Askarlar haqida she’rlar to’plami 14-yanvar uchun

Askarlar haqida she’rlar to’plami 14-yanvar uchun
Telegramda o'qish

14-yanvar Vatan himoyachilari kuni uchun askarlar haqidagi sara she’rlarni qabul qiling.

Eslatib o’taman, saytimizda Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlangan she’rlar bor, ko’rib chiqish uchun ushbu sahifaga o’ting: 14-yanvar vatan himoyachilari kuniga she’rlar to’plami

Shuningdek bizda 14-yanvar kuniga bag’ishlangan sara tadbir senariylari bor, senariylarni yuklab olish uchun mana bu sahifaga o’ting: 14-yanvar vatan himoyachilari kuni senariylar to’plami

 

 

VATAN XIZMATIDA YURGAN O‘G‘LONLAR

Zikrilla NE’MAT

Ahd-vafoni ajdodlardan o‘rgangay –

El-u yurtim degan, ko‘ksi qalqonlar,

Mudom sharaf-u shonga burkangay –

Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.

Yuragida nomus bo‘lar, or bo‘lar,

Mag‘rurlikda lochin bo‘lar, sor bo‘lar,

Orzulari tog‘dek ulug‘vor bo‘lar,

Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.

Bo‘stoniga quzg‘un-zog‘ni yo‘latmas,

Qo‘rg‘onining bir toshin ham qulatmas,

Ichgan qasam, aytgan so‘zidan qaytmas,

Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.

Suvlar kechsa hamki, etik yechmagay,

Yovuzlarning hiylasiga uchmagay,

Jondan kechsa hamki, yurtdan kechmagay,

Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.

Toki bordir, mard, jasur posbonlari,

Musaffodir hur Vatan osmonlari.

Omon bo‘lsin, el fidoyi jonlari –

Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.

 

ASKAR O‘G‘LONGA MAKTUB

Oygul UBAYDULLO

Omonmisan, bolajonginam,

Salomatmi jo‘ra-yu do‘sting?

Tilab menga sabr va chidam

Debsan xatda, “Onajon, kuting”.

Debsan yana, “Olmang xavotir,

O‘zingizni asrang, Onajon!”

Netay, bolam, onaman axir,

Bo‘lgin deyman, doimo omon.

Lovullaydi alanga misol,

Dilginangda Vatan sevgisi.

Yolg‘on aytma, olmagin malol,

Aldamaydi ona sezgisi.

Chegarada tur doim sergak,

Ko‘zlaringni uyqu eltmasin.

Polvon bolam, sen menga kerak,

G‘anim bexos toshin otmasin.

Tinchlik, sog‘lik – Olloh ehsoni,

Asra, bolam, buyuk ne’matni.

Doim senga tilarman, alhol,

Bobolardan meros qudratni.

Muhabbatim bo‘lsin qo‘ldoshing,

Mehrim tanga kuch bo‘lib ensin.

Oldirmagin og‘zingdan oshing,

Dilginamda xavotir tinsin.

Bolam, bugun, anglading, sezding,

Ona yurting joningga payvast.

Oq sutimga roziman, bolam,

Tinchlik tug‘in ko‘tarolding dast.

O‘z burchingni astoydil o‘ta,

Yorug‘ bo‘lsin sen-la yuzimiz.

Kelishingni ko‘p intiq kutib,

To‘rt bo‘lmoqda, bolam ko‘zimiz.

 

HAR BIRINGIZ BIR BUTUN LASHKAR

Rustam MUSURMON,

Jahon bilar alplarning kuchin,

Dunyo guvoh, odamlar shohid.

Vatan – xalqni qo‘riqlash uchun

Chegaralab olingan hudud.

Avlodlarning doim ko‘ngli to‘q,

Ajdodlarning makoni – Vatan.

Bu hududning yomon yeri yo‘q,

Xasi – Vatan, tikoni – Vatan.

Yov lashkarin yengish san’atin,

Shiroq bobom hikoya qilgan.

Qarang, To‘marisning jur’atin,

Yurtni qanday himoya qilgan.

Jangda ba’zan bitta bahodir

Zabt etilmas istehkom bo‘lgan.

Bir qo‘shinni yengishga qodir

Metin bo‘lgan, mustahkam bo‘lgan.

Siz Vatanning sergak posboni,

Ofitsersiz, serjantsiz, askar.

Siz xalqimning harbiy imkoni,

Har biringiz bir butun lashkar.

 

ASKAR QO’SHIG’I (VATANIMIZ XARBIYLARI UCHUN SHE’R) — 14 YANVAR TABRIK SHERLARI

Saflarda qad kerib turgan ey askar,

Bilgil, mardni ko‘rsa, chekinar xatar.

Yurakni, bilakni etgil safarbar,

Gulday diyoringni asra hamisha!

 

Duosi, so‘zlari yodingda tursin,

Nur ingan yuzlari yodingda tursin,

Mehrli ko‘zlari yodingda tursin,

Onaizoringni asra hamisha!

 

Singling bor – tegrangda parvona, halak,

Og‘a-ining esa – mag‘rur, dovyurak.

Chin do‘stlaring bo‘lar yurakka tirgak –

Qatorda noringni asra hamisha.

 

Bir kuni omading, baxting kuladi,

Uying ham, ko‘ngling ham fayzga to‘ladi.

Bolangga munosib ona bo‘ladi –

Intizor yoringni asra hamisha!

 

Vatan – or timsoli, Vatan – nomus, shon,

Nomus bilan aziz sanalgay inson.

Sen oringga qo‘rg‘on, or – senga qo‘rg‘on,

Oringni – boringni asra hamisha!

 

XIZMATDOSH DO’STLARIMGA (ASKARLAR HAQIDA SHE’R)

Orif Tolib

Bir xil yur, deb uqtirar serjant,

Bir xil tur, deb uqtirar serjant.

Uxlar bo‘lsang, tushlaringni ham

Bir xil ko‘r, deb uqtirar serjant.

 

Bir xil tushmas ammo negadir,

Poyma-poydir qadamlarimiz.

Kimdir safdan qolib ketadi,

O‘zib ketar ildamlarimiz.

 

Bir haftami, o‘n kunmi o‘tgach,

Izga tusha boshlar hammasi.

Tarbiyalar bizlarni chanqash

Va toshyo‘lning o‘tdek nafasi.

 

Hayotda-chi, ammo hayotda

Teng tushmaydi aslo odimlar.

Kimlar qolib ketadi ortda,

Ilgarilab ketadi kimlar.

 

Buni o‘nglab bo‘lmaydi hargiz,

Har kim qo‘ldan kelgancha yashar.

Lekin, do‘stlar, shu yurt uchun biz

Bir umrga askarmiz, askar.

 

Mayli, turfa kechsin kunimiz,

Har xil bo‘lsin bizda quvonch, dard.

Ammo shu el, shu Vatanni biz

Birday halol sevmog‘imiz shart!

 

O’ZBEKISTON ASKARI

Nodira Xasanova

Qadamingdan o’t chaqnar

liboslaring yarashar,

Ko’rganlar xavas qilar-

O’zbekiston Askari!

 

Sen o’zo’rning sardori

Ximoyangda yosh-kari

Sergak turgin, charchama,

O’zbekiston Askari!

 

Tomirda qaynoq qoning,

Qadrlidir xar oning,

Oshgay shuxrat va shoning-

O’zbekiston Askari!

 

Ardoqlagin Vatanni

Bag’ishlab jonu tanni

Yo’latmagin dushmanni

O’zbekiston Askari!

 

Ozod yurtim bor, deb ayt

Yuzing yorug ‘bo’lib qaytdi,

Faxr aylab bitgum bayt-

O’zbekiston Askari!

 

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: