib olibdi. U Qushdan nega kun bo‘yi tinch o‘tirib, kechasi sayrashini so‘rabdi.
— Bunday qilishimning o‘ziga xos sababi bor, — debdi Qush. — Bir kuni kunduzi sayrayotsam ovchi ovozimga maftun bo‘lib qoldi va to‘rini qo‘yib meni tutib oldi. Shundan beri faqat tunlari sayrayman.
Ko‘rshapalak shunday debdi:
— Lekin hozir qafasdaligingda bunday qilishing foydasiz-ku. Agar buni sen qo‘lga tushishingdan oldin qilganingda edi, hozir ozod yurgan bo‘larding.
Qissadan hissa: Falokatdan keyin¬ qilinadigan ehtiyotkorlik foydasizdir.
8. MUSHUK — KELINCHAK

Kunlardan bir kuni Olimp xudolari tirik mavjudotlarning tabiatini o‘zgartirish mumkin yoki mumkin emasligi ustida tortishib qolishibdi.
Yupiter:
— O‘zgartirsa bo‘ladi, — debdi. Ammo Venera bunga qarshi chiqibdi. Muammoni hal qilish maqsadida Yupiter mushukni qiz bolaga aylantirib qo‘yibdi va uni yosh bir yigitga turmushga beribdi. Risoladagidek to‘y bo‘libdi, kelin-kuyov to‘y bazmida o‘tirishibdi.
— Qara, — debdi Yupiter Veneraga, — kelin o‘zini qanday munosib tutayapti. Kim ham uni kecha mushuk edi, deb ayta oladi? Shubhasiz, uning tabiati o‘zgardi.
— Bir oz kut, — debdi Venera va to‘yxonaga sichqonni qo‘yib yuboribdi. Buni ko‘rgan Kelin joyidan sakrab turibdi va sichqon ustiga o‘zini otibdi.
— Ana, ko‘rdingmi? — debdi Venera.
Qissadan hissa: Qon bilan kirgan — jon bilan chiqadi.
9. ITLAR VA TULKI

Sher terisini topib olgan itlar uni tishlari bilan bo‘laklarga bo‘la boshlashibdi. Buni ko‘rgan Tulki shunday debdi:
— Agar bu Sher tirik bo‘lganda edi, sizlar uning panjasi tishlaringizdan qanchalar kuchli ekanligiga amin bo‘lar edingiz.
Qissadan hissa: Yotgan odamni tepish oson.
10. BAQA VA BUQA

— Ota, — debdi kichkina Baqa ko‘lmakda turgan katta Baqaga, — men shunaqangi bir qo‘rqinchli maxluqni ko‘rdimki! U tog‘dek ulkan edi. Uning boshida shoxi, uzun dumi, tuyoqlari bor edi.
— Bolam, — debdi qari Baqa, — bu bor-yo‘g‘i chorvador Oqyigitning Buqasi, biroq sen aytgandek katta emas. Bo‘yi mendan ozgina baland bo‘lishi mumkin. Men ham o‘zimni shunaqa katta qilib ko‘rsatishim mumkin. Mana, qarab tur. Shunday deb katta Baqa havoni yutib o‘z ichiga puflabdi, puflabdi.
— U shunaqa kattamidi? — deb so‘rabdi u o‘g‘lidan.
— Ancha kattaroq edi, — deb takrorlabdi yosh Baqa.
Qari Baqa yana o‘z ichiga puflabdi va Baqachadan: — Buqa shunchalik kattamidi? — deb so‘rabdi.
— Kattaroq edi, dada, kattaroq, — deb javob beribdi Baqacha. Shunday qilib Baqa chuqur nafas olib, ichiga puflayveribdi, shishgandan shishib ketaveribdi.
— Ishonchim komilki, Buqa bundan katta bo‘lgan emas, — debdi bir mahal shishib ketgan Baqa va shu payt paq etib yorilib ketibdi.
Qissadan hissa: Ortiqcha chiranish belni sindiradi.
11. ECHKI VA PODACHI

Podachi adashib qolgan Echkini podaga qaytarib kelish uchun rosa qidiribdi. U hushtak chalibdi, surnay chalibdi. Ammo bularning foydasi bo‘lmabdi: orqada qolib ketgan Echki bu tovushlarga ahamiyat bermabdi. Oxiri, podachi unga tosh otibdi, Echkining shoxi sinibdi. Shunda podachi Echkidan bu haqda xo‘jayiniga aytmaslikni iltimos qilibdi.
Echki shunday deb javob beribdi:
— Ey, esi yo‘q odam, men indamaganim bilan shoxlarim hammasini aytib qo‘yadi-ku!
Qissadan hissa: Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.
12. QUYONLAR VA TULKILAR

Quyonlar burgutlar bilan urush boshlashibdi. Urush chog‘ida ular tulkilardan yordam so‘rashibdi.
Shunda tulkilar ularga bunday deb javob berishibdi:
— Agar biz sizlarning kimligingizni, kimlar bilan urushayotganingizni bilmaganimizda edi, sizlarga bajonidil yordam bergan bo‘lardik…
Qissadan hissa: Biror narsaga rozilik bildirishdan avval uning oqibatini o‘yla.
13. EMAN VA O‘TINCHI

O‘tinchi Emanni qulatib, uni sarjinlabdi. Tanasini bo‘laklash uchun Emanning o‘z shoxlaridan pona yasabdi.
Eman xo‘rsinib, shunday debdi:
— Men ildizimga tushayotgan boltaning zarbiga chidayman, ammo o‘z shoxlarimdan qilingan pona bilan bo‘laklarga bo‘linishimga chidol¬mayman.
Qissadan hissa: Eng chidash qiyin bo‘lgan narsa — o‘zimizdan kelib chiqqan kulfatdir.
14. TULKI BILAN MUSHUK

Tulki Mushukka o‘zining dushmandan qochish uchun qo‘llaydigan hiylalari haqida maqtanayotgan edi.
— Menda dushmandan qochishning yuz xil usuli to‘la hiylaqopim bor, — dedi u.
— Menda faqat bittagina, — dedi Mushuk. — Lekin men shuning o‘zi bilan ham hamma narsaning uddasidan chiqaman.
Shu payt ular o‘zlari tomon kelayotgan bir to‘da tozining ovozini eshitib qolishibdi. Mushuk darrov daraxtga chiqib butoqlar orasiga yashirinib olibdi.
— Bu men bilgan usul. Sen nima qilmoqchisan? — debdi Mushuk.
Tulki avval birinchi yo‘lni o‘ylabdi, keyin boshqasini. Shunday qilib to u o‘ylab bo‘lguncha tozilar yetib kelib uni ushlab olishibdi-yu, ovchilar uni o‘ldirishibdi.
Buni kuzatib turgan Mushuk shunday debdi:
— Bitta xavfsiz, ammo sinalgan yo‘l yuzta ishonib bo‘lmaydigan usuldan afzalroqdir.
15. YOVVOYI ECHKILAR BILAN CHO'PON

Cho’pon echkilarini yaylovga qo’yib yubordi. Bir payt qarasa, echkilari yovvoyi echkilar bilan o’tlashib yuribdi: xursand bo’ldi-yu kech kirgach, hammasini o’zining g’origa qamadi. Ertasiga havo buzuqligi tufayli echkilarni odatdagidek yaylovga olib chiqolmadi: g’ordayoq boqishiga to’g’ri keldi. Cho’pon o’zining echkilariga nomi-gagina — o’lmagunday yem solgani holda, qo’lga o’rgatib olish niyatida yovvoyi echkilarga mo’l-ko’l qilib to’kdi. Ertasi, havo yurishib ketgach, echkilar tog’ga qarab ura qochdilar. Cho’pon ularni yaxshilikni bilmaydigan nonko’rlar, deya koyishga tushdi: «Axir men sizlarni o’zimning echkilarimdan-da yaxshiroq boqmadimmi?» Yovvoyi echkilar aytdilar: «Shuning uchun ham sendan nariroq yurishimiz ma’qul ko’rindi-da. Bizlar kechagina senga yo’liqqandik, sen esa bizni o’zingning eski echkilaringdan-da yaxshiroq boqding. Demak, ertaga yana yangilar kelib qo’shilsa, unda ularni bizlardan afzalroq ko’rarkansan-da?!»
Alqissa, yangi do’stlarni eskilardan afzal tutuvchilar bilan do’stlashishga shoshilmang, zero yana yangi do’stlar orttirganda siz ham eskilardan bo’lib qolasiz.
16. KIYIK BILAN TOKZOR

Ovchilar ta’qibidan qochgan kiyik tokzorga yashirindi. Ovchilar payqamay o’tib ketishgach, endi xavfdan qutuldim, deb xayolladi-yu tok barglarini mo’tab yeyishga tutindi. Ittifoqo shu payt ortiga o’girilgan ovchi kiyikni payqab qoldi: darhol o’q uzib, jonivorni yarador qildi. O’limi yaqinlashganini sezgan kiyik afsus-nadomatda ingrandi: «Qilmish qidirmish: tok meni qutqargandi, men esa uni nobud qilishga qasdlandim».
Aiqissa, kimki o’ziga yaxshiiik qilganlarga yomonlik sog’insa, u albatta Xudoning qahriga yo’liqqay.
17. BO'RI BILAN LAYLAK

Bo’rining bo’g’ziga suyak tiqilib qoldi-yu joni ko’ziga ko’rinib, yordam istab yugurgilab qoldi. Baxtini qarangki, laylakka duch keldi: suyakni chiqarib tashlasang, mukofotlayman, deya va’dalar berib yordam so’radi. Laylak tumshug’i-yu boshini bo’rining bo’g’zigacha tiqib, arang suyakni chiqarib oldi-da, va’da qilingan mukofotni talab qildi. Bo’ri bunga javoban dedi: «Ha, azizim, bo’rining og’zidan boshing omon chiqqani kammi, yana mukofot deysan-a?!»
Alqissa, ayrim badfe’l kishilar yomonlik qilmaganlarining o’ziniyoq yaxshilik qilganga yo’yadilar.
18. ESHAK BILAN BAQALAR

Ustiga o’tin ortilgan eshak botqoqdan o’tayotgandi, toyib ketib yiqildi. Eshak o’rnidan turishga harchand urinmasin — bo’lmadi: oh-voh qilib faryod cheka boshladi. Botqoqda yashovchi baqalar uning holini ko’rib dedilar: «Birodar, botqoqqa endigina yiqilganing holda shunchalar nola chekasan, bizga o’xshab umring shu yerda o’tganida nima qilarding?!»
Alqissa, ayrim kishilar kichkinagina qiyinchilik oldida ham esankirab, ruhan cho’kib qoladilar, holbuki, boshqalar bundan o’n chandon og’ir mashaqqatlarni-da sabr-la yengadilar.
19. USTIGA TUZ YUKLANGAN ESHAK

Ustiga tuz ortilgan eshak daryo kechuvidan o’tayotib toyib ketdi — suvga yiqildi: tuz suvda erib ketib, yuk ancha yengillashdi, eshak benihoya sevindi. Keyingi gal o’sha joydan o’tayotib, eshak: «Suvga yiqilsam yukim yengillaydi, keyin turib ketaveraman», deb o’yladi-da, atayin yiqildi. Ittifoqo, bu gal eshakka yuvg’ich ortilgan edi: yuvg’ich suvni shimib olib, yuki og’irlashib ketgan eshak eplanolmay qoldi-yu suvga cho’kib ketdi.
Alqissa, ayrimlar ishlatgan hiyla-nayrang ularning o’z boshiga yetarkan.
20. BURGUT, ZAG'CHA VA CHO'PON

Yuksak qoyadan shiddat bilan qo’zg’algan burgut suruvdagi qo’zichoqni ildi-yu ketdi. Zag’cha buni kuzatib turgandi, hasaddan ichi kuyib, o’zining ham shunday qilgisi kelib qoldi. Zag’cha jon-jahdi bilan chinqirganicha borib qo’chqorga tashlandi: panjalari qalin junga o’ralashib qoldi-yu, uchishga ham, qochishga ham imkoni bo’lmay qoldi. Uning jon xalfida pitirlayotganini ko’rgan cho’pon gap nimadaligini fahmladi-da, darhol tutib oldi: qanotlarini qirqib, o’zini ermak uchun bolalariga eltdi. Bolalari chuvillashib: «Bu qanday qush?» — deya so’raganlarida, cho’pon aytdi: «Men-ku buning zag’chaligini bilaman-a, biroq uning o’zi o’zini burgut hisoblaydi-da?!»
Alqissa, o’zingdan zo’rroqlar bilan bellashaman, deb chiranganing bilan hech ish chiqarolmaysan, kulgi bo’lganing qoladi, xolos.
21. QAROQCHI VA TUT DARAXTI

Qaroqchi katta yo’lda bir odamni o’ldiradi; buni ko’rganlar uning orqasidan quva boshlaydilar; hammayog’i qonga belangan qaroqchi o’likni tunashga ulgurmay, oyog’ini qo’lga olib qochadi. Yo’lda uchragan odamlar undan: «Nega qo’llaring qon?» deb so’raydilar. «Tut daraxtiga chiqayotganimda qonab ketdi», deb javob qiladi qaroqchi. Bu asnoda uni ta’qib qilayotganlar yetib kelishadi va tutib shu yerdagi Tut daraxtiga osishadi. Shunda Tut tilga kirib, Qaroqchiga deydi: «Seni qatl etishlarida dor bo’lib xizmat qilganim uchun afsuslanmayman, zero sen odam o’ldirding, bu ham yetmagandek, o’z aybingni menga ag’darmoqchi bo’lding».
Tabiatan oqko’ngil, mexribon bo’lgan odamlar ham ko’pincha tuhmat gapni eshitganlarida darg’azab bo’lib ketadilar.
22. BO’RILAR VA QO’YLAR

Bo’rilar qo’ylarni talamoqchi bo’lib ko’p harakat qilishdi, lekin eplay olishmadi, chunki Qo’ylarni soqchi itlar qo’riqlar edilar. Shunda Bo’rilar o’z niyatlariga yetish uchun nayrang ishlatmoqchi bo’ldilar: ular Qo’ylar oldiga elchi yubordilar. «Itlaringizni bizga bering, — deb taklif qildi elchi, — axir sizlar bilan bizlarning o’rtamizda adovat paydo bo’lishiga shu itlar sababchi-ku. Agar ularni bizga bersangiz, keyin hammamiz tinch-totuv yashagan bo’lardik». Befahm Qo’ylar oqibati nima bo’lishini o’ylab ham o’tirmay, itlarini Bo’rilarga topshirdilar. Ana shunda Bo’rilar himoyasiz qolgan qo’ylarni osongina tutib yeyaverdilar.
O’zidagi xalq sardorlarini hech bir monelik ko’rsatmay dushman qo’liga topshiruvchi davlatlar ham shunaqa: oradan sal vaqt o’tar-o’tmay, kutilmaganda, ular lushmanga tobe bo’lib qolganlarini sezmay qoladilar.
23. BO’RI BILAN OT

Dalada tentirab yurgan Bo’ri bir arpazorga borib qoldi. Arpa uning yemishi emas edi, shu bois teskari burilib, o’z yo’lida ketaverdi. Yo’lida u daf’atan bir Otni uchratdi va uni arpazorga boshlab kelib, dedi: «Qara, qancha arpa, o’zim yemay senga ilindim, chunki otlarning «kasir-kusir» qilib arpa yeyishi qulog’imga juda yoqadi-da». Unga javoban Ot dedi: «Yo’q, birodar, agar bo’rilar arpani tamaddi qila olganlarida, sen qulog’ingnimas, qorningni quvontirgan bo’larding».
Masal demoqchiki, tabiatan nobakor va soxtadil kishilarning so’zlariga hech kim ishonmaydi.
24. BO’RI BILAN QO’ZICHOQ

Bo’ri anhordan suv ichayotgan Qo’zichoqni ko’rib qoldi va qulay bir bahona bilan uni yemoqchi bo’ldi. Mana, u oqimning yuqorirog’ida turib olib: «Hey, suvni loyqalatma, men icholmayapman», deb Qo’zichoqni koyiy boshladi. Qo’zichoq unga javoban dedi: «Men suvga labimning uchinigina tekkizyapman, undan keyin, qanaqasiga loyqalatay suvni, axir men sizdan pastroqda turibman-ku». Qo’zichoqqa ayb qo’ya olmagan Bo’ri dedi: «Esingdami, o’tgan yili sen mening otamni bo’ralab so’kkan eding!» — «Voy, nima deyapsiz o’zi, o’tgan yili men hali tug’ilmagan edim-ku», dedi Qo’zichoq. Ko’zlagan niyati amalga oshmagan Bo’ri: «Bo’ldi, bas, — dedi, — o’zingni oqlashga usta bo’lsang ham baribir yeyman seni!»
Masal deydiki, biron yovuzlikni oldindan ko’zlab qo’ygan odamni hech qanday adolatli oqlov dalili ham shum niyatidan qaytara olmaydi.
25. BO’RI BILAI ECHKI

Bo’ri teran jar labida o’tlab yurgan Echkini ko’rib qoldi; u Echkining oldiga chiqolmasdi, shuning uchun uni pastga tushishga undab dedi: «Jar yoqasi xatarli, falokat bosib yiqilib tushishing mumkin; bu yerda, pastda yam-yashil dala, barra o’tlar, mazza qilasan». Lekin Echki unga bunday javob qildi: «Yo’q, gap pastdagi o’tloqda o’tlash «mazza» ekanligida emas, balki sening qorning ochligida. Zero, sen mening emas, o’z qorningning g’amini yeyapsan».
Hayotda ham shunday, yomon niyatli kishilar, agar oqil odamlarga biror bir yovuzlik qilmoqchi bo’lsalar, ko’zlagan barcha makru hiylalari, baribir, albatta fosh bo’lgay.
26. BO’RI VA KAMPIR

Yegulik o’lja qidirib izg’ib yurgan qorni och Bo’ri bir uy oldiga kelganida ichkaridan go’dak bolaning chinqirib yig’laganini va Kampir buvisining: «Bo’ldi, bas qil, bo’lmasa, seni Bo’rita berib yuboraman!» deb qo’rqitayotganini eshitib qoldi va, Kampirning gapi rostga o’xshaydi, deb o’ylab, bolani unga tashlashlarini kuta boshladi. Kech kirib, qorong’i tushdi, lekin Kampir hanuz va’dasini bajarmasdi; bir payt ichkaridan Kampirning ovozi eshitildi: «Voy, o’zim o’rgilay erkatoyimdan, nega endi seni Bo’riga berarkanman, undan ko’ra, o’zimiz tutib olib o’ldiramiz o’sha Bo’rini!»
Bu gapni eshitgan Bo’ri tezroq bu yerdan juftakni rostlab nari ketarkan dedi: «Bu uyda betayin odamlar yasharkan — aytgan gaplari boshqa-yu, qiladigan ishlari uning teskarisi».
Bu masal gapi bilan qilayotgan ishi bir-biriga zid bo’lgan odamlar haqida.
27. BO’RI VA QO’Y

Itlarga talanib chalajon bo’lib yotgan Bo’rining o’ziga biron yegulik o’lja izlashga ham madori qolmagan edi. Mana, u nariroqda o’tlab yurgan bir Qo’yni chaqirib, undan shu yerdagi jilg’adan suv olib kelib berishni iltimos qildi va dedi: «Menga faqat suv bersang bo’lgani, ovqatni o’zim topib yeyman». Lekin Qo’y unga shunday javob qildi: «Agar senga suv bersam, unda o’zim sening ovqating bo’laman».
Masal makkorlik va munofiqlik bilan ish ko’ruvchi mug’ambir odamlarni fosh qiladi.
28. FOLBIN

Folbin bozor maydonida o’tirib olib, odamlarga fol ochar va shu yo’l bilan pul topardi. Bir payt uning oldiga hovliqib yugurib kelgan odam baqirib dedi: «Hey Folbin, o’g’rilar eshigingni buzib kirib, uyingdagi hamma mol-davlatingni o’g’irlab ketishdi». Vahimaga tushgan Folbin sakrab o’rnidan turib ketdi va bozorni boshiga ko’tarib dod solgancha uyi tomon yugurib ketdi. Uni yo’lda uchratgan bir odam so’radi: «Ey birodar, o’z uyingda nimalar bo’layotganini bilmas ekansan-u, qanday qilib o’zgalar hayotida yuz berishi mumkin bo’lgan ishlarni bashorat qila olasan?»
Shunday odamlar bo’ladiki, o’zlari qanday yashash lozimligini bilmaydilar-u, boshqalarga aql o’rgatmoqchi bo’ladilar. Bu masal ana shunday noshud kimsalar haqida.
29. ASALARILAR VA ZEVS

Asalarilar o’z asallarini odamlardan qizg’anishardi. Shu bois bir kuni ular Zevs huzuriga kelib: «YO oliy tangrimiz, bizga shunday qudrat ato etgilki, uyalarimizdagi asalimizni olmoqchi bo’lgan kimsalarni o’z nishlarimiz bilan mahv eta olaylik», deb iltijo qildilar. Zevs o’z bandalariga mehribon edi, binobarin u yomon niyatda bo’lgan Asalarilardan g’azablanib, shunday qildiki, ular biron kimsani chaqqanlarida, nishlaridan ayriladigan va o’zlari ham shu zahoti jon taslim qiladigan bo’ldilar.
Bu masal qizg’anchiqlik qilish oqibatida o’zlari balo-qazoga uchrab qoluvchi odamlarga qaratilgan.
30. SICHQONLAR VA SUVSARLAR

Sichqonlar bilan Suvsarlar o’rtasida urush borar edi va Sichqonlar mag’lubiyatga uchrayotgan edilar. Mana, bir kuni ular yig’ilishib, jangda yutqazayotganimizga sabab — bizga rahbarlik qiladigan sarkardalar yo’q, deb aytishdi va o’z ichlaridan lashkarboshilar saylashdi. Bu lashkarboshilar jangohda savlatliroq ko’rinish va o’z askarlaridan ajralib turish uchun boshlariga shoxlar bog’lab oldilar. Jang boshlandi va Sichqonlar yana mag’lubiyatga uchradilar. Shunda oddiy askarlar darrov in-inlariga kirib berkinib oldilar, ammo lashkarboshilar boshlariga bog’lagan shoxlar tufayli inlariga qochib kirolmadilar va Suvsarlarga yem bo’ldilar.
Masaldan hissa — shuhratparastlik ko’p odamlarga baxtsizlik keltiradi.
31. CHUMOLI

Bir zamonlar Chumoli odam bo’lgan va g’allakorlik bilan shug’ullangan ekan, lekin o’z mehnati bilan yetishtirgan hosilga qanoat qilmay, boshqa dehqonlarga doim hasad qilar va ularning g’allalarini o’g’irlar ekan. Shunda tangri Zevs bu yebto’ymas, ochko’z odamning qing’ir ishlaridan darg’azab bo’lib, uni hozir biz Chumoli deb yurituvchi hasharotga aylantirgan ekan. Ammo u endi boshqacha qiyofaga kirgan bo’lishiga qaramay, fe’li o’sha-o’shaligicha qolibdi: hali ham uzzukun dalama- dala kezib, xirmonlar va omborxonalardan bug’doy, arpa donlarini o’z iniga tashib g’amlash bilan ovora.
Masal deydiki, tabiatan qurumsoq bo’lib yaralgan odam o’la-o’lgunicha tuzalmaydi.
32. ISHRATPARAST VA QALDIRG’OCH

Bir ishratparast yigit butun boyligini maishatga sarfladi; axiyri uning egnidagi choponidan bo’lak hech vaqosi qolmadi. Shunda u ancha barvaqt uchib kelgan bir Qaldirg’ochni ko’rib qoldi-da, mana, yoz ham kelibdi, deb o’ylab, choponini bozorga olib borib sotib yubordi. Lekin hali qish tugamagan edi, yana ayozli kunlar boshlandi. Bir kuni yigit sovuqdan dag’-dag’ qaltirab ko’chada tentirab yurganida yerda o’lib yotgan Qaldirg’ochni ko’rib qoldi va unga qarab dedi: «Seni qara-yu! O’zingniyam, meniyam xarob qilding-a!»
Ushbu masal bemavrid qilingan har qanday ish xatarli bo’lishini bildiradi.
33. YOG’OCH KESUVCHI VA HERMES

Bir Yog’och kesuvchi odam daryo bo’yida o’tin tayyorlayotgan ekan, bexosdan qo’lidagi boltasi suvga tushib ketibdi. Bundan qattiq xafa bo’lgan o’tinchi suv bo’yiga o’tirib olib yig’lay boshlabdi. Tangrilardan ma’bud Hermesning unga rahmi kelibdi va oldiga kelib, nima uchun yig’layotgani sababini so’rab bilibdi. So’ng u daryoga sho’ng’ib oltin sopli bolta olib chiqibdi va Yog’och kesuvchidan, shumi boltang, deb so’rabdi. Yog’och kesuvchi, yo’q, bu bolta meniki emas, deb javob qilibdi. Hermes daryoga yana sho’ng’ib, endi kumush sopli bolta olib chiqibdi va, yo’qotgan boltang bu emasmi, deb so’rabdi. Yog’och kesuvchi bu boltani ham tan olmabdi; shunda Hermes uchinchi marta sho’ng’ib, yog’och sopli bolta olib chiqibdi. Bu safar Yog’och kesuvchi o’z boltasini darrov tanibdi. Shunda Hermes Yog’och kesuvchining diyonatli, halol odam ekanligini ko’rib, unga uchala boltani ham tuhfa etibdi. Yog’och kesuvchi yigit Hermes tuhfalarini olib hamkasb o’rtoqlari oldiga boribdi va hamma bo’lgan voqeani so’zlab beribdi. Bir o’tinchining unga havasi kelib, u ham do’stiga taqlid qilmoqchi bo’libdi; u boltasini qo’liga olib, daryo bo’yiga boribdi va u yerda daraxt kesa turib, atayin boltasini suvga tushirib yuboribdi. Keyin suv bo’yiga o’tirib yig’lay boshlabdi. Shunda Hermes paydo bo’lib undan, nima bo’ldi, nega yig’layapsan, deb so’rabdi. Daraxt kesuvchi yigit boltasi yo’qolib qolganini aytibdi. Hermes unga suvdan oltin sopli bolta olib chiqib, yo’qotgan boltang shu emasmi, deb so’rabdi. O’tinchi yigitning xasisligi qo’zib: «Ha, ha, shu mening boltam», debdi. Lekin ma’bud Hermes bu o’tinchiga yolg’onchiligi uchun sovg’a ham taqdim etmabdi, o’zining boltasini ham qaytarib bermabdi.
Masaldan hissa shuki, ma’budlar diyonatli, nomusli odamlarga qancha yaxshilik qilsalar, betavfiq, bediyonat kishilarga nisbatan shuncha yomonlikni ravo ko’radilar.
34. YO’LOVCHI VA TAQDIR

Yo’lovchi uzoq yo’l yurib qattiq charchadi va bir quduq yaqiniga kelib, o’zini tappa yerga otdiyu pinakka ketdi; keyin uyqusirab ag’darildi-da, sal bo’lmasa quduqqa tushib ketayozdi. Shu chog’ tepasiga kelgan Taqdir unga dedi: «Ey birodar, agar hozir bexosdan quduqqa tushib ketganingda edi, o’zingdanmas, mendan noligan bo’larding!»
Ko’pchilik odamlar ham shunaqa: qilg’iliqni o’zlari qilib qo’yadilar-da, doim tangrilarni ayblaydilar.
35. YO’LOVCHILAR VA CHINOR DARAXTI

Bir guruh yo’lovchilar saratonda tush paytida jazirama issiqdan lohas bo’lib oyoqlarini zo’rg’a sudrab borardilar. Shu payt yo’llarida bir Chinor daraxti uchrab qoldi. Ular shu daraxt tagiga kelib, soyasida yotib dam ola boshladilar. Bir ozdan so’ng sal o’zlariga kelishgach, tepalaridagi Chinorga qarab bir-birlari bilan gurunglasha boshladilar: «Qara, tog’dek bo’yi bor-u, qisir daraxt: meva bermaydi, foydasi ham tegmaydi odamlarga!» Chinor ularga javoban dedi: «Ey noshukur bandalar, o’zlaring-ku mening soyamda yotib hordiq chiqaryapsanlar. Bas, shunday ekan, foydasi yo’q, meva bermaydi, deb mendan noliganlaring insofdanmi?»
Ba’zi odamlar ham shunaqa omadsiz bo’ladilar: ular odamlarga qancha yaxshilik qilishmasin, hech kim minnatdorlik bildirmaydi.
36. YO’LOVCHI VA ILON

Bir Yo’lovchi qish paytida ketaturib, sovuqqotib sulayib o’lar holda yotgan Ilonni ko’rib qoladi va rahmi kelib, uni qo’yniga solib isintira boshlaydi. Ilon sovuq qotgan paytida Yo’lovchining qo’ynida jimgina yotadi, ammo isinib joni kirganidan keyin o’z xaloskorining qornini chaqib zaharlaydi. Yo’lovchi joni uzilar ekan, deydi: «Ayb o’zimda axir tirikligida ko’rganimda ham yanchib o’ldirishim kerak bulgan bu gazandani sulayib yotganida qugqarib nima qilardim — o’lsa o’lib ketavermasmidi!»
Masal deydiki, ichiqora, qilmishi faqat yovuzlik bo’lgan odamlarga qancha yaxshilik qilma, undaylar, baribir, yaxshilikka yomonlik qilaveradilar.
37. YO’LOVCHI VA HERMES

Uzoq safarga chiqqan Yo’lovchi, agar shu safarim chog’ida yo’lda biron buyum topsam, yarmini ma’bud Hermesga baxsh etardim, deb ahd qilgan edi. Mana, u yo’lda bir xalta topib oldi va, ichida pul bo’lsa kerak, deb shosha-pisha uning ichidagi narsani yerga to’kdi. Xaltada bir hovuch bodom bilan bir nechta xurmo bor ekan; Yo’lovchi ularning hammasini yedi, so’ng bodomning po’chog’ini va xurmoning danaklarini yo’l yeqasidaga mehrobga qo’yarkan dedi: «Mana, Hermes, topilmamning senga baxsh etmoqchi bo’lganim yarmi: ham sirtidagini ham ichidagini baham ko’ryapman sen bilan».
Bu masal o’z manfaatini ko’zlab tangrilarni ham aldashdan o’zini tiya olmaydigan ziqna odamlar haqida.
38. USTIGA HAYKAL ORTILGAN ESHAK

Bir odam Eshagi ustiga tangrilardan birining haykalini turg’azib qo’yib shaharga yo’l oldi. Yo’lda uchragan odamlar Eshak ustidagi tangri haykalini ko’rib, egilib ta’zim kila boshladilar; Eshak, bu odamlar menga ta’zim qilishyapti deb o’ylab g’ururlanib ketdi va baralla ovozi bilan hangray boshladi, so’ng tixirlik qilib bir yerda oyoq tirab turib oldi. Eshak egasi gap nimada ekanini tushundi va uni tayoq bilan savalar ekan, dedi: «Voy, xomkalla-ye! Endi shu yetmay turgandi: nima, xudojo’y odamlar kelib-kelib sen — Eshakka ta’zim qilisharkanmi? «
Masal deydiki, begonalar xizmatini o’ziniki deb keriluvchi odamlar o’z tanishlari oldida kulgi bo’lgaylar.
39. ESHAK VA UNING EGASI

Bir odam yo’lda Eshagini haydab ketayotgan edi, Eshakning jini qo’zidimi, birdaniga katta yo’ldan chetga burilib, to’g’ri ro’paradagi chuqur jar tomon yugurib ketdi; shu ketishda uning jarga qulashi aniq edi. Egasi uning dumidan ushlab orqaga torgmoqchi bo’ldi, lekin qaysar eshak oyoqtirab turib oldi. Shunda egasining hafsalasi pir bo’lib, Eshakning dumini qo’yib yuborar ekan, dedi: «E, bilganingni qilmaysanmi! Axir o’zingga yomon bo’ladi-ku, ahmoq!»
Bu masal qaysar odam haqida.
40. ESHAK BILAN BO’RI

Yaylovda o’tlab yurgan Eshak o’zi tomon yugurib kelayotgan Bo’rini ko’rib qoldi va darhol oqsoqlana boshladi. Bo’ri kelib undan, nega oqsoqlanyapsan, deb so’radi. Eshak unga javob qildi: «E, so’rama, chetan devordan hatlab o’tayotgan edim, falokat bosib, oyog’imga zirapcha kirib ketsa bo’ladimi…
Bilaman, hozir sen meni yeysan; iltimos, oldin zirapchani sug’urib ol, tag’in tomog’ingga tiqilib qolmasin». Bo’ri uning gapiga ishondi; Eshak oyog’ini ko’tardi, Bo’ri esa sinchkovlik bilan Eshakning tuyog’ini ko’zdan kechira boshladi. Shunda Eshak payt poylab turib Bo’rining jag’iga chunonam tepdiki, yirtqichning hamma tishi duv to’kilib tushdi. Og’riqqa chidolmagan Bo’ri nola qilib dedi: «Sho’rginam qursin mening! Axir otam meni qassoblikka o’rgatgan edi-ku — tabiblik qilishimga balo bormidi!»
Ba’zi odamlar ham shunday: o’zlari uddalay olmaydigan ishga qo’l uradilar-da, falokatga uchraydilar.
41. ESHAK, TULKI VA SHER

Eshak bilan Tulki do’st tutinishdi va ov qilgani birgalikda yo’lga chiqishdi. Yo’lda ularning ro’parasidan Sher chiqib qoldi. Shunda Tulki katta xatarga uchrashlari mumkinligini sezib, Sher oldiga yugurib bordi va unga, agar menga tegmasang, Eshakni senga ilintirib berardim, deb va’da qildi. Sher Tulkini qo’yib yuborishga so’z berdi; shunda Tulki Eshakni boshlab kelib Sherning domiga ilintirdi.
Eshakning endi hech qayoqqa keta olmasligini ko’rgan Sher oldin Tulkini tilka-pora qilib yedi, so’ng Eshakka tashlandi.
Yaqin do’stlariga yomonlik qilgan odamlar ham ko’pincha o’z boshlariga balo orttirayotganlarini sezmay qoladilar.
42. TOVUQ VA QALDIRG’OCH

Tovuq ilon qo’yib ketgan tuxumlarni topdi va o’zi ularni bosib o’tirib bola ochirmoqchi bo’ldi. Mana, tuxumlar birin- ketin chirs-chirs yorila boshladi. Buni ko’rib qolgan Qaldirg’och Tovuqqa dedi: «Voy, ovsar-ye! Nima qilarding bunaqa bolalarni ochirib; axir sal katga bo’lishsa, dastavval sening boshingni yeydilar-ku bular!»
Masal deydiki, badniyat kishilarga qancha ko’p himmat va xayru saxovat ko’rsatma, baribir ular shum niyatlarini tashlamaydilar.
43. O’G’RI BOLA VA UNING ONASI

Bir bola maktabda o’rtog’ining dars yozadigan taxtakachini o’g’irlab onasiga olib kelib berdi. Onasi uni urishish o’rniga maqtadi. Shundan keyin bola kimningdir jubbasini o’g’irlab olib keldi; onasi jubbani mamnuniyat bilan qabul qildi. Kundan-kun, oydan-oy o’tib, bola yigit bo’ldi. Endi u yirikroq, qimmatroq narsalarni o’g’irlay boshladi. Nihoyat uni jinoyat ustida qo’lga oldilar va qo’llariga kishan solib qatlgohga olib ketdilar. Onasi uning orqasidan o’z ko’kragiga mushtlab, sochlarini yulib, faryod chekib bordi. Shunda o’g’il onasining qulog’iga bir gap aytmoqchi bo’lib, uni yoniga chaqirdi; ona o’g’liga yaqin keldi, o’g’il onasining qulog’idan g’archcha tishlab uzib oldi. Onasi: «Badbaxt bola, shuncha qilgan jinoyatlaring yetmaganday, endi o’z tuqqan onangning ham joniga qasd qilyapsanmi?» deb uni koyidi. Bola onasining so’zini eshitishni xohlamay, shunday dedi: «Agar sen, ona, birinchi marta taxtakach o’g’irlab kelganimda meni koyib to’g’ri yo’lga solganingda edi, bugungi mash’um ahvolga tushmasdim va meni qatlgoh sari olib bormagan bo’lur edilar».
Masaldan hissa: agar gunoh ishning oldi avval boshdan olinmasa, u bora-bora zo’riqib, falokat domiga tortishi mumkin.
44. BOYLAR VA GO’YANDALAR

Bir boyniig ikki qizi bor edi. Ulardan biri o’lib qoldi; Boy qiziga aza tutib yig’lash uchun Go’yanda ayollarni yolladi. Ikkinchi qiz onasiga dedi: «Biz sho’rliklarga qiyin bo’ldi, opamiz o’lib teran g’amga botganmiz-u, yig’lay olmaymiz, lekin anavi Go’yandalar bizga yetti yot begona bo’lishsa ham ko’kraklariga musht urib, jon-jahdlari bilan o’ksib-o’ksib yig’lashyapti». Ona qiziga dedi: «Sen ularning bunchalik o’ksib yig’lashiga ajablanma, qizim: biz ularga pul to’laymiz yig’laganlari uchun».
To’g’ri, shunday tamagir odamlar ham bo’ladiki, ular birovning g’amga botganidan foydalanib, o’z manfaatlarini ko’zlaydilar va har qanday nomaqbul ishni qilishdan ham qaytmaydilar.
45. HAZILKASH CHO’PON

Bir Cho’pon har kuni qo’ylarini qishloqdan ancha nariga haydab borib o’tlatardi va ko’pincha hazil qilib, go’yo qo’ylariga bo’rilar hujum qilganday, dod solib qishloq ahlini yordamga chaqirardi. Ikki-uch marta dehqonlar vahimaga tushib cho’ponning oldiga yugurib borishdi, lekin uning hazil qilganini eshitib, hafsalalari pir bo’lib uylariga qaytib ketishdi. Nihoyat bir kuni bo’ri chindan ham bostirib kelib, qo’ylarni bo’g’ib o’ldira boshladi. Cho’pon ayyuhannos solib odamlarni yordamga chaqirdi, lekin dehqonlar, bu cho’pon tushmagur yana hazil qilyapti shekilli, deb uning dod-voyiga parvo qilmadilar. Cho’pon bir suruv qo’yidan ana shu hazilkashligi tufayli judo bo’lgan edi.
Masalning ta’biricha, yolg’onchi odam bunaqada faqat bir narsaga erishadi, ya’ni endi rost gapirsa ham hech kim unga ishonmaydi.
46. CHO’MILAYOTGAN BOLA

Daryoda cho’milayotgan bir Bola suvga cho’ka boshladi va sohilda ketayotgan bir odamni ko’rib uni yordamga chaqirdi. Lekin bu odam o’ylamay-netmay chuqur daryoga cho’milgani tushgani uchun Bolaga tanbeh bera boshladi; Bola unga bunday dedi: «Siz oldin menga yordam berib suvdan tortib oling, ana undan keyin bemalol koyiyvering».
Masal deydiki, bemavrid taibeh bergan odamning o’zi pand yeb qolishi ham mumkin.
47. MAYMUNNING BOLALARI

Deydilarki, maymunlar har gal ikkitadan bola tug’arkanlar, bitga bolasini ular ardoqlab, yaxshilab parvarish qilarkanlaru ikkinchi boladan yirganib, holidan xabar olmay qarovsiz qoldirarkanlar. Shunga qaramay, qandaydir ilohiy qismatning xohish-istash bilan papalab parvarish qilingan bola yoshligida o’lib ketarkan, ammo qarovsiz bo’lgan bola o’lmay katga bo’larkan.
Masal deydiki, qismat har qanday mehribonona parvarishdan qudratliroqdir, zero xalq hikmatlarida: «Ayagan ko’zga cho’p tushar» va «Tashlaganga tosh tegmas», deb bekorga aytilmagan-da.
48. TOVUS BILAN ZOG’CHA

Jami parrandalar katta mashvaratga yig’ilib, o’zlariga podshoh saylamoqchi bo’ldilar. Shunda Tovus, meni saylanglar, men chiroyliman, deb talab qila boshladi. Qushlar uni saylashga rozi ham bo’la boshlagan edilar, shu payt Zog’cha so’z olib, dedi: «Agar sen podshoh bo’lsangu daf`atan bizlarga burgut hamla qilib qolsa, qanday himoya qilasan hammamizni?»
Masaldan hissa shuki, hukmdorlarni husn emas, iqtidor — qudrat bezamog’i kerak.
49. ZEVS VA ILON

Zevs to’y qilayotgan ekan. Hamma hayvonlar baholi qudrat sovg’a ko’tarib kelishibdi. Ilon esa og’zida bir dona gul bilan o’rmalab kelibdi. Zevs uni ko’rib, debdi: «Hammaning sovg’asini qabul qilaman, ammo sen og’zingda olib kelgan sovg’ani olmayman».
Masal, yovuz niyatli kishilarning iltifoti ham xavfli bo’ladi,demoqchi.
50. QOBON BILAN TULKI

Qobon bir daraxt tagida so’yloq tishlarini qayrardi. Buni ko’rib qolgan Tulki undan so’radi: «Tevarak-atrofda ovchilar ham, boshqa xatarli narsalar ham ko’rinmaydi-ku, nega buncha zo’r berib tishlaringni qayrab yotibsan?» Qobon javob qaytardi: «Bekorga qayrayotganim yo’q; biron kor-hol yo falokat yuz bergudek bo’lsa, tishlarim jangga tayyor bo’lib turadi».
Yuz beradigan xavf-xatarga qarshi oldindan shay bo’lib turish kerak, deb o’rgatadi bu masal.
51. QURUMSOQ

Bir qurumsoq odam barcha molu davlatini sotib, puliga tilla yombi xarid qildi. Keyin u yombini devor tagiga ko’mdi- da, har kuni kelib undan xabar olib turdi. Sal nariroqda bir necha odam ishlayotgan ekan; shu ishchilardan bittasi Qurumsoqning devor tagiga serqatnov bo’lib qolganini payqab, buning bir siri bor, deb o’yladi va hech kim yo’qligida kelib tilla yombini o’g’irlab olib ketdi. Yombi egasi kelib boyligining yo’qolganini ko’rdi va bu baxtsizlikka chidolmay, sochlarini yulib faryod cheka boshladi. Uning ohu zorini eshitgan bir kishi unga dedi: «Qo’y, kuyunma, yaxshisi, sen biror bir toshni olib, o’sha chuqurga ko’mgin-da, yombi ko’mdim, deb o’ylab bahuzur yuraver. Axir bu yerda yotgan oltiningdan zarracha ham foydalanmas eding-ku! Binobarin, ko’mganing toshmi yo oltinmi — senga baribir emasmi?»
Masal, foydalanilmaydigan boylikdan hech qanday naf yo’qdir, demoqchi.
52. TOSHBAQA BILAN QUYON

Toshbaqa bilan Quyon, qay birimiz chopqirroqmiz, deb bahslashib qolishdi. Keyin musobaqa vaqti va joyini belgilashib tarqalishdi. Quyon o’zining tabiatan chopqirligiga ishonib, chopishga shoshilmadi va yo’l yoqasiga yotib pinakka ketdi. Lekin Toshbaqa o’zining imillab sudralib yurishini bilardi, shuning uchun u bir lahza ham dam olmay yugurgilab ketaverdi. Natijada, u uxlab yotgan Quyondan o’zib ketib marraga yetib bordi va poygada yutib chiqdi.
Masal demoqchiki, tirishqoqlik bilan qilingan mehnat e’tiborsiz qoldirilgan tabiiy layoqatdan ustun kelishi mumkin.
53. QALDIRG’OCH VA ILON

Qaldirg’och sud mahkamasi bo’g’otiga uya qurib bola ochdi. Kunlarning birida u polaponlari uchun oziqa topgani uchib ketganida bir Ilon uning iniga o’rmalab chiqib, hamma bolalarini yeb qo’ydi. Qaytib kelgan Qaldirg’och uyasining bo’m-bo’sh qolganini ko’rib, o’ksib-o’ksib yig’lay boshladi. Shunda boshqa qaldirg’ochlar kelib unga taskin berib dedilar: «Bo’ldi, ko’p kuyunaverma, bitta senmi bolalaridan judo bo’lgan? Na iloj, qismatimiz shu ekan». Qaldirg’och hamjinslariga javoban dedi: «Bolalarimdan judo bo’lganim — bu mening sho’rpeshanam, ammo men kelib-kelib zo’ravonlar zulmiga uchragan odamlar o’zlari uchun madad topadigan bu dargohda shunday og’ir baxtsizlikka uchraganimga hech chidolmayapman».
Masal deydiki, agar o’z yaqin kishing deb hisoblaganing kimsa seni xafa qilib dilingni og’ritsa, bu sen uchun eng og’ir azobdir.
54. QALDIRG’OCH BILAN QARG’A

Qaldirg’och bilan Qarg’a, qay birimiz chiroyliroq, deb tortisha boshlashdi. Shunda Qarg’a Qaldirg’ochga dedi: «Sening chiroying faqat bahorda ko’rinadi. Men bo’lsam qish ayoziga ham chidab yashayveraman».
Masal demoqchiki, uzoq umr kechirish go’zallikdan afzaldir.
55. TOSHBAQA BILAN BURGUT

Toshbaqa osmonda uchib yurgan Burgutni ko’rib, o’zining ham uchgisi keldi va Burgut yerga qo’nganida uning oldiga borib: «Qancha xizmat haqi so’rasang beraman, faqat meni uchishga o’rgat», deb yolvordi. Garchi Burgut, buning iloji yo’q, sen ucha olmaysan, deb qancha uqtirsa ham Toshbaqa qo’yarda-qo’ymay unga yolvoraverdi. Axiri bo’lmagach, Burgut Toshbaqani changaliga olib osmon-falakka ko’tarildi va o’sha yerdan uni qoyatoshlar ustiga tashlab yubordi. Shunda Toshbaqaning kosalari chilparchin bo’lib joni uzildi.
Masal deydiki, ko’pchilik odamlar o’zlarini boshqalardan kam yeri yo’q deb hisoblab, raqobatga ruju qo’yadilar va dono kishilarning o’gitiga quloq solmay, o’zlarini nobud qiladilar.
56. BURGA VA PAHLAVON

Bir kuni Burga bellashuvga hozirlanayotgan Pahlavonning oyog’iga sakrab kelib qo’ndi-yu, uni chaqib oldi. Pahlavonning g’azabi qaynab, Burgani tirnoqlari orasiga olib qirsillatib o’ldirmoqchi bo’ldi, lekin Burga, tabiatan faqat sakrash uchun yaratilgan emasmi, bir sakrab Pahlavon hujumidan jon saqlab qoldi. Shunda u nola chekib dedi: «Ayo Herakl! Baski, Burgani mahv etishimda menga ko’maklashmas ekansan, unda raqiblarim bilan olishganimda qanday qo’llab-quvvatlaysen meni?»
Arzimas, ikir-chikir ishlarni bartaraf qilish chog’idamas, balki eng muhim, yirik amallarni bajarayotgandagina tangrilardan madad so’rash joizdir, deb uqtiradi bu masal.
57. BO’RI VA CHO’PON

Bir Bo’ri Cho’pon haydab ketayotgan qo’ylarga ergashib boraverdi. Cho’pon oldiniga uni yirtqich dushman deya xavotirlanib, orqasiga qarab-qarab qo’ya boshladi; lekin Bo’ri hanuz qo’ylar ortidan ergashib kelardi-yu, hujumga o’tish niyati sezilmasdi. Nihoyat Cho’pon, bu Bo’ri dushman emas, balki qo’ylarimning soqchisi bo’lishi mumkin, deb o’ylay boshladi. Mana, bir kuni u shaharga borib kelmoqchi bo’ldi va qo’ylarini shu Bo’ri ixtiyoriga qoldirib jo’nab ketdi. Shunda Bo’ri ovi yuradigan payt kelganini tushundi va qo’ylarni paydar-pay qiyrata boshladi, Cho’pon shahardan qaytib kelib, qo’ylarining qirilib ketganini ko’rib, shunday dedi: «Ayb o’zimda, ahmoq bo’lmasam, kelib-kelib qo’ylarni Bo’riga ishonib topshirarmidim?»
Shunaqa odamlar bo’ladiki, o’z boyliklarini ochko’z kishilarga ishonib qo’yadilar-da, keyin taassuf qilib barmoqlarini tishlaydilar.
58. CHUMOLI VA KAPTAR

Chumoli chanqab suv ichmoqchi bo’ldi va jilg’a labiga tushdi, lekin suv ichmoqchi bo’lganida bexosdan jilg’aga tushib ketdi. Shu yerdagi daraxt shoxiga qo’nib o’tirgan bir Kaptar daraxtdan barg uzib Chumoliga tashladi. Chumoli shu bargga chiqib jon saqlab qoldi. Bu payt shu yerda paydo bo’lgan bir ovchi Kaptarni tutib olish niyatida tuzoq chiviqlarini shaylay boshladi; xuddi shu mahal Chumoli kelib ovchining oyog’ini tishladi; ana shunda uning qo’lidagi chiviqlar sochilib, Kaptar uchib ketdi.
Kezi kelganda zaif odamning ham yordami asqatib qolishi mumkin, deb saboq beradi bu masal.
59. ESHAK XARID QILUVCHI

Bir odam eshak xarid qilmoqchi bo’ldi va bir eshakni, sinab ko’rish uchun, uyiga yetaklab kelib og’ilxonadagi boshqa eshaklari orasiga qo’yib yubordi. Shunda yangi kelgan eshak bu yerdagi eshaklarga qayrilib ham qaramay, darrov har qanday ishga yaroqsiz bo’lgan o’ta yalqov va ochofat eshakning yoniga borib turdi. Bu holni ko’rgan xaridor eshakni yetaklab yana egasiga olib borib berdi. Eshak egasi sinov qanday o’tganini so’radi, xaridor unga javob qildi: «Hech qanday sinovning hojati yo’q; qarasam, bu eshaging mening eshaklarim ichidan faqat o’ziga o’xshagan bittasi bilan zumda inoqlashib oldi».
Odamning qandayligini uning do’stlariga qarab bilsa bo’ladi, deydi bu masal.
60. ASRAGANI PUL OLGAN ODAM VA QASAM

Bir odamga do’sti asrab ko’yish uchun pul berdi, lekin pul olgan odamning niyati buzuq edi — u bu pulni o’zlashtirish haqida o’ylay boshladi; pul bergan do’sti esa, mendan paloncha pul olganing haqida qasam ich, deb talab qildi. Shunda pul olgan odam bezovta bo’lib, o’z qishlog’iga borish uchun yo’lga chiqdi. Shahar darvozasi yaqinida u shahardan chiqib kelayotgan bir cho’loq odamni ko’rib, undan kimligi va qayoqqa ketayotganini so’radi. Cho’loq, ismi Qasam ekanligini va bir qasamxo’r orqasidan quvib ketayotganini aytdi. Odam bu cho’loqdan qachon yana shaharga qaytib kelishini so’radi. U javob qildi: «Qirq yildan keyin, ba’zida o’tgiz yildan keyin». Shunda pul olgan odam o’z kelajagidan xotirjam bo’ldi va mehrob oldiga borib: «Hech kimdan saqlab qo’yish uchun hech qanday pul olmadim», deb qasam ichdi. Ammo shu gapni aytishi bilan darhol Qasam paydo bo’lib unga hamla qildi va jarga itarib yuborgani orqasidan quva boshladi. Qasamxo’r esa: «Axir o’ttiz yildan keyin qaytaman devding-ku, nega bir kun ham o’tmay darrov kelding?» deb ta’na qildi. Qasam javob berdi: «Shuni bilki, kimki menga qarshi qattiq jinoyat qilsa, bir kun ham kutmay darrov yetib kelaman».
Masalning ta’kidlashicha, og’ir jnioyatga qo’l urgan badniyat odamlarga yuboriladigan ilohiy jazolarning muddati yo’qdir.
61. PROMETEY VA ODAMLAR

Prometey tangri Zevs amri bilan loydan odamlar va jonivorlarni yasadi. Va lekin Zevs nodon hayvonlar juda ham ko’p yasalganini ko’rib, ularning bir qismini qayta zuvala qilib, u zuvaladan odamlar yasashni amr etdi. Prometey Zevs amrini bajardi; oqibatda shunday bo’ldiki, hayvonlar zuvalasidan yasatgan odamlar garchi inson qiyofasida bo’lsalar ham hayvoniy xislatlari va ruhiyatlarini saqlab qolgan edilar.
Masal bu bilan dag’al va ongsiz odamlarga ishora qilmoqda.
62. CHIRILDOQ VA TULKI

Hasharot Chirildoq azim daraxt shoxiga qo’nib olib tinimsiz chirillab qo’shiq kuylardi. Tulki nayrang ishlatib uni tutib yemoqchi bo’ldi: daraxt qarshisida turib oldi-da, uning ajib xush ovoziga maftun bo’lganini va bunday maroqli qo’shiqni ijro etayotgan lobar xilqatni bir ko’rish ishtiyoqida yonayotganini aytib, undan pastga tushishni iltimos qildi. Tulkining ayyorlik qilayotganini Chirildoq darrov fahmladi va bitta yaproqni uzib pastga tashladi. Tulki yaproqni Chirildoq deb o’ylab unga tashlandi. Shunda Chirildoq dedi: «Sen, tasadduq, meni oldingga tushadi deb xato qilding: tulkilarning tezagida chirildoq qanotini ko’rib qolganimdan beri men o’zimni ehtiyot qiladigan bo’lganman».
Masaldan hissa: dono odamlar o’z yaqin kishilari boshiga tushgan baxtsizlikdan saboq olurlar.
Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Комментарии: 1
  1. Аноним

    ;-) :| :x

Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: