Isyonkor tomchilar (she’riy to’plam)

“Isyonkor tomchilar” deb nomlangan ikkinchi she’riy to’plamimdan joy olgan she’riy satrlardan bahramand bo’ling.

Ushbu jajji kitob 2009-yil chop etilgan bo’lib, unda turli mavzulardagi she’rlar o’rin olgan. She’rni o’qish uchun sarlavhaga bosing shunda she’r ochiladi. Sarlavhaga yana qayta bosganingizda she’r yashirin holga qaytadi. Marhamat,o’qib ko’ring, baho bering. She’rlarim bilan maqtana olmayman, bu kamtarin ijodimni havaskorona intilish deb baholashingiz mumkin.

Isyonkor tomchilar

Temur bobomga

Yodingiz xotirlab she’rim biturman,
Ibratingiz olib haqqa yeturman,
Ko’ksimni to’ldirib faxr eturman,
Hazratim biz sizning avlodlaringiz.

Yurtni qutqardingiz yovuz shumlardan,
Avaylay bildingiz yov quzg’unlardan,
Bugun el bahramand to’kis kunlardan,
Hazratim biz sizning avlodlaringiz.

Hikmatga to’yingan iymoni bor yurt,
Birdamlik ruhidan ayvoni bor yurt,
Qadamlari qutlug’ sarboni bor yurt,
Hazratim biz sizning avlodlaringiz.

Bugun qo’lim baland, ko’ksim osmonda,
Hech kimdan kammasman olg’ir zamonda,
O’tmishi buyuk yurt mangu omonda,
Hazratim biz sizning avlodlaringiz.

Kamol topmoqdamiz ham bo’lib zukko,
Biz yoshlar qo’lida ertangi dunyo,
Kelajak bundanda yashnaydi zero,
Hazratim biz sizning avlodlaringiz.

Ko’ksi tog’ shaxrim

Azal seni durmakon derlar,
Jannatingni tilga olmas kim.
Har yoningni guliston derlar,
Sendek yurtga nazar solmas kim?
Namanganim, senga chin mehrim,
Iftixorim, ko’ksi tog’ shaxrim.

Ne bobolar madhingni kuylab,
Mashrab kabi qildi sarafroz.
Usmon Nosir ko’rkingni ko’zlab,
Bor yo’g’idan kechganligi rost.
Oriyatim, nomusim, qadrim,
Iftixorim, ko’ksi tog’ shaxrim.

Namanganning ko’chalari

Namanganning ko’chalari xub,
Avtobusda kezib boraman.
Ko’hna chinor radlarin ko’rib,
Ko’lankasin sezib boraman.

Bir tomonda go’zal binolar,
Kollejlarning muhtasham aksi.
Boboquyosh sochar ziyolar,
Anhorlarda chechaklar raqsi.

Bekatlarda to’xtaydi karvon,
Har qo’noqda kimsalar gavjum.
Shirinsuxan elimning alvon,
Yuzlarida yorug’ tabassum.

Vatan mehri solgaydir surur,
Manzilimga darrov yetaman.
Shu diyorning farzandiman hur,
Shukronalar zikr etaman.

Qalbim

Qalbim mening, sirdoshim mening,
U hamjihat turar yonimda.
Nadomatda yo’ldoshim mening,
Do’stim erur abad yonimda.

U borlig’im haroratidir,
Zafarimdir behisob doddan.
Oshuf holim matonatidir,
Yarim ko’nglim etar oboddan.

Tilak

Ona baxtim mening honumonimsiz,
Dunyoda tengi yo’q mehribonimsiz,
Mening eng sevguvchi dil jahonimsiz,
Bugun ayyomingiz muborak bo’lsin.

Tilimdagi ilk so’z, so’rog’imdasiz,
O’zingizni izlar qarog’imdasiz,
Ishoning bir umr ardog’imdasiz,
Bugun ayyomingiz muborak bo’lsin.

Sizning bolangizman, baxtim shundadir,
Tetiksiz yonimda, taxtim shundadir,
Sizni shod aylamoq axtim shundadir,
Bugun ayyomingiz bilan qutlayman.

Tilagim siz uchun eng yaxshi hayot,
Ilohim umringiz bo’lsin ko’p obod,
Ollohim qo’llasin bersin baxt najot,
Bugun ayyomingiz bilan qqutlayman

Yaxshi

Gar tikoni tilsa ham,
Lek baribir gul yaxshi.
Yuzi xunuk bo’lsa ham,
Bo’lsin toza dil yaxshi.

Go’zallik siyratdadir,
Mehnat hayotning naqshi.
Saodat g’ayratdadir,
Bitta maqsad yo’l yaxshi.

Agar butdir iymoning,
Etmas dajjolning vahshi.
YAxshilikka tut joning,
Chun savobing mo’l yaxshi.

Ma’naviyat bu oltin,
Ma’rifatli el baxshi.
Ey Baxtiyor bil oldin,
Ilmi urfon til yaxshi.

Alvido bolalik

Alvido bolalik, umrimning zavqi,
Alvido yoshligim, beg’uborligim.
Sen bilan ketmoqda sho’xligim shavqi,
Menga hamroh erur hokisorligim.

Alvido bahorim, eng toza shodim,
Kechir qarog’ingdan ketayotirman.
Fursat eshitmaydi mening faryodim,
Netay, dard qo’shig’in bitayotirman.

Meni chorlamoqda umr savdosi,
Xaroba o’ylarga cho’mayapman men.
Boshlanar zardobli kunlar g’avg’osi,
Seni yuragimga ko’mayapman men.

Alvido bolalik…

Gulim

Tabassuming bunchalar mayin,
Sokin nurlar sendan rang olgan.
Rom aylaysan meni kun sayin,
Shaydo dilim dol bo’lib qolgan.

Nilufarlan chiroyli yuzing,
Binafshadan go’zalsan so’lim.
Atirguldan iforli o’zing,
Er yuzida tanhosan gulim.

Oshig’ingman, nazar tashlagin,
Senga yetmoq niyatim bordir.
Ikkimizni baxtga boshlagin,
O’z nomidan dil baxtiyordir.

Majnuntol

Salom bergan kabi majnuntol,
Yo’lovchiga orom tutardi.
Shildir shildir ostida zilol,
Kichik ariq oqib o’tardi.

Nima uchun faromush holi,
Qaysi aybi yerga qaratgan.
YO tabiat mo’jiza qo’li,
Tavoze’ni qo’shib yaratgan.

Majnuntolim, g’arib sirdoshim,
Imo ayla, bormi dil so’zing?
YUpanchig’im, darddan tilmochim,
Bir daldadosh, faraxbaxsh o’zing.

Qaldirg’och

Bahor chog’i shoshib kelasan,
Ko’kragiday niyati oqqush.
Tog’lar oshib zuv zuv yelasan,
Kel marhabo, sog’indik bo’l xush.

Jon qaldirg’och, bahor qizisan,
Boychechakni o’pib uyg’otding.
Tabiatning uyg’oq ko’zisan,
Qo’ngan yerga rizqu ro’z otding.

Hovlim uzra qanot qoqasan,
Odamzodga sihat tilaging.
Elchi qushim bizga yoqasan,
Sabohatga bordir keraging.

Xudoga soldim

Qaytar dunyo bilganlar qancha,
Etar kulding tepamda ancha,
Jon jonimga qadalding ancha,
Ag’yor seni xudoga soldim.

Telbamasman, g’o’rligim qursin,
Har kim toshin o’zicha tersin,
Olloh o’zi jazoing bersin,
Ag’yor seni xudoga soldim.

Vafosizning zarbi

Dunyo ekan bir g’urbathona,
Xasadgo’ylar eng katta devor.
Do’stingnida qalbida gina,
Omad ketsa barisi bekor.

Bugun meni dilimda o’kinch,
YUragimni to’ldirar faryod.
Qalbim zarra sezmaydi ilinj,
YAshamoqning mazmuni barbod.

Ishonch asli baxtning ustuni,
Halovatning maskani iymon.
Boshga qilich ham kelgan kuni,
Vijdonini sotmas qadrdon.

Xayollarim bermaydi tutqu,
Og’rinaman bu savdolardan.
Ko’zlarimga kelmaydi uyqu,
To’yib ketdim bevafolardan.

Inson uchun

Inson uchun eng avvalo sog’lik turur,
Sog’lik tole’ iqbol bilan bog’liq turur.

Dunyo o’zi g’alat bino imoratdir,
Tag’in jumboq, so’roqlardan iboratdir.

Tangri bizni kulfatlarda sinar ekan,
Iymoni but bari dardga ko’nar ekan.

Sog’lik sihat tirik jonga aziz ne’mat,
Chun qadriga yetmoq darkor bori fursat.

Salomatlik qo’lga kelmas davlat biling,
O’z vaqtida asramoqni odat biling.

Kerakdir

Uquubatga yuz tutsang,
Sabr toqat kerakdir.
Dard bitar, o’tar kutsang,
Lek ibodat kerakdir.

Xayol va hayot o’zga,
Baxtu omad cho’pchakdir.
Quvonch izlagan ko’zga,
Halol mehnat kerakdir.

Jismi go’zaldan yaxshi
Qalbi toza malakdir.
Ko’ngil aksining naqshi,
Samimiylik kerakdir.

Umr hech vafo qilmas,
YOshlik uchar varrakdir.
U ketar, qaytib kelmas,
Elga ibrat kerakdir.

Mehr qalbning ko’zgusi,
Oliy ne’mat demakdir.
Ulug’vorlik yog’dusi,
Kunda himmat kerakdir.

Baxtiyor qo’y, o’zni tut,
Umid nurli tilakdir.
Ey ko’ngil senga yohud,
Chin muhabbat kerakdir.

Sog’indim

Ona sizni sog’indim juda,
Suratingiz ko’zimga tutdim.
Xotiramning kipriklarida,
Titroqlarni bo’g’zimga yutdim.

Ona sizni sog’indim dushvor,
Erkaligim tutib ketdiku.
Ado qildi meni ko’p diydor,
YUragimni vayron etdiku.

Hijron cheki ekanda behad,
Pandlaringiz dalda sabotdir.
Kasal bo’lmang o’tinchim faqat,
Borligingiz o’zi qanotdir.

O’rtanaman mehringiz eslab,
Bunchalar ham parvonasiz a.
To’lg’onaman so’zingiz qumsab,
Bolam deya xo’p yonasiza.

O’gitingiz menga do’st, chiroq,
YOmonlardan garchi xushyorman.
O’g’lingizga ishoning har choq,
Duoqiling, men baxtiyorman.

Go’zal qiz

Nigohingda oyning shulasi,
Ko’zlaringda porlaydi dengiz.
Vujudingda oftob nafasi,
Ta’rifingga hech topilmas so’z.

Sen insonmi farishta sifat,
Go’zallikning timsolidirsan.
Ko’rking tusi bebaho xilqat,
Jannat guli misolidirsan.

Barnoliging kundan o’tgudek,
Zakovating ziyosi shamdir.
Madhing biroz olqishladim lek,
Xushsurating mehringdan kamdir.

Suluv savdogar

Gul yuzida go’zallikizi,
Omad qushi mudom kulgan qiz.
Chiroylisan, javohir qizi,
Muhabbatni o’yin bilngan qiz.

Erkam eding dil malikasi,
Bor yo’g’imni tilardim senga.
Tomirimda eding sirasi,
Jahonimni atardim senga.

To’g’ri, qaysar va o’jar eding,
G’o’r g’ururing ko’kkka tutashgan.
O’zing uchun boz o’zar eding,
Shaddotliging bari yarashgan.

Sevaman deb aytarding axir,
Yo sho’xliging keldimi gulim?
Uqubatga aylading asir,
Alam ko’rdi bu sodda dilim.

Mayli, menga yolg’izlik hamroh,
To’y bahrini ko’rdingmi ko’rkam.
Do’st bilinar vaqt o’tar e voh,
Shuncha arzon bo’ldingmi erkam?

Maxzunaning nolasi

Zar emas orzuim, emas mol dunyo,
Arshdagi yulduzga bo’yim yo’q sira.
Xazin muhabbatdan bo’lmasam ayro,
Ilohim kuch bersa o’tli xotira.

Ruhim ma’yuslanar, ko’zlarim horg’in,
Asta olovlanar allanechuk his.
Olisda tuyg’ular yig’laydi dilxun,
Palahmon toshi oh bunchalar da’yus!

Azizim yodimda siz yozgan u xat,
Sehrli dunyoga asira edim.
Ishqimga musharraf edingiz faqat,
Zilol saltanatga vazira edim.

Garchi, yuragimni yulqagan sevgi,
Adl ota ona xohishi dedi.
Ro’zi oxiratni alqagan sevgi,
Ayriliq taqdirning yozmishi dedi.

Hayot kimga omad, kimlarga cho’g’dir,
Meni eshitmadi jon xitobimga.
Asli muhabbatning gunohi yo’qdir,
Tole’ hamdam bo’lsin ilk savobimga.

Kechir ollohim!

Ezildim taqdirning rutubatidan,
…Uchar gilamingni tashlagin osmon.
Kuydimku qismatning uqubatidan,
Dil uchmoq istaydi xushlagin osmon…!

Ey falak sehringni ko’rsatgin shu dam,
Kabutarga o’xshab qolsaydim chunon.
Kemtikyuragimda qolmadi chidam,
Qo’yib ber bag’ringda yayrayin shodon.

Yo’q, unut ishonma, so’zlarim yolg’on,
Bu g’urbat fikrimda yashaydi gunoh.
Kechmishim ayblidir bergumdir tovon,
Kechirgin bandangni qodirim olloh.

Jannat diyorim

Ona yurtim quchog’ingdaman,
Dilda faxr ardog’ingdaman,
G’ururimsan, bayrog’ingdaman,
Asraguvchim, tole’ tumorim,
Qo’llaguvchim, jannat diyorim.

Olis beshak tarix guvohdir,
Buyukliging elga panohdir,
Tuprog’ingni sevmas gumrohdir,
Tongda ufqu, kunda bahorim,
Qo’llaguvchim janat diyorim.

Taraqqiyot bugun g’ayratda,
O’zmishingga dunyo hayratda,
Ulug’ noming abad izzatda,
Mangulikka yuz daxldorim,
Qo’llaguvchim, jannat diyorim.

Yoshlar uchun behad imkonsan,
Ezgulikni tutgan karvonsan,
Ma’rifatga homiy sultonsan,
Yurt qalbiga yo’ldosh hamkorim,
Qo’llaguvchim, jannat diyorim.

Ilm

Ilm – Ado bo’lmas xazina,
Ezgulikka eltuvchi qanot.
Komillikka chorlaydi yana,
Ma’rifatdan berguvchi sabot.

Ilm – inson uchun oliy baxt,
Molu dunyo ozdirar ko’zni.
Ehtirosda bo’lmaydi hikmat,
Jo’n havaslar ozdirar o’zni.

Ilm erur e’tiqod boli,
Tashna qalbga zilol shamshoddir.
Mashaqqati og’ir misoli,
Igna bilan quduq ochmoqdir.

Ilm zavqi baridan ustun,
Kam tuyular bergan sharximiz.
Axir ongsiz hayvondan do’stim,
Ilmdadir bizning farqimiz.

Qish

Qish naqadar beg’ubor fasl,
Sadaflarning beg’ubori u.
Ziynatida ne quvvat asl,
Yer yuzini burkaydi yog’du.

Hukm surar qanotin yoyib,
Yarashadi kumush degan nom.
Bulutlarga berkinar oftob,
Ko’z quvnatar musaffo osmon.

Pag’a pag’a uchqunlaydi qor,
O’zi bilan keltirar qut baxt.
Xuddi zarga o’ralar sayyor,
Bu tangridan biz uchun ne’mat.

Qish qalbimga yoqadi chiroq,
Oq umidlar ayro bo’lmasin.
U ketadi istagim biroq,
Qani edi zulmat kelmasa.

Umidim

Orzularim ortilgan kema,
Yelib borar armon bo’ynida.
Go’zal baxtning borligi nima?
Umr o’tar o’kinch bo’ynida.

Lek umidim, ishonchim komil,
Quvonchlarga to’lg’usi dunyo.
Iztirobim chekinar chil chil,
Zilol mehr aylaydi shaydo.

Nadir xayolingiz

Nadir xayolingiz nadir o’yingiz,
Asl yulduzlardan go’zal ko’zligim.
Mehr timsolingiz, ajab ko’yingiz,
Ufq ziyosiday qizil yuzligim.

Nadir armoningiz, nadir dardingiz,
Allanechuklardan cho’chigan gulim.
Garchi yoningizda entik baxtingiz,
Asta tun ketidan kun kelar so’lim.

Bahodirga nigoh qalbi sizniki,
Aziz joningizni qadriga yeting.
Haqqa ishonsangiz quvonch bizniki,
Shirin umringizni baxtiyor eting.

Tun

Bo’yteraklar silkinib bo’ychan,
Nariroqda shovullaydi soy.
Ayvon uzra yotibman o’ychan,
Allalaydi yangi chiqqan oy.

To’yintirmas musaffo havo,
Mayin sabo urilar yuzga.
Dov daraxtlar tillashgannnamo,
Shivirlaydi tovlanib ko’zga.

Oromini kaftida tutar,
Xuddi oqshom oyning oshig’i.
Tevarakni faromush etar,
Chigirtkaning xazin qo’shig’i.

Huv yulduzlar miltirar marjon,
Ko’k pardaga guldir donasi.
Olislardan g’uvillar ahyon,
Boyo’g’lining achchiq nolasi.

Ayni kechni so’zlamoq dushvor,
Tun aksiga bo’lib payvasta.
Dunyosiga hayratim bisyor,
Shamchirog’im puflayman asta…

Yolg’izginam

Bugun ko’proq xayolga toldim,
Ko’zim yumsam chehrangiz paydo.
Ne azobga boylanib qoldim,
Yurak buncha bo’lmasa bejo.

Ruhim meni qaldirg’och misol,
Balandarga parvoz ko’zlaydi.
Har tomonga charx urib darhol,
Dilquyoshim sizni izlaydi.

Yolg’izginam o’ylayman sizni,
Farishtaga tenglikkinamsiz.
Qalbim yonib kuylayman sizni,
Ohimdagi munglikkinamsiz.

Do’stim

Do’stim meni tingla, hasratim qat qat,
Irodam ishonchi so’nib bormoqda.
Lola yanglig’ yurak ko’rib ko’p g’urbat.
Sitam og’ushiga ko’nib bormoqda.

Hadiklar ko’nglimni ozdirar bir bir,
Oshufman sening dil tilaklaringga.
Do’stim, yupanchig’im, so’zing daldadir,
Armonim chekinar tirgaklaringdan.

Bag’ishlov

Kuyuk qalbimizning qo’ri edingiz,
Zarif mehrimizning zo’ri edingiz,
Ikkingiz yurakning to’ri edingiz,
Ruhingiz shodumon bo’lsin bobodjon,
Qabringiz nurlarga to’lsin momojon.

Sizlarni sog’inib yig’ladik qancha,
Intiq ko’nglimizni tig’ladik qancha,
Duoga qo’limiz chog’ladik qancha,
Ruhingiz shodumon bo’lsin bobojon,
Qabringiz nurlarga to’lsin momojon.

Ollohdan jannatni tilab qolamiz,
Hayotlik chog’ingiz yodga olamiz,
Ulug’ hislatingiz aytib tolamiz,
Ruhingiz shodumon bo’lsin bobojon,
Qabringiz nurlarga to’lsin momojon.

Dil humor diydor yo’q, bir o’kinmoqda,
Taqdirning hukmiga bazo’r ko’nmoqda,
Ne sir tepangizda gullar unmoqda,
Ruhingiz shodumon bo’lsin bobojon,
Qabringiz nurlarga to’lsin momojon.

Qayg’urma

Qayg’urmagin, yetar do’stim, biroz kulgin,
Bu dunyoga bir kelarsan yayrab kulgin.

Ko’rding shuncha g’am g’ussalar sarhadi yo’q,
Qo’yib bersang joning so’rar na hadi yo’q.

Bu so’zlarni kaltabinlik deb o’ylama,
Meni yengil yelpilikka hech bo’ylama.

Bir kungina o’z o’zingcha yasha shartta,
Nafsingni ham senda haqqi bor albatta.

Hayot charxi har daqiqa shafqat bilmas,
O’z vaqtida qadrin bilgin yoshlik qaytmas.

Baxtiyorman, o’zim seni baxtga boshlay,
Hadiklarsiz biroz shodlik vaqtga boshlay.

O’zbek qizlari

Manglayida bir tutam holi,
Lablarida qand asal boli,
Yo’qdir sira qiyos timsoli,
Pariruxsor o’zbek qizlari.

Har qatrasi ma’noga boydir,
Qalam qoshi qayrilma yoydir,
Gul chehrasi nurafshon oydir,
Pariruxsor o’zbek qizlari.

Sabr toqat, qanoat unda,
Zulfiyacha malohat unda,
Kumushdagi latofat unda,
Pariruxsor o’zbek qizlari.

Farishtaga tengdir siymosi,
Yuraklarni yoqar ziyosi,
Dunyo ichra tanho dunyosi,
Pariruxsor o’zbek qizlari.

Meni esla

Meni esla jonim, faqirim deya,
Poyingga to’shalgan zabun tuproqman.
Qulim deb atagin, asirim deya,
Kuygan kiprigingda qotgan titroqman.

Meni esla jonim, tashqvishli chog’ing,
Tunda oyga termul, men ham boqaman.
Agar ko’rmoq istab tutsa so’rog’ing,
Tushingga kiraman bir gul taqaman.

O’ylagin oppog’im men baxtiyorman,
Sening shodonliging menikihamdir.
Kechir, yuraginga bitgan ozorman,
Senga keltirganim faqatki g’amdir.

Sog’insang daryoning jilosiga boq,
Ularning shovqini mening nolamdir.
Esla, tongyomg’iri savalagan chog’,
Ularning tomchisi mening jolamdir.

Meni esla…

Dadajon

Hur ruhingiz atrofimda kezadi,
Ki yuragim taftingizni sezadi.

Diydoringiz so’rab so’rab toldi dil,
Quyuq armon azobini bildi dil.

Suratingiz ho’l bo’lguncha tikilgum,
Hadsiz hasrat ummoniga yutilgum.

Xayollarim tortib ketar uzoqqa,
Sizsiz umrim to’lgan hadik jumboqqa.

Intizor dil

Dunyoni sog’indim dard ummonida,
Ismsiz qayg’udan bezovta yurak.
Lablarim pichirlar zulmat domida,
Nahot baxt qo’shig’i shunchaki ertak?

Olis osmonlarga boqdim hamisha,
Zarrin yulduzlardan shifoat kutdim.
Azob uqubatdan ko’rib tomosha,
Sabr zardobini necha bor yutdim.

Intizor ko’zimga boqarmi quvonch,
Nazar etarmikin yaratgan o’zi.
Gar bo’lsa dilimda oxirgi ishonch,
Lutfim shu umiddir ko’ngilning so’zi.

Istagim ko’p emas, ozgina mehr,
Malham so’zingizdan chekinar alam.
Giryon umrimizga sham yoqqan sehr,
Aziz mehringizla charog’on olam.

Entikish

Subhidam ufqida ko’kka boqaman,
Hadeb yuragimda qandaydir xirom.
Abas xayollarga chambar taqaman,
Holbuki, xayollar bersaydi orom.

Nasim nigohimda sog’inch azobi,
Olovdir qalbimni chulg’agan firoq.
Ziynati beqiyos, cho’g’ edi tobi,
Aslida u mendan bo’lsada yiroq.

Bahor

Boqqa kirdim erta tong nahor,
Shudring chaygan gullar payvasta.
O’z sepini yoyibdi bahor,
Yashil gilam to’shalib asta.

Maysalar bosh ko’tarar shu tob
Xotiraga aylanar ayoz.
Bulutlardan mo’ralar oftob,
Olam juda ko’rinadi soz.

Mavjlanadi musaffo osmon,
Yoqib ketar zulmat nafasi.
Qaldirg’ochlar charx urar javlon,
Gurkiray di zamin sahnasi.

Har faslning o’z gashti bo’lar,
Har faslning o’z tarovati.
Baxtiyorning sharafi yelar,
Yetkazolmas qalb haroratin.

Iymon oftobi

Barham bo’lmas menda shijoat,
Atrofimda ne gardlar borur.
Hazarimdir g’iybat, malomat,
Tole’im bu – idrokim erur.

Irodamni bukolmas g’urbat,
YAlovimdir e’tiqod tobi.
Oriyatim oqlagan ziynat,
Rahmonimdir iymon oftobi.

Ustozlarimga

Siz menga ilk ustoz, ilk rahnamosiz,
Harf tanitdingiz zaxmat ranj ila.
Qalbimga ilm nurin sochgan ziyosiz,
Haqqingiz berolmam mingta ganj ila.

Ravzahon ustozim, ikkinchi onam,
Tilingiz tufayli so’zim ravondir.
Ismingiz sababli to’kis zamonam,
Sizni shod aylamoq juda osondir.

* * *

Ona tilim faxrim g’ururim,
Adabiyot milliy merosdir.
Ma’naviyat yaqin shuurim,
Tilni sevmoq hammaga xosdir.

Aytardingiz Norboev ustoz,
O’z tilini ardoqlagan mard.
So’zlaringiz umrlik hamroh,
Men yo’limni topaman albat.

O’zingga shukr

Tog’larni silkitar alamlarim bor,
Ummonni to’ldirar sitamlarim bor,
Bilmam qachongacha chidamlarim bor,
Dard bergan ollohim o’zingga shukr.

Har nechuk balodan sabr g’olibdir,
Oltindan hadiksiz qadr g’olibdir,
Oqibat qaro yer qabr g’olibdir,
Dard bergan ollohim o’zingga shukr.

Qayg’ular ko’nglimni kuydirgan damda,
To’g’risi nolishni qilmadim kanda,
Kechirgin yo rabbiy men ojiz banda,
Dard bergan ollohim o’zingga shukr.

Istig’for aytaman qulfi dilim och,
Ko’nglimga ezgulik urug’ini soch,
O’zingdan o’zgaga etmagin muhtoj,
Dard bergan ollohim o’zingga shukr.

Hasratda sinaysan vijdonimizni,
Kulfatda toblaysan iymonimizni,
Armonga yon tutib imkonimizni,
Dard bergan ollohim o’zingga shukr.

Bilib bilmaganim, gunohim bisyor,
Vijdonim o’rtaydi o’zimni ko’p bor,
Baxtiyor qulingman, yo parvardigor,
Dard bergan ollohim o’zingga shukr.

O’zbekiston yoshlariga

Aziz onlar g’oliblik zavqi,
Dilga sevinch sig’maydi shavqi,
Chempionning qaydadir farqi?
Tengdoshlarim, harakatda gap.

Zamon tezkor, yetishni o’ylang,
Chidam bilan ketishni o’ylang,
Fursatdan ham o’tishni o’ylang,
Tengdoshlarim, harakatda gap.

Bir maqsadni tuygan yutadi,
Erta hayot bizni kutadi,
Haq taolo ato etadi,
Tengdoshlarim, harakatda gap.

Bel bog’laylik, shu vatan uchun,
Yondiraylik yuksalish o’chin,
Bag’ishlaylik shijoat kuchin,
Tengdoshlarim, harakatda gap.

Agar she’rlarim sizga manzur kelgan bo’lsa, Ko’ngilga sayr deb nomlangan ilk she’riy to’plamim bilan ham tanishib chiqishingiz mumkin. She’rlarga qandaydir munosabat bildirmoqchi bo’lsangiz “Fikr bildirish” formasi orqali yozib qoldiring.

Maqola yoqdimi? Iltimos, saytni ommalashtirishga yordam berib ijtimoiy sahifadagi do'stlaringizga ma'lum qiling.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

error: Kontent himoyalangan!