Bir bolaga — butun jamiyat ota-ona

Bir bolaga — butun jamiyat ota-ona
Telegram kanal подписаться

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz rahbarligining ilk kunlaridanoq, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlini belgilab berar ekan, asosiy eʼtiborni taʼlim tarbiya tizimiga qaratib kelmoqda. Avvalo, tizim majburiy mehnatdan xalos qilindi. Oʻqituvchi ham, oʻquvchi ham oʻz ishi, oʻqishi bilan mashgʻul boʻladigan boʻldi. Oʻqituvchi nafaqat moddiy manfaatdor boʻlmoqda, balki uning ustoz sifatida qadri, masʼuliyati ham ortib bormoqda.

…Men ham maktabda 19 yil faoliyat olib borgan pedagog sifatida shuni aytmoqchimanki, maktab jamoasi bilan birga 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kunini ham paxta dalasida oʻtkazardik. Tuman markazidan 30 km. uzoqdagi maktabda oddiy oʻqituvchilikdan boshlab oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari keyin direktor vazifalarida ishladim. 1993-2000-yillar oraligʻida maktabni koʻp oʻqituvchilar tashlab, oʻzini biznesga urdilar. Chunki, maktablarda oʻqituvchining oylik maoshi juda past edi. Oʻqituvchilar qishloq xoʻjaligidan tortib, koʻchalarni tozalash ishigacha jalb qilinardi. Maktab direktori boʻlib ishlagan davrimda paxta topshirish uchun kech soat 1-2 gacha paxta punktida qolib ketardik. Hatto maktablarga 1-1,5 quti pilla ham berilardi. Maktablarda kadrlar yetishmasdi. Ayniqsa, ingliz tili fani mutaxassisi boʻlmagani sababli, universitetda oʻqiyotgan 3-4 kurs talabalarini universitet bilan shartnoma qilib, maktabga jalb qilganmiz. Maqsad oʻquvchilarni nomutaxassis oʻqituvchiga berib, chalasavod qilmaslik boʻlgan. Shuningdek, kimyo, biologiya, fizika fanlari uchun laboratoriya xonalaridagi jihozlarning maʼnan eskirgani taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatar edi.
Bugun vaziyat boshqacha. Taʼlim tizimida izchil va keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti. Oʻqituvchilarga munosabat oʻzgaryapti. Oʻqituvchining maqomini belgilash haqida oʻylay boshladik. Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanishini angladik. Uchinchi Renessans gʻoyalari bilan qurollanib, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari intilishlarimiz taʼlim sohasining uygʻonishi bilan hamnafas kechmoqda.
Shu kunlarda davlatimiz rahbarining “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi keng muhokama qilinib sohaga oid takliflar berilmoqda.
Oʻqituvchi — oʻzimizga zoʻrgʻa ishonadigan bolamizni oʻzimizdan ortiq ishonib topshiradigan inson. Biz farzandimizning taʼlim- tarbiya olishini, kelajagi porloq boʻlishini oʻylab shunday qilamiz. Chunki bolaning hayoti maktabdan boshlanadi. Lekin bu butun masʼuliyatni maktab oʻz zimmasiga olishi kerak, degan maʼnoni anglatmaydi.
Zero, qars ikki qoʻldan. Shuning uchun oila va ota-onadan boshlab maktabgacha taʼlim, taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim, oliy taʼlim hamkorlikda bir-birini toʻldirib ishlaydigan uzluksiz tizim joriy qilinishi kerak. Bu tizimning maʼnosi shuki, “bir bolaga butun jamiyat ota-ona”. Shu bilan birgalikda ota-onaning oʻz farzandlari uchun masʼulligini alohida band bilan qonuniy mustahkamlab qoʻyish kerak. Binobarin, bolasining qobiliyati, ruhiyati, taʼlim tarbiyasiga mutlaqo qiziqmaydigan ota-onalar bor. Ular shunchaki qulogʻining tinchini koʻrib, bolaning yarim kun maktabda boʻlishini istaydi.
Biz oʻqituvchining maqomi haqida gapiryapmiz. Lekin oʻqituvchi avvalo, oʻzining kimligini oʻzi bilishi kerak. Nafaqat maktabda, darsda balki koʻcha-kuyda, toʻy-maʼrakada, bozor-oʻcharda ham uning xatti-harakatida bilimi, murabbiylik sifati bamisoli quyosh nuri kabi yogʻilib tursin. Shu sabab oʻqituvchiga qoʻyiladigan talab va masʼuliyati ham alohida belgilanishi kerak.
Oʻqituvchi kadrlarni ishga olishda ham aniq bir tizim joriy qilinishi lozim. Chunki, uning oliy maʼlumoti hali uning mutaxassis boʻlib yetishganini anglatmaydi. Boshlangʻich sinflardanoq bolaning qiziqishi va layoqati koʻzga tashlanib qoladi. Shunga qarab iqtidor va isteʼdodlarini ajratib, bolaning bir yoʻnalishda taʼlim olishini taʼminlash zarur.
Darsdan keyingi toʻgaraklarda faqatgina oliy maʼlumotli emas, balki oʻrta umumiy maʼlumot egasi boʻlsa ham qiziqishi bor, bilimli, tajribali yoshlar ham mashgʻulot olib borishlari mumkin.
Prezidentimizning taʼlim tarbiya masalasiga hayot mamot masalasi deb qarab, xalqqa maslahat solayotgani tizimdagi yechimini kutayotgan muammolar shaffoflik bilan muhokama qilinayotgani, qanday maʼlumot, qaysi kasb egasi boʻlmasin, hech bir insonni befarq qoldirmasligi kerak. Chunki yosh avlodning kelajagi uchun qaygʻurish vatan taraqqiyotiga qaygʻurishdir.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Manba: Xs.uz

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: