Ustoz haqida rivoyat she’riy shaklda yozilgan: bir muallim vafot etgach, Sirot ko‘prigiga duch keladi. Hikoya o‘qituvchilik kasbining savobi haqida.
O‘qituvchilik kasbi eng sharafli kasb. Agar o‘qituvchi bo‘lsangiz albatta o‘qib ko‘ring.
Tinglang sizga so‘ylayin, roviylar rivoyatin,
Fikr etib so‘ngra uni anglarsiz kifoyatin.
Bir muallim yashabdi, qay zamondir noma’lum,
Hasmu-holi ne bilmam, bir kasbu-kori ma’lum.
Saboq berdi dars berdi, donishmandu, dahoga,
Umri bitib nihoyat, ketdi dorulbaqoga.
Tumonat xalq — shogirdlar, borar qabriston tomon,
So‘nggi yo‘lga kuzatdi, muallimni olomon.
* * * * * * * * *
Yo‘l yurdi u xo‘b uzoq, ko‘rinmasdi zohiri,
Sirot ko‘prigi sari keldi ustoz oxiri.
Bilardi u, shu yerda azmu-ajr naqdligin,
Gunohkorning ko‘prikdan yiqilmog‘i naqdligin.
Balki, domla fanoda g‘ofilroq banda bo‘lgan,
Ehtimol dars chog‘lari namozi kanda bo‘lgan.
Orttirib berolmagan, zakot, fidya munosib,
YAshab o‘tdi bir umr haj-u, umra benasib.
Kimnidir koyigandir, ilmu urfon bobida,
Qancha gunoh borligin bilmasdi hisobida.
Qiyomatda — so‘roqda, bilmam qandoq so‘z olar,
Maktab ilmi deb ba’zan, qazo bo‘lgan ro‘zalar.
Og‘ir o‘yga cho‘mdi u, botdi g‘amning roshiga,
Nahotki yetolmasa qilko‘prikning boshiga?!
Oldinda esa o‘sha — ikki dunyo aro roh,
Qilichdan ham o‘tkirroq, qildan ham ingichkaroq.
Vahm solardi g‘oyat, tubsiz jarlik haybati,
Etib keldi nihoyat muallimning navbati.
Ko‘zlarin yumdi ustoz, fosiq xayol surmay deb,
Qilko‘prik ostidagi jahannamni ko‘rmay deb.
To‘zg‘igan xayollarin yig‘di bemajol, xasta,
Qo‘rquvdan chekib ozor, ko‘zlarin ochdi asta.
Bilmadi, qancha vaqtin, xayollarga yo‘rgabdi,
Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, sirot yo‘li tugabdi!
Jannatning ostonasi, ko‘ringani haqiqat,
Qilko‘prikda yo‘l yurdi, rosa qirq besh daqiqa.
Nahot yetdim behishtga, taqdirim qutlug‘ ekan,
Demak foniy dunyoda gunohlarim yo‘q ekan.
SHu chog‘ arshi-a’lodan, kimdir bir vahiy dedi,
— Ey muallim, aslida, gunohlaring ko‘p edi!
Qilko‘prikdan o‘tmoqqa, senga tole’ yor ekan,
Ta’limingni olgan ko‘p shogirdlaring bor ekan.
Sirot ko‘prigi uzra birga o‘tishdi, ular,
Har bir gunohing uchun yelka tutishdi, ular.
* * * * * * * * * *
Hayratdan qotdi ustoz, tole’i kulganiga,
Allohga ming hamd aytdi, muallim bo‘lganiga.
Qissadan hissa shulki, Haq karami keng ekan,
Muallimning har darsi, ibodatga teng ekan!
Hikoyadan xulosa. Rivoyat oxirida shunday xulosa chiqariladi: muallimning har bir darsi ibodatga teng. Shogirdlarga berilgan ilm ustozning o‘zi uchun ham katta yordam bo‘ladi.
Rivoyatda muallim Sirot ko‘prigidan qanday o‘tdi?
U ko‘zini yumib, gunohlari haqida o‘ylab yurdi. Keyin bilsaki, yo‘l tugagan: uni shogirdlari birga o‘tkazib, har bir gunohi uchun yelka tutgan.
Rivoyatdan qanday xulosa chiqariladi?
Qissadan hissa: Haq karami keng va muallimning har bir darsi ibodatga teng. Shuning uchun ustozlik kasbi eng sharafli kasblardan hisoblanadi.
Ustozlar haqida yana: O‘qituvchilar haqida ta’sirli hikoya, O‘qituvchi mahorati va “O‘qituvchilik kasb, ustozlik bu baxt!”. Boshqa rivoyatlar Ibratli hikoya va rivoyatlar bo‘limida.

Ustozlarimiz baxtimizga doim sog‘ bo‘lsinlar..
Bu rivoyatni kim yozgan iltimos bilganlar yozvoringlar
Reklamasi Bor ekan o’tib bolmayabdi
Qanaqa Kanal bu
Zor hikoya
Bu matn menga juda yoqdi 💖💖💖💖👍🏻👍🏻👍🏻👍🏻🫰🏻🫰🏻🫰🏻🫰🏻