O‘qituvchi 1.5 stavkadan ortiq dars o‘tgani uchun undan 20 mlndan ortiq so‘mma jarima sifatida undirilishi to‘g‘rimi?
Savol: Men maktabda 1.5 stavka ishlayman. Bunga qo‘shimcha ravishda bog‘chadan ham 0.25 stavka dars olib, o‘rindoshlik asosida ishladim. Ikkala ish joyimdagi darslar o‘z vaqtida o‘tilgan, bir-biriga halal bermagan.
Yaqinda moliya bo‘limi xodimlari chaqirtirishib, men 20 mlndan ortiq summani davlat budjetiga qaytarishimni, bo‘lmasa ish sudga oshirilishini aytishdi. Meni 1.5 stavkadan ortiq ishlash mumkin emasligi haqida ogohlantirishganda bunday qonunbuzarlikka yo‘q qo‘ymagan bo‘lardim. Mendan shuncha summani undirilishi to‘g‘rimi?
Javob: Mehnat kodeksining 279-moddasiga asosan, ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan, shu jumladan qonunni noto‘g‘ri qo‘llanish oqibatida to‘langan ortiqcha ish haqi qayta undirib olinishi mumkin emas. Hisob-kitobda yo‘l qo‘yilgan xato oqibatidagi ortiqcha to‘lovlar bundan mustasno.
Ya’ni, xodimga texnik xatolik oqibatida ko‘p oylik to‘lab yuborilgan taqdirda u alabatta qaytariladi. Ammo, bu vaziyatda xodimga qonunni noto‘g‘ri qo‘llanish oqibatida oylik maosh to‘lab kelingan. Bu kabi holatlarda ushbu summalarni xodimdan undirib bo‘lmaydi.
❕Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1030-moddasiga ko‘ra, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.
Shu sababli xodimga bunday jarima qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki qonunchilikda bunday jarimlar turining o‘zi mavjud emas. Moliya bo‘limi aytilgan summalarni xodimning ish haqidan ham undirib ololmaydi. Chunki, bu yerda xodimning maoshidan ushlab qolish uchun asoslar yo‘q.
Shu kabi vaziyatlarda xodimga emas, qonunni noto‘g‘ri qo‘llab, davlat budjetiga zarar yetkazgani uchun faqatgina ish beruvchi yoki hisobchiga nisbatan javobgarlik belgilanishi mumkin.
Agar moliya bo‘limi xodimdan ortiqcha to‘langan summalarni undirib olmoqchi bo‘lsa, bu ishni ular faqatgina sudning qarori yoki hukmi asosida amalga oshiroladi xolos. Shunda ham sud jarayonida xodimning ish beruvchiga bergan yolg‘on ma’lumotlari yoki taqdim etgan soxta hujjatlarini asos qilib keltirish kerak bo‘ladi.
Mazkur vaziyatda esa xodim ish beruvchiga yolg‘on ma’lumot yoki soxta hujjat taqdim etmagan. Shunchaki, u qonunchilikni bilmagan holda 1.5 stavkadan ortiq ishlab yuravergan. Shu jixatdan olib aytadigan bo‘lsak, bu masalada xodim ko‘proq haqdor bo‘lib chiqadi.
Mavzuga doir:
O‘qituvchilardan roziligisiz dars soatlari olib qo‘yilishi mumkinmi?
Direktorning 20 soatdan ortiq dars bermayman deyishi to’g’rimi?
O‘qituvchi 30 soat dars olmoqchi, dirеktor esa bunga ko‘nmayapti