Ota-ona farzand tomonidan eng yuksak e’zozu hurmatga sazovar bo‘lgan insonlardir.
Bu haqida oyatu hadislar ko‘p. Halqimiz o‘rtasida keng tarqalgan “Ota rozi –xudo rozi” degan hikmat ham shundan kelib chiqqan. Zero, hadisi sharifda “Jannat onalar oyog‘i ostidadur” deyilgan.
Har bir ota-ona unsin, o‘ssin, tezroq katta bo‘lsin deb o‘zini o‘tga, suvga uradi, o‘zi yemay farzandiga yediradi, o‘zi durustroq kiymay farzandiga kiydiradi, oq yuvib, oq taraydi. “bolam tezroq katta bo‘lsa qiyinchiligim esdan chiqadi” deya o‘y qiladi. Ammo farzand ko‘pincha ota-onaning o‘ylaganiday bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday deyilgan “Uch narsa bor, kimda u bo‘lsa Alloh taolo unga rahmat nazari bilan qaraydi va jannatga kirgizadi. 1.Zaifga mehribon bo‘lish; 2.Ota-onaning duosini olish; 3.Qo‘l ostidagilarga yaxshilik qilish”.
Ota-ona duosi… bundan yaxshiroq mukofot bormikan yaxshi farzand uchun? Ota-onalarning sidqidildan qilgan duolari – o‘g‘il qizlarining uzoq umri, baxtu-saodati, iqbol-kamolini tilab qilgan duolari cheksiz. Astoydil yurakdan aytilgan bu iltijolarning amalga oshishi shubhasiz. Zero qaysi bir farzand ota-onasini e’zozlab, hurmatini qilib diliga surur – shodlik baxshida aylasagina, ularning holisona duolariga sazovor bo‘ladi. Keksalarni ayniqsa, padari buzrukvorlari va volidai muhtaramalarining va ko‘ngillariga xushnudlik yetkazishni istagan farzand elu-yurtiga ham sadoqatli bo‘ladi. Chunki ota-onalar o‘z o‘g‘il qizlari-yu, nabira-evaralarining ehtiromu-izzatlarini ona Vatanga muhabbatda ham ko‘radilar. Diyoriga, eliga nonko‘rlikni ular aslo kechirmaydilar. Ha, ota-ona duosiga musharraf bo‘lish uchun ularga har jihatdan munosib bo‘lmog‘imiz zarur.
Xalqimizning sevimli kitoblaridan “Qobusnoma”da shunday hikmat bitilgan “Odam mevaga, ota-ona daraxtga o‘xshaydir. Daraxtni har qancha yaxshi tarbiyat qilsang, mevasi shuncha yaxshiroq va shirinroq bo‘lur. Ota-onaga izzat va hurmatni qancha ko‘p qilsang ularning duosi shuncha tezroq mustajob bo‘lur”. Shunday ekan bu ulug‘ zotlarga izzat-hurmatni biron lahza ham unutmaslik – har bir farzandning insoniylik burchidir.
Ayni vaqtda boshqa keksalar – qarindoshu begonalarning ham duolarini olish har qaysi yoshning muddaosi bo‘lishi zarur. U orzuga yetishishning asosiy yo‘li esa har bir keksa otaxonu-onaxonning hurmatini joyiga qo‘yish salomini kanda qilmaslik, yumushlari bo‘lsa bajonidil yordam ko‘rsatish, shirin so‘zlar bilan ko‘ngillariga orom bag‘ishlashdir. “Qariyalarni hurmat qilg‘il, ular haqida behuda so‘z demag‘il, ularning oldida odob va miskinlik bilan so‘zlagil” – deb nasihat qilingan “Qobusnomada”. Binobarin, keksalar oldida hamisha odob saqlash, kamtar bo‘lish, ular haqida hech qachon behuda so‘z aytmaslik, qariyalarni hurmat qilish shartlaridandir.
Hamisha nuroniy otaxonu-onaxonlar oldidan, salom berib o‘tar ekanman ularning yuzlariga nur balqiganini ko‘raman. Birgina “Assalomu alaykum” iborasida chehralari yorishib, dillari yayrab ketadi. “Va alaykum assalom, baraka toping, sizni tarbiyalagan ota-onangizga rahmat! Doimo sog‘ bo‘ling” — deb duo qilib qolishadi. Birgina salomimga shuncha minnatdorchilik, shuncha duo. Demak, shu birgina salom bilan keksa bir insonning diliga hushnudlik yetganidan ko‘nglim yayraydi. Shunda ba’zi yoshlarning otaxonu-onaxonlarimizga salomini ravo ko‘rmayotganini guvohi bo‘lib afsuslanaman. Shuncha duo, shirin so‘z, pokiza tilaklardan benasib qolayotganlarni ko‘rib achinasan goho.
“Oltin olma, duo ol, duo oltin emasmu?”-deydi dono xalqimiz. Nuroniy bobo-yu-momolar duosini olish inson uchun qanchalik baxt.
Azizlar! Ota-onalarimiz, mahalla kuydagi barcha keksa nuroniylar duosini olaylik. Muborak istaklar nuri bilan yo‘g‘rilgan bu duolar barchamizga ezguliklar, baxtu-iqbol keltirsa ajab emas. Shunday ekan, bu dunyo-yu u dunyoda Allohning roziligi, farovon turmushni istagan har bir o‘g‘il-qiz umr boricha bu ulug‘ va mukarram zotlarning xizmat va hurmatlarini qilishi lozimdir. Barchamizga ota-ona xizmatini qilib, duosini olish, bu orqali Allohning roziligini topish nasib etsin.