Mandat natijalariga qarab maktablardagi ta’lim sifatiga xolis baho berib bo‘lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil maktablarni tamomlab, testga kirgan bitiruvchilarning 36 foizi 56,7 balldan kam to‘plagani muhokama qilinib, bu orqali maktablardagi ta’lim sifatiga baho berishmoqda.
Shu yerda masalaga real qarashni biroz unutib qo‘ymoqdamiz. Chunki, hozir biz ko‘rib turgan natijalar maktablarning emas repetitorlarning natijasi bo‘lishi ham mumkin. Mumkin!
Ochig‘ini tan olib aytishimiz kerak hozir 10-11 sinf o‘quvchilarning juda ko‘pi deyarli maktablarda tahsil olmaydi. Bu qog‘ozlardagi quruq gap xolos. Ishonmasangiz o‘quv yili boshlangach, maktablarga borib ko‘ring.
Qani, 10-11 sinf o‘quvchilarini maktabdan topa olasizmi? Yo‘q, topolmaysiz. Ular yil bo‘yi maktabga kelmaydi. Bu vaqtda ularning ayrimlari repetitorda ayrimlari esa pul topish uchun ishlayotgan bo‘ladi.
Bu yil shahodatnoma uchun maktablarni tamomlagan 391 ming 568 nafar bitiruvchidan 359 ming 790 nafari oliygohga hujjat topshirgan. Ya’ni, 31 ming 778 nafar bitiruvchilar oliygohga hujjat topshirmagan.
Agar maktab ma’muriyatiga bosim o‘tkazilmay, bitiruvchilarni oliygohga hujjat topshirish uchun ommaviy tarzda «targ‘ib» qilinmasa, o‘qishga hujjat topshirmaydiganlar soni yanayam ko‘proqni tashkil qilishi tabiiy.
Oliy ta’limda o‘qish ixtiyoriy, lekin bizda «targ‘ibot» kuchli. Shu sababli bitiruvchilarning necha foizi o‘z ixtiyori bilan hujjat topshirgan-u, necha foizi majburligidan testga kirgan degan savolni ham o‘rtaga tashlashimiz kerak.
Hozir bizda maktablardagi ta’lim sifatini o‘lchaydigan boshqa alternativ variant yo‘qligidan hammamiz shu mandat natijalariga yopishib olib, uni muhokama qilib yotibmiz.
Aslida o‘quvchilarning bilim darajasini xolis o‘lchaydigan tarozimiz yo‘q bizni. Hamma shu oliy ta’lim natijalariga qarab qolgan. Boshqacha ko‘rinishda o‘quvchilarni bilimini baholashni hali ham yo‘lga qo‘yolganimiz yo‘q.
Bir paytlar vazirlik ta’lim sifati monitoringi tizimini yo‘lga qo‘ya boshlagandi. Bilmadim, bu masala ham tagiga oldi shekilli, buning tafsilotlari haqida keyin eshitmadik.
Nima maktabda faqat 11 sinflar o‘qiydimi? Qolgan 6 million o‘quvchining bilimini baholamay turib, faqat shu 11 sinflarni bilim darajasini muhokama qilishimiz g‘alati emasmi?
Shuning uchun avval maqsadni to‘g‘ri qo‘yaylik. Bizga mehnat bozoridagi talablarga mos tushadigan kadrlar kerakmi yoki oliy ma’lumotli diplomga ega bo‘lgan, lekin ish topolmay yurgan minglab yoshlarmi?
Bizga maktablardagi ta’lim sifatini o‘lchaydigan mexanizm ham kerak. Oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi hech nimani hal etmaydi. Buni tushunishimiz kerak. Menimcha…
Manba: Xalq ta’limi info
Mavzuga doir:
Maktablarda ta’lim sifati monitoringini o‘tkazishdan maqsad nima va u maktablarga nima beradi?
Ta’lim sifati, pedagog mas’uliyati haqida maqola
Ta’lim sifati monitoringi nima va u qaysi normativ hujjat bilan tartibga solinadi?