Alisher Navoiy Samarqandda qaysi madrasada ta’lim olganini bilasizmi?

Alisher Navoiy Samarqandda qaysi madrasada ta’lim olganini bilasizmi

Samarqand shahridagi Vobkent ko‘chasida bir masjid-majmua joylashgan. Bu qadamjo X asrda yashagan buyuk olim, hidoyat imomi Faqih Abu Lays nomi bilan ataladi.

Bu hududda XIV-XV asrlarda alloma avlodidan bo‘lgan Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abu Laysiyning madrasasi, masjid va xonaqohi bo‘lgan.
— Madrasa buzilib ketib, bizgacha yetib kelmagan, — deydi masjid noib imomi Ahmad Hasanov. – Faqat masjidning poydevori va Fazlulloh Abu Laysiyning qabri saqlanib qolgan. XIX asrda masjid asl ko‘rinishida qayta qurilgan va keyingi yillarda majmuada ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Majmua markazida Fazlulloh Abu Laysiyning qabri ham saqlanib kelinmoqda.
— Hazrat Alisher Navoiy 1464-1469 yillarda, ya’ni umrining eng gullab-yashnagan yigitlik davrini Samarqandda o‘tkazgan, — deydi Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Razzoqov. – U bu yerdagi madrasada Fazlulloh Abu Laysiydan Islom shariati, ya’ni fiqh ilmi bo‘yicha ta’lim olgan. Navoiy “Majolis un-Nafois” asarida bu zotni ulug‘lab yozadi. Garchi bu asar ijodkorlar taskirasi bo‘lsa-da, olim Fazlulloh Abu Laysiy she’riyatga ham aloqador inson ekanligi va o‘zi ustoziga farzandlik darajasida turganligini alohida tilga oladi. Bu tahsil shoirning hayoti va ijodida, xususan, Islom shariatiga bag‘ishlangan “Siroj ul-muslimin” asarining yozilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Alisher Navoiy ta’lim olgan hududda joylashgan tarixiy majmuada buyuk mutafakkir tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab, xotira lavhasi o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
— Bu samarqandlik navoiyshunos olimlar va ijodkorlarni ko‘nglidagi gap bo‘ldi, — deydi A.Razzoqov. – Hazrat Navoiy Samarqandda bo‘lgan davrida aynan qaysi hududda yashab ijod etganligini shu paytgacha ko‘pchilik bilmas edi. Bu tashabbus uning xotirasiga bo‘lgan hurmat ifodasidir.
To‘lqin Siddiqov,
Husan Eltoyev.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: