Sadaqa haqida hikoya tushda ko‘rilgan keksa chol va uning daryo bo‘yida kir yuvib kun ko‘ruvchi o‘g‘li haqida. Hikoya berayotgan narsamiz ozligidan uyalmaslik kerakligini aytadi.
Bir donishmand hikoyasi.
Men bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda quvnoq va shodon yurgan o‘liklar jamoasi ortidan ketayotgan ma’yus keksa cholga nigohim tushdi.
Men undan:
— «Mahzunligingiz sababi nedandir?» deb so‘radim.
U javoban:
— Anavi shod-u hurram yurganlarga atab ahillari yaxshiliklar qilib, sadaqalar ulashib turadilar. Menga atab esa hech kim sadaqa qilmaydi.
Unga dedim:
— Zurriyotingiz yuqmi?
U:
— Nega endi, albatta zurriyotim bor. Uning ishi daryoda. U matolarni yuvib, kun kechiradi.
— Men uyqudan uyg‘ongach, daryo tomon yo‘l oldim. Va u yerda marhumning o‘g‘lini uchratdim. Matolarni tosh ustiga qo‘yib «tor, tor» deb yuvayotgan emish.
Undan qiziqib so‘radim:
— O‘g‘lim, bu nima deganing?
U:
— Ehh, rizqim torligidan, yetishmovchilikdan noliyapman-da ota, — dedi.
Men:
— Vafot etgan otangga atab hech sadaqa qildingmi?, — deb so‘radim.
U:
— Dunyo molidan hech vaqoyim bo‘lmasa, qanday qilib ularga sadaqa qilay?
Men:
— Arzimagan oddiy narsang bo‘lsa ham chiqarib, sadaqa qilib yuborgin bolam.
Yigit mening gaplarimdan g‘azablanib, chelagidagi suvdan uch cho‘mich oldida, qirg‘oq tomon uloqtirib dedi:
— Mana shu, otamga qilgan sadaqam bo‘lsin. Men bundan ortiq narsani sadaqa qilolmayman.
Shu tuni men yana o‘sha keksa odamni tushimda ko‘rdim. U judayam masrur va quvnoq edi. Men undan:
— «Hozir ahvolingiz qanday?» , deb so‘radim.
U dedi:
— O‘g‘lim menga deb ozgina suv atadi. Suvning menga nafi tegib, g‘amimni parchalab yuvib ketdi.
So‘ngra men Allohdan o‘g‘limning halol rizqini keng qilishini so‘rab duo qildim.
Shunda men dedim:
— O‘g‘lingizni quygan suvida sizga ajr va savob keltiradigan hech qanday qimmatbaho narsa bo‘lmagan ediku. Koshki edi biron bir kishining chanqog‘ini qondirgan bo‘lsa.
Keksa chol dedi:
— O‘g‘limning oz miqdordagi atagan suvi daryodan chiqib qolgan va oxirgi nafasini olayotgan mittigina baliqchaga yetib borib, uni daryogacha oqizib ketdi. SHunday qilib, ozginagina suv xushsiz yotgan baliqchani o‘limdan qutilib qolishiga sababchi bo‘lib qoldi. Mana shu o‘g‘lim tomondan kelgan xayrligi tufayli Alloh taolo meni karomatladi. Men esa Alloh taologa duo qilib, o‘g‘limni bu dunyosida ham, oxiratida ham xayrlik bilan rizqlantirishini so‘rab duo qildim.
— Oradan bir necha oylar o‘tgach, yigitni mol-davlati ortib, boy va badavlat bo‘lib ketganiga o‘zim guvohi bo‘ldim.
Ozgina bo‘lsa ham ato etishdan hayo qilmang. Mahrum qolishdan, ozgina bo‘lsa ham berilgan sadaqa xayrliroqdir.
Ota onaning mehri ularning vafotidan so‘ng ham davom etaverar ekan. Chunki Alloh azza va jalla ota onamiz vafot etgandan keyin ham ularning mehri bizga yetib turishi uchun bizga bir eshikni ochib qo‘yar ekan.
Hikoyadan xulosa. Yigit otasi uchun faqat uch cho‘mich suv sadaqa qiladi, lekin o‘sha suv o‘lim bilan olishayotgan baliqchaga yetib, uni qutqaradi. Hikoya muallifi fikricha, arzimas narsa ham ixlos bilan berilsa, ulkan foyda keltiradi.
Hikoyada chol nega mahzun edi?
Boshqa marhumlarga yaqinlari sadaqa qilar edi, unga esa hech kim sadaqa qilmasdi.
Uch cho‘mich suv qanday foyda keltirdi?
Suv daryodan chiqib qolgan, jon berayotgan mitti baliqchaga yetib, uni daryoga qaytardi. Shu yaxshilik sabab cholning ahvoli yaxshilandi.
Shu mavzuda: Berganing ozligidan uyalma, Bolalari och qolgan ota va tilanchi va saxiylik va baxillik haqida maqollar. Boshqa hikoyalar Ibratli hikoya va rivoyatlar bo‘limida.
