Anqarada Muhammad al-Xorazmiy sharafiga yodgorlik o‘rnatildi

Anqarada Muhammad al-Xorazmiy sharafiga yodgorlik o‘rnatildi

3-mart kuni mamlakatimizning Anqaradagi  elchixonasi tashabbusi bilan Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti – TURKSOY hamda Anqara shahar munitsipaliteti bilan birgalikda «Xiva — turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro dasturi doirasida Turkiya poytaxtida Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tantanali ochilish marosimida Turkiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermonov, mamlakatimizmiz elchisi Alisher Aʼzamxo‘jayev, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi o‘rinbosari Bilol Chaqichi, Turkiya Buyuk Millat majlisidagi “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Osman Mesten, Anqara  shahar Kechio‘ren munitsipaliteti hokimi Turg‘ut Oltino‘q, Anqara gubernatorligining Kechio‘rendagi vakili Urgut Bulut,  shuningdek, mamlakat ilm-fan va madaniyat doiralari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Al-Xorazmiy yodgorligining Anqara shahrida o‘rnatilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida TURKSOY tomonidan eʼlon qilingan «Xiva – turkiy dunyoning madaniy poytaxti» xalqaro dasturi doirasida amalga oshirildi.
Tadbirda  O‘zbekiston elchisi Alisher Aʼzamxo‘jayev Muhammad Muso Al-Xorazmiy insoniyat tarixi va tamaddunida alohida o‘rin tutgan buyuk shaxslardan biri ekanini taʼkidladi. Xorazmiy merosi O‘zbekistonning, turkiy dunyoning bashariyat tarixida muhim o‘rin tutganini namoyish qilib turadi. Ushbu haykalning «Xiva – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro dasturi doirasida Anqarada ochilishi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xorazmiy algebra fanining asoschisi hisoblanadi. “Algebra” so‘zi uning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala» nomli risolasidan olingan. Uning arifmetikaga oid risolasi hind raqamlariga asoslangan bo‘lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o‘nlik pozitsion hisoblash tizimi va mazkur tizimdagi amallarning xalqaro ko‘lamda tarqalishiga sabab bo‘ldi. Olimning “al-Xorazmiy” nomi esa “algoritm” shaklida fanda abadiy o‘rnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari esa dunyoda shu yo‘nalishda o‘nlab kitoblarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning “Zij”i G‘arb va Sharq mamlakatlarida astronomiyaning rivojlanish yo‘lini ko‘rsatib berdi
Al-Xorazmiy sharafiga Turkiya paytaxtida yodgorlik o‘rnatilishida ramziy maʼno bor. Chunki shahar qadimdan Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani tufayli bu yerda ilm-fan va madaniyat asrlar davomida rivojlanib kelgan.
Yodgorlik Anqara shahrining Kechio‘ren tumanidagi mashhur bog‘lardan biri — «Jo‘ka vodiysi» (Ihlamur Vadisi») hududida o‘rnatildi. Turkiya poytaxtidagi mazkur so‘lim bog‘ mahalliy aholi va mamlakat mehmonlarining sevimli maskani hisoblanadi. Bog‘ 2016-yilda qayta taʼmirlanibdan shakllantirilgan bo‘lib, 4,5 kilometrlik sunʼiy kanal atrofida joylashgan saylgoh sifatida sayqallangan.
Bog‘da, shuningdek, masjid, sport mashg‘ulotlari uchun maxsus maydonchalar va boshqa qulayliklar yaratilgan. Anqara munitsipaliteti va O‘zbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan hamda o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan yuritilayotgan “Farg‘ona” nomli qahvaxona ham shu yerda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu maskanda ijtimoiy-ommaviy, madaniy tadbirlar tez-tez o‘tkazib turiladi.
Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Anqarada “O‘zbekiston” nomli 3 ta, “Toshkent” deb yuritiluvchi 12 ta, “Samarqand” nomli 8 ta va “Buxoro” deb ataluvchi 11 ta ko‘cha mavjud.
Kechio‘ren tumanidagi mashhur bog‘da qad rostlagan Muhammad al-Xorazmiy yodgorligi esa O‘zbekistonning buyuk ilm-fani va merosini targ‘ib etuvchi  navbatdagi obyektlardan biri bo‘ldi.
Muhammad al-Xorazmiy yodgorlikgining rasmiy ochilish marosimidan so‘ng O‘zbek milliy kiyimlari ko‘rgazmasi va «Mendirman Jaloliddin» filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ
Комментарии: 1
  1. Mardon

    Qiziqarli maqolalar kop. Ishlarizga rivoj tilayman

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: