Quyosh haqida she’rlar to‘plami

Quyosh haqida she’rlar to‘plami
Telegramda o'qish

Quyosh va oftob haqida qaynoq she’rlarni qabul qiling.

QUYOSHJON — Odil Abdurahmon

Yon, quyoshjon,

Jon quyoshjon,

Otdi oppoq

Tong quyoshjon.

Don-dunimga

Hosil tilab,

Boshlarini

Qo‘ygin silab…

Yurtimizga

Nur sochaver,

Xalqimizga

Baxt ochaver.

 

YASHASIN OFTOB — Nurulloh Oston

Chaqinlar tindi,

Giyohlar undi.

Yogʻduga choʻmdi –

Yashasin oftob!

Shudringda aksi,

Yaproqda raqsi,

Fayzlidir bahsi –

Yashasin oftob!

Qoʻrqmaymiz tundan,

Yayraymiz kundan.

Tiriklik shundan –

Yashasin oftob!

 

QUYOSH — Halima Ahmedova

Shunchalar chaqqonsan, shuncha ozoda,

Sendan poklanadi hatto togʻ-u tosh.

Eng kichik maysadan daraxtlargacha

Gʻuborin yuvasan erinmay quyosh.

Yaproqlarning nafis tabassumida

Jilva etar sening nurli afsonang.

Yaratgan nafasi ufurgan joydan

Asli bunyodmikan yoki koshonang?..

 

YOZ BILAN QUYOSH — Mahmud TO‘YCHIYEV

Quyosh yoz bilan o‘rtoq,

Ajralgisi kelmaydi.

Kech kirib qolganda ham

Uyi tomon yelmaydi.

Do‘stlarning suhbatiga

Oshiqqanday jo‘ralar,

“Salom!” – deya Quyoshjon

Tong-sahardan mo‘ralar.

Shu do‘stlikning mehridan

Bahra olamiz barcha.

Bolalar-u kattalar,

Yer, osmon, yana qancha.

Gap ko‘p ekan, bilsangiz,

Inoqlik, ahillikda.

Baraka ham shu yerda,

Beminnat saxiylikda.

Shunday to‘kinlik, to‘qlik,

Shundan chor atrof ko‘rkam.

Kundan-kun yashnab borar,

Mening jonajon o‘lkam.

Dunyo shunday g‘aroyib,

Sirga to‘la tabiat.

Jannatmonand yurtimda

Hayot go‘zal to abad!

 

QUYOSH BIZGA O‘XSHARKAN — Umida ABDUAZIMOVA

Bizga o‘xshar

Yozda qaray olmasdim,

Quyoshga.

Tik qarasam to‘lardi

Ko‘z yoshga.

Qishda boshqacha bo‘lib

Qolibdi,

Bulutlarga o‘ralib

Olibdi.

Issiq kiyimlar kiyib

Yuribman.

Quyoshga tik qarab

Turibman.

Yoqimli xayollarga

Berildim.

Quyosh bizga o‘xsharkan,

Deb bildim.

 

QUYOSH MEHRI — Rustambek Turopov,

Musavvirdek chizar har kun

Dov-daraxtlar andozasin.

Zar qalamda ifodalar

Bosh ko‘targan har novdasin.

Quyosh nurin teng sochadi,

Gul zaminga berib mehrin.

Shabnamlarga jilo qo‘shar,

Ishga solib borki sehrin.

U har safar nur elaydi,

Maysalari tushar terga.

Ma’yus, horg‘in xayrlashar,

Manglayini bosib yerga.

To kechgacha qilib mehnat,

Qizaradi sariq yuzi.

Yaxshiligin minnat etmas,

U osmonning oltin qizi.

 

 

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: