O’quvchilarga saboq beruvchi ta’sirli hikoyalar

O'quvchilarga saboq beruvchi ta'sirli hikoyalar

Kishiga saboq ulashuvchi ma’noli hikoyalar, ibratli hikoyalar, ta’sirli hikoyalar, ixcham hikoyalardan namunalar jamlanmasi.

Avvalroq, ko’zda yosh bilan o’qiladigan qisqa ibratli hikoyalar to’plamini e’lon qilgan edim. Ularni keyinchalik ushbu manzilda o’qishingiz mumkin.
Har bir hikoyadan to’g’ri xulosa chiqarib saboq oladigan bo’lsangiz biz maqsadga yetgan bo’lamiz.
Hikoyalardan namunalar:

Dunyomsiz, onajon!

Bugun men nihoyatda baxtliman. Chunki sakkiz yoshli o’g’lim bo’ynimdan qattiq quchib:
— Siz dunyodagi eng yaxshi onasiz, — dedi. Sakkiz yoshli bolamning ishonch bilan aytgan gaplari menga ta’sir qilib, kulib qo’ydim va:
— Qayerdan bilasan, dunyodagi eng yaxshi onaligimni? Nahotki, sen dunyodagi hamma onalarni tanisang? — deya so’radim quvonch bilan.
Uning javobi meni hayratga soldi va men uni qattiq bag’rimga bosishdan o’zimni tiyolmay qoldim.Men o’z dunyomni taniyman. Mening dunyom sizsiz, onajon! — dedi u.

Ertaga

Bir erkak ayoliga gul sovg’a qilayotganini ko’rib, Juliyaning havasi keldi. U eriga tikilib:
— Menga gul sovg’a qilmaganingizgayam, mana, ming yil bo’ldi, — ma’yus so’zladi ayol.
— Yo’g’-e, o’n besh yil degin, xotinjon, axir to’yimizga endigina o’n besh yil to’ldi-ku! — hazillashdi erkak.
— O’n yil…
Juliyaning peshonasidan o’parkan:
— Ertaga gullarning eng sarasini senga sovg’a qilaman. — dedi eri ishontirib.
Biroq ertaning ertasi kelishini ayol yana o’n besh yil kutdi. Norman har gal gul do’koni yonidan o’tayotganida hamisha bir gapni ko’nglidan o’tkazardi: “Biror kun, albatta, xotinimga guldasta olib boraman!
Mana, o’sha kun bugunga nasib qilgan ekan. U, nihoyat, va’dasining ustidan chiqdi. Guldastani oldi-yu, uni ayolining sovuq qabri ustiga qo’ydi…

Haqiqiy ishq

Xushro’y, xushbichim ayol piyodalar yo’lakchasidan asta-asta qadam tashlab borardi.
Ortidan bir erkak yaqinlashdi va:
— G’oyat suluvsiz, vafodorim bo’ling, — dedi.
Ayol boshini chayqab, mayin tabassum bilan:
— Mendan sizga yor chiqmaydi. Ortimizdan kelayotgan ayol mendan ko’ra sizga ko’proq munosib. U ham suluvlikda ko’plardan qolishmaydi, — dedi.
Erkak ortiga o’girildi va badbashara bir ayolga ko’zi tushdi.
— Yo’q! — rad etdi u darhol. — Ko’nglim yolg’iz sizni deydi.
Xonim javob berdi:
— Agar ishqingiz chindanam menga tushganida ortga o’girilmasdingiz!

Muhabbat

Bahor kelishi bilan oq, sariq, qizil va binafsharang gullar ochildi. Ular uzra yosh va quvnoq kapalaklar uchib yurar, biridan ikkinchisiga qo’nib, qisqa hayotning go’zalligidan zavqlanardi. Bir kuni jozibali kapalak bo’tako’zga qo’ndi va gul unga oshiqi beqaror bo’lib qoldi.
— Azizim, uchib ketma, iltimos! — dedi yolvorib bo’tako’z.
— Qo’yvor, — dedi kapalak, — anavi na’matakka qo’ngim kelyapti.
— Yo’q, menikisan, umrimning oxirigacha seni sevaman!
Bo’tako’zning muhabbati bag’oyat kuchli edi. Kapalak esa gulga hijron azobi ozor yetkazmasin uchun uchib ketmadi. Biroq ko’p o’tmay o’zi zerikishdan vafot etdi.

Qo’sha qarish baxti

Mashina turtib yuborgani uchun yengil jarohatlangan bir qariyani kasalxonaga yetkazishdi. Jonsarak chol tekshiruvlarni rad qildi. Go’yo ortidan yov quvayotganday kasalxonadan shoshib chiqib ketmoqchi bo’layotgan mo’ysafidning borar manzili uni tekshiruvdan o’tkazayotgan doktorni befarq qoldirmadi.
— Men xotinim bilan har ertalab choy ichgani boraman! U hozir kasalxonada. Ayolimning oldiga bormasam bo’lmaydi, doktor, — dedi chol betoqatlanib.
— Xavotirlanmang, xotiningizga bugungi saharlikka kech qolganingiz sababini o’zimiz xabar qilamiz, — dedi doktor o’z salomatligiga panja orasidan qarayotgan bemordan ranjib.
Qariya mung’ayib qoldi.
-— U hardamxayollikka chalingan. Garchi qo’sha qarish baxti nasib etgan bo’lsa-da, hozir kimligimniyam eslolmayapdi, — dedi u so’lg’in qiyofada.
— Tavba, qiziq odam ekansiz-ku! Xotiningiz kimligingizni unutgan ekan, nega u bilan har kun choy ichgani borasiz? — so’radi doktor taajjublanib.
— U meni eslolmasa ham, men uning kimligini bilaman-ku, doktor.

Badbashara

— Menga turmushga chiqing, — dedi bir quchoq gullarni ko’targan ko’rimsizgina bir yigit kollej malikasi Lindaga yaqinlashib.
Qomatiga qul, g’ururi osmon qiz esa kamsuqum yigitga qiyo ham boqmay yonidan beparvo o’tib ketdi, Qirmizi atirgullarning bo’yi egildi.
— Skott — yaxshi yigit, esingni yig’, Linda tekkaningga yarasha, shunday ilmli yigitga teksang, yaxshi bo’ladi! —dedi Sara dugonasini insofga chaqirib.
— Kim, menmi? Shunga-ya?! Kelib-kelib shu badbasharaga tegamanmi?! “Tuya hammomni orzu qilibdi . Shunchalik yaxshi ekan, o’zing tegib qo’ya qol.
Bu gapingga hali afsuslanasan!
Linda o’zi istaganday xushbichim yigitga turmushga chiqdi. Qachon qarama, chiroyli qizlar davrasida suyakni ko’rgan itday yaltoqlanib yuradigan xotinboz eriga tikilib, negadir u qirmizi atirgullarni ilingan o’sha badbasharani tez-tez eslardi.

Baxtli yashash siri

Chinning suluv qizi Li-Li suyganiga turmushga chiqdi. U baxtli edi, biroq shirin hayotiga qari, injiq qaynonasi zahar tomizib turardi. Qaynona-kelinning adoqsiz janjallaridan to’ygan erkak uyga kelmaydigan odat chiqardi. O’z oilasini saqlab qolishni istagan kelinchak tabib huzuriga bordi va dardini to’kib soldi. Nuroniy unga kukunga o’xshash bir dori tutqazdi.
— Bu asta-sekinlik bilan ta’sir qiladigan zahar, — dedi keksa tabib, — uni uch oy davomida har kun oz-ozdan qaynonangning taomiga qo’shib berasan! Qaynonangning o’limida sendan gumonsiramasliklari uchun unga eng sara taomlarni tayyorlab, yaxshi muomalada bo’l!
Li-Li cholning aytganiga amal qildi. “Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi deganlaridek, kelinning muloyim munosabati qaynonani tamomila o’zgartirdi. Ular onayu qizga aylandi. Yosh kelin o’zini og’ir yuk bosayotganday his qilib, qilmishidan pushaymon bo’ldi va cholning huzuriga keldi.
— Qaynonamning qonini zahardan tozalovchi dori bering, iltimos. Uning o’lishini aslo istamayman!
Chol ko’zlari yoshlanib, javdirab tikilib turgan Li-Liga qarab, qah-qah otib kuldi.
— Qizalog’im-a, senga berganim darmondorilar edi. Ular qaynonangning kuchiga kuch qo’shardi. Haqiqiy zahar, aslida, miyangda edi. Sen undan xalos bo’lding. Endi chinakamiga baxtli yashaysan, — degan ekan tabib.

Baxt izlab…

Buvam bilan buvimning to’ylariga bugun ellik yil to’ldi. Xelen bilan yashayotganimga bir yil bo’lmay turib ajralishga qaror qilgan kunim shu haqda o’yladim va oyog’imni qo’limga oldimda ularning huzuriga yugurdim.
— Ellik yil birga yashash baxti nimada? Buni qanday uddaladingiz?
Buvam javob berishidan avval miriqib kuldi.
— Bu savolni bergan ekansan, demak, rafiqang bilan til topishishda qiynalyapsan. Boshqalar kabi og’riq berayotgan tishdan darhol qutulish o’rniga uni saqlab qolishga urinayotganingdan xursandman. Men benuqson ayolni izlashdan to’xtab, o’zim benuqson erkak bo’lishni istagan kunim buvingni topganman.

Oqilona maslahat

— Pichoq borib suyakka qadaldi, oyi! Bo’ldi, sabr kosam to’ldi. U hech qachon odam bo’lmaydi! Erim bilan ajrashaman. — dedi qiz ko’zlari yoshlanib. — Qadrimni o’tkazmasam, bu ko’rnamak qadrimga yetmaydi.
— Ajrashaman demasdan, murosa yo’lini qilib ko’rarsan, balki,—dedi ona ma’yuslanib.
— Murosa yo’lini? Aslo!
Ona qarasa, qizi gapga ko’nmaydigan, aytganidan qaytmaydigan bo’lib turibdi. U jigargushasining vajohatini ko’rib, boshqacha yo’l tutdi.
— Ajrashmoqchimisan? Mayli, yo’lingdan qaytarmayman. Bir kuni afsuslanib qolishingni istamayman va bunda meni aybdor qilishingni ham xohlamayman. Ammo ajrashishga shoshilma! Hozir ajrashsang, unga bu chivin chaqqanchalik ham ta’sir etmaydi. Tinchlik-xotirjamlik yo’qolgan kunlaridan qutulganiga Xudoga shukr qiladi. Eriga qadrini o’tkazmoqchi bo’lgan ayollar uni avrab, shirin gap bilan aldab-suldab, o’ziga o’rgatadi. Erining hurmatini joyiga qo’yib gapiradi, totli taomlardan pishirib beradi va mehr bilan siylaydi. Umr yo’ldoshi “O’laman, Sattor, shundan boshqasi bilan yasholmayman! deydigan darajaga yetganidan keyin, birdaniga ajrashish uchun ariza tashlaydi. Ana o’shanda ko’rasan tomoshani! Oyoqlaring ostiga yiqilib, ajrashmaslikni so’rab, itday yalinmasa, otimni boshqa qo’yaman! Bu unga esidan chiqmaydigan shunday zarba va shunday saboq bo’lsinki!!!
Qiz onasiga qarab, muloyim jilmaydi. Erining oyoqlari ostiga yotib olib yalinishini tasavvur qildi va volidasining aqliga tasanno aytib, eridan shirin gapini ayamaydigan bo’ldi. Bir necha haftadan keyin qiz onasiga qo’ng’iroq qildi.
— Qalay, qizim, o’rgatganlarim ish beryaptimi? — so’radi ona suhbat orasida.
— Ha, haqiqiy mo’jiza! Men unga ortig’i bilan g’amxo’rlik ko’rsatyapman, oyijon! Shuning uchun kuyovingiz mendan ikki qadam nari ketmaydigan bo’lgan.
— Ha, yasha! Barakalla! Ana endi undan bemalol ajrashsang ham bo’ladi.
— Nima? Qanaqa ajrim? Sovuq nafasingizni yel uchirsin-a, oyijon! Axir men erimni sevaman, u ham mendan boshqani demaydi va yeru ko’kka ishonmaydi. Bir er bo’lsa, shunchalik bo’lar-da! Bu haqda boshqa og’iz ochmang!
Go’shakni qo’ygan ona derazadagi aksiga tikilib, mamnun jilmaydi. Qizining oilasini saqlab qolganiga ich-ichidan suyundi. “Mana buni oqilona maslahat desa bo’ladi deya ko’nglidan o’tkazdi u.

Saboq

Hayotidan yaxshilik izlamaydigan bir qizga otasi saboq berish uchun oshxonaga chorladi. Uch xil idishdagi qaynagan suvga kartoshka, tuxum va qahva donalarini soldi. Yigirma daqiqadan so’ng barini idishga bo’shatib, qiziga yuzlandi:
— Qanday o’zgarish yuz berdi?
Qiz kartoshka yumshaganini, tuxum qattiqlashganini, qahva esa xushtam sharbatga aylanganini aytdi.
— Lekin bu bilan nima demoqchiligingizni tushunmadim?
— Hayot mashaqqatdan iborat. Mashaqqatlar iskanjasida kartoshkaday ezilib qolasanmi yo qalbing tuxum kabi qattiqlashadimi, yo bo’lmasam, qahva donachalaridek, g’amga bo’yin bermay o’zingni komillashtirib, hayotingga ayricha ta’m hadya etasanmi?
Qiz o’zining noshukurligidan uyalib qoldi. Shunda ota qizining boshini silab:
— Hayot hikmat izlab yashash uchun berilgan. Unga kulib boqsang, hayot ham senga kulib boqadi, — dedi.

Maktub

Sadoqatsiz yori va’dasiga vafo qilmay, do’stiga turmushga chiqqanini eshitib. hayotdan ixlosi qaytgan bir zobit yigitning sarson yurgan ishonchi yu umidini tasodifiy maktub qaytardi. Ko’ngli bir hamdardga zor yigit unga javob yozdi. Garchi ular bir-birini tanimasa-da, o’zaro maktub almashardi. Shu tariqa, u qiz bilan bir yil xat yozishdi. Zobit maktublarni qadrlar va o’sha notanish qizsiz yashay olmasligini his qilardi. Ikkisi bir-birini ko’rmagan bo’lsa-da, o’rtada kuchli muhabbat tug’ildi.
Zobitning xizmati yakuniga yetgach, ular markaziy vokzalda ko’rishishga ahd qildi. Bir-birini tanib olish uchun qiz oppoq kiyimda bir dona atirgul ko’tarib chiqishini aytdi. Yigit yo’l bo’yi o’ylanib ketdi: u qizning suratini sira ko’rmagan, hatto necha yoshdaligini, semiz yo oriqligi, go’zal yo xunukligini bilmaydi. Shunday bo’lsa-da, usiz yasholmasligini bilardi.
Yigit vokzalga kelib, uni kuta boshladi. Belgilaganlaridek, soat beshga bong urgach, u ko’rindi. Bir dona atirgul ko’targan oq libosli ayolning yoshi taxminan oltmishlarda edi. Yigit ayolni ko’riboq ortiga o’girildi. Shu zahoti qaytib ketishni o’yladi, ammo ketolmadi… U uch yil ichida qadrdonga aylangan ayolni tashlab ketolmasdi. Axir u umidsiz kunlarida madad bo’ldi. Bayramlarda sovg’a jo’natdi. Uchrashish yodi bilan yashashga undadi. Bunday ayol har qanday e’zozga loyiq! Yigit darhol uning qarshisida paydo bo’ldi va tiz cho’kib, qo’lidan o’pib ko’rishdi. Keksa ayol kulib qo’ydi va ortida berkinib turgan qizga imo qildi:
— Adashdingiz, yaxshi yigit, mana, haqiqiy muhabbatingiz!
Yigit unga uyalib boqib turgan o’zi bilan tengqur go’zal bir qizni ko’rdi va ajablandi. Keksa ayol unga tushuntirdi:
— Nevaram o’z o’rniga uchrashuvga chiqishimni so’ragandi. Agar meni ko’rib ketib qolganingda, bari boshlanmay tugardi.
Yigitning muhabbati haqiqiyligiga va uni hech qachon tashlab ketmasligiga ishongan qiz unga qo’llarini uzatdi. Ikkisi uzoq va baxtli hayot kechirdi.

Maqola yoqdimi? Iltimos, saytni ommalashtirishga yordam berib ijtimoiy sahifadagi do'stlaringizga ma'lum qiling.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: