UYDA QOLING!

“Ketga tepish” metodi (ibratli hikoya)

O'qing, faqat yig'lamang, ibratli hikoyalar

Qalblarni junbushga keltiruvchi va sizni o’ylashga majbur qiluvchi ushbu hikoyani albatta o’qishingizni tavsiya qilaman.

Podsho og’ir xastalik bilan yotib qoldi. Ba’zi a’yonlar qo’rquvda, ba’zilari esa shodlikda. Xastalik hukmdorni to’shakka mixlab qo’ydi. Tabiblar barcha choralarni qo’llashdi, biroq ular qancha harakat qilmasin, uning ahvoli yaxshilanmadi.

Kunlar, oylar, yillar bir-birini quvib o’taverdi, biroq u qanday bo’lsa shundayligicha shiftga termulib yotaverardi. Qancha davlatlarni bosib olgan, qancha xalqlarni tiz cho’ktirgandi!

Dunyoning yarmini zabt etgan podsho og’ir xastalik oldida ojizlik qildi. Ahvoli nochor shoh sabri tugab, jahl bilan shunday dedi:

Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

— Meni tuzata olmagan barcha tabiblarning boshini olib, shahar devoriga terib chiqinglar!

Oradan qancha yillar o’tdi. Bir necha chaqirim masofaga cho’zilgan shahar devorida tabiblarning bosh chanog’i oqarib ko’rinar edi. Toqati tugagan shoh bir kun bosh vazirdan so’radi:

— Ey vazir! Qani tabiblaring?

— O, shahanshohim! Endi ular yo’q. Sizning buyrugingiz bilan ularning barini qatl etdik.

— Nahotki birontasi ham tirik qolmadi?

— Ha. Butun boshli mamlakatda sizning nigohingizga arzigulik bironta tabib qolmadi.

— Ular hammasi shunga loyiq edi.

Qayg’uli kunlar yana imillab o’ta boshladi. Bir kuni shoh yana vazirni so’roqqa tutib qoldi:

— Ey vaziri a’zam, yodingdami, o’shanda menga nigohingizga arzigulik tabib qolmadi, deb aytganding? Bunga qanday izoh berish kerak?

— Davlatpanohim, bizning yurtimizda birgina tabib qolgan. U shu yaqin orada yashaydi.

— Davolash qo’lidan keladimi?

— Ha. Men uning uyida bo’lgandim, lekin u shu qadar tarbiyasiz, badfe’l, qo’polki, og’zidan faqat so’kish eshitish mumkin. YAqinda u podshoni tuzatish qo’limdan keladi deganmish .

— Nega menga aytmading?

— Men uni olib kelsam, uning bema’ni harakatlari uchun meni qatl etardingiz.

— Tez uni olib kel! Podsholik so’zim – senga tegmayman!

Vazir tabibni shohning huzuriga olib keldi

— Aytishlaricha, sen odamlarni davolar emishsan?

Tabib jim. Shahanshohning savoli javobsiz qoldi.

— Nega gapirmaysan? Javob ber! – buyurdi shoh.

— Podshohim, men unga gapirishni man etganman, – dedi vazir.

— Gapir! Men ijozat berdim. Nahotki sendagi qobiliyat meni davolashga yetsa?

— Meni qobiliyatim bilan necha pullik ishing bor? — tilga

kirdi tabib. — Sen meni davlatni boshqarish qobiliyatimga shubhalanishing mumkindir — chunki sen shohsan. L lekin nima qilib shoh boshing bilan tabobatga burningni tiqyapsan. o’z ishingda buyukdirsan, biroq tabobatda seni etikdo’zdan farqing yo’q!

— Soqchi!!! — ko’zlari oqarib, chinqirdi shoh. — Boshini tanasidan judo qilinglar!… Yo’q… Avval qoziqqa o’tqazinglar, keyin ustidan qaynab turgan yog’ quyinglar, ana undan keyin qiymalab tashlanglar!

Podshohni hali biron kimsa mana shu tabibdek behurmat qilmagandi. Saroyning o’ziga xos tartib-intizomiga ko’ra barcha mulozimlar unga tavoze bilan murojaat qilishardi.

Soqchilar tabibning qo’lini orqasiga qayirib, tashqariga olib chiqib ketayotganida u yelkasi osha podshohga qarab, kinoya bilan shunday dedi:

— Ey shoh! Men sening so’nggi umiding edim. Seni davolaydigan mendan boshqa bironta tabib qolmagan. Men esa seni shu bugunoq oyoqqa turg’iza olaman.

Podshoh jahlidan tushdi:

— Vazir, uni qaytar!

Tabibni olib kirishdi.

— Boshla davolashni! – buyurdi shoh undan ko’zini uzmay. – Shu bugunoq oyoqqa turishimga va’da berding.

— Sen avval uchta shartimni bajarishga so’z ber, shundan keyingina davolashni boshlayman. ,

G’azabini arang tiyib turgan podshoh tishini tishiga qo’yib buyurdi:

— Ayt shartingni!

— Saroy darvozasi oldiga bir xalta oltin bilan davlating soyasida saqlanayotgan eng uchqur otni bog’lab qo’yishsin.

— Nima uchun?

— Bu sening sovg’ang bo’ladi, men otlarni yaxshi ko’raman.

— Agar meni davolasang, oltin to’la qoplar ortilgan qirq otli uyurni hadya etaman.

— Bularni keyinroq izimdan jo’natarsan. Ikkinchi shartim, davolash paytida saroyda hech kim qolmasin.

— Bunisi yana nima uchun?

— Davolanayotganingda kuchli og’riq sezishing mumkin, baqirishing mumkin, seni hech kim ojiz ahvolda ko’rmasligi kerak.

— YAxshi, yana nima?

— Uchinchisi, xizmatkorlaring o’lim jazosiga tortilishlaridan qo’rqib chorlovingga kelishmasin, faqat oradan bir soat o’tgandan keyin kelishsin.

— Nima uchunligini tushuntir!

— Ular menga xalaqit berib, muolaja chala qolishi mumkin.

Podshoh tabibning shartlariga ko’nib, saroy mulozimlari-yu xizmatkorlarni saroyni tark etishga amr qildi va tabib bilan o’zi yolg’iz qoldi.

— Boshlayver, — dedi shoh tabibga najot ko’zlarini tikib.

— Nimani boshlayman, qari eshshak? Kim senga meni davolay oladi, dedi? Tuzogimga tushding-ku! — dedi tabib masxaromuz kulib. – Men senday qonxo’rdan qasos olish uchun bu kunni orziqib kutgandim! Uchta orzuim bor edi. Birinchisi — sening shohona basharangga tuflash! Shunday deb, tabib og’zini to’ldirib, shohning betiga tupuribdi. Bu holdan esankirab qolgan shohning rangi oqarib ketibdi. Ko’z ko’rib, quloq eshitmagan bunday surbetlikka biroz bo’lsa-da qarshilik ko’rsatish uchun boshini qimirlatibdi.

— Hali shunaqami, chirigan to’nka, qarigan ko’ppak, hali qimirlashni ham bilasanmi?! Tuf, senga! — Mening ikkinchi orzuim… — dedi tabib ko’zlarini yumib, huzurlanib. — Qachonlardan beri mana shu shohona yuzingni peshobim bilan yuvish edi!

Tabib aytgan gapini amalga oshirishga kirishdi.

— Soqchilar! Hoy kim bor? — bo’kirdi podshoh yuzini peshobdan olib qochishga urinib va yelkalarini qimirlatishga xarakat qilarkan, surbet tabibni oyog’idan tishlab yiqitishga urindi.

Eshikbonlar podshohning baqirganini eshitsalar ham uning buyrug’iga amal qilib, ichkariga kirishga botinolmadilar.

— Voy sen harom o’lgan mol-ey, — dedi tabib va uni oyog’i bilan tepdi.

Podshoh og’riqdan ingrab yubordi. Birdan u orqasidagi devorda qurollari osig’liq turganini eslab qoldi. Hozir xanjarini oladi-yu tabibning oyog’iga sanchadi. Dilozordan kasos olishning yagona yo’lini topganidan umidvor shoh ustun tomon cho’zildi.

— Sen hali qimirlashni ham bilasanmi? — mensimay xitob qildi tabib. — Uchinchi orzuim…

Podshoh qallob tabibning uchinchi orzuini eshitganida yaralangan yirtqich hayvondek bo’kirib yubordi. Butun kuchini to’plab, yana qurolga intilgan holda o’rnidan sudraldi.

Buralib, qurol turgan ustunga intildi.

— Chopib tashlayman! — o’kirdi shoh, — o’zim, o’z qo’lim bilan qiymalab tashlayman.

Qiltillab turgan oyog’ida arang turib olgan shoh devor yoqalab ustun tomon harakat qila boshladi. Titroq qo’llari bilan qilichni sugurib oldi. Endi orqasiga o’girilib, qilichni bor zarbi bilan urishga shaylangan shoh bunday qarasa, xonada o’zidan boshqa hech kim qolmabdi. U arang darvoza oldiga keldi va shundagina xiylaga aldanganini tushunib, eng uchqur otini tabibga berganiga pushaymon bo’ldi. Yanada g’azabga mingan, o’zining nochor ahvolini tushungan podshoh duch kelgan otning egariga osilib, unga minib olish ga harakat qildi. Biroq kuch qayda? U tishi bilan otning yoliga osilib, holsiz qo’llari bilan egarga yopishib, amallab otga mindi.

Ana shu payt uning qalbida qudratli sarkardaning ruhi uyg’ondi, buyuk farmonbardorning ruhi junbushga keldi.

— Qani u?! — qichqirdi shoh yaqin orada hayratdan qotib turgan xizmatkorlariga qarab.

Biron so’z aytishdan ojiz qolgan saroy axli boshi bilan ishora qilib, tabib qochgan tomonni ko’rsatishdi.

Podshoh tabibni quvib ketdi. Daqiqa sayin uning kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qo’shilib borardi. U shahar darvozasidan o’tib, yanada ilgarilab ketdi.

Otda uchib borarkan, birdaniga esiga tushib qoldi, yigirma yildan beri egarga o’tirmagan, yigirma yildan beri otning yolini shamolda silkinishini ko’rmagan ekan. Yigirma yildan beri yuziga shamol tegmagan, qo’lida qilich ushlamagandi.

Birdaniga u orqa tomondan kelayotgan qadrdon, biroq ko’p yillardan beri unutilayozgan otlar dupurini eshitib qoldi.

Yuzlab jangchilar qilichlarini yalang’ochlab, qichqirgancha kelishayotgandi:

— Shahanshohga sharaflar bo’lsin!

Ular podshohga yetib olganlarida nimani ko’rdilar deng? Shoh yerda dumalab, tuproqqa belanib, tinimsiz kulayotgandi:

  • Eh padaringga la’n’at tabib! Voy it emgan-ey! Bir karvon oltinga arzigulik ish qilding!

 

Mirzakarim Norbekovning “Ko’zoynaksiz hayot sari” kitobidan olindi.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

Yuklanmoqda...