«Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» fanlarini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘tishi kerakmi yoki mutaxassis?
Ma’lumki, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi diplomida “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi”, “Boshlang‘ich ta’lim va tarbiya ishlar metodikasi”, “Boshlang‘ich ta’lim va tarbiyaviy ish”, “Pedagogika va boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi” kabi ixtisosliklardan biri berilgan bo‘lsa, ular «Tasviriy san’at» fanidan ham dars o‘tishlari mumkin.
Bosh vazir o‘rinbosarining 2021 yil 8 avgustdagi 07/1-3064-sonli ko‘rsatmasiga asosan 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dars berish huquqiga ega bo‘lgan barcha o‘qituvchilarga 1-4 sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanidan ham dars berish huquqi beriligan.
Shuningdek, oliygohlarning «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» mutaxassisligini tamomlagan pedagog kadrlar ham boshlang‘ich sinflarda o‘tiladigan «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» fanlaridan dars berishi mumkin.
Demak, xulosa shuki boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi ham, «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» fani o‘qituvchisi ham ushbu fandan 1-4 sinflarga dars o‘tish huquqiga ega.
❗️Xo‘sh, unda bu fan aynan kimga berilsa, qonunan to‘g‘ri bo‘ladi?
Bu vaziyatda «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom asosidagi ustuvor ketma-ketlik bo‘yicha dars taqsimlansa, qonunan to‘g‘ri ish qilingan bo‘lamiz.
Aytaylik, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi birinchi toifaga ega, lekin «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» fani o‘qituvchisi oliy toifali o‘qituvchi. Bu vaziyatda boshlang‘ich sinflardagi «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» darsi oliy toifadagi o‘qituvchiga beriladi. Aksi bo‘lsa, buni teskarisi.
E’tibor bering, dars soatlarini taqsimlashda faqatgina o‘qituvchining malaka toifasi emas boshqa ko‘rsatgichlari ham inobatga olinadi. Bu maktabdagi o‘qituvchilarning qanday turdagi yutuqlarga erishganiga bog‘liq. Bu yerda ham faqatgina o‘qituvchining toifasi bo‘yicha dars taqsimoti misol tariqasida keltirilmoqda.
Umuman olganda «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablari bo‘yicha kim yuqori ustunlikka ega bo‘lsa, boshlang‘ich sinflardagi «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» fani aynan o‘sha o‘qituvchiga beriladi.
❗️Agar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining ham «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» fani o‘qituvchisining ham erishgan yutuqlari bir xil bo‘lsachi?
E’tibor bergan bo‘lsangiz, «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 16-bandida bu masalaga ham yechim berilgan.
Unga ko‘ra, o‘qituvchilar aynan bir xil ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan taqdirda ular o‘rtasida dars soatlari teng taqsimlanadi. Ya’ni, «Tasviriy san’at» va «Jismoniy tarbiya» dars soatlari o‘qituvchilarga teng bo‘lib beriladi.
Mavzuga doir:
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari qaysi fanlardan dars bera oladi?
Boshlang‘ich sinflarda “Tarbiya” fanidan dars bersam bo‘ladimi?
Yangi o‘quv yilidan jismoniy tarbiya fani nega qisqartirildi?