Zahiriddin Muhammad Bobur g’azallari to’plami

Zahiriddin Muhammad Bobur g’azallari to’plami
Telegramda o'qish

E’tiboringizga Zahiriddin Muhammad Boburning sara g’azallarini havola etmoqdamiz.

Eslatib o’taman, Z.M.Bobur ruboiylari kerak bo’lsa ushbu sahifaga o’ting: Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylar to’plami
Bobur tavalludiga bag’ishlangan senariylar esa mana bu manzilda: Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag’ishlangan tadbir senariylari to’plami, buklet va dars

G’AZALLAR

* * *
Jonimdin o’zga yori vafodor topmadim,
Ko’nglumdin o’zga mahrami asror topmadim.

Jonimdin o’zga jonni dilafkor ko’rmadim,
Ko’nglum kibi ko’ngulni giriftor topmadim.

Usruk ko’ziga toki ko’ngul bo’ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

Nochor furqati bila xo’y etmisham, netay,
Chun vaslig’a o’zumni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko’ngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.

Bobur, o’zungni o’rgatako’r yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.

* * *
Kim ko’rubtur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’,
Kimki ondin yaxshi yo’q, ko’z tutma ondin yaxshilig’.

Bu zamonni naf’i qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Ko’rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilig’.

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko’ngluma,
Kelmadi jonimg’a hech oromi jondin yaxshilig’.

Ey ko’ngul, chun yaxshidin ko’rdung yomonlig’ asru ko’p,
Emdi ko’z tutmoq ne ya’ni har yomondin yaxshilig’.

Bori elga yaxhshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo’q
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig’.

Yaxshilig’ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim ko’rubtur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’.

* * *
Ne vafo umrumda ul jonu jahondin ko’rgamen,
Kim vafo jondin ko’rubdurkim, men ondin ko’rgamen.

Ko’z yo’lidin ul sari husnun nazar aylar edim,
Qon yoshim ul yo’lni tutti, emdi qondin ko’rgamen.

Yorab, ul kun shum toli’din manga bo’lg’aymukim
Jonima orom ul oromi jondin ko’rgamen.

Ko’z ko’rar, lekin solur meni balog’a bu ko’ngul,
Bu baloni necha chashmi xunfishondin ko’rgamen.

Bartaraf qilg’il vafo istarni eldin, Boburo,
Ul g’alatdurkim, vafo ahli jahondin ko’rgamen.

* * *
Sendek menga bir yori jafokor topilmas,
Mendek senga bir zori vafodor topilmas.

Bu shaklu shamoyil bila xud huru pariy sen
Kim, jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas.

Ag’yor ko’z ollidaku ul yor ayon yo’q,
G’amxore ko’ngul ichrayu g’amxor topilmas.

Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida
Ko’zni yumub ochquncha bu gulzor topilmas.

Bobur, seni chun yor dedi, yorlig’ etgil,
Olamda kishiga yo’q esa yor topilmas.

* * *
Charxning men ko’rmagan jabru jafosi qoldimu?!
Xasta ko’nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?!

Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish,
Dahri dunparvarning o’zga muddaosi qoldimu?!

Meni o’lturdu jafoi javr birla ul quyosh,
Emdi turguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?!

Oshiq o’lg’och ko’rdim o’limni o’zimga, ey rafiq,
O’zga ko’nglimning bu olamda harosi qoldimu?!

Ey ko’ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,
Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!

* * *
G’urbatu hijrong’a qoldim, oh ul jon ilgidin,
Jong’a yettim emdi g’urbat birla hijron ilgidin.

Ko’rsatur gah tiyg’u gah o’q holatimni bilmayin,
Ne balolar ko’radurman yori nodon ilgidin.

El fig’onimdin bajonu men bu jondin, ey ajal,
Qil xalos elniyu meni jonu afg’on ilgidin.

Bobur, ul oy hajrida ishing base dushvor edi,
Shukrkim, qutqardi o’lum seni oson ilgidin.

* * *
Yor yuzumni ko’rub dardu g’amim bilsa kerak,
Yuz ko’rub dardu g’amim chorasini qilsa kerak.

Ey sabo, jonu ko’ngulni o’zining chun qildi,
Ko’ngli birla degasen joni uchun kelsa kerak.

Vaslini ne qilayin g’ayrdin ayrilmadi hech,
Yor vasli menga, u ag’yordin ayrilsa kerak.

Vaslining qadrini chun bilmadi bu telba ko’ngul,
Hajrining tiyg’i aning yuragini tilsa kerak.

Shukr Boburni bilurmen degan ermish ul oy,
Lojaram bandalarin shohlari bilsa kerak.

* * *
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra bo’ldi ro’zgorim ul qaro qoshdin yana.

Men hud ul tifli pariyvashg’a ko’ngul berdim, vale
Xonumonim nogahon buzulmag’ay boshdin yana.

Yuz yamonlig’ ko’rub andin telba bo’ldung, ey ko’ngul,
Yaxshilig’ni ko’z tutarsen ul parivashdin yana.

Tosh urar atfol meni, uyda forig’ ul pariy,
Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.

Oyog’im yetguncha Boburdek ketar erdim netay,
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.

* * *
Ko’ngulga bo’ldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta ko’ngluma ermish qaro balo soching.

Muyassar o’ldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.

Soching shikastida bordur shikasta ko’ngullar,
Ko’ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Ochildi ko’ngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.

* * *
Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur,
Bu ishdin kecha olmon ajab baloyedur.

Xati labig’a tutash bo’lsa, ey ko’ngul, ne ajab,
Ki Xizr chashmayi hayvong’a rahnamoyedur.

Yarar bu xasta ko’ngul dardig’a o’qin yarasi,
Magarki har yarasi yorning davoyedur.

Bahor fasliduru may havosi boshimda,
Ayoq tut menga soqiyki, xush havoyedur.

Ul oy raqibg’a bo’ldi rafiqu Boburning
Rafiqu hamdami hajrinda ohu voyedur.

* * *
Ko’zumda muttasil ul egma qosh kerak bo’lsa,
Qoshimda ko’z yorug’i ul quyosh kerak bo’lsa.

Sujud vaqtida mehrob bo’lmasun hargiz
Ki, bosh qo’yarda o’shal egma qosh kerak bo’lsa.

Habib ishqida boshdin kech, ey ko’ngul, yo’q esa,
Bu yo’lg’a qo’yma ayoq sanga bosh kerak bo’lsa.

Qo’yub ayog’ig’a bosh, so’rsa la’lidin har kim,
Boshig’a tufroqu og’zig’a tosh kerak bo’lsa.

Sening bila bari el noxush o’lsa, ey Bobur,
Ne bo’lg’usi sanga, ul yori xush kerak bo’lsa.

* * *
Ulki menga yori dilnavoz ko’rundu,
Javrin ko’rsatti ko’pu oz ko’rundi.

Bo’ldi boshim past poybo’sida oxir,
Garchi burun asru sarafroz ko’rundi.

Sening uchun ulki boshin o’ynamadi hech,
Senga ajoyibki ishqboz ko’rundi.

Ishq borinda salohu tavbavu taqvo
Barchasi tahqiq bil majoz ko’rundi.

Dushmano jon o’ldi, ne qilay, sanga, Bobur,
Ulki menga yori dilnavoz ko’rundi.

* * *
Ne ko’ray to’bini qaddi xushxiroming borida,
Ne qilay sunbulni xatti mushfoming borida.

Kim Xizr suyin og’izlag’ay labingning qoshida,
Kim Masih alfozidin degay kaloming borida.

Oshiqingni davlatin vasling bila qil muhtaram,
Husn ahli ichra muncha ehtiroming borida.

Bizdin ayru doim el birla icharsen bodani,
Bizni ham gohe sog’in shurbi mudoming borida.

Ey ko’ngul, gar g’ayr so’zi zahri qotildur, ne g’am,
Lablaridin sharbati yuhi-il izoming borida.

Tarki nomus aylabon badnom bo’lg’il ishq aro,
Kim seni oshiq degay nomusu noming borida.

Bobur ul gul ko’yida bulbul kibi topting maqom,
Bir navoye rost qil mundoq maqoming borida.

* * *
Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo’ldim,
Deman bexonumon ovvorayi ikki jahon bo’ldum.

Labing gar bermasa bo’sa nechuk jon elta olg’aymen,
Bu yo’ldakim, adam sahrosig’a emdi ravon bo’ldum.

So’rub ul oy labidin og’zining ramzini angladim,
Bir og’iz so’z bila ko’rungki muncha xo’rdadon bo’ldum.

Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni ko’rsattim,
Vale oxir malomat o’qlarig’a-o’q nishon bo’ldum.

Kular erdim burun Farhodi miskin dostonig’a,
Bu Shirindurki oning birla-o’q hamdoston bo’ldum.

Visoling davlatig’a yetmasam Bobur kibi, ne tong,
Ki hajring mehnatida asru zoru notavon bo’ldum.

* * *
Kim ko’rar xurshidni, ul mohsiymo bo’lmasa,
Kim so’rar shakkarni, ul la’li shakarxo bo’lmasa.

Gul tikandur ko’zlarimga ul yuzi guldin yiroq,
Sarv o’qdur bag’rima ul sarv bolo bo’lmasa.

Jannatu-l-ma’voni, ey zohid, netay men zorkim,
Istaram ko’yidin o’zga manga ma’vo bo’lmasa.

Tiymag’il devona ko’nglumniki, rasvo bo’lma deb,
Oshiq o’lg’aymu edi ul telba rasvo bo’lmasa.

Gar boshingni kessalar ishqida, ey Bobur, sening,
Yordin ko’nglung kerakkim o’zga qat’o bo’lmasa.

* * *
Yana ko’z uyida ma’vo qilibsen,
Ko’ngul koshonasida jo qilibsen.

Yana savdoyi zulfingdin, nigoro,
Meni oshuftavu shaydo qilibsen.

G’aming yo’q jon agar bersam g’amingda,
O’zungni muncha beparvo qilibsen.

Qoshingdin meni o’qdek tashlar uchun
Yangi oydek qoshingni yo qilibsen.

Ko’zumdin yoshurib, ey bahri altof,
Ko’zumning yoshini daryo qilibsen.

Sog’inmas jannatu-l-ma’voni Bobur,
Oning ko’nglida to ma’vo qilibsen.

* * *
Jonima o’t soldi ul ruxsorayi zebo yana,
Ko’ngluma ul zulf bo’ldi moyayi savdo yana.

Ko’rsatib ruxsoru zulfin ul pariy paykar manga,
Jonu ko’nglumni qilibdur volavu shaydo yana.

Yor ko’yindagi tom sensen manga pushti panoh,
Soyayi lutfungni sol, chun sanga keldim to yana.

Shodliqniyu farog’atni qo’yub oshiq bo’lib,
Mehnatu g’amni qilibmen o’zuma paydo yana.

Yorg’a qulmen degach Boburni rasvo ayladi,
Tengri mendek bandasini qilmasun rasvo yana.

* * *
Bir pariy men telbani husnig’a moyil qilg’udek,
Ko’zum ichra yer tutub ko’nglumda manzil qilg’udek.

Ko’nglumizga javr behad qildi ul nomehribon,
Jonima yuz ming g’amu mehnatni hosil qilg’udek.

Notavon ko’nglumga ishqi qayg’uni kelturgudek,
Ayshu ishratni ko’nguldin qayg’urur el qilg’udek.

Qilmadi Farhodu Majnun o’zni rasvo men kibi
Kim, bu nav’ ish ish emasdur hech oqil qilg’udek.

Ul pariy ishqida Bobur jon berib, ey ahli ishq,
Ishq atvorini ishq ahlig’a mushkil qilg’udek.

* * *
Yangi oy yor yuzi birla ko’rub el shod bayramlar,
Manga yuzu qoshingdin ayru bayram oyida g’amlar.

Mening bu tori mo’ yanglig’ tanimg’a toblar soldi
Ul oyning yuzida sunbul kibi zulfidag’i xamlar.

Havog’a dudi ohin tutratur ishq ahli g’ayratdin,
Sabo tahrikidin har gah parishon bo’lsa parchamlar.

Ochildi zulfiyu xaylar namudor o’ldi yuzinda,
Gul uzra chun bo’lur paydo kecha ochilsa shabnamlar.

Menu g’am kunjiyu ohu fig’oni ashku xunolud,
Ne xushdur go’shayi xoliy, mayi sofiyu hamdamlar.

Ko’ngulni ishq buzdi, ne osig’ pandu nasihatdin,
Mening majruh ko’nglumga yarashmas ushbu marhamlar.

Yuzi navro’zi, asli iydni Bobur g’animat tut
Ki, mundin yaxshi bo’lmas bo’lsa yuz navro’zu bayramlar.

* * *
Tishing dur, labing marjon, xading gul, xating rayhon,
Yuzung xur, soching anbar, so’zung mul, menging meynon.
Meynon menging, so’zing mul, anbar soching, yuzung xur,
Rayhon xating, xading gul, marjon labing, tishing dur.

Tafohur ko’zum, ko’nglum qilurlar magar bordur,
Ko’zunga ko’ngul vola, yuzunga ko’zum hayron.
Hayron ko’zum yuzunga, vola ko’ngul ko’zunga,
Bordur magar, qilurlar ko’nglum, ko’zum tafohur.

Tafakkur necha qilsam topilmas sening misling,
Pariydek seni ko’rdum emassen magan inson.
Inson magar emassen, ko’rdum seni pariydek,
Misling sening topilmas qilsam necha tafakkur.

Balodur manga hajring, davodur manga vasling,
Itobing manga ofat, hadising manga darmon.
Darmon manga hadising, ofat manga itobing,
Vasling manda davodur, hajring manga balodur.

Chu Bobur sanga quldur nazar qil anga zinhor,
Topilmas yana bir qul aningdek sanga, ey jon.
Ey jon sanga aningdek, bir qul yana topilmas,
Zinhor anga nazar qil, quldur sanga chu Bobur.

* * *
Ochilib ikki sochi yuziga yoyilmishlar,
Yoruq jahonni ko’zumga qarong’u qilmishlar.

Chag’ir bag’ri qonidur barcha ishq ahlig’a,
Zihi alarki, bu maydin dame oyilmishlar.

Ne qilsam aylama, ey yor, aybkim, menda
Jununi ishqu yigitlik bori qotilmishlar.

Salohg’a xirad ahli meni yovuq derlar,
Ko’rungki ushbu chechanlar yiroq yangilmishlar.

Ne sud ishni eldin yoshurmoq ey Bobur,
Chu holatingni bori olam ahli bilmishlar.

* * *
Keltursa yuz baloni o’shal bevafo manga,
Kelsun, agar yuzumni evursam, balo manga.

Netkaymen, ul rafiq bilakim, qilur base
Mehru vafo raqibg’a javru jafo manga.

Begona bo’lsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun bo’ldi ul pariy sifatim oshno manga.

Ohu yoshimdin ortadurur za’f, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.

Dardim ko’rub mu’olajada zoyi’ etma umr
Kim, jonda dardi ishqdurur bedavo manga.

To yor kimni istaru ko’nglina kim yoqar,
Tashvishi bejihatdurur oxir sanga, manga.

Bobur bo’lubturur iki ko’zum yo’lida to’rt,
Kelsa ne bo’ldi qoshima bir-bir manga-manga.

* * *
Xati binafsha, xadi lola, zulfi rayhondur,
Bahori husnda yuzi ajab gulistondur.

Engi, mengi oyu dag’i yuzi, so’zi gulu mul,
Qadi ravonu tani jonu erni marjondur.

Qoshida chin, ko’zida kiynu angabin labida,
So’zida zahru lekin tilida darmondur.

Qoshingg’a ko’p bora olmon, netay oraliqda,
Yoshim tishing duridin ayru bahri ummondur.

O’tumni tez etasen har tarafg’a sekritib ot,
Samandi noz inonini bir beri yondur.

Ne nav’ vasf qilay suvrating latofatini
Ki, husnunga sening, ey ruh, aql hayrondur.

Jafovu javr agar qilsa, Boburo, netayin,
Ne ixtiyor manga, harne qilsa sultondur.

* * *
So’rma holimniki bo’ldum burnog’idin zorroq,
Jism jondin zoru jonim jismdin afgorroq.

Banda taqrir aylay olmon band-bandim dardini,
Yuz temur band o’lsa ondin bu erur dushvorroq.

Mastu bexudliq bila unrungni o’tkarding, darig’,
Ey ko’ngul, mundin beri bo’l bir nima xushyorroq.

G’aflat uyqusidin uyg’on, gar tilar bo’lsang murod,
Kim yetar maqsadg’a har kim, bo’lsa ul bedorroq.

O’lgali yettim, mening jonim g’amin ye, ey rafiq,
Dahr aro chun yo’q kishi sendin manga g’amxorroq.

Kelmas o’xshar zaxmating islohg’a, Bobur, magar
Har davokim qildilar bo’ldung dag’i bemorroq.

* * *
Za’fdin go’yo mening bu zor jismim noldur
Kim, aning sharhin demakta xoma tili loldur.

Za’fliq jismim bila bu notavon ko’nglum aro
Dardi yor erkanga ushbu egma qaddim doldur.

Men damodam qon yutarmen hajr ayog’idin, netay,
O’zgalarning jomi vasli garchi molomoldur.

Zulfig’a vobastamen vaslig’a yo’qdur dastras,
Ey xush ul ozodakim, beqaydu forig’boldur.

Ul pariydin men nechuk jon eltayinkim, Boburo,
Vasli mushkil, hajri muhlik, g’amzasi qattoldur.

* * *
O’lum uyqusig’a borib jahondin bo’ldum osuda,
Meni istasangiz, ey do’stlar, ko’rgaysiz uyquda.

Nekim taqdir bo’lsa, ul bo’lur tahqiq bilgaysiz,
Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.

O’zungni shod tutqil, g’am yema dunyo uchun zinhor
Ki, bir dam g’am yemakka arzimas dunyoyi farsuda.

Zamona ahli ichra, ey ko’ngul, oyo topilg’aymu,
Seningdek dard paymovu meningdek dard paymuda.

Ulusdin tinmadim umrimda hargiz lahzaye, Bobur,
Magar o’lsam bu olam ahlidin bo’lg’aymen osuda.

* * *
Qaro zulfing firoqinda parishon ro’zg’orim bor,
Yuzungni ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.

Labing bag’rimni qon qildi, ko’zimdin qon ravon qildi,
Nechun holim yomon qildi, men andin bir so’rorim bor.

Jahondin menga g’am bo’lsa, ulusdin gar alam bo’lsa,
Ne g’am yuz muncha ham bo’lsa, seningdek g’amg’usorim bor.

Agar muslihmen ar musfid, va gar oshiqmen ar obid,
Ne ishing bor sening zohid, meningkim ixtiyorim bor.

Fig’onim oshdi bulbuldin, g’ami yo’q zarra bu quldin,
Base Bobur, o’shal guldin ko’ngulda horhorim bor.

* * *
O’zni , ko’ngul, aysh bilan tutmoq kerak,
Bizni unutqonni unutmoq kerak.

Ayshu tarab gulbunig’a suv berib,
G’ussa niholini qurutmoq kerak.

Tiyra turur zuhd damidin ko’ngul,
Ishq o’ti birla yorutmoq kerak.

Har nimag’a g’am yema, g’am ko’p turur,
Aysh bila o’zni unutmoq kerak.

Qo’yma mashaqqat aro, Bobur, ko’ngul,
O’zni farog’at bila tutmoq kerak.

* * *
Ne xush bo’lg’ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg’otsam,
Kechalar tori mo’yidek belig’a chirmashib yotsam.

Gahi guldek yuzini ul shakar so’zlukni islasam,
Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la’lidin totsam.

Qani Shirin bila Layliki sendin noz o’rgansa,
Qani Farhodu Majnunkim, alarg’a ishq o’rgatsam.

Yoruq kunduz,qorong’u kechada anjum kibi bo’lgay,
Chekib gar oh dudini ko’ngul o’tini tutratsam.

Ko’zum ravshanlig’ida bo’lg’ay,Bobur,base kamliq,
Agar qoshi bila yuzun hilolu kunga o’xshatsam.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: