UYDA QOLING!

La’nati propaganda! O’z uyimizda o’z tilimizni himoya qila olmaymizmi?

Bilingki, ularning maqsadi yurtimizda millatlararo notinchlikni keltirib chiqarishga harakat qilish bo’lishi mumkin.

Kuni-kecha Adliya vazirligi tomonidan bir qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Undagi qoida juda oddiy va tushunarli edi, – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegramdagi sahifasida. Huquqshunosning fikricha: Agarda birorta davlat tashkiloti ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmasa, o’sha tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’muriy jarima solinadi (446 ming so’mdan 1 mln 115 ming so’mgacha)

Birinchidan, bu yerda gap faqat davlat tashkilotlari (!) haqida ketmoqda. Va jarima ham faqat davlat tashkilotining mansabdor shaxsiga (!), ya’ni vazir, hokim, qo’mita raislari va h.k.larga qo’llanadi;

Ikkinchidan, oddiy aholi haqida bir og’iz ham gap yo’q. YA’ni O’zbekiston fuqarolari istalgan tilida gapirishi, istalgan tilida davlat organlariga murojaat yo’llashi, istalgan tilida odamlar bilan muloqot qilishi mumkin. Bu ularning to’la konstitusion huquqi va bunga hech qanaqa to’siq yoki jarima qo’llanmaydi.

Uchinchidan, davlat tashkilotlarida ishlayotgan boshqa millatdagi va boshqa tilda so’zlashuvchi xodimlarga ham bu o’zgarish taalluqli emas. Ular istagancha o’ziga ma’qul tilda gaplashaveradi, o’z faoliyatini olib boraveradi. Bunga hech qanaqa to’siq yoki qarshilik qilinmaydi.

To’rtinchidan, davlat tashkilotlarining rasmiy hujjatlari boshqa tillarda bo’lishiga ham to’sqinlik qilinmayapti. Masalan, bitta tashkilot ham o’zbek, ham rus tilida hujjat tayyorladi. Marhamat, bemalol. Bunga hech qanaqa qarshilik yo’q. Lekin agar mabodo o’sha tashkilot qarorlarini faqat rus tilida qabul qilsayu, uning o’zbekchasi bo’lmasa, ana shundagina jarima kelib chiqishi mumkin. «Ey, hurmatli kattakon, sen O’zbekistonda yashayapsanmi o’zi yoki boshqa davlatdami, nega o’zbekchasi yo’q?» degan savol qo’yiladi uning oldiga.

Menimcha, Sizga ham taklif etilayotgan loyiha mazmuni tushunarli bo’ldi, degan umiddaman.

Ana endi, shunday vaziyatda rus propaganda saytlari provokasiya qilishni boshlab yubordi. Rossiyaning Regnum nashri «O’zbekistonda davlat organlarida rus tilidan foydalanganlik uchun jarima belgilanadi» deb yozgan bo’lsa, o’zimizda faoliyat yuritadigan Vesti.uz sayti esa «O’zbekistonda Pushkin tili uchun jarima qo’llashmoqchi» deb e’lon qildi. Farqini sezyapsizmi?

Hukumat buyoqda davlat tashkilotlari «o’zbek tilini hurmat qilsin» (!), demoqda, propagandachilar uyoqda “rus tiliga jarima solishmoqchi” demoqda.

SHunaqa ham jirkanch provokator bo’ladimi? O’quvchilarga ma’lumotni oyog’ini osmondan qilib, mutlaqo noto’g’ri yetkazish orqali manipulyasiya qiladiganlarga yana nima deyish mumkin?

Tovba qildim, nima endi ularga qolsa o’z uyimizda o’zimizning tilimizni ham himoya qila olmaymizmi? O’zbekiston mustaqil davlat, o’z tili, o’z qadriyatlari, o’z qonunlari va o’zining tutgan yo’liga ega. Davlat tashkilotlari va ularning mansabdorlari O’zbekistonda yashar ekan, o’zbek tilini hurmat qilishga majbur va hurmat qilmaganlik uchun kerak bo’lsa jarimaga tortish kerak, bu juda to’g’ri qaror.

Ammo shu bilan birga Hukumatimiz o’zbek xalqini millatidan, tilidan, dinidan qat’i nazar O’zbekiston fuqarolari tashkil etishini ham hech qachon unutmaydi, boshqa tillarda so’zlashuvchi fuqarolarini hech qachon jarimaga tortmaydi, ularga qarshilik qilmaydi.

Shu sababli, turli gij-gijlovchi va aholi o’rtasiga nifoq solishga qaratilgan xabarlardan ehtiyot bo’ling. Bilingki, ularning maqsadi yurtimizda millatlararo notinchlikni keltirib chiqarishga harakat qilish bo’lishi mumkin.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: