Yosh tadqiqotchilarni ilm-fan sohasiga jalb qilishga qay darajada eʼtibor qaratilyapti?

Yosh tadqiqotchilarni ilm-fan sohasiga jalb qilishga qay darajada eʼtibor qaratilyapti?
Telegramda o'qish

Innovatsiya — bu bozor talabidan kelib chiqqan holda jarayonlar va mahsulotlarning sifatli oʻsish samaradorligini taʼminlash uchun joriy etilgan yangilik.

U insonning intellektual faoliyati, uning fantaziyasi, ilmiy-ijodiy dunyoqarashi, yaratgan kashfiyotlari, ixtirolari va ratsionalizatorlik gʻoyalarining yakuniy natijasi hisoblanadi.
Aytish mumkinki, innovatsiyalar bir martalik tashkiliy-texnikaviy tadbir emas, ular bir tomondan investitsiyalar va moliyaviy resurslar, ikkinchi tomondan esa ilm-fan, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar bilan bogʻliq. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarsiz, ilm-fan va ishlab chiqarishni uzviy bogʻlashga, iqtisoddagi tarkibiy oʻzgarishlarga va innovatsion modernizatsiyalashga erishib boʻlmaydi.
Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Xoʻsh, bugun mamlakatimizda innovatsion rivojlanish sohasiga oid ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ilm-fan yutuqlarini raqamlashtirish va yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilishga qaratilgan islohotlar samara beryapti?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi “Hukumat soati”da Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ushbu masalalar yuzasidan axborot berdi.
Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Shu boisdan mamlakatimizda innovatsion rivojlanish sohasidagi qator dasturlar, chora-tadbirlar tizimli va izchil amalga oshirilayotir.
Xususan, birgina 2018-2020-yillarda ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy laboratoriyalarini 95 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga 52,3 mlrd. soʻm yoʻnaltirilgan. Shuningdek, 2020-yilning noyabr-dekabr oylarida 99 turdagi 61,3 mlrd. soʻmlik asbob-uskunalar xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Yosh ilmiy arboblarni koʻpaytirish, ilmiy hamjamiyatning oʻrtacha yoshini pasaytirish hamda tabiiy va gumanitar fanlarni yoshlar orasida rivojlantirish maqsadida vazirlik huzurida Yoshlar akademiyasi hamda Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilgani shubhasiz, yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirishda muhim voqelik boʻldi.
Bugungi kunda Yoshlar akademiyasi aʼzolari geologiya, biologiya, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoat, sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, dasturlash, sanoat dizayni va 3D modellashtirish sohalarida oʻz loyihalarini amalga oshirmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni yurtimizda taʼlim sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan muhim hujjat boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Markur farmonda 2025-yilga qadar ilm-fanga yoʻnaltiriladigan jami mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga, 2030-yilgacha esa 10 baravarga oshirish, 2025-yilga qadar ilm-fanni umumiy moliyalashtirish hajmida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga xususiy sektor tomonidan ajratiladigan mablagʻlar ulushini amaldagi 8 foizdan 20 foizga, 2030-yilgacha esa 30 foizga yetkazish belgilab qoʻyilgan. Eng muhimi, innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni moliyalashtirish maqsadida xorijiy yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan hamkorlikda 2021-yilda 2 ta, 2025-yilda 10 ta venchur jamgʻarmalarini tashkil qilish nazarda tutilgan. Shubhasiz, bu hududlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb qilishga qaratilgan yuksak eʼtiborning amaldagi yana bir ifodasidir.
Mamlakatning oqil, maʼrifatli, savodli insonlari sivilizatsiyani belgilab berishi hammamizga yaxshi maʼlum. Shu jihatdan ilmiy tashkilotlar tadqiqotchilarining oʻrtacha yoshini 2025-yilga qadar 45 ga, 2030-yilgacha esa 39 ga yetkazilishi muhim tashabbusdir. Binobarin, globallashuv sharoitida yangi fikr va yangi innovatsion gʻoya boʻlmasa, iqtisodiyotni yuksaltirish mushkul kechadi. Bu borada innovatsiyaga har qanday turdagi yangilik sifatida emas, balki mavjud tizimning samaradorligini jiddiy ravishda oshiradigan omil sifatida qarashimiz lozim.
Umuman olganda, innovatsiya — bu iqtisodiy oʻsish, demakki ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivoji garovidir. Shunday ekan, endilikda Innovatsion rivojlanish vazirligi iqtisodiyot sohasi bilan birga, eng muhim loyihalarni ham amalga oshirishda oʻziga xos lokomotiv rolini bajarishi kerak.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Manba: XS.uz

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: