Tafsir ilmining ahamiyati

Tafsir ilmining ahamiyati

Qur’oni Karim oyatlarining ma’nolarini fahmlash va uni tafsir qilib, o‘zgalarga ochiqlab berish shunday buyuk fazilatki, bu fazilat Alloh xayr berishni iroda qilgan baxtli kishilargagina nasib bo‘ladi.

Bu ummatning dengizi va buyuk din olimi degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu Qur’oni Karimni tafsir va ta’vil qilishda o‘z davrining har qanday vakilidan oldinlab ketib, peshqadam bo‘lgan va Qur’on tarjimoni degan nom bilan shuhrat qozongan.
Mazkur ulug‘ sahobiy o‘smirligidayoq Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak nazarlariga tushib, U zotning duoyu tavajjuhlaridan bahramand bo‘ladi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam uning haqqiga ey Alloh, uni dinni tushunadigan qilib qo‘y va unga ta’vilni o‘rgat! , deb duo qilgan edilar.
Ads by RedDigital
Mazkur duoning ijobati o‘laroq kelajakda Alloh taolo yosh sahobiy Abdulloh ibn Abbosni O‘z kalomining sir-asrorlarini tushunadigan qilib qo‘ydi va bu zot yuqorida aytilganidek, Qur’onning tarjimoni degan ulug‘ unvonga noil bo‘ldi.
Agar dunyoda tafsir ilmidek sharafli bir ilm yo‘q, desak, sira ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero, tafsir ilmi orqali olamlar Rabbisining kalomi tushuniladi. Shu ilm orqali Parvardigor bilan suhbat quriladi. Bu ilm Allohning so‘zlarini tadabbur qilishga yordam beradi. Tafsir ilmida kitob yozganlarning eng buyugi bo‘lmish Imom Tabariy rahimahulloh shunday degan edilar: Qur’oni Karimni o‘qib, qori bo‘lib, lekin Uning ta’vilini bilmaydigan insondan ajablanaman. Bu ahvolda u qanday qilib o‘qiyotgan narsasidan lazzat olarkin?! . Ha, Qur’on o‘qishni bilib, tafsiridan, unda yashiringan xazinayu dafinalardan, undagi maknun sir-asrorlaridan bexabar bo‘lgan inson juda ko‘p lazzatdan bebahra inson bo‘ladi.
Tafsir fani ilm tolibi va qolaversa barcha musulmonlarning eng birinchi o‘rinda ahamiyat qaratishi lozim bo‘lgan ilmlardan biridir. Zero, har qanday ilmning sharafi o‘sha ilm orqali bilinadigan va o‘rganiladigan narsaning sharafiga bog‘liqdir. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, tafsir ilmi hamma ilmlardan muqaddam va hammasidan ustun ekanligiga amin bo‘lamiz. Zero, Islom dinidagi barcha ilmlar, barcha fiqhiy va shar’iy bilimlar, botiniyu zohiriy ilmlar, latoifu favoidlar, nafs tarbiyasi, odobu axloq, ijtimoiy xulqlar, muomalotu munosabatlar, aqoidu tavhid bilimlari, barcha-barchasi aslida mana shu Qur’oni Karimdan chiqib keladi, unga qaytadi va undan taraladi.
Kimki, tafsir bilimini o‘rganish va Qur’oni Karimni tafsir qilishga bel bog‘lagan ekan, bu ilm uni dindagi barcha ilmlarni egallashga yetaklaydi. U istasin, istamasin arab tilining fasohatu balog‘atini chuqurroq fahmlashga majbur bo‘ladi, arab tilisini mukammallashtirishga ehtiyoj sezadi va bu borada o‘z ustida ishlaydi, fiqh va uning usullari bilan tanishadi, oyati karimalardan muhkamu mutashobeh, nosixu mansux, omu xos, mutlaqu muqayyad va hokazolarni o‘rganadi. Chunki, bularning bari Qur’oni Karim o‘z ichiga olgan narsalardandir.
Shunday qilib, mufassir to Qur’oni Karimni to‘liq tafsir qilguncha boshqa necha-necha kitoblarga murojaat qiladi. Natijada bu jarayon so‘ngida uning o‘zi ham ilmda yetuklik darajasiga yetadi. Ilmda qadami sobit bo‘lgan, Alloh taolo ilmda sobitqadam bo‘lganlar esa … (Oli Imron surasi: 7-oyat), deya sifatlagan zotlar qatoriga qo‘shiladi.
Ha, Tafsir ilmi insonni tom ma’noda olim qiladigan va dindagi boshqa barcha ilmlarni ham egallashiga turtki bo‘ladigan ilmdir. Imom Ibn Abdul Barr rahimahullohning quyidagi so‘zlari ham so‘zimizning yorqin dalilidir. U kishi shunday deydilar: Ilmning avvali Allohning kalomini hifz qilib, Uning ma’nolarini tushunmoqdir. Allohning kitobini fahmlashga yordam beradigan boshqa barcha narsalar ham shu ilm qatorida vojibdir .
Shuning uchun ham tarix va kunimizga nazar solsak, Qur’oni Karimni tafsir qilgan olimlar boshqa ilmlarda ham peshqadam bo‘lganliklarining guvohi bo‘lamiz. Misol tariqasida, ma’sur yo‘nalishdagi tafsir sohasida birinchilardan bo‘lib mukammal kitob tasnif etgan zot, Mufassirlar peshvosi bo‘lmish Imom Tabariy rahimahullohni oladigan bo‘lsak, muarrixlar u kishini o‘z asrining biror kishisi teng kela olmaydigan ilm sohibi bo‘lganligini qayd etadilar. U zot Tafsir, hadis, fiqh, tarix va bir qancha ilmlarning bilimdoni edilar. Va ham hofizi Kalomulloh edilar. Qur’on oyatlarining ma’nolarini daqiq joylarigacha tushungan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini biluvchi, uning sog‘lom va zaifi, nosix va mansuxini ajratuvchi olim edilar. Bundan tashqari sahobalar va tobeinlardan va ulardan keyingi ulamolardan eshitilgan rivoyatlarni va ular o‘rtasidagi hukmlardagi muxoliflarni ham biluvchi kishi edilar. Abul-Abbos ibn Surayj rahimahulloh aytadilar: Muhammad ibni Jarir faqih olimdir . Imom Tabariy rahimahulloh tafsir ilmida Tafsir ilmining otasi degan nomga sazovor bo‘lganlar. Xuddi shuningdek tarix ilmida ham ushbu buyuk nomning egasidirlar.
Shuningdek, boshqa mufassir ulamolar ham shunday yetuk olimlar bo‘lishgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni Islom dining qomusiy olimlari deb atasak yanglishmagan bo‘lamiz. Masalan, Jassos nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Bakr Roziy bu kishi katta faqih olim bo‘lishlari bilan bir qatorda ahkomu-l-Qur’on degan mashhur bir tafsir yozganlar.
Yoki buyuk vatandoshimiz Imom Abul-Barakot Nasafiyni olaylik. Bu zot fiqh, aqoid va boshqa bir qancha bilimlarda peshqadam bo‘lishlari bilan bir qatorda yozgan asarlarining gultojisi o‘laroq madoriku-t-tanzil va haqoiqu-t-ta’vil kitobini yozdilar. Bu sirani ancha davom ettirish mumkin. Imom Zamaxshariy, Ibn Kasir, Bayzoviy, kabi mufassirlarning Islomiy ilmlarning qariyb barchasida qalam tebratgan peshqadam insonlar ekanligi ko‘pchiligimizga yaxshi ma’lum.
Islomiy bilimlarning deyarli barchasida qalam tebratgan, fiqh va uning usullari, zamonaviy masalalar, ulumul-Qur’on va boshqa fanlarda ham dasti baland bo‘lgan zamondosh allomalardan Vahba Zuhayliyning at-tafsiyru-l-muniyr , Ali Sobuniyning sofvatu-t-tafasiyr , Abdulhamid Mahmud Tahmozning at-tafsiyru-l-mavzu’iy , Muhammad Mutavalliy Sha’roviyning xovaatir havla-l-Qur’ani-l-kariym , Muhammad Sayyid Tantoviyning at-tafsiyru-l-vasiyt kabi Islomiy kutubxonani bezab turgan g‘oyat bebaho kitoblarini tilga olishimiz mumkin.
Mazkur allomalarning barchasi nafaqat tafsir ilmida balki, boshqa ko‘plab shar’iy bilimlarda peshqadam bo‘lganlar. Va yozgan tafsirlari o‘z egallagan bilimlarining hosilasi o‘laroq maydonga kelgan.
Biz zikr qilganlar tafsir ilmiga oid asar yozgan ko‘plab allomalarning ozginasi bo‘lib, aslida ular dengizdan bir tomchi xolos. Holbuki, deyarli barcha ulamolar tafsir ilmiga u yoki bu miqdorda yondashganlar, mukammal bo‘lmasada Qur’oni Karimning ma’lum bo‘laklarini ochiqlab, sharh qilgan ulamolar juda ham ko‘p bo‘lgan. Yoxud tafsir ilmini mukammal o‘rgangan bo‘lsada bu sohada alohida kitob tasnif etmagan ulamolar ham ko‘p bo‘lgan.
Qur’oni Karimni tafsir etishdek buyuk ne’mat nasib qilgan ko‘plab ulamolar bu ishlarini o‘z ilmiy hayotlarida qoldirayotgan asarlarining eng sarasi va gultojisi sifatida e’tibor qilganlar va bundan behad baxtiyor ekanliklarini yashirolmaganlar.
Qur’oni Karimni tafsir qilish shu qadar baxt ekan, va bu ne’mat ko‘plab bilimlarni o‘zida mujassam qilgan zotlarga nasib bo‘lgan ekan aytish joizki, bunday baxtni Alloh taolo bir necha zamondosh va vatandosh ulamolarimizga ham nasib etgan. Jumladan, ularning avvalida marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini tilga olishimiz mumkin.
O‘zbekiston xalqi istiqlol ne’matiga musharraf bo‘lgan bir paytda bu zot birinchilardan bo‘lib, Qur’oni Karimni tafsir qilishga bel bog‘ladilar. Va o‘z kitoblarini osmonga yangi chiqqan nozik hilolga mengazatib tafsiri hilol deya nomladilar. Bundan maqsadlari va aytmoqchi bo‘lgan risolalari shundan iborat ediki, bu tafsir bu o‘lkada yozilajak tafsirlarning kichik bir debochasi bo‘lsin va kelajakda mendan boshqalar to‘lin oy kabi mukammal tafsirlar yozishsin! .
Tafsir ilmining ahamiyati haqidagi kichik bahsimizni Ibn Atiyya rahimahullohning quyidagi go‘zal so‘zlari bilan yakunlamoqchimiz. U kishi aytadilar: O‘zim uchun hayotimda asqotadigan biror ilmni tanlab olib, uning nurini qabrimning zulmatini yoritish uchun tayyorlab qo‘yajagim narsa haqida bosh qotirdim. Barcha fanlarni turlarga ajratib, birma-bir taqsimlab chiqdim. Ularga tiyran nazar soldim, tafakkur qildim. Va bildimki, ilmning sharafi o‘sha ilm orqali bilinadigan narsa sharafining miqdoru ko‘lamiga bog‘liq ekan. Shunda ularning arqoni eng pishig‘i, tog‘lari eng mustahkami, asarlari eng go‘zali va nurlari eng porlog‘i Alloh taolo kitobining ilmi ekanligini anglab yetdim, qaysiki, Uning oldidan ham, ortidan ham botil yaqin yo‘lolmas, U Hikmat sohibi va maqtov sohibi bo‘lgan Zot tomonidan nozil qilingan. U Sunnatni ham, farzni ham o‘z ichiga olgan ilmdir. Va uni samoning amiyni-omonatdori Yerning amiyniga olib tushgandir. U shunday ilmki, Alloh uni shariatning asosi, tirgagi va mohiyati qilib qo‘ydi, boshqa barcha bilimlarni esa unga xizmat qiluvchi xodimlar qilib berdi .

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: