Keyingi paytda yetimning boshini silab, savob topish o‘rniga oilalar buzilib, tirik yetimlar ko‘payib, o‘z farzandlarini ta’minlamayotgan va otalar uchramoqda.
Xo‘sh, mana shunday holatda shariatimiz hukmlariga ko‘ra, bolalarni kim ta’minlashi kerak? Bolani o‘zi bilan olib ketgan onami yoki boladan ajralgan otami?
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
“…Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir…” (Baqara surasi 233-oyat).
Bu oyat taloq oyatlaridan keyin kelgan bo‘lib, oyatda bolaning onasi haqida gap ketgan bo‘lsa ham (ya’ni, taloq qilingan xotin bolani emizib turgani uchun, er uni yedirib-ichirib, kiyintirib turadi), bu o‘rinda bolani ta’minlash kerakligi xotinni ta’minlashdan ham ko‘ra ustunroq turadi.
“Muxtasarul viqoya” kitobida “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo‘lmaydi (ya’ni, yordam bermaydi)”, deyiladi.
Demak, hozirgi kunda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlash shar’an uning burchidir. Alloh taolo barchamizni o‘z zimmasidagi burchlarni to‘liq bajaruvchi bandalaridan qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati.
Manba: Zarnews.uz