Bola o’qimishli bo’lishi uchun ota-ona ham qo’liga kitob olishi kerak

Bola o'qimishli bo'lishi uchun ota-ona ham qo'liga kitob olishi kerak
Telegramda o'qish

Aslida tabiatdagi barcha jonzot bolasi uchun jon kuydiradi. Odamzod esa nasli davomchisi bo‘lgan dilbandi uchun ulardan ziyod qayg‘uradiki, kam emas.

Chunki farzandimiz ulg‘ayib, el-yurt koriga yaraydigan, yaxshi joyda ishlab, farovon hayot kechiradigan, hurmatga sazovor inson bo‘lishini  xohlaymiz. Bu ezgu orzularimiz hayotda nega hamma vaqt amalga oshavermaydi. Natijada “bolam yaxshi edi, uni tashqi muhit buzdi”, degan iddaolar paydo bo‘ldi. Bunga kim aybdor – sizmi yoki bolangiz? Agar bola o‘ziga o‘qish-o‘rganishga bo‘lgan ko‘nikmani boshqalardan, ya’ni tug‘ilganidan boshlab, avval oiladan, keyin mahalladan, maktabdan, jamiyatdan singdirib borishini hisobga olsak, demak, aybni farzandingizga qo‘yib bo‘lmaydi.
Go‘dak o‘zaro munosabatni anglashi bilanoq taqlid qilishni boshlaydi. Unga bu borada ota-onasi o‘rnak bo‘ladi. Bola ilk odatlarini ham ota-onasidan oladi. Agar ishdan kelgan ota-ona ovqatlanib, keyin uyquga yotguncha televizor ko‘radigan bo‘lsa, bola ham shunga o‘rganadi. Biror masala ustida ota-onasi bahslashsa va ularning bu kelishmovchiligi ko‘p bor takrorlanib tursa, bu oilada o‘sgan farzand bir kun ulg‘ayib, oila qurganda, albatta turmush o‘rtog‘i bilan bahslashadigan bo‘ladi.
Odam asosan kitob o‘qib o‘qimishli bo‘ladi. Demak, bolaning o‘qimishli bo‘lishini istagan ota-ona o‘zi qo‘liga kitob olishi kerak. Aks holda bolasining o‘qimishli odam bo‘lishi haqidagi istagidan voz kechgani ma’qul.
Bugungi kunda odamning o‘qimishli emasligi uni qiyin ahvolga solishi tayin. Aksariyat jismoniy ishlar texnika tomonidan bajarilmoqda. Mashina va mexanizmlarni boshqarish uchun esa mutaxassis, ya’ni ma’lum bilim va malakaga ega bo‘lishi kerak. Hozir ko‘rib turibmiz, ilgari faqat qo‘lda bajarilgan ishlarning aksariyati endi mezanizmlar orqali uddalanayapti. Farzandi ulg‘ayganda, hech bo‘lmasa, mutaxassis bo‘lishini istagan ota-ona uni go‘dakligidan shunga mos tayyorlab borishi kerak. Vaholanki, bolaga uning bir yoshidan yetti yoshigacha bo‘lgan davrida qanday kitoblar o‘qib berish lozimligi haqida metodik qo‘llanmalar mavjud. Afsuski, aksariyat ota-ona bu qo‘llanmadan foydalanmaydi.
Yetti yoshgacha bolaga qanday tarbiya bergan bo‘lsangiz, u shunday ulg‘ayadi. U endi maktabga boradi. Uyda kitob bilan oshno tutingan bo‘lsa, qiynalmay darslarni o‘zlashtiradi. Maktabda unga o‘qitishdan tashqari, uyda bajarishi kerak bo‘lgan vazifa ham beriladi. Ota-ona har kun ma’lum vaqtini bolasining uyga berilgan vazifani qanday bajarishini kuzatishga sarflashi kerak. Har kuni farzand bilan bir soat shug‘ullanish bola ongida   uy vazifasini bajarish kerak, degan tushunchani tug‘diradi va o‘n-o‘n besh kudan keyin bolada maktabda o‘tgan daslarni takrorlash va uy vazifasini bajarish odati paydo bo‘ladi. Bola bu odatga ko‘nikishi uchun bir-ikki oy yetarli. Ana shu davrda ota-ona bola bilan shug‘ullanishni kanda qilmasa, kelgusida bola uy vazifani o‘zi mustaqil bajaradigan bo‘ladi. Shunda ham bola o‘qishni qanday o‘zlashtirib borayotgani bilan ota-ona har kun qiziqishi  kerak. Garchi, nazorat o‘rnatishdek tuyulsa-da, bunday yo‘l bolada odatlanish ko‘nikmasini shakllantiradi va erishayotgan natijalari uchun uni maqtab rag‘batlantirish orqali bolaning o‘z ustida ishlashini uning yoqimli mashg‘ulotiga aylantirish mumkin.
Bolani o‘qimishli qilishni xohlagan ota-ona unga dasr tayyorlashi va o‘z ustida ishlashi uchun munosib sharoit ham yaratib berishi lozim. Agar alohida xona qilib berish imkoniyati bo‘lmasa, xonaning burchagida bola uchun alohida stol-stul va  albatta, kitob uchun javon bo‘lishi shart. Maktab kutubxonasidan foydalanish bilan birga, har oy bolani kitob do‘koniga olib borib, o‘zi tanlagan kitobni sovg‘a qilish unda mutolaaga nisbatan qiziqishni kuchaytiradi.
Hurmatli ota-onalar, farzandingiz uchun yashayotgan bo‘lsangiz, uning kelajakda o‘qimishli inson bo‘lib yetishishini istasangiz, farzand bilan shug‘ullanishga vaqt toping. Buning uchun ozgina hafsala, qunt va iroda kerak, xolos. Bu sizda bor. Binobarin, keksayganda qanday umr kechirishingiz bugun farzandingizning qanday o‘qib-o‘rganishiga bog‘liq.
Xurshid NURULLAYeV,
Ma’naviyat-ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi rahbari.

Manba: Zarnews.uz

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: