Badiiy did tarbiyasi

Badiiy did tarbiyasi
Telegramda o'qish

Har qanday asarning umrini va saviyasini belgilovchi hakam — kitobxon. Biroq kitobxonlar ijtimoiy qatlam sifatida turfadirlar. Ular yoshi, kasbi, jinsi, dunyoqarashlari, badiiy-estetik didlari, boshlang’ich va umumiy adabiy-nazariy bilimlarga ega ekanligiga ko’ra farqlanadilar.

Kitobxonlarning yirik auditoriyasi yoshlar, jumladan, talabalar va o’quvchilar sanalishi, ularning har qaysisi o’z badiiy ehtiyoji va ko’ngil istagidan kelib chiqib, kitob mavzusi, hatto, muallifini saralab mutolaa qilishi bor gap. “Kitobxon” dunyoga qanday keladi? Deylik, bolaga ota-ona tomonidan oilada targ’ib qilinishi, maktablarda o’qituvchilar tomonidan g’oya ko’rinishida singdirilishi yoki umumiy qiziqishlari o’xshash tengdoshlar orasida o’z-o’zidan va asta-sekin yuzaga kelishi mumkin. yoshlarning tafakkur chanqog’ini qondirish istagi o’laroq kitob mutolaasiga tutinishi va bu holatning “oddiy qiziqish” ko’rinishidan doimiy talab va badiiy ehtiyojga aylanib borishida “yaxshi asar+estetik tafakkur+badiiy did” birlashmasi muhim omil bo’lib xizmat qiladi.
Bugungi yoshlarimizning badiiy didlari tarbiyasi, shubhasiz, ona yurtimizning buguni va ertasiga, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlariga, jamiyat ma’naviyatini yuksaltiradigan, ezgu ishlarga qalban safarbar turadigan odob-axloqli yoshlarni tarbiyalashga o’z ta’sirini o’tkazmay qolmaydi. Badiiy didni, tafakkurni kitob, ya’ni badiiy asar yuzaga keltirar ekan, barcha yoshdagi kitobxonlarning qanday asarlarning mutolaasiga tutinganligini ham qisman nazoratga olish lozimmikin, deya o’ylab qolasan kishi. Endilikda mualliflar ham, asarlar va ularning janr, mavzu ko’lami ham, kitoblarning adadi ham salmoqli. Ammo ularning barchasi

“o’qimoqg’a keraklik, o’rganmakka yarog’liq”(Rabg’uziy iqtibosi)

mikin?
Insoniyatni bunyodkorlikka ham, buzg’unchilikka ham quvvatlantirishi mumkin bo’lgan asarlar ham yo’q emas. Zero, biror asardan qattiq ta’sirlangan yoki sevimli muallifining uslubiga mukkasidan tushib qolgan kitobxon beixtiyor ma’lum obrazning xayoli bilan yashab qolishi, “men”iga yaqin tortgan personajiga taqlid qilishi, uning obraziga kirish istagi bilan o’sha ijobiymi, salbiymi, qat’i nazar, “qahramon”ning ahvol-ruhiyasidan, hayot tarzidan andoza olishi mumkin. Bu murakkab psixologik jarayon bo’lib, ong va ongosti qatlamlarida tizginsiz kechadi. Asarlarga qaytsak, to’qib-bichilgan urf-odatlar, noo’rin xatti-harakatlar, jinoyat olami personajlari nutqidagi jargonlar va beandisha leksik vositalar, beparda badiiy to’qimalar va fahsh elementlari, muxtasar qilib aytganda, buzg’unchilik g’oyasi bilan yo’g’rilgan badiiy asar voqealari hamda qahramonlariga taqlidning real hayotda ham yuz bermasligiga kafolat bormi?!

“Dunyoni go’zallik qutqaradi” (F.M. Dostoevskiy)

deyishgan. Go’zallik qalbga ko’chmas ekan, jonsiz buyum kabi hissiz va nafsiz.

Asliddin JARKINOV,
Zarafshon shahar 2-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: