O‘quvchilar maktabga «krassovka» kiyib kelgani uchun darsga kiritmaslik to‘g‘rimi?
Savol: Assalomu alaykum. O‘quvchilarni maktabga formada kelishi va tufli emas «krassovka» kiyganlarni maktabdan haydash to‘g‘risida qonun chiqqanmi?
Bugun bir o‘qituvchi shunaqa dedi formaga qattiq e’tibor berilyapti, formasiz kelgan o‘quvchilarga chora ko‘rilyapti. Hatto «krassovka» kiyganlarni ham maktabga kiritmaslik to‘g‘risida qonun bor deb aytdi. Shu to‘g‘rimi?
Savolga Xalq ta’limi info kanalida quyidagicha javob berildi:
O‘quvchilarning formasiga bo‘lgan talablar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan nizom hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023 yil 31 avgust kungi 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari» bilan tartibga solinadi.
Vazirlar Mahkamasining 666-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan majburiy maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladi.
«Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari»da ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi taqiqlanganligi aytilgan.
Albatta, o‘quvchilar odob-axloq qoidalarida nazarda tutilgan talablarni bajarishi shart. O‘quvchilarning ta’lim muassasasiga maktab formasida kelishlarini ta’minlash uchun esa ota-onalar mas’ul hisoblanadi.
Ammo ko‘rib turganingizdek, normativ hujjatlarda o‘quvchilarning «krassovka» kiyishlariga taqiq qo‘yilmagan. Shu sababli, ushbu vaziyatda o‘quvchini dars jarayonida ishtirok etishidan chetlatish mumkin emas.
Mavzuga doir:
Maktab formasi butunlay bekor qilindimi?
Taklif: Maktab formasi o‘quvchilarga erkin harakatlanishi uchun imkon berishi kerak…