Ta’lim tizimi xodimi chet ellik bloger tomonidan tuhmat yoki haqorat qilinsa, unga qanday chora ko‘rsa bo‘ladi?
Savol
Assalomu alaykum. Men maktab ta’limi tizimi xodimiman. Bir hamkasbimiz, men va boshqa ta’lim tizimi xodimlari haqida yolg‘on ma’lumotlar to‘plab, chet elda faoliyat yurituvchi blogerga yuboribdi.
U bloger esa haqiqiy holatni bilmay turib bizni jinoyatchiga chiqarib, yolg‘on va asoslanmagan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmoqda. Bu ham yetmagandek, o‘sha hamkasbimiz bloger yozgan haqoratomuz postlarni telegramdagi turli guruhlarga ham tarqatgan.
Savolim shundan iboratki, chet ellik blogerga qanday qilib javobgarlik belgilasa bo‘ladi? Shuningdek, blogerning haqoratomuz postlarni telegramda tarqatgan shaxsni ham javobgarlikka tortsa bo‘ladimi?
Savolga Ulug’bek Po’latov o’zining Xalq ta’limi info kanalida quyidagicha javob berdi:
Har qanday holatda ham ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatish ta’qiqlangan.
Shaxsining jinoyatchi yoki jinoyatchi emasligi faqat sud tomonidan belgilanadi. Hech kim birovni jinoyatchi deb haqorat qilishga haqli emas.
Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida shunday qoida bor: Ya’ni, har qanday gumon qilinuvchi ham ayblanuvchi ham, hatto sudlanuvchi ham uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish agar internet tarmog‘ida amalga oshirilgan bo‘lsa, tuhmat qilayotgan shaxs to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Jinoyat kodeksining 139-moddasiga ko‘ra, Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Shu sababli siz va boshqa da’vogarlar tegishli tartibda sizlar haqingizda yolg‘on ma’lumotlar tarqatayotgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralariga tegishli dalil va asoslar bilan yozma ariza kiritishingiz lozim.
Shundan so‘ng, tuhmat qilib, yolg‘on ma’lumotlar to‘plab, chet elda faoliyat yurituvchi blogerga sizlarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni yuborayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atilishi mumkin.
Haqiqiy holatni o‘rganmay turib ayrim shaxslarni jinoyatchiga chiqarib, yolg‘on va asoslanmagan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan blogerni ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin.
Chunki, Jinoyat kodeksining 11-moddasiga ko‘ra, jinoyat O‘zbekiston hududidan tashqarida sodir etilib, jinoiy oqibati esa, O‘zbekiston hududida yuz bergan bo‘lsa, jinoyat sodir etgan shaxs ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
Bunda surishtiruv ishlari jarayonida chet elda yashayotgan fuqaroga nisbatan sirtdan ayb qo‘yilib, qidiruv ham e’lon qilinishi mumkin. Bu albatta tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Mavzuga doir:
Xalq ta’limi vazirligi blogerni sudga berdi