Bolalar haqida she’rlar to‘plami

Bolalar haqida she’rlar to‘plami
Telegramda o'qish

Bolalar va bolalik haqida saralangan she’rlarni qabul qiling.

BOLALIK BAXTI — Orif To‘xtash

Ko‘rkam Vatan qo‘ynida,

Ochildi gul-lolalar.

Madh etamiz shodlikni,

Biz baxtiyor bolalar.

Osmonimiz musaffo,

Tiniq otar tongimiz.

Kelajakka nur sochar –

Yolqin misol ongimiz.

Bolalikning sofligin,

Shalolaga qiyoslar.

Baxtimizni kuzatib

Chaqnab ketar quyoshlar.

Ko‘nglimizda hayajon,

Xurramlik – katta boylik.

Bolalikning qadriga

Bolalikda yetaylik!

Yayratadi dillarni,

O‘yin-kulgu, yallalar.

Quvonchimiz har dilda –

Kamalakday ranglanar.

Tinch bo‘lsin Yer kurrasi,

Olov qalblar gurlasin.

Madhiyadir olamga –

Bolalarning «urra»si!

 

HOZIR YOSHIM OLTIDA — Yo‘ldosh Sulaymon

Hozir yoshim oltida,

Katta-kichik oldida

Yurishlarim bo‘lakcha,

Turishlarim bo‘lakcha.

Chunki aqlim kirgan-da,

Uyga mehmon kelganda,

Ko‘zni qilib shamg‘ilat

Olmasman hech shokolad.

Tanish-bilish odamlar,

Akam, ayam, dadamlar

Deyishar:

— Erkatoyim,

Ana shunday bo‘l doim

Katta-kichik oldida,

Axir, yoshing oltida.

 

ISTIQLOL BOLALARI — Orif To‘xtash

Istiqloldan bahra olgan,

Yurt mehrini dilga slogan,

Shodlik kuyin baland chalgan

Biz bolalar, biz bolalar —

Quvnoq o‘g‘il qiz bolalar.

Chaqin chaqnar ko‘zimizda,

Olov borda ko‘ksimizda,

Yolg‘on yo‘qdir so‘zimizda,

Biz bolalar, biz bolalar —

Quvnoq o‘g‘il qiz bolalar.

Vatan — ozod, Vatan obod,

Kelajakka boramiz shod.

Shodon avlod — sog‘lom avlod

Biz bolalar, biz bolalar —

Quvnoq o‘g‘il qiz bolalar.

A’lo o‘qish chin ontimiz,

O‘zbek elin quvonchimiz,

Buyuk Vatan ishonchimiz

Biz bolalar, biz bolalar —

Quvnoq o‘g‘il qiz bolalar.

 

BOLAJON, BOLAJONIM — Po‘lat Mo‘min

Ey, so’zlari biyronim,

Chopqillagan jiyronim.

Erkatoyim, polvonim,

Bolajon, Bolajonim.

Sizlar lola yonoqsiz,

Chin ko’ngildan inoqsiz.

Bulbul-u qarqunoqsiz,

Bolajon, Bolajonim.

Siz kelajak egasi,

Baxt bog’imiz mevasi.

Chamanlarning jilvasi,

Bolajon, Bolajonim.

Tezda o’sib, uningiz,

Shod o’tsin har kuningiz.

Kulib tursin gulingiz,

Bolajon, Bolajonim.

 

BOLALARGA BERING DUNYONI — Ashurali BOYMUROD

Bolalikning bagʻri keng, toza,

Oʻynab-kulsa qanday zoʻr, soz-a.

Soydek joʻshib koʻnglin xoʻp yoza,

Jilovlasin ikki daryoni,

Bolalarga bering dunyoni.

Pur hikmatni oʻrganar sizdan,

Odati shu – yuradi izdan.

Goho kuchli, zehnli bizdan,

Tanib olsin ilm-u ziyoni,

Bolalarga bering dunyoni.

Moʻjizalar qilmoqqa qodir,

Oʻzbek oʻgʻli – bolajon botir,

Yuragida polvonlar yotur,

Maʼrifatdan qurgay binoni,

Bolalarga bering dunyoni.

Yarashadi shirintoyligi,

Begʻuborlik uning boyligi,

Shoʻxliklari gul chiroyligi,

Shodga ulab yer-u samoni,

Bolalarga bering dunyoni.

Oymomodan tushgan kulchalar,

Yertandirda pishgan kulchalar.

Vatan uchun aziz shunchalar,

Dunyo qadar kengdir imkoni,

Bolalarga bering dunyoni.

 

DUNYODAGI ENG YAXSHI BOLA — Zulfiya Moʻminova

Qani oʻsha, qayerda yashar?

Orangizda oʻsha zoʻr bola

Erta tongni salom-la boshlar.

Aʼlo oʻqir hamma fanlardan,

Kitob bilan toʻla xonasi.

Ustoziga rahmat keltirar,

Faxrlanar ota-onasi.

Suratlar chizgan bola,

Ertak toʻqigan bola.

Dunyodagi eng yaxshi bola –

Kitob oʻqigan bola.

 

OʻZBEGIM FARZANDLARI — Xurram Raimov

Oʻsaver, Oʻzbekning asl farzandi,

Purviqor togʻlarga tenglashsin boʻying.

Sozingni qoʻlingdan tushirma zinhor,

Dunyolarni tutsin dilrabo kuying.

Sen qalblar mashʼali, umid chirogʻi,

Bogʻlarda sayragan xandon bulbulsan.

Ertangi kunimiz ishonch chirogʻi,

Chamanda ochilgan bezavol gulsan.

Sen baxtli avlodsan, toza naslsan,

Sen yurt sharafisan, sen elning shoni.

Joʻshib oqayotir tomirlaringda

Ulugʻ siymolarning muqaddas qoni.

Qadamlar qoʻyibsan kelajak sari,

Hali qancha-qancha davron surarsan.

Ezgulik yoʻliga poyandoz toʻshab,

Dunyoni manguga bezab yurarsan.

Oʻsaver, elimning asl farzandi…

 

MUSTAQIL YURT BOLASIGA — Muhiddin Omon

Arjumandim, fozil-u dono,

Faxr etgil-u sen tug‘roga boq.

Davlatimiz ramzidir Humo,

Baxt senga yor, toleing porloq.

Vatanni sev, ardoqla, bolam,

Buyuk ne’mat erur Istiqlol.

Elni sevgan inson mukarram,

Yurt deganda kulgay baxt, iqbol!

Orzuimning gulgun niholi,

Iqbolimning ziyosi, bolam.

Qalbim qo‘ri, umrimning boli,

Lochin qushim, oydin shalolam.

Gulga to‘lsin bosgan qadaming,

Izlaringda ezgulik kulsin.

Faqat shodlik bo‘lsin hamdaming,

Ne tilasang, mustajob bo‘lsin…

 

BEG‘UBOR FASL — Temur Ubaydullo

Yo‘lga chiqdim, yo‘lim olis,

Olis yo‘llar chorlaydi.

Yo‘lim olis, niyat xolis,

Xolis dillar chorlaydi.

Yo‘lni bosib o‘tgunimcha

Qiynar dovul, shamollar,

Bekatimga yetgunimcha,

Daraxt bo‘lur nihollar.

Bir bekatdan yurdim xullas,

Tavsifiga so‘z yo‘qdir,

Uni sevib ardoq etmas,

O‘g‘il yo‘qdir, qiz yo‘qdir.

Bolalikdir uning nomi,

Quyosh bilan oshna u,

Tinim bilmas qaynar oni

Turna ko‘zli chashma u.

…Tabiatni etgan hayron,

Yayroqligim bolalik,

Sho‘x, jarangdor, biyron-biyron

Sayroqligim bolalik.

Bol-u novvot ichra o‘sgan

Qaynoqligim bolalik.

Barcha-barcha jonzot bilan

O‘rtoqligim bolalik.

Shamolga ham bo‘y bermagan

O‘ynoqligim bolalik.

Shodlik to‘la oshufta, sha’n,

Quvnoqligim bolalik.

Bolaligim eng beg‘ubor –

Eng beg‘ubor fasldir.

Bolaligim so‘nmas bahor,

Bahosi yo‘q asldir.

Bolaligim kuylar shirin,

Aylanganmi navoga?

Bolalikning kuyi bugun

Taralmoqda havoga…

Vatanni bog‘ qiyos qilsam,

Unda gul-u lolalar.

Bolaligim endi bilsam

Sho‘x-u shodon bolalar.

Orzusida, xayolida,

Men o‘zimni ko‘raman,

Boqib ular jamoliga

Men o‘zimni ko‘raman.

Ko‘zlarida chaqnar iqbol,

O‘sha mening ko‘zimdir.

Shirin-shakar so‘zlari bol

O‘sha mening so‘zimdir.

Yuzlaridan yog‘ar yog‘du,

O‘sha mening yuzimdir.

Baxtiyordir bolakay bu –

O‘sha mening o‘zimdir.

…Quloq tuting, deyman bu on,

Bolalik so‘zlar chog‘da.

Yuragida orzu, armon

Bir qo‘shiq kuylamoqda:

– Bizlar oqmiz, qoramiz,

Rangimiz turli-tuman.

Lekin asl, saramiz,

Biz-la go‘zal har chaman.

Dunyo bo‘lsa bir uzuk,

Bizlar yoqut ko‘zimiz.

Jahonga bo‘lsin suyuk,

Baxt atalgan so‘zimiz.

Ummonlarning toshqini

Sho‘xligimizcha emas!

Biz – jo‘shqinlar jo‘shqini,

Shamol qiladi havas.

Ulug‘ odam bolasi

Bo‘lmasin desangiz xor,

Otalar tinglang bizni –

Tinchlik bo‘lsin barqaror!

Biz – shodlikning hamdami,

Kerak quyosh, tinchlik – nur!

Kesing terrorning damin,

Yashasin bolalar hur!

Bir niyat bilan tepgan

Dilimizga boqingiz,

Rangimizga qaramang,

Tilimizga boqingiz.

Otalar, o‘ylang bizni,

Bizlar gulmiz, lolamiz!

Bizlar butun yer yuzin

Kelajagi bo‘lamiz!

Bolalik – bu eng beg‘ubor,

Gard yuqmagan fasldir.

Toza ko‘ngil, keng, beg‘ubor,

Niyati sof, asldir.

 

DUNYO BOLALARI — Farid Usmon

Dunyo bolalari

Biri qora, biri oq,

Dunyoning bolalari.

Biri biriga o‘rtoq,

Dunyoning bolalari.

Davra qursa xushchaqchaq,

Dunyoning bolalari.

Bo‘lar bir tizim munchoq,

Dunyoning bolalari.

Do‘stlikni qilib bayroq,

Dunyoning bolalari.

Quyoshga ochar quchoq,

Dunyoning bolalari.

Tinchlikka ochar quchoq

Dunyoning bolalari.

 

BOLALIK — Abdurahmon Akbar

Bolalikda hamma shod,

Bolalikda hamma sho‘x.

Bolalikda hamma sog‘,

Bolalikda kasal yo‘q.

O‘g‘ilmidir, qizmidir,

Bolalikda hamma bir.

Dunyo degani – ko‘cha,

Tog‘larga o‘xshar adir.

Onang – oy, otang – quyosh,

Akang, opang – qarindosh.

Bolalikda ko‘zlardan

To‘kilgan yosh – ermak yosh.

Bolalik – sohira qush,

Yaratganning san’ati.

Go‘zal shodlik, go‘zal tush –

Bu dunyoning jannati.

 

ISTIQLOL BOLALARI — Dilshod Rajab

Istiqloldan bahra olgan,

Yurt mehrini dilga solgan,

Shodlik kuyin baland chalgan

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq o‘g‘il-qiz bolalar.

Chaqin chaqnar ko‘zimizda,

Olov bor-da ko‘ksimizda,

Yolg‘on yo‘qdir so‘zimizda,

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq o‘g‘il-qiz bolalar.

Vatan – ozod, Vatan – obod,

Kelajakka boramiz shod,

Shodon avlod – sog‘lom avlod

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq o‘g‘il-qiz bolalar.

A’lo o‘qish – chin ontimiz,

O‘zbek elin quvonchimiz,

Buyuk Vatan ishonchimiz

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq o‘g‘il-qiz bolalar.

 

DALALARDA O‘SGAN BOLALAR — Go‘zalxon Ergasheva

Kengliklarday bag‘irlari keng,

Ko‘zlarida mehnatning zavqi.

Dehqon xalqim, halolim, pokim,

Tuproqlardan teradi haqqin.

Qo‘shiqlarga to‘ladi dunyo,

Quyosh yaqin kelar yanada.

Bunda baxtning manzili bordir,

Hayot ko‘chib kelgan dalaga.

Ariqlarni to‘ldirib yotar

Suvga tushin aytib qamishnay.

Qo‘ltig‘iga kitob qistirib

Qo‘y boqqani kelgan bolakay.

Bunda bari samimiy, sodda,

O‘zni erkin sezasan biram.

Oftob izhor qilsa sevgisin,

Maysalari yozadi gilam.

Quchoqlasang, sig‘adi osmon,

Yuragingga yulduz oralar.

Dunyolarni tush ko‘rib chiqar

Dalalarda o‘sgan bolalar.

 

BOLALIK – POSHSHOLIGIM — Ayubxon Muhammadiy

Ko‘z oldimdan ketmaydi.

Hayotga oshnoligim,

Bolalikka yetmaydi.

Koptok

Koptok, mana ko‘rasan,

Mashhur bo‘lib ketamiz.

Eng ilg‘or raqibni ham

Besh-u nolga yutamiz.

Yumalayver, ko‘ngil to‘q,

Qo‘nib o‘tamiz oyga.

Aylanaver tengi yo‘q

“Koptok” degan chiroyga.

Niyatim bor, ortingdan

Shon-u sharafga to‘ysam.

To‘xtab qolsang gohida

Ranjima, tepib qo‘ysam.

 

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: