Qabul 2021 Bu yil kirish imtihonlarida qanday o’zgarishlar bor?

Qabul 2021 Bu yil kirish imtihonlarida qanday o’zgarishlar bor
Telegramda o'qish

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Abituriyentlarga davlat grantida o‘qish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat beriladi

Qarorga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi. Shu o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat beriladi.

Buning uchun abituriyentlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlov uchun ustuvorlik sifatida “davlat granti” yoki “davlat granti va to‘lov-kontrakt”dan birini tanlash imkoniyati yaratiladi.

Bunda abituriyent ustuvorlik sifatida davlat grantini tanlasa — dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida;

davlat granti va to‘lov-kontraktni tanlasa — oldingi yillardagi kabi davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tanlagan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ketma-ket tanlovda ishtirok etadi.

Magistraturaga o‘qishga kirish ikki bosqichda amalga oshiriladi

Yana bir yangilik. 2021-2022 o‘quv yili qabulida davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda davlat oliy ta’lim muassasasi tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos fanlar bo‘yicha kirish imtihonlari, ikkinchi bosqichda Davlat test markazi tomonidan chet tili bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Chet tili bo‘yicha tegishli darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar ikkinchi bosqichda test sinovini topshirishdan ozod qilinadi va ularga mazkur fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.

Magistratura mutaxassisligiga mos fanlar bo‘yicha imtihonlar natijalari imtihon o‘tkazilganidan keyin uch kun muddatda davlat oliy ta’lim muassasasi tomonidan idoralararo elektron axborot almashinuv tizimi orqali Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda mazkur muassasaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Abituriyentning chet tili bo‘yicha test sinovidan to‘plagan ballari to‘g‘risida ma’lumot test sinovlari o‘tkazilgan kunning ertasiga hamda magistratura qabuli bo‘yicha tanlov natijalari test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga kirishda majburiy uchta fandan test sinovlari o‘tkaziladi

2021-2022 o‘quv yili qabulidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim sohalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta: ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika, O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Imtiyozga ega abituriyentlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi

Hozirga qadar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari, “Nihol” mukofoti sohiblari, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari, “Tarbiyachi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, “Hamshira” respublika tanlovi g‘oliblari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolari, Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari imtihonlarsiz umumiy qabul parametrlari doirasida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinar edi.

2021-2022 o‘quv yili qabulidan boshlab qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Samariddin Suyunov,
DTM Samarqand viloyati
yetakchi mutaxassisi

Manba: Zarnews.uz

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: