Ko’ngilga sayr (ilk she’riy to’plamim)

Ushbu ilk she’riy to’plamim 2008-yilda “Movaraunnaxr” nashriyotida chop etilgan edi. Mazkur kitobdan joy olgan she’rlarni shu yerda o’qish mumkin.

Kitobni nashr qildirishda sevimli bolalar yozuvchisi Davron Rajabning xizmatlari katta bo’lgan. Fursatdan foydalanib u kishiga o’z minnatdorchiligimni bildiraman.
She’rni o’qish uchun istalgan she’r sarlavhasiga bosing. Shu nomga qayta bosilganda misralar yana yashirin holatga qaytadi.

Ko’ngilga sayr

Ota-ona

Agar mendan so’rsalar,
Dunyoda suyganing kim?
Ikkilanmay aytaman,
Otam onam suyganim.
Nima uchun tanlading,
Shu zotlarni desalar,
Derdim, bundan ortiq baxt,
Bormi sevib suysalar?
Ulardan duo olsak,
Baxt topgaymiz shohona.
Dunyoda aziz inson –
G’amho’r ota va ona.
Qalbi beg’ubor sokin,
So’zlarida ma’no bor,
Mehrga zor chog’larda,
Mehrin aylaydi tumor.
Shular sabab tanladim,
Ota ona fidokor.
Yana qayta so’rsangiz,
Mehrimga shu sazovor.
Ey qadrdon do’stlarim,
So’zim tinglab boqingiz.
Ota ona pandini,
Ma’nosini chaqingiz.
Bu zotlar shod sevinsa.
Ko’ngillar doim to’qdir.
Ularni rozi qilsak,
G’am anduh aslo yo’qdir.
Otangizni shod eting,
Onangizni qadrlang,
O’z vaqtida suymasdan,
So’ng eslab demang attang.

Malham bo’l hayot

Hasratga boy dunyo, hikmatga boysan.
Zaxmatga boy dunyo, shafqatga boysan.
Armonga boysanu, ham baxtga boysan,
Endi o’zim uchun so’ramam imdod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Telba bo’lsam mayli, go’l bo’lsam mayli,
Sinoving o’tida kul bo’lsam mayli.
Qarshingda tiz cho’kib, qul bo’lsam mayli,
Qancha azob bo’lsa menga ber bot-bot,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Chidayman yog’dirsang, qayg’ularingga.
Hech shodlik ulashma, tuyg’ularimga.
Faqat urishsin yog’dularingga,
Faqat uning qalbi bo’lsin xurram shod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

To’g’risi, ishqimga javob kutmayman.
Dil tashna mehrga, tavob kutmayman.
O’zimning baxtimga xitob kutmayman,
Men shuni kutgayman, dilda etib yod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Yurak qafas ichraqotganda chiday
Ko’nglim g’am bag’riga botganda chiday,,
Dilga dard toshini otganda chiday,
Chiday barcha orzum bo’lsa ham barbod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Mayli, mag’rur ko’ksim egay ham bo’lsin.
G’ururim ostingda xo’p mulzam bo’lsin.
Shod kunim bo’lmasin, bori kam bo’lsin,
Nam tortib ko’zlarim so’raydi najot,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Roziman sarobga o’tsa tilagim
Roziman quvvatsiz qolsa bilagim,,
Roziman hech kimga yo’qsa keragim,
Roziydim, yo’limga yog’ilsa isnod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Ey hayot, izmingga egarman boshim.
Qancha azob bo’lsa, yetar bardoshim.
Tilagim sevinsin aziz dildoshim,
Quvonsin, qayg’usi bo’lsin unga yod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Boshimga balolar to’ksangda mayli,
Mardona ko’ksimni buksangda mayli,
Tubsiz g’am mavjiga cho’ksamda mayli,
Mayli, qalbim to’ri bo’lmasin obod,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Umr vafo ko’rsat, shu gulim uchun,
Ko’zim nuri bo’lgan, sevgilim uchun,
Bu uchun tap tortmam chin o’lim uchun,
Agar jon kerakdir to’shay shu zaxot,
Sevgilim dardiga malham bo’l hayot.

Hikmatlar aro

Hayot abadiydir, mangudir ishon,
O’zingdan qoldirgin, yaxshi ot nishon.
Ey do’stim qayg’urma, boshing ko’targil,
El yurting mustaqil shudir shraf shon.

Xasta bo’lsang, olloh berar davosin,
Bevafodan kutma uning vafosin.
Ey mening tengdoshim, senga maslahat –
Ota-onang borida olgin duosin.

Dilingda gullasin, hamisha havas,
Xasadgo’y kimsalar bo’lgaylar nokas.
Xalqimizda yurar, ajib bir hikmat,
Qarilar bilganni – parilar bilmas.

Otang so’zlarini bir pand deb bilgin,
Onang so’zlarini hikmat deb bilgin.
Har ikkisiga ham komil farzand bo’l,
Ularning poyini jannat deb bilgin.

Rayhonim

Hasratim bepoyon, tingla ey gulim,
Meni sendan o’zga tushunadi kim?
Sen meni tinglasang, yorishar dilim,
Faqat sen borsanki, tonar armonim,
Iforing dardimga ovunch rayhonim.

Tikildim, to’ymasdan suratlaringga,
Og’rindim, yetolmay suhbatlaringga.
Seni oshno etdim hasratlarimga,
Zero, his etgaysan ma’yus ahvolim,
Iforing dardimga ovunch rayhonim.

Aytchi, sen ham mendek hokisormisan,
Mehr muruvvatga intizormisan,
Yoki baxtlimisan, baxtiyormisan?
Armonga ko’milsam unsiz giryonim,
Iforing dardimga ovunch rayhonim.

Baxtim, orzularim sarob bo’lganda,
Qalbim saroblardan xunob bo’lganda,
Dil to’yib hayotim xarob bo’lganda,
Senga suyangayman, mehrga konim,
Iforing dardimga ovunch rayhonim

Yurakda sanchiqlar ortganida ham,
Qalbim ming azobga botganida ham,
Yer meni domiga tortganida ham,
Dilda takrorlanar, ushbu paymonim,
Iforing dardimga ovunch rayhonim.

Sog’indim

Mendan olisdasan, mehring qumsayman,
Ta’rifi bebaho sehring qumsayman.
Hazilkash, diltortar so’zing qumsayman,
Seni ko’p sog’indim qaylardasan yor?

Ko’zlarim yo’lingda, kutdim entikib,
Sabr zardobini yutdim entikib.
Diydor sog’inchini bitdim entikib,
Seni ko’p sog’indim qaylardasan yor?

Hafa qilgan bo’lsam kechir, iltimos,
Senga muhabbatim ishon beqiyos,
Meni hijroningdan aylagin halos,
Seni ko’p sog’indim qaylardasan yor?

Nola

Nigohingda chaqnaydi olov,
Olib qo’yding, aqlu xushimni.
Zor aylatib nozlanding lov-lov,
Iltijo deb egdim boshimni.
Mehrim tushdi, faqat o’zingga,
Asta olding sevgim tumorin.
Sehr-jodu balqar ko’zingda,
E’zoz etdim, lutfu chiroying.
Nega meni sevmading gulim,
Ilk sevgimga qilmading vafo?
Sevaman! – deb hayqirdi tilim,
Eh, sevgimga bermading sado.
Visolingni o’ylab tunu kun,
Arosatda qoldimku netay?
Muhabbatim izxor sen uchun,
Azizam deb qo’lingdan tutay,
Nola she’rim bir senga atay.

Ko’nglim qatlarida (marhum kursdoshim Faxriyor Azimov xotirasiga)

Yuragim chetida o’smoqda kemtik,
She’rlarim yig’laydi, hislarim kabi,
Qaddim qad ko’targan, lekin qalb bukik,
Do’stim, og’ir ekan hayot maktabi.

Zor yig’latib bizni tashlab ketding sen,
Suhandon mehringga to’ymadik sira.
Umr daftarini erta bitding sen,
Biroq sendan qoldi, shirin xotira.

Seni eslab qalbim bo’lar ming halak,
Do’st edik, hamnafas yurgandik doim.
Orzular qayrildi, qoldi bir tilak,
Jannatiga olsin seni xudoyim.

Taqdirning zarbidan og’rindi ko’ngil,
Boyaqish dillarda nish ortdi armon.
Shum qismat g’olibdir, lekin do’stim bil,
Kursdosh o’rtoqlaring eslaydi har on.

Madhingga she’r yozay, ruhing shod bo’lsin,
Quvonsin, har nafas shu menga shior.
Hamisha qabring gul, nurlarga to’lsin,
Sen tirik yashaysan dilda Faxriyor!

Izxor

Malikam ishqingda gadoying bo’ldim,
Ushbu chin izxorim senga dilimdan.
Asta bir tikilding, adoying bo’ldim,
Zuxroyim, joy berdim senga ko’nglimdan.

Zafaron gulidek ko’zing ma’yusdir.
Asli gap chiroyda emas, bilaman.
Muhabbat yurakka jo bo’lgan hisdir,
Mehring his etmasam guldek so’laman.

E’tibor bermagin, o’ylama meni,
Negaki o’zim bir yomon bolaman.
Gar shunday o’ylasang eslab qo’y shuni,
Aytay eshit bir umr seni sevaman!

Doimo men seni izlardim jonim,
O’n yetti yoshimda seni uchratdim.
Sening bir so’zingga qolmas armonim,
Tavoze’ qilmadim, barisin aytdim.

Balki, bu tuyg’ular sarobdir bari.
Sen shunday o’ylasang xato qilarsan.
Laylimsan, gavharim , qalbim sarvari,
So’zlarim chin dildan buni bilarsan.

Iltimos, xor etma meni tushungin,
Qalbimni shod etib meni do’st tutgin.

O’zbekistonim!

Chaman-chaman gulzor, bog’u bo’stonsan,
Shavkati manguga qolgan dostonsan,
Tafakkur yolqini, bir gulistonsan,
Elimning tog’ ko’ksi – O’zbekistonim!

Bir diyorsan nurli, sehrli diyor,
Bag’ringda yashnaydi har kim baxtiyor,
Aqli raso, dono yurtboshing sardor,
Elimning tog’ ko’ksi – O’zbekistonim!

Musaffo tabiat, moviy osmoning,
Gulu chechaklarga to’ldi har yoning,
Deya ol qolmadi endi armonim,
Elimning tog’ ko’ksi – O’zbekistonim!

Bir narsaga bo’ldim, yanada iqror,
Ajdodlar ruhlari bizzga madadkor.
Aytganman, aytaman, baralla takror,
Elimning tog’ ko’ksi – O’zbekistonim!

Tazarru

Murakkab zaminning ayon korlari,
Muhabbat zikrga etilmish ukm.
Kitobda majnunning dil muhtorlari,
Oshiqlik ne savdo xotirlaydi kim?

Tazarru muqaddam boqiy muhabbat,
Munosib bo’lmadik siyratlaringga.
Ko’klarga ko’tarib xushladik faqat,
Tasadduq turmadik fitratlaringga.

Sarobga aylanib

Holsizman, mador yo’q, yurakkinamda,
Bahoriy muhabbat ertakkinamda.
U mangu yashardi, tilakkinamda,
Faqat yodi qoldi, qoldi shuuri,
Sarobga aylanib sevgi sururi.

Muhabbat sehridan oshufta xayol,
U maxzun chog’imda so’rarmikan hol,
Zimiston ko’nglimga boqarmi hilol?
Javobsiz savollar bormi huzuri,
Sarobga aylanib sevgi sururi.

Cho’chima charosim, sen rostingni ayt,
Meni sevmasliging men uchun qismat,
Kerakmas, soxta so’z, rahm va shafqat,
Boyaqish ko’nglimning mudroq g’ururi,
Sarobga aylanib sevgi sururi.

Muhabbat bobida adashdimmi yo,
Horg’in hislarimni ulashdimmi yo,
Ikki dunyo aro tutashdimmi yo?
Qurib bormoqda bir insonning sho’ri,
Sarobga aylanib sevgi sururi.

Demakki, sevasan!

Yuzingni silasa yuzlanib kaftim,
Qaynoq haroratin his qildingmi yor?
Sezdimki, titrog’ing oshirdi taftim,
Demakki, sevasan, bo’lib baxtiyor.

Shodlanib sizni ko’p sog’indim deding,
Kelib yuragingni aylasam bahor.
Siz yiroq kunlardan og’rindim deding,
Demakki, sevasan, bo’lib baxtiyor.

Ne qadar elanding o’kinch bo’ynida,
Iymanib sevgingni etolmay izxor.
Tunlari xayoling yulduz qo’ynida,
Demakki, sevasan, bo’lib baxtiyor.

Onajon

Yuzingizdan yog’iladi nur,
Sizni tashlab ketmasin g’urur,
Yuzga kirib ham bo’ling mag’rur,
Jannatimsiz, aziz onajon!

Bolam deysiz, tinim bilmaysiz,
Bir zumgina orom olmaysiz,
Kasal bo’lsak, horib-tolmaysiz,
Jannatimsiz, aziz onajon!

Ko’zlarimga nur baxsh etgansiz,
So’zlarimda bir naqsh etgansiz,
Mehringizni otash etgansiz,
Jannatimsiz, aziz onajon!

Tinglagaysiz, har so’z, har ohim.
Kechiring gar bo’lsa gunohim.
Uzoq umr ko’ring, ilohim,
Jannatimsiz aziz, onajon!

Men ollohdan so’rayman har on,
Ko’nglingizda qolmasin armon,
Baxtimizga bo’ling sog’-omon,
Jannatimsiz, aziz onajon!

Vafosizim

Seni ko’rgan ko’zlarimda ko’zim qoldi,
Yuragimning har chetida izing qoldi,
Aytolmadim, xazon etma so’zim qoldi,
Meni nega tashlab ketding, vafosizim?

Nigohlaring asir etib tortardi rost,
Maftun edim, shirin azob o’rtardi rost,
Yurak ammo sensizlikdan qo’rqardi rost,
Nega meni tashlab ketding, vafosizim?

Shaydoman

Sayrab dilni zabt etgan,
Ul bulbulga shaydoman.
Hidi olamni tutgan,
Atirgulga shaydoman.

Adolatdir shiori,
Haq odilga shaydoman.
Ma’rifat uning ori,
Men fozilga shaydoman.

Ona qadri qonida,
Qotgan dilga shaydoman.
Buzrukvori yodida,
Shu ko’ngilga shaydoman.

Samimiylik kaliti,
Shirin tilga shaydoman.
Ezgulikning sifati.
Sahiy qo’lga shaydoman.

Birlikka bel bog’lagan,
YUrtga, elga shaydoman.
Yuksalishga chorlagan,
Oydin yo’lga shaydoman.

Doim ko’mak qilinar,
Do’st ahilga shaydoman.
Og’ir kunda bilinar,
Do’st aslga shaydoman.

Kursdosh o’rtoqlar

Ilm deb chog’landim, uydan olisga,
Hayot mshaqqati soldi ming tusga.
shu paytda yuzlandim, tayandim sizga,
Suyanchiq bo’ldingiz, tondi firoqlar,
Barchangizga rahmat, kursdosh o’rtoqlar!

Birodarning mehri bo’lak bo’larkan,
Kuchliman desa kim ertak bo’larkan,
Har onda do’stu yor kerak bo’larkan,
Birlikka qo’l bergan ahli inoqlar,
Barchangizga rahmat, kursdosh o’rtoqlar!

O’qish ishlarimda hamdam, hamkorsiz,
Madad izlaganda labbay deb borsiz,
Yashab bo’lmas sizdan hech minnatdorsiz,
Qorong’u kunimda go’yo chiroqlar,
Barchangizga rahmat, kursdosh o’rtoqlar!

Mehr bo’stonida mehribonimsiz,
Ezgu fazilatga bisyor, konimsiz.
Qalb so’zim, umrlik qadrdonimsiz,
Yurak sevinarkan ko’rsa ardoqlar,
Barchangizga rahmat, kursdosh o’rtoqlar!

Sizda iliqqina saodat ko’rdim,
Samimiyat ko’rdim, sadoqat ko’rdim,
Ilm ma’rifatga shijoat ko’rdim,
Hayotga uyg’ondi zo’r iishtiyoqlar,
Barchangizga rahmat, kursdosh o’rtoqlar!

Ne orzu etsangiz, orzuyon bo’ling,
Tole’ga erishing, shodumon bo’ling,
Ollohdan so’rayman sog’-omon bo’ling,
Dil rozim madhiga ojiz mayoqlar,
Barchangizga rahmat, kursdosh o’rtoqlar!

Ishqiy baxt

Salom senga sevgi timsoli,
Yana seni o’yladim, bir bor.
Gulga qungan shabnam misoli,
Xayolingga kirmoqchiman yor.

Shodlik sari chorlay, bir nafas,
Qayg’uingga bo’layin qalqon.
Baxt sharobi qilsin bizni mast,
Sevgi dilda urolsin tug’yon!

Dillarimiz shodlikka to’lib,
Ko’zlar-ko’zga yarashsin jonim.
Ahli inson zavqimiz ko’rib,
Buyuk baxt deb atashsin jonim.

Kel, armonni zumdan unutib,
Muhabbatni hayot etaylik.
So’ngra uning qo’lidan tutib,
Baxt neligin naq ko’rsataylik.

Muborak bo’lsin

Ey orzusi hur, beg’ubor qiz,
Chehralari zumrad bahor qiz,
Ko’ngli bilan shod, baxtiyor qiz,
Mendan sizga shu tilak bo’lsin,
To’ylaringiz muborak bo’lsin.

Nega armon bizdan ketmaydi,
Yo’q, yig’lamang! – Sabrim yetmaydi,
Endi chinor bizni kutmaydi,
Mendan sizga shu tilak bo’lsin,
To’ylaringiz muborak bo’lsin.

Eh samimiy, go’zal tuyg’ular,
Qiyomatga qoldi orzular,
Baxt yo’llasin sizga yog’dular,
Mendan sizga shu tilak bo’lsin,
To’ylaringiz muborak bo’lsin.

Ko’ngil eshiklari

Tashvish chang solmoqda, g’am qo’rqitmoqda,
Go’yoki qayg’ular quvib yetmoqda.
Borlig’im bir sizga umid etmoqda,
Ko’ngil eshiklari dardga yopiling.

Yurakda g’ulg’ula, dilda g’alayon,
Xuda behudalar bersaydi omon.
Sizdadir men uchun bahosiz imkon,
Ko’ngil eshiklari dardga yopiling.

Armon silkitadi qarashlarimni,
Fig’on pisand qilmas kurashlarimni,
Tushuning, bajaring so’rashlarimni,
Ko’ngil eshiklari dardga yopiling.

Dildan sevinganim hech eslolmayman,
Haqiqiy baxt nima? – Tushunolmayman.
Alam sanchig’iga yo’q chidolmayman,
Ko’ngil eshiklari dardga yopiling.

Berkiling, daf bo’lsin ezayotgan xas,
Dardi begonaga qilibman havas,
Ko’kragim to’ldirib olayin nafas,
Ko’ngil eshiklari dardga yopiling.

Baxonamiz bor

Ko’ring, halollikka yetmoqda putur,
Yo’qolib bormoqda, dildagi shukr.
Nimaga bu holat o’ylatsin axir? –
“Zamon” – deb atalgan bahonamiz bor.

Inson bir biriga bo’lmadi soya,
Hamma o’zbilarman o’zicha qoya,
Yuztuban ketamiz o’zgardi deya,
“Zamon” – deb atalgan bahonamiz bor.

Ahillik qaerda, so’zdami yoki,
Sevgini o’yinchoq qildik hattoki,
Bu kunga nadomat qilmadik toki –
“Zamon” – deb atalgan bahonamiz bor.

Iymon sotilmoqda, vijdonku tayin,
Mehr sovimoqda, sovigan sayin.
Bariga qo’l siltab pinak buzmayin,
“Zamon” – deb atalgan bahonamiz bor.

Yurak aylanmoqda, bir bo’lak muzga,
G’aflat ko’rinmoqda, bu hayot ko’zga.
Tag’in ilingaymiz, urf bo’lgan so’zga,
“Zamon” – deb atalgan bahonamiz bor.

U azal shundaydir o’zgarmas lekin,
Bariga sababchi o’zimizmikin?
Gar shundoq bo’lsa ham shivirlab sekin, –
“Zamon” – deb atalgan bahonamiz bor.

Qachon?

G’o’r yoshligim o’tib ketmoqda,
Nechuk hislar menga yetmoqda?
Ilkis yurak hasrat etmoqda,
Bir nigohing tushar men tomon,
Qachon?

She’r bituvdim taratib madhing,
O’qimoqqa bormikin, vaqting?
Oy yuzlandi, bor erur baxting,
Oy tushundi, sen tushungan on,
Qachon?

Ko’rolmaysan holimni nega,
So’rolmaysan holimni nega,
Bilolmaysan holimni nega,
Qara, bas dil topadi darmon,
Qachon?

Mayli, menda qayg’u mo’l bo’lsin,
Dardim havzi go’yo ko’l bo’lsin,
Ishqim borsa qaytmas yo’l bo’lsin,
Xotirangda yashayman bir yon,
Qachon?

Isming dilga yozdim ardoqlab,
Sarson vujud ozdim ardoqlab,
Bori imkon suzdim ardoqlab,
Ayt dilozor bo’ldimmi yomon,
Qachon?

Go’yo uchrab o’n uch soniga,
To’lgandekman hadik koniga,
Hamon zorman, hayot oniga,
Unutsaydim, qolmasdi armon,
Qachon?

Xayolingda silkitdim qalam,
U tinch qo’ymay qiladi alam,
Etmas emish senga oh nolam,
Bo’ldi yurak ishqingda nodon,
Qachon?

Qayerdasan baxt?

Azal insonlarning izlagani sen,
Donoyu notavon ko’zlagani sen,
Kimsalar ko’pirib so’zlagani sen
Ayt o’zi bormisan, qayerdasan baxt?

Kemtik yuraklarning armonimisan,
Halovat uyining sultonimisan,
Hayotning yo bizga yolg’onimisan,
Ayt o’zi bormisan, qayerdasan baxt?

Seni boylik desam sog’likman deysan,
Seni sog’lik desam shodlikman deysan,
Shodlik deb atasam totlikman deysan,
Ayt o’zi bormisan, qayerdasan baxt?

Seni paymonaga orzu dedilar,
Yot bo’lsang, yor bo’lar qayg’u dedilar,
Eshitdim, tinchlikka yog’du dedilar,
Ayt o’zi bormisan, qayerdasan baxt?

Jannatdek ulug’vor qadriyatmisan,
Duoda barqaror sof niyatmisan,
YO inson yaratgan hikoyatmisan,
Ayt o’zi bormisan, qayerdasan baxt?

Sarob

Sabrning kosasi to’lgan bir mahal,
Qayg’ular yurakni tilgan bir mahal,
Baxt armon ustidan kulgan bir mahal,
Yig’loqi osmonlar go’yoki xarob,
Bir inson hayoti ma’nosi sarob.

Orzusi ko’p edi, baxtiyor edi.
Kelajak umidi barqaror edi,
Har ishda hamdamu ham tayyor edi,
Armonlar buluti yog’ildi shu tob,
Bir inson hayoti ma’nosi sarob.

Taqdirning falagi orqa aylandi
Zaxmatu azoblar unga boylandi,
Tilaklar o’rniga dardlarjoylandi,
U kimga dardini aylasin xitob,
Bir inson hayoti ma’nosi sarob.

Hech kimsa tushunmas, ne uchun holin,
Ayovsiz, zabunli, ma’yus ahvolin,
Bu taqdir shunchalar bo’lgaymi zolim?
Dil ohi bo’lgaydir misoli kitob,
Bir inson hayoti ma’nosi sarob.

U uchun vafoli muhabbat qayda,
Bir muddat bo’lsada saodat qayda,
Qismati shu bo’lsa haqiqat qayda?
Ko’nglini yoritmas, tushsada oftob,
Bir inson hayoti ma’nosi sarob.

Ollohni sog’inib nafas olmoqda,
Yosh umrin xazondek o’tab qolmoqda,
Zaxmatu sitamdan afsus tolmoqda,
Yer qa’ri chorlaydi yasab bir girdob,
Bir inson hayoti ma’nosi sarob.

She’rimdan o’zga

Bu dunyo zimiston ekan men uchun,
O’ylayman, azoblar ayamas nechun?
Arzim bor, ey hayot meni ham tushun,
She’r yozdim, yuragim aylanmay muzga,
Meni kim tushungay she’rimdan o’zga?

Gunohim ko’pmi yo hayot siqdiku,
Ishongan chin do’stim meni yiqdiku,
Beg’ubor niyatlar sarob chiqdiku
SHodlik g’amga o’tdi, bahorim kuzga,
Meni kim tushungay she’rimdan o’zga?

Hasratning taftidan ezildi yurak,
Alam olovida qovrildi tilak,
Zulmat ostida bir jonim ming halak,
Ziyoga tashnaman, zorman kunduzga,
Meni kim tushungay she’rimdan o’zga?

Kim noshud biladi, xudbin bilar kim,
G’arib deb ustimdan to’yib kular kim,
Aytingchi, bir bora omad tilar kim?
Umid uchqunlari ko’rinmas ko’zga,
Meni kim tushungay she’rimdan o’zga?

G’amnok o’ylarimni ichimga yutdim,
Kimlarga yupinib, shirin so’z kutdim.
Qo’lga qalam olib borin unutdim,
Qaniydi, aylanib qolsam yulduzga,
Meni kim tushungay she’rimdan o’zga.

She’rim, dilkashimsan, ovunchim o’zing,
Siqilgan chog’imda yupanchim o’zing,
Dardimga oshnoim, sevinchim o’zing,
Tilimni rostlasam oxirgi so’zga,
Meni kim tushungay she’rimdan o’zga?

Seni qutqargusi

Qayg’ularga cho’mib, qalbing g’ashlama,
Armonli yo’llarga diling boshlama.
Ko’nglingga quloq sol, ko’zing yoshlama,
Qayg’uga tik qara, chekmagil zaxmat,
Seni qutqargusi asl muhabbat.

Holbuki, kimgadir yoqsa yoqmasa,
Hattoki, omad ham kulib boqmasa,
Dardlaring anhorda suvdek oqmasa,
Armonli kunlar deb chekma aziyat,
Seni qutqargusi asl muhabbat.

Doimo mag’rur bo’l, parishon bo’lma,
G’ururing ustun qo’y, bir nishon bo’lma,
Yosh qalbing avayla, hech sarson bo’lma,
Men senga tilayman sabr matonat,
Seni qutqargusi asl muhabbat.

To’g’ri, har yo’lingda xasadgo’ylar bor,
Nazarga ilmaydi, pisandgo’ylar bor.
Ammoki, baxt haqda shirin o’ylar bor,
Deyishar dunyoda bordir adolat,
Seni qutqargusi asl muhabbat.

Ollohdan najot bor, cho’kmasin ruhing,
Eshitgay, albatta alamli ohing,
Ishongil, kechguvchi o’zi gunohing,
Dardlaring unutib etgil ibodat,
Seni qutqargusi asl muhabbat.

Charog’on kunlarni kutgil har nafas,
Dunyo faqat qayg’u g’amdan hosilmas,
Aytganim bo’lolsa, senga hamnafas,
Yuraklar bo’lg’usi ishqdan iborat,
Seni qutqargusi asl muhabbat.

Turnalar

Turnalar o turnalar,
Qayonlarga uchasiz?
Qanotingiz turlanar,
Qayo’lkalar quchasiz.

Ko’rasiz ne yurtlarni,
Chamanlarni bog’larni.
Izlab iliq nurlarni,
Oshasiz tik tog’larni.

Baxtlimisiz osmonda?
Yer qa’ridan omonda.
Ammo oltin zamonda,
Ketganingiz yomonda.

Libosingiz buncha oq?
Oppoq orzu singari.
Armon sizgami yiroq,
Ko’kdami zavqning bari?

Meni mosivo etgan,
Omad sizga hamrohmi?
Yoki she’rda ko’pchitgan,
Shoir sizga panohmi?

Sizga ilhaq berib zeb,
Tunda ham termulaman.
Oy ham sizga shaydo deb,
O’ylab masrur kulaman.

Madh etay urib javlon,
Xayoliy baxtga tojman.
Nazar tashlang men tomon,
Mehringizga muhtojman.

Yo’q, ko’p narsa so’rmayman,
Sizni tinglaydi yurak.
Olib keting demayman,
Aytib bering bir ertak.

Mehrimni qaytaring

Dilda to’lqinlandi, alamzada she’r.
Osmon olis ekan, qattiq ekan yer.
Saroblik qaritgan ko’nglim sizga der –
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

So’zim tinglamoqqa urining bir bor,
Shundoq ham holsizman, tushuning bir bor,
Yurak nolasiga siz ko’ning bir bor,
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

Rost ekan, bu dunyo yaralgan bir kam,
Javobsiz ishqimdan ko’zlarimda nam,
Ko’nglimni ko’taring sevmasangiz ham,
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

Yorqin hislarimni chaldi muhabbat,
Yurakka mingta dard soldi muhabbat,
Solmadi, o’ziga oldi mkhabbat,
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

But ko’nglim mehrsiz toqlanib qoldi,
Borlig’im boricha bog’lanib qoldi,
Masrur dil g’amzada dog’lanib qoldi,
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

Bag’ritosh ekansiz, buncha dilozor,
Bir sizga bo’lgandim zoru intizor,
E voh tushlarimni o’g’irlagan yor,
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

Sevgimni qog’ozga bitib o’rayman,
Ko’nglimni soya bor joyga burayman,
Dil berdim, ming bora uzr so’rayman,
Iltimos, mehrimni bering qaytarib.

Shunga shunchami?

Dunyoning, taqdirning qiynasa kori,
Qaynoq vujudimdan tonsa madori,
Men nima kutsamu bo’lsa inkori,
O’zimcha yo’q bo’lsa dardim malhami,
Aka deysiz ukam shunga shunchami?

Hayot ko’zlarimga solmasa ziyo,
Aqalli bitta nur boqmasa qiyo,
Onam ming zorlanib qilganda duo,
Sezilsa o’ynoqlab ko’zimning nami,
Aka deysiz ukam shunga shunchami?

Bu borliq ko’rinsa qorong’u bo’lib,
Hasratlar jonlansa ko’ksimda to’lib,
Ba’zida baridan toliqsam nolib,
O’ylasam dunyoning shudir bir kami,
Aka deysiz ukam shunga shunchami?

Buncha mehribonsiz, buncha bag’ri keng,
Bunchalar dildoshsiz, buncha mehri keng,
Aytgan so’zlaringizning mazmun sehri keng,
Men sizni atasam yo’lim hamdami,
Aka deysiz ukam shunga shunchami?

Aytasiz, hayotning o’nbeshi qora,
O’kinma, qolgani ziyodir qara,
Sabr et, qadding tut, ollohdan so’ra,
Tushkunlik dunyoning o’tkinchi dami
Aka deysiz ukam shunga shunchami?

Onamdan va sizdan ko’rdim ko’p ardoq,
Bu nechuk e’zozki armon ham yiroq,
Pandingiz sababmi tirik ishtiyoq,
Desam ham sizni qalb ko’zgusi shami,
Aka deysiz ukam shunga shunchami?

Sirdosh bo’lamiz

Ko’rmoqdasan inson zotini,
Ba’zan shodon, ba’zan dodini.
Hayot atab uning otini,
Kelgin hilol sirdosh bo’lamiz.

Tarixdami ul pahlavonlar,
Jasoratkor qizu o’g’lonlar,
O’tgan kunga qilib armonlar,
Kelgin hilol sirdosh bo’lamiz.

Bu kunlarga hayrat qilaylik,
Ezgulikni siyrat qilaylik,
Ahillikka g’ayrat qilaylik,
Kelgin hilol sirdosh bo’lamiz.

Inson borki, orzular parvoz,
Intiladi mayli qishin yoz,
Har kim baxtga yetsa edi soz,
Kelgin hilol sirdosh bo’lamiz.

Dardlashamiz bari haqida,
Suv labida, chinor tagida,
Takrorlayman, ko’ngil gapida –
Kelgin hilol sirdosh bo’lamiz.

Xayr maktab

Dil taassuf qilmoqda hozir,
Nechuk hislar bo’lmoqda sodir,
Buncha ekan ayrilmoq og’ir,
Xayr maktab, jonajon maktab.

Saf tortishar sinfdoshlarim,
Mehri o’rg’on, g’am dildoshlarim,
Berkitolmay achchiq yoshlarim,
Xayr maktab, jonajon maktab.

Ko’p qiynadim, kechiring ustoz,
Qadringizga yetolmadim soz,
Afsus bilan qilaman parvoz,
Xayr maktab, jonajon maktab.

Shodlanaman bu kundan biroq,
Ayriliqdan qalbimda titroq,
Chalinadi so’ngi qo’ng’iroq
, Xayr maktab jonajon maktab.

Ehtirosim tirnaydi ohim,
Quchog’ingda ulg’aydi mohim,
Unutmayman ulug’ dargohim,
Xayr maktab, jonajon maktab.

Ko’ngil sening

Dunyolarga qilib ming g’avg’o,
Boshlarimda o’tdi ne savdo,
Barisiga chidadim, ammo,
Ko’ngil sening holing so’rmadim.

Dilda isyon zorligim deya,
G’ururimga yorligim deya,
Axir sensan, borligim deya,
Ko’ngil sening holing so’rmadim.

Bahor kutdim, qahratonlardan,
Sabr shior har yomonlardan,
Afsus qilib o’tgan onlardan,
Ko’ngil sening holing so’rmadim.

Saharlardan yog’du tilab oh,
Gohi shamol sochin silab oh,
Bundoq senga darddosh bo’lib oh,
Ko’ngil sening holing so’rmadim.

Tuyuladi go’yoki shunday,
Inson borki berahm menday,
Deya bir bor ahvoling qanday?
Ko’ngil sening holing so’rmadim.

Hayot borki, hasrat tugamas,
Umr o’tar, fursat to’xtamas,
Bor anduhga qo’l siltab bir pas,
Ko’ngil sening holing so’rmadim.

Yig’lama singlim

Yuzingni yuvdimu achchiq yoshlaring,
Dardga burkandimi ko’zu qoshlaring,
Taqdirning hukmidan xunmi boshlaring,
Sen baxtli bo’lasan, yig’lama singlim.

Hayotning jilvasi sarob bo’ldimi,
Serquyosh umidlar xarob bo’ldimi,
Yoshliging qayg’uli kitob bo’ldimi?
Sen baxtdli bo’lasan yig’lama singlim.

Qo’y, kuyunma aslo abgorman dema,
Dunyoda faqatki g’amtorman dema,
Alam girdobida sayyorman dema,
Sen baxtli bo’lasan yig’lama singlim.

O’kinma, so’zimni angla xolisdan,
Ishon baxt kutadi seni olisdan,
U aniq keladi balki qo’qqisdan,
Sen baxtli bo’lasan yig’lama singlim.

Kun kelar, quvonchga qonib ketarsan,
Chekkan ohlaringni unut etarsan,
Rost ekan deysan chin baxtga yetarsan,
Sen baxtli bo’lasan, yig’lama singlim.

Yurakda sado

Ilkis yuragimni asir etdi kim?
Ruhimda jonlandi bir shiin tuyg’u.
Otashi to’tiyo, ro’paramda jim,
Dardchil o’ylarimni qamradi orzu.

Asl sabolardan olganda nafas,
Saboning qudrati qalbim toqladi
E’zozi yig’latsa hasratdan emas,
Nurqadam mehridan xushim chog’ladi.

Gohida dunyolar tuyulib zindon,
Atrofim o’xshardi cho’lu saxroga.
Rabbimga shukrki, anglatdi inson,
Aslida zor ekan do’stga oshnoga.

Hozirchi, orzular yuksakda parvoz,
Muhabbat ko’nglimni ayladi chaman.
Asov yuragimdan chiqmoqda ovoz,
To hayot ekanman seni sevaman!

Armon bo’lmasin

Ko’zlaringda kulgu kulsin hamisha,
Ammoki, yoshlaring marjon bo’lmasin.
Doimo baxtingga intilib yasha,
Singiljon yoshliging armon bo’lmasin.

Jajji yuragingda chaqnasin umid,
Munglikkinam qalbing sarson bo’lmasin,
Maylida, bir kunga tashvishing unut,
Singiljon yoshliging armon bo’lmasin.

G’amho’r bo’l, g’ururing qalqoning sening,
Qalbingga qalbi tosh sarbon bo’lmasin.
Bilib ol, izzating vijdoning sening,
Singiljon yoshliging armon bo’lmasin.

Hali sen keraksan, qadding baland tut,
Qayg’uga ko’nma qalb vayron bo’lmasin.
Odobli qiz bo’lib iqbolingni kut,
Singiljon yoshliging armon bo’lmasin.

Dadajon sizningsiz…

Ulg’ayib boryapman, o’tmoqda umr,
Bulutli taqdirlar to’ldirar sabrim.
Hattoki huzurda qolmadi huzur,
Ko’ksimni tepkilar jonlanib jabrim.
Jabrning jangidan toqat toq ekan.
Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.

Ulg’ayib boryapman, o’tmoqda fursat,
U qanday fursatki, bunchalar og’ir?
YO ayting, holimni yutganmi qismat?
Vo ajab, shum qismat har nega qodir.
Qadridan qolsa qalb qatra dog’ ekan,
Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.

Mening ham o’ynoqlab kulgim keladi,
Yuragim sevinib xush bo’lsa deyman.
Ko’nglimda ko’rganim yulgim keladi,
Ko’rganim qayg’uli tush bo’lsa deyman.
Armonim tokaydir bu so’roq ekan,
Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.

Go’yoki sarobga aylandi olam,
Qush bo’lib uchdimi umid shodasi,
Onamlar aytadi, o’kinma bolam,
O’kinma, taqdirning shu irodasi.
Menku men, onamda dard qandoq ekan?
Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.

O’tmoqda zalvorli fasllar hanuz,
Birgalik chog’larim eslab yashayman.
Yodimda tiriksiz kechayu kunduz,
Men sizni hamisha qumsab yashayman.
Sog’inchdan dunyo ham bir ovloq ekan,
Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.

Ulg’ayib boryapman, xayolim miskin,
Shu xayol sababli dil titroq ekan.
Tunda oy, kun quyosh bermaydi taskin,
Faqatki she’rlarim bir o’rtoq ekan.
Aslida bo’z tuproq baxtliroq ekan,
Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.

Tilim qursin

Bir parini sevgan edim,
Yongan edim ishqida.
Faqat uni degan edim,
Vujudimning ko’shkida.

Ismin aytib urar edi,
Har soniya yuragim.
Borim uni suyar edi,
Begard edi tilagim.

Ammo esiz, men bechora,
Aytolmasdim hislarim.
O’ylar edim dillar zora,
Topib olar bir birin.

Shu zaylda kunlar o’tdi,
Oylar o’tdi oradan.
Ko’ngil uni hamon kutdi,
Kaltaklanib zoridan.

Chidolmayin, yurak yutib,
Aytmoqlikka chog’landim.
Tuyg’ularim chaqmoq etib,
Aytmoqlikdan shodlandim.

Pariruxsor qaydan bilsin,
Unga bo’lgan sevgimni.
Ocholmayin bitta tilsim,
Parchaladim ko’ksimni.

Izxor uchun borgan fursat,
Gullar bezab yo’limga.
Meni ko’rib kuldi faqat,
Qog’oz tutdi qo’limga.

…Boqsam, to’yga taklif ekan,
Unutmayin keling der.
O’shal mening baxtimmikan,
To’ylarimda bo’ling der.

Boshim egib, asta dedim
Siz loyiqsiz tole’ga.
Oyjamolim shoshib ketdi,
Qaramadi holimga.

Mayli, hayot oqu qora,
Bor yuragim urib tursin.
O’z ishqini biror bora,
Aytolmagan tilim qursin.

Dunyoning ishlari

Bu dunyoning ishlari,
Past baland honishlari.
Gohi kunduz, gohi tun,
Nisbiy tushuncha bari.

Bu dunyoning ishlari,
To’ymaydi xohishlari.
O’z o’zingga ishonch yo’q,
Urib ketar xanjari.

Bu dunyoning ishlari,
Fursatli olqishlari.
Vaqt kelsa tepib ketar,
Do’sti beor singari.

Bu dunyoning ishlari,
Qayg’udan qotishlari,
Endi yashay deganda,
Tugar umr daftari.

Bu dunyoning ishlari,
Baxt deya yonishlari.
Birkamligi begumon,
O’tmaydi undan nari.

Bu dunyoning ishlari,
Ahdidan tonishlari.
Yo’qolgandek muhabbat,
Ziynati borgan sari.

Bu dunyoning ishlari,
Tugamas nolishlari.
Go’yo dard bor go’zalroq
Emish hayot asari.

Bu dunyoning ishlari,
Parvoz orzu qushlari.
O’xshaydi mo’’jizaga,
Hech bo’lmasa tushlari.

Onam ekan

Mening uchun behad g’amho’rim,
Munisginam, yurak qalb qo’rim,
Onam ekan.

Mangu emas, do’st degan yelka,
Umri borki, abad ko’lanka,
Onam ekan.

Sovutganda o’zidan dunyo,
Har soniya mehri to’tiyo
Onam ekan.

Olloh deya qalbida ixlos,
Kamolimga umidi qiyg’os,
Onam ekan.

Bitta shirin kalomga ko’nar,
Jur’atimga tanho ishonar,
Onam ekan.

Durustmisan, qarohim deydi,
Omon bo’lgin chirog’him deydi,
Onam ekan.

Suyanchig’im, baxtim tumorim,
Dilovarim jon hokisorim,
Onam ekan.

Aytib bergay

Rayhon qara, holimni ko’r
Azoblarni kimga aytay?
Yo’rig’im bo’l, dardimni o’r,
Xunoblarni unut etay.

Olam ekanyolg’onchi tush,
Neki orzu amal tersi.
Ayni inson o’zi jonkush,
Ko’zi istab baland kursi.

Erib muzlar bo’lsa chashma,
Chayib ketsa g’uborlarni.
Istig’for ayt, ey jon shoshma,
Rabbi sevmas kiborlarni.

Xuno ko’pchib, to’lsa bardosh
Afg’onlardan yuzni buray,
Yostig’imda alamnok bosh,
Rayhon senga aytib bergay.

Yuraklarimiz

Senga ishongandim armonchiginam,
Dardini ishongan afg’onchiginam,
So’zing yolg’onmidi, yolg’onchiginam,
YO hayot ko’rmadi halaklarimiz.

Taqdirning bitigi bizga tosh bo’ldi,
U sabab ko’ngilga qayg’u bosh bo’ldi,
Yosh bo’ldi, ko’zlarda achchiq yosh bo’ldi,
Oxirga yetdimi ertaklarimiz?

Sen meni atarding deya azizim,
Misoli osmonda sezardim o’zim,
O’ylanib qolaman, balki yolg’izim,
Sevgiga yo’qmidi keraklarimiz?

Qismatga yolvorib nolalar tolgan,
O’sha kun yuraklar talpinib qolgan,
Bizni har tomonga ajratib olgan,
Nahotki birlashmas, yo’laklarimiz?

Bu kun menda afsus, senda nadomat,
Ishq uchun kurashni bilmadik odat,
Ollohdan bir o’tinch, kelsa qiyomat –
…Topishib olarmi, yuraklarimiz?

Baribir sevaman

Ko’nglimda zavq chashmi oqmasin,
Zarra omad kulib boqmasin,
Mayli yorim sizga yoqmasin,
Men baribir sizni sevaman.

Siz o’ylamang buncha ovsar deb,
Iqror bo’ling meni qaysar deb.
Aytavermang, xo’p dardisar deb,
Men baribir sizni sevaman.

Oydan go’zal savdoyingiz ko’p,
Bilar edim, shaydoyingiz ko’p,
Faqat menga g’avg’oyingiz ko’p,
Men baribir sizni sevaman.

Taqdir bizni qilmasin birga,
Sevmasangiz erkam mayliga,
Yomonmanmi, shunchalik nega?
Men baribir sizni sevaman.

Balki, sevgim qalbni xatosi,
Balki, dardim yo’qdir davosi,
Qaysar yurak shudir nidosi –
Men baribir sizni sevaman.

Kechir

Sevgan edim, rosti chin dildan.
Qo’ymas edim, ismini tildan.
Zarbdor kelib hayotim zildan,
Dardim ichra ko’mildi sevgim.

Keng orzular ortilgan kema,
Saodatning sohili nima?
Bir iltimos, bevafo dema,
Dardim ichra ko’mildi sevgim.

Osmon olis qo’lim yetmaydi,
Yurak dog’i oshar ketmaydi,
Biz tomonda tonglar otmaydi,
Dardim ichra ko’mildi sevgim.

Chidamsiz deb o’ylama aslo.
Bardoshsiz deb o’ylama aslo,
Rahmsizga bo’ylama aslo,
Dardim ichra ko’mildi sevgim.

Kechir meni muhabbat kechir,
Dilginangdan ismimni o’chir,
Xotiramiz qush qilib uchir,
Dardim ichra ko’mildi sevgim.

Dema

Insonga avvalo tan sihat yaxshi,
Tilida shirin so’z sof niyat yaxshi,
U achchiq bo’lsada haqiqat yaxshi
Har nima desangda hech yolg’on dema.

Yaratgan qalbingda bunda quvongin,
G’aflatga berilma, nafsdan tongin,
Do’stingni ming sina, keyin ishongin,
Soyani quyoshda qadrdon dema.

Fikr qil, har lahza qayda hamxonang,
O’ylab ko’r, dunyoda kim u parvonang,
Borida qadrla otayu onang,
Fursat g’animatdir pushaymon dema.

Bu umr o’tkinchi o’tib ketar u
Hoyu havasni qo’y, yutib ketar u
Boylikka ishonma tepib ketar u,
Erdasan qadaming huv osmon dema.

O’zimcha

Xato kelsa qilgan ishimdan,
Ne gard o’tdi bitta boshimdan.
Bu kunlarni ko’raverib oh,
Oshib ketdim gulgun yoshimdan.

Nido bersam vujudim kabob,
Sado menga bermaydi javob.
Nega o’zim koyiyveraman,
Baho bersa menga beodob.

Sitamlarga ko’nikdim ammo,
G’am bahriga birikdim ammo.
Gohi hayot erish tuyuldi,
Yashashdan ham zerikdim ammo…

Kun keladi ishonarman men,
Baxtim bilan quvonarman men.
Hur yashashga haqqim bor axir,
Hur umrga ham qonarman men.

She’rim

Qalbimga ming dardning nishin sanchsalar,
Yuragim g’arq bo’lsa, qayg’u qa’riga.
Armonga ko’msalar, ezib yanchsalar,
She’r yozay, qo’limni siltab bariga.

Allanechuk hislar kelib junbushga,
O’zimda sezaman qandaydir g’ayrat.
Xayolim to’satdan aylanar qushga,
She’r uchun qog’ozni qoralagan payt.

She’rdadir tilagim, she’rda dardlarim,
Ko’ngilda borining udir yozig’i.
Unda bor titrog’im, unda shaxdlarim,
Chaqmoq ohlarimning bunda yorig’i.

She’rim, yuragimning aks sadosi,
Ko’zimda uyg’onib nola etgan u.
Zeriksa orzular mendan vafosi,
Umidga jon berib menga tutgan u.

She’riyat, sehringga so’z topolmasman,
Sening ko’lamingda yuvilar ozor.
Hayotdan o’zimni chetga olmasman,
She’r deya atalgan haloskorim bor.

Xayol

Deraza ortidan ko’kka boqaman,
Ilohiy ko’rinar oyning shu’lasi.
Latif manzaraga xuddi balqaman,
Meni og’ushlaydi xayol jilosi.

Umidga boy xayol oyday yorug’san,
Ruhingda tetiklik, shijoat o’ti.
Olg’irsan burgutday, gohida cho’g’san,
Dastingda o’ynaydi baxtning kaliti.

Va’da berasanmi uchqur xayolim?
Atrofim muborak nurga o’xshasin.
Dengizdek barqaror bo’lib tole’im,
Intizor ko’zimda iqbol yashasin.

Lekin ey xayolim qiziqsan shu dam,
Nori yo’q kaftingdan na bir ish kelar.
Oydin tilaklarga jon bermasang ham,
Zafarli va mag’rur umidlar yelar.

Ahyon derazamdan ko’kka boqaman…

Vaqt bezori

Sarob kabi bu dunyoning ishvalari,
Har faslda qahratonning nayzalari,
Dil dog’larga sabr taqvo ko’ngan sari,
Vaqt bezori hech narsaga ko’nmas ekan.

Tog’lar ko’rgan, ne hayotlar sabotini,
Yer ko’tarar, shahidlarning faryodini,
Bir chaqaga olmas inson oh dodini,
Vaqt bezori hech narsaga ko’nmas ekan.

Yolg’on emas, toshda hamki gullar undi
Izg’irinda tomimizga laylak qo’ndi,
Ne rutubat odam ko’ndi, olam ko’ndi,
Vaqt bezori hech narsaga ko’nmas ekan.

Qiziquvchilar uchun ushbu sahifada audio she’rlarim o’rin olgan. She’rlarni o’zim o’qiganman. Yaqin orada ikkinchi to’plamim “Isyonkor tomchilar”ni ham electron shaklda e’tiboringizga havola qilaman.

Maqola yoqdimi? Iltimos, saytni ommalashtirishga yordam berib ijtimoiy sahifadagi do'stlaringizga ma'lum qiling.
Fikrlar: 2
  1. Zulfiya Amin qizi

    Rayhonim va Faxriyor ismli kursdoshingizga atalgan she’rlaringiz juda ham köngilga yoqadigan va mazmunli chiqibdi. Ijodingizga omad tilayman!

    1. Baxtiyor Roziq (автор)

      Iliq fikrlar uchun rahmat!

Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: