O’smirlarni qanday tarbiyalash kerak?

O'smirlarni qanday tarbiyalash kerak
Вы также можете подписаться на нас по телеграмме Подпишитесь на канал

Farzand o`stirayotgan har bir ota-ona bolaning o`smirlik davri haqida ko`plab ma`lumotlarni eshitgan bo`lsa ajab emas. Ehtimol, quloqqa chalingan har qanday voqea-hodisalar sizni xavotirga solgandir, ammo ana shu davr borasidagi aniq ma`lumotlarga ega bo`lsangiz, xavotirga aslo o`rin yo`q.

Kecha bola, bugun o`smir
Kuni kecha beozorgina, yuvoshgina bo`lib yurgan, qalb kechinmalari bilan o`rtoqlashgan bolaning birzumda tutoqib, asabiylashib ketishi, gapga quloq solmasligi, qo`pollik bilan javob berishining sababi nimada deb o`ylanib qoladi, gohida ota-onalar. To`g`ri, o`smirlar ba`zida muammo tug`dirishi mumkin, ammo mazkur davrdagi o`zgarishlar sizni xayratga solmasin. Axir farzandingiz, ba`zilar uchun unchalik oson bo`lmagan o`smirlik davrini boshdan kechiryapti. Bunday paytda gormonal o`zgarishlar sodir bo`lib, bolaning xatti-harakatlarida aks etadi. U o`ta ta`sirchan, asabiy bo`lib, ba`zan halovati yo`qdek ko`rinadi. O`smirlar ko`pincha javobsiz muhabbat, ota-ona yoki tengqurlari bilan kelishmovchiliklar, kelajak oldida qo`rquv hamda yolg`izlikdan aziyat chekishadi. To`g`ri, o`smirlik davrida hamma bolalarda ham bu kabi muammolar kuzatilmaydi, biroq organizmdagi o`zgarishlar vaqti-vaqti bilan o`zini namoyon etadi. Hurmatli ota-onalar bunday muhim damda, farzandingiz bilan til topishish uchun sabr-toqat kilishingizga to`g`ri keladi.
Do`stona munosabatlar
Avvalambor, do`stona munosabatlarni o`rnatib, ko`proq muloqotda bo`lish nihoyatda muhim. Ammo hammasini vaqtingiz yo`qligiga yo`yishingiz bilan vaziyatni chigallashtirishingiz mumkin, xolos. Shuning uchun o`z bolajoningiz uchun vaqt ajratib, ko`proq oilaviy yig`ilishlar uyushtiring. Ertalab maktabga kuzatayotganda, birgalikda nonushta qila turib, uning hayotiga qiziqishingizni bildirishingiz mumkin. Uning mashg`ulotlari, qiziqishlari, tanish-bilishlari, nizolari haqida so`rab-surishtirishingiz ayni muddaodir. Siz doimo hammasidan xabardor bo`lib turishingiz kerak. Axir, biz tanish-bilishlarimizning hayoti yoki yulduzlarning muammolari bilan ancha ma`lumotga ega bo`lamiz, nahotki, o`z farzandimiz dars jadvaliyu ko`ngil kechinmalari haqida bir og`iz qiziqmasak. Agarda farzandingiz siz uchun dunyodagi eng qadrli inson bo`lsa, sevimli serialingizdan ba`zida voz kechib, u bilan bir piyola choy ustida suhbat uchun hech bo`lmasa yarim soat vaqt ajratasiz.
O`smir muammosi «shunchaki» emas
O`smirni ba`zida tushunish qiyin, ammo ota-onalar hamisha o`zlarini uning o`rniga qo`yib, nimadan bezovtalanayotganini aniqlashlari lozim. Axir uning ham o`ziga yarasha muammolari bo`ladi. Bu muammolarga «shunchaki» deb qarash aslo mumkin emas. Bizdek kattalarga ular oddiy bo`lib ko`rinsa-da, o`smirlarga ancha mushukdek tuyuladi. Ehtimol, farzandingiz eng yaqin do`sti bilan arazlashgan yoki maktabida kimnidir qattiq sevib qolgandir. O`smirlar, hayot ular uchun oson emasligini ota-onalari bilishlari va tanqid qilmasliklari, dakki bermasliklari, shuningdek, ko`chadan uyga kelganda darrov so`roqqa tutmasliklarini istashadi. Ammo bu bilan hech nimani so`ramang, demaymiz. Bor-yo`g`i chehrangizdagi tabassum bilan ochiq suhbatga chorlasangiz bo`lgani. Farzandingizga javobi «ha» yoki «yo`q» so`zlaridan iborat bo`ladigan savollar bermang. Bunday savollar suhbatni tezda nihoyasiga etkazib qo`yadi.
Hammasini birgalikda
Farzandingiz televizorda nimalar tomosha qilayotgani va kompyuterda qanday o`yinlar bilan mashg`ulligini nazorat qiling. Shuningdek, ular bu zamonaviy texnikalar ro`parasida uzoq qolib ketishmasin. Shu bois, ko`proq jonli o`yinlar o`ynab, kino va tearlarga birgalikda yo`l oling. Agar biror-bir chet tilini o`rganishga ko`maklashsangiz, farzandingiz va o`zingiz uchun katta tuhfa taqdim etgan bo`lasiz.
Ijodiy qiziqishlar
Farzandingizning ijod yo`lidagi turli tajribalariga e`tibor va qiziqish bilan yondashing. So`zlar etmagani bois, tasvirlar yordamida his-tuyg`ularini ifodalash osonroq kechadi. «Ijodiy terapiya», psixologik inqiroz davrida bola uchun samarali choralardan biri sanaladi.
Namuna bo`ling
O`smir farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug`ullanayogan ota- onalar «ichma», «chekma» deb turib, o`zlari bunday zararli odatlardan voz kechishmasa, kutilgan natijaga erishish amrimahol. Gapirilgan gap, pand-nasihatlar xatti-harakatlaringizga mos bo`lsin. Farzandingizga, avval o`zingiz namuna bo`lishingiz kerak.
Sabr-toqat, mehr-muhabbat, o`zaro hurmat, do`stona munosabatlar o`smirning kelajagini porloq etadi. Albatta, farzandingiz va taqdiringiz o`z qo`lingizda. Shuni ham unutmangki, o`smir farzandingizning tarbiyasini, avval o`zingizdan boshlashingiz lozim.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: