Birinchi shifoxonani kimlar ochganini bilasizmi?

Birinchi shifoxonani kimlar ochganini bilasizmi

Musulmonlarning tibbiyotga qo‘shgan eng katta hissasi birinchi bo‘lib shifoxonalar tashkil etganligidir. Qariyb 900 yil oldin musulmonlar diyorida kasalxona ochilgan.

Birinchi shifoxona xalifa Valid ibn Abdulmalik davrida faoliyat yuritgan. Bu shifoxona moxovlar uchun edi (Tabariy. “Tarixi umam val muluk”).
Oradan 900 yildan ko‘p vaqt o‘tgachgina Parijda birinchi Yevropa kasalxonasi ochildi. Islom o‘lkalarida shifoxonalarning ba’zilari ko‘chma, ba’zilari muqim faoliyat ko‘rsatgan.
Shifoxonalar “bemoriston” deb nomlangan, ular meditsina universiteti vazifasini ham bajargan. Barcha shaharlarda shifoxonalar bor edi, ko‘chma shifoxonalar chekka hududlarga xizmat ko‘rsatgan. Ularni tuyalarga ortib yurishgan. Sulton Mahmud Saljuqiy (hijriy 511-525 yillarda) hukmronlik qilgan davrda qirqtalab tuyalar shifoxona asbob-uskunalari ortilgan yuklarni ko‘tarib yurgan. Ko‘chma shifoxonada bir nechta tajribali tabiblar ishlagan (Ibn Qaftiy. “Tarixi hukamo”).
Katta shaharlarda joylashgan shifoxonalar yuqori saviyada bo‘lgan.
Mashhur shifoxonalar sirasiga Bag‘doddagi “Azudiya” (hijriy 371 yil), Damashqdagi “Nuriy” (hijriy 549 yil), Qohiradagi “Mansuriy” shifoxonalarini (hijriy 683 yil) kiritish mumkin. Qurtuba (Kordoba) shahrining o‘zida ularning soni ellikdan ortiq bo‘lgan (Mahmud Xoj. “Musulmonlar tibbiyoti”).
Shifoxonalar turli bo‘limlardan: jarrohlik, teri kasalliklari, ko‘z kasalligi, suyak sinishi kabi bo‘limlardan tashkil topgan. Tabib shogirdlari bilan kasallarni ko‘rib, tashxis qo‘ygan, talabalar bevosita davolash jarayonida ishtirok etgan.
So‘ngra ustoz katta xonaqoda ularga ma’ruza o‘qigan. Shifoxonalarda kutubxonalar mavjud bo‘lib, tibbiyot adabiyotlari bilan birga, fiqh kitoblari ham bo‘lgan. Qohirada joylashgan “Ibn Tulun” shifoxonasida 100.000 dona kitob bo‘lgan ekan. Shifoxona atrofidagi katta ekin maydonida muolajalar uchun zarur giyohlar ekilgan.
Shifoxonalarda kasallik yuqishining oldini olish uchun tartib joriy qilingan. Kelgan bemorning kiyimi yechilib, unga maxsus libos berilgan. Bemor o‘ziga xos palatada davolangan, uning boshqa palatalarga kirishi ta’qiqlangan. Har bir kasalga alohida idish-tovoq, karovat, ko‘rpa-to‘shak berilgan. Bu hozirgi “Gigiyena qoidalari”ga aslida musulmon o‘lkalarida asos solinganiga ishora.
Parijda birinchi ochilgan shifoxona musulmonlarnikidan tubdan farq qilgan. Kasallar dardi har xil bo‘lsa-da, bitta palatada davolangan. Bir necha bemor bitta karovatda uxlagan. Xona shu darajada hidlanib ketar ekanki, tabib va hamshiralar xonaga burunlarini berkitib kirishgan. Bemor o‘lib qolsa, bir kungacha xonada qolib ketar ekan hatto! (Mustafo Sabaiy. “Min ravon’ hazoratina”).
“Azudiya” shifoxonasi hijriy 371 yil Bag‘dodda Azududdavla ibn Buvayh tomonidan bunyod etilgan bo‘lib, dastlab 24 nafar tabib xizmat ko‘rsatgan. Keyinchalik ular soni ko‘payib, katta kutubxona tashkil qilingan. Shifoxonada 24 soat davomida xizmat ko‘rsatilgan.
Ibn Jubayr ajoyib bir holatni hikoya qiladi: u hijriy 580 yilda Bag‘dodga qilgan safarida bog‘-rog‘lar bilan o‘ralgan mahallaning markazida go‘zal bir qasr bo‘lib, kasallarga vaqf qilingandi. Bular kelib bemalol istiqomat qilar, qasrning barcha xarajatlari davlat xazinasidan va boylar vaqf qilgan sarmoyadan qoplanar ekan (Mustafo Sabaiy. “Min ravov’ hazoratina”).
“Islom va Olam” kitobidan

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: