Buyuk Britaniyada Mirzo Ulugʻbek nomidagi universitet tashkil etish rejalashtirilmoqda

Buyuk Britaniyada Mirzo Ulugʻbek nomidagi universitet tashkil etish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari hamda Buyuk Britaniyadagi Ibn Sino va Moturidiy nomidagi kollejlar direktori va asoschisi shayx Otabek Shukurov ishtirokida onlayn veb-seminar oʻtkazildi.

Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
2017-yilda Manchester shahrida tashkil etilgan Ibn Sino va Moturidiy nomidagi kollejlar hadisshunoslik, islom huquqshunosligi va anʼanaviy tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan notijorat tashkilotlardir. Shuningdek, kollej mutaxassislari din tarixi, qadimgi qoʻlyozmalarni oʻrganish, muqaddas yozuvlarni tahlil qilish, fiqh va islom moliyasi yoʻnalishlarida tadqiqotlar olib boradi. Ibn Sino nomidagi kollejda Abu Rayhon Beruniy nomidagi laboratoriya ham faoliyat yuritadi. Unda mutaxassislar Ibn Sino ilmiy merosi asosida yangi dori-darmonlar yaratish ustida ish olib boradi.
Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, taniqli ekspertlar va dinshunos olimlar ishtirok etdi.
Tomonlar Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlari hamda Ibn Sino va Moturidiy nomidagi kollejlar oʻrtasida islom dini va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Imom Moturidiy, shuningdek, Mavoraunnahrda yashab oʻtgan boshqa buyuk allomalarning ilmiy, diniy va maʼnaviy merosini oʻrganish boʻyicha qoʻshma ilmiy va taʼlim loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalarini muhokama qildi.
Oʻzbekistonlik mutaxassislar mamlakatimizda Imom Moturidiy merosini chuqur oʻrganish, shuningdek, uning eʼtiqodni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga qoʻshgan beqiyos hissasini keng targʻib qilish va shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalash, yigit-qizlarni yot gʻoyalar taʼsiridan saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida, Ibn Sino va Moturidiy nomidagi kollejlarning direktori va asoschisi oʻzi rahbarlik qilayotgan taʼlim muassasalari faoliyati, shuningdek, ular negizida Buyuk Britaniyada buyuk oʻzbek olimi va astronomi Mirzo Ulugʻbek nomidagi yangi universitet tashkil qilishni rejalashtirayotgani haqida soʻzlab berdi.
Yangi universitet tarkibida Markaziy Osiyoda oʻrta asrlarda yashab va faoliyat yuritgan Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, boshqa taniqli olimlar va mutafakkirlarining ilmiy, diniy va maʼnaviy merosini oʻrganish hamda xalqaro koʻlamda targʻib qilishga ixtisoslashgan fakultetlar hamda kollejlarni ochish nazarda tutilgan.
Otabek Shukurov boʻlajak universitet ilohiyot va anʼanaviy tibbiyot boʻyicha bakalavr darajasini olish uchun grant va shartnoma asosida chet eldan talabalarni qabul qilishini taʼkidladi. Oʻzbekistonning ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari talabalari ham ushbu oʻquv dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, ushbu universitetda ingliz tilida soʻzlashadigan oʻzbekistonlik dinshunos olimlar ham dars berishi mumkin. Yevropa mamlakatlari, AQSH, Kanada, Turkiya va Marokkoning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida leksiyalar oʻqiydigan olim Oʻzbekistonning diniy taʼlim muassasalarining talabalari va oʻqituvchilari huzurida ham ilmiy chiqishlar qilishga tayyorligini maʼlum qildi.
Veb-seminar doirasida oʻzaro ilmiy aloqalarni rivojlantirish, xususan, Imom Moturidiy asarlarining insonparvarlik mohiyati va maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatini oʻrganish maqsadida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, ularning mazmun-mohiyatini oddiy va taʼsirchan vositalarda keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Markaziy Osiyo buyuk mutafakkirlarining Oʻzbekiston va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlari hamda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini izlab topish, toʻplash va oʻrganish hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: