Informatika fani o‘qituvchisi maktab o‘quvchilarga «Coursera» sertifikatini olib bermasa ishdan bo‘shatiladimi?
Savol: Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimi maktabdagi 7-11 sinf o‘quvchilarining barchasiga 100 foiz «Coursera» sertifikatini olib berishimizni talab qilyapti.
Agar maktabda sertifikat olib berilmagan birorta o‘quvchi qolib ketsa, oliygohlarda o‘qiyotgan talabalarni bizning o‘rnimizga ishga olish to‘g‘risida maktab direktoriga topshiriq berilar ekan. Ularning xatti-harakati qonuniymi?
Savolga Ulug’bek Po’latov quyidagicha javob berdi:
Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan berilgan ushbu topshiriq mutlaqo asossiz. Chunki o‘qituvchining lavozim majburiyatlarida bunday qoidalar qayd etilmagan.
«Coursera» o‘quv kursi haqida o‘quvchilarga targ‘ibot ishlari olib borilishi mumkindir, ammo ularga informatika fani o‘qituvchisi tomonidan «Coursera» sertifikatini olib berish topshirig‘ining berilishi shaffoflik tamoyilini buzadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimining ushbu xatti-harakati pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish deb baholanishi mumkin.
Bu esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Ushbu jarima miqdori hozirgi kunda 33 million so‘mdan 49 million 500 ming so‘mgacha etib belgilangan.
Shuni ham alohida qayd etib o‘tish joizki, uchinchi shaxslar aralashuvi orqali xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga urinish mehnat qonunchiligi normalariga ham zid hisoblanadi. Buning uchun ham qonunchilikda alohida javobgarlik belgilangan.
Agar informatika fani o‘qituvchilariga shu kabi topshiriqlar berilsa, asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etgan holda hududiy bandlik bo‘limlariga murojaat qilishlari so‘raladi.
Mavzuga doir:
O‘qituvchilar uchun hujjatlar. Barcha hujjatlar to‘plami
Ayrim o‘qituvchilar sertifikatlari soxta bo‘lsa barcha pedagoglar ustamalari to‘xtatiladimi?