O‘qituvchi o‘quvchiga qattiqqo‘llik bilan munosabatda bulishga haqqi yo‘qmi?

O‘qituvchi o‘quvchiga qattiqqo‘llik bilan munosabatda bulishga haqqi yo‘qmi?

Aksariyat foydalanuvchilar o‘qituvchilarning o‘quvchilarga qattiqqo‘llik bilan tarbiya berishlarini oqlamayapti, namanganlik Oqiljon Najmiddinov esa ularga qo‘shilmayapti. Quyida uning fikrlari bilan tanishishingiz mumkin. Xulosa – sizdan.

“Bizga ta’lim bergan o‘qituvchi, ustozlarimga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman. Allohim o‘tganlarini g‘ariqi rahmat, qolganlarini hamisha sihat-salomat qilsin.”

Voqealar

1) Dars boshlanishi arafasida bir sinfdoshimiz doskaga yozish uchun qo‘yilgan bo‘rni partalar ostiga otib yuboribdi. Dars boshlandi, o‘qituvchimiz doskaga mavzuni yozaman desa, bo‘r yo‘q. Hammamizni turg‘izib qo‘ydi, keyin qizlarni chiqarib yuborib, 20 ta o‘g‘il bolani birin-ketin savalay ketdi. O‘lib qolganimiz yo‘q. Hozirgacha kulishamiz.

2) Bir gal bir sinfdoshimiz, sigaretaning yaltiroq qog‘ozi ichiga tennis sharini o‘rab dars vaqtida yoqib yubordi, ana tomosha, ana “razbor”. “Zamdirektor”ning xonasida komsomoldan haydaymiz deyishdi, savalashdi. O‘lib qolganimiz yo‘q.

3) Uch-to‘rt kishi darsga kirmay, maktabimiz oldidagi bog‘da faoliyat ko‘rsatadigan bilyard xonaga ketib yubordik. Domlamiz borib, ushlab keldi. Tars-turs betga shapatilar tushdi, oyoqlarimizga tepkilar yedik.

4) Geografiya darsida kitob olib kelmabmiz, yana birinchi partada uch kishi o‘tirib olganmiz, domlamiz “uch kishiga bir ishtonmi?” deb tarsilatib shapoloq berdi, qo‘lini begiz qilib peshonamizga urardi.

5) Ona tili darsidan ustozimiz daftarning qizil hoshiyasiga borguncha avvaldan rejalashtirib yoz, iloji boricha bo‘g‘in ko‘chirma, xating tekis va o‘qishga oson bo‘lsin, derdi. Gapiga kirmaganlarni lineykani yonlatib qo‘lini partaga qo‘ydirib urardi. U vaqtda kompyuter ham yo‘q edi, vindovs ham yo‘q edi.

6) Bir sinfdoshimiz, yana bir sinfdosh qizimizni “sassiq” deb so‘kibdi. Ana “razbor”, rosa kaltak yedi.

Natija

1990 yilda Namangan shahridagi 7-o‘rta maktabning 11-b sinfini 30 ta o‘quvchi – 20 ta o‘g‘il bola, 10 nafar qiz bitirdik. Bitta sinfda 15 ta oltin medal oldik, 27 ta sinfdoshim, men bilan birga 28 kishi oliy ma’lumotlimiz. Feysbukda sinfdoshlarim bor, istalgan biri tasdiqlashi mumkin.

Xulosa

O‘qituvchi, ustoz ilm beradi, o‘rgatadi. Ilm berish yo‘lida istalgan vositalardan, usullardan foydalanishi mumkin, shu jumladan kuch ishlatish usulidan ham. Shaxsiy manfaati yo‘lida bo‘lsa, albatta kechirilmas holat bu, lekin, aynan ilm berish yo‘lida, tarbiya yo‘lida bo‘lsa, kerak bo‘lsa so‘kadi, kalaka qiladi, kerak bo‘lsa uradi. Maqsad bolaning tarbiyasi, shu yo‘l bilan bo‘lsa ham tarbiyalaydi. YAxshi gapni tushunmadimi, kerak bo‘lsa so‘kiladi, kerak bo‘lsa uriladi. O‘qituvchisidan, ustozidan so‘kish eshitmagan, kaltak yemagan bola bolami?

O‘qituvchidan qo‘rqib, hurmat qilib katta bo‘lganlar atrofga boqing, o‘qigan davrlaringizni esga oling. Endi hozirgi avlod bolalari bilan bir solishtirib ko‘ring.

Qanday holat, qanday manzara?

Bir o‘zimizga savol beraylik, bolalarimizni haddan ortiq erkalatib yubormayapmizmi?

Axir shu emasmi, o‘qituvchidan muloyimlik kutganimiz evaziga bir-birini kollejda pichoqlayotgan avlod yetishtirganimiz, 7-sinf bolasi 35 yoshli o‘qituvchini xo‘rlasa, ozgina mehnatdan, ozgina sabrdan qochib xotini tarafdan keladigan boylikka ko‘z tikib yashasa, ko‘z tiksa mayli, talab qilsa, 8-sinf qiz yalong‘och badanini rasmga olib ijtimoiy tarmoqqa joylasa, shu-ku tubanlikka qarab ketayotganimiz.

O‘qituvchisi tarbiya yo‘lida, ilm berish yo‘lida so‘ksa so‘ksin, ursa ursin. Biz undan tarbiyali avlodni, bilimli bolalarni kutaylik. Agar shunday bo‘lmasa, ana undan keyin o‘qituvchini so‘roqqa tutish kerak.

Bu bilan men yoppasiga urib tarbiyalash kerak tarafdori emasman, lekin o‘z vaqtida qattiqqo‘llik qilinmasa, bola taltayib, rasvo bo‘lishini nazarda tutyapman.

Agar shunday qilinmasa, ertaga bu avlod bizni, ota-onasini ham urishdan toymaydi.

Niyat

Shu o‘rinda, bolalarga g‘amxo‘rlikcha, qattiqqo‘llik bilan tarbiya berayotgan, shu bolam, shu shogirdim, shu o‘quvchim kelajakda “odam” bo‘lsin, deb bolalar tarbiyasida yonib yashayotgan o‘qituvchi, ustozlar, bog‘cha opalarga kuch-quvvat, sabr-qanoat tilayman.
Internetdan olindi.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ
Комментарии: 2
  1. Shermatova Zilola

    to‘g‘ri gap bilim berish uchun tarbiyalash uchun kerak bo‘lsa uriladi so‘kiladi

    1. Dilshodbek

      Endi óquvchini hammaning oldida urib sharmanda qilish kerakmi

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: