Qish haqida she’rlar to‘plami

Qish haqida she’rlar to‘plami
Telegramda o'qish

Qish va qish fasli haqida saralangan she’rlarni qabul qiling.

Eslatib o’taman, yangi yil haqida she’rlar izlayotgan bo’lsangiz ushbu sahifaga o’ting: Yangi yil bayrami uchun she’rlar to’plami
Yangi yil haqida qo’shiqlar kerak bo’lsa eng saralari ushbu sahifada: Yangi yil bayrami uchun qo’shiqlar to’plami
Yangi yil senariylarini ushbu sahifaga o’tib yuklab olishingiz mumkin: Yangi yil bayrami uchun senariylar to’plami

 

QISH BOSHLANDI — Nurullo Oston

Dov-daraxtlar mizg’igan,

Izg’irin уel izg’igan.

Ko’chalar yaraqlaydi.

Yulduzlar charaqlaydi.

Jamlab barcha kuchini,

Kelmoqda qish qo’shini.

 

QISH YAQIN — Rauf Tolib

Quyonga dedi Ayiq:

— Buncha shoshasan, qiziq?

— Qish kelar qilich qayrab,

Qandoq o‘tiray qarab?

Qish g‘amini yeyapman.

—To‘xta, nima deyapsan?

Qish degani bir kecha…

— Unday emasdir hecham.

— Bir uxlab tursang, bahor!

— Bahorgacha ko‘p gap bor…

Qishli qirovli kunda

Ovqat so‘rayman kimdan?

— Qanaqa qish, ey ahmoq? —

Darg‘azab bo‘lar maymoq.

— Qishdan qo‘rqmaysiz, demak…

  • Gap qaytarma tirmizak.

 

QISH SABOG‘I — Abdurahmon Akbar

Shimimda to’rtta cho’ntak,

Paltomda to’rtta cho’ntak.

Birma-bir kirib chiqar

Bariga ikki qo’lim.

«Kuh-kuh»lab qo’llarimga

Oyimlar koyir andak,

— Shunaqa chatoq bo’lar

Qo’lqop yo’qotish,

O’g’lim!

 

QISH TASBEHLARI — Dilshod Rajab

Qor kiyingan archalar

Oq qalpoqqa o’xshaydi.

Yaltiroq shox-shabbalar

Jez taroqqa o’xshaydi.

Muz qotgan ariqchalar

Zar belbog’ga o’xshaydi.

Sumalaklar — qandillar

Muz chiroqqa o’xshaydi.

Qor ustida qarg’alar

Qora dog’ga o’xshaydi.

Yo oq qog’ozga tomgan

Rang — siyohga o’xshaydi.

Fe’li sovuq izg’irin

Ko’p chatoqqa o’xshaydi.

Quvib solar hammani,

Urto’qmoqqa o’xshaydi.

 

QISHDA — Narimon Orifjonov

Rosa maza qish,

Qorlari — kumush.

Oq kiygan atrof.

Qish havosi sof.

Konki uchamiz,

Hech charchamay biz.

Goho qorbo‘ron

O‘ynab kim chaqqon? —

Bilib olamiz,

Qoyil qolamiz.

 

OPPOQ QISH-EY — Po‘lat Mo‘min

Oppoq qish-ey, oppoq qish,

Eh, qorlari yumshoq qish.

Chana, konki o‘ynatgan,

Quvnoq qish-ey, quvnoq qish.

Dam olmoqda dalalar,

Keng vodiylar, daralar,

Fasl gashti atrofga

Qo‘shiq bo‘lib taralar.

Tarnovlarda sumalak,

Ko‘llar oyna—yaxmalak.

Ayting, ayting bo‘lmasin

Hech kim yo‘lda charxpalak.

Sovuq hazllasharmi,

Yuzlar jizillasharmi,

Goho-goho uchragan

Qo‘rqoqni izlasharmi?

Oppoq qor sut singari

Ona Yerga singadi.

Oftob kelib yaqinroq

Qishning qahrin yengadi.

Oppoq qish-ey, oppoq qish,

Tarqoq qish-ey, qo‘rqoq qish

 

QISHNING ISHI — Nurbek Turmuhamedov

Qoyilman qish ishiga,

Zavq beradi kishiga.

Anhorni muzga qoplab,

Yaxmalak qildi boplab.

Faqat shuni bilmadim,

O‘ylab, o‘yga yetmadim.

Olamga oq libosni

Qanday qilib yopdiykin?

Buncha oq rang, oq nurni

Qanday qilib topdiykin?

 

QISH — Shukur Sa’dulla

Dala-dashtda tindi ish

Mehmon bo’lib keldi qish.

Qish emas, —  qor bobo,

Sovg’alari bor bobo.

Uyda bezog’lik archa,

Tepasida oyparcha.

Xuddi yozday, bahorday,

Iliq kuzgi nahorday.

Qor yog’ar kecha-kunduz,

Suv sovqotib kiygan muz.

Dala-dasht — oppoq gilam,

Qoqib bo’lmas sira ham.

Orom berar qor yerga,

Dam-badam tushib terga.

Kela qolsa gul bahor,

Erib ketar yerdan qor.

 

 

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: