Oshiq kitobxon maktubi – O’qing va qoyil qoling!

Oshiq kitobxon maktubi - O'qing va qoyil qoling!
Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo'lish

Muallifi noma’lum bo’lgan ushbu maktubni o’qib shunchaki qoyil qoldim va sizlarga ilinishga shoshildim.

Salom, “Sevgim-sevgilim”, “Yulduzli tunlar”da oromimni o‘g‘irlagan “Sarviqomat dilbarim”!
Sizga maktub bitishimga “Bo‘rondan kuchli” bo‘lgan otashin “Muhabbat” sababchi bo‘ldi. Mana “Qirq besh kun”dirki tunlarim bedor. Nihoyat, adog‘siz “Xijron kunlarida” sizga ilk bor noma bitayapman…
“Jamila”, yaqinda sizni tush ko‘rdim. Tushimda: ikkimiz “Ufq bo‘sag‘asida”gi “Otamdan qolgan dalalar”da, “Uch ildiz”li azim “Chinor” ostida, “Ufq”qa termulib o‘tirardik. “Yoz yomg‘iri”ga hamoxang “Oq yomg‘ir” shivalab turgan “Go‘zal kecha”… Borliq “Jimjitlik” og‘ushida. Faqat… faqat olisdan “Tushov uzgan tulporlar”ning tuyoq tovushlari-yu, “Oq tulpor”ning hazin kishnashi elas-elas eshitilib turadi.
Biz mana shunday “Ajoyib kunlarning birda”, “Ot kishnagan oqshom” qo‘ynida ahdu-paymon qildik. Qaniydi, mana shu “Tushda kechgan umrlar”im o‘ngimda ham yuz bersa… Qaniydi, siz “Muqaddas” Ganga daryosi uzra “Ishq kemasi”ning timsoli bo‘lgan “Oq kema”da “Baxtlar vodiysi”dan men tomon kelsangiz edi… Keling, men sizni “Saodat sohili”da, “Oq qushlar, oppoq qushlar”ning nafis parvoziga “Mungli ko‘zlar”imni tikib, “Kashmir qo‘shig‘i”ni aytib, “Qiyomat”gacha kutaman.
Mayli, “Yolg‘izlikning yuz yili” meni ado qilsin… “Tungi bog‘lar”dagi xokisor “Lolaqizg‘aldoq” ochilib-so‘laversin… Mayli, “Avlodlar dovoni”ni yoritib turgan “Qo‘shchinor chiroqlari” “O‘tmishdan ertaklar” so‘ylayversin. Men esa “Yillar armoni”ni dog‘da qoldirib, sizni kutishdan charchamayman. Sizsiz men go‘yo ko‘zingizga boqishdan qo‘rqib yashaydigan “Qo‘rqinchli Tehron”dagi mahkumdek, mash’um “Shaytanat” asiri bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Chunki, sizsiz “O‘tkan kunlar”imda xuddi “Mehrobdan chayon” chiqib, bu mahzun “Yurak”ka nish uradi-yu, his-tuyg‘ularim “Urushning so‘nggi qurboni”dek, “Tiyron ko‘zlar”ga taslim bo‘ladi.
Biroq… Biroq, ular shu alfozda ham go‘yo “Kafansiz ko‘milganlar”dek g‘alayon ko‘taradilar. Vujudimdagi “Ruhlar isyoni” esa meni yana va yana siz tomonga boshlaydi. Sizni yodingiz bilan o‘tgan har bir daqiqam esa men uchun “Mangulik”, ya’ni, “Asrga tatigulik kun”dir.
Garchi sizni “Tumarisning ko‘zlari”dek “Qora ko‘zlar”ingiz meni “Zaharli hayot” “Girdob”iga uloqtirsa ham, undagi yoqilib turgan nurlar “Binafsha atri”dek yoqimli.
“Birinchi muhabbatim”! Sizni uchratdimu, “Go‘zal” yuragimda “Latofat do‘konidagi qatl” kabi “Oshkora qotillik qissasi” yuz berdi. Demoqchimanki, “Bolaligim” “Ikki eshik orasi”dan “Umr fanosi”ga rixlat qildi.
Men “Alvido, bolalik” deb, “Balog‘at bekati”da hayot bilan “Yuzma-yuz” kelar ekanman, “Chin muhabbat”siz “Odam bo‘lish qi­yin” ekanligini angladim. Zotan, sevgisiz, muhabbatsiz bu dunyoda yashab bo‘lmaydi… “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”…
“Dunyoning ishlari” ajab, kimdir sevadi, kimdir seviladi. Axir, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” Agar, siz kelsangiz, ikkimiz ISHQ deb atalmish “Ulug‘ yo‘l”da “Qutlug‘ qon”imizni ham fido qilib, bu “Ko‘hna dunyo”da “Layli va Majnun” misol afsona bo‘lib qolamiz. U dunyoda biz qadam qo‘ygan “Bo‘ston” va “Guliston”dagi “Taqdir eshigi” ya’ni, “Jannatga yo‘l” esa bizlarga “Ulug‘bek xazinasi”dan ham ulug‘ bo‘lgan “Oltin devor”li baxt va visol uyini hadya qiladi. O‘shanda bizdagi sevgi degan “Qanotlar juft bo‘ladi” hamda “Adolat manzili”ga yetib, chindan ham “Biz baxtli bo‘lamiz”… Chunki, men sening ko‘zlaringda “Quyoshni ko‘rayapman”…
“Yulduzlar mangu yonadi”gan bu “Nurli ­dunyo”da toki, “Oltin zanglamas” ekan, bizlarning sof muhab­batimiz ham “Abadiyat qonuni” bo‘lib yashayveradi.
“Kecha va kunduz” sizni o‘ylovchi, siz uchun “Ming bir jon”ini ham fido qilguvchi, ishqingizda “Bemor” oshig‘ingni sevgisini qabul eting! “Shirin umidlar”imni “Sarob”ga aylantirmay, “Yoshlikda qo‘ygan ko‘ngil”ni “Burgut changalida” qoldirmay, ozgina “Diyonat” qilib, maktubimga javob xati yozing! Chunki orzu borki, armon bor, “Nur borki, soya bor”, men esa…ishqingiz bilan hayotman.
Agar sizga ko‘ngil qo‘yganimni eshitsa, “Odamar nima derkin?”. Shuning uchun “Oy to‘lgan kechada” uchrashuvga chiqmoqchi bo‘lsangiz “Oydinda yurgan odamlar”dan ehtiyot bo‘ling.Bu xatni Halima enamni “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar”ining bo‘ynidagi “Olmos kamar”iga qistirib, sizga yuboryapman. Siz ham shunday qiling Iltimos,oqshomda “Eski tegirmon” oldidagi “Qadrdon so‘qmoqlar”dan o‘tib, “Qadrdon buloq” bo‘yiga keling Sizni “Tanish teraklar” soyasida yashirincha kutaman

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Izoh qo'shing

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: