Ko‘zni yumib o‘qiydigan qisqa ibratli hikoyalar

O‘qing, faqat yig‘lamang, ibratli hikoyalar

Quyida berilayotgan hikoyalarni diqqat bilan o‘qing, qalbingiz bilan o‘qisangiz qalbingiz junbushga keladi. Ba’zan ibrat olish uchun katta-katta pandnoma kitoblar beradigan tarbiyani shunday qisqa hikoyalar berishi ham mumkin.

Ushbu ibratli hikoyalarni o‘qir ekansiz, ko‘nglingiz yumshaydi, kipriklaringiz og‘irlashadi. Marhamat, ibrat uchun hayotiy hikoyalardan, ta’sirli satrlardan bahra oling. Eslatib o‘taman, keltirilayotgan hikoyalar turli manbaalar asosida tayyorlandi.

Nuqsoningdan o‘kinma (Bir ko‘ngli o‘ksikni suyuntirgan sotuvchi haqida hikoya)

Poyafzal sotuvchi yangi keltirgan mollarini peshtaxtaga joylashtirayotgandi. Ko‘chada bir bolakay uni kuzatib turar edi. Sotuvchi mollar orasidan bejirimlarini oyna tomonga qo‘yar ekan, bolakay peshtaxtaga yaqinlashdi.
Bolakay qo‘ltiqtayoqqa suyanib yursada, ko‘rinishi tetik edi. Sotuvchi unga bir qur nazar tashladi. Shimining chap pochasi tizzasidan shalvirab turardi. Bir oyog‘i yo‘q edi. Bolakay ko‘rgazmada turgan poyafzallarga mahliyo bo‘lib qarab turardi. Bir muddat shunday turdi. Do‘kondan uzoqlashgandi, sotuvchi tashqariga bosh chiqarib:
— Bolakay! — deya ovoz berdi. — Poyafzal olishni mo‘ljallaganmiding? Senga mos keladigan ajoyib oyoq kiyimlar bor.
Bolakay unga qayrilib:
— Haqiqatdan ham poyafzallar chiroyli ekan,- deya tabassum qildi. — Lekin mening oyog‘im tug‘ma cho‘loq.
— Menimcha, bu ahamiyatli emas! — Sotuvchi tashqariga otilib chiqdi. — Bu dunyoda hamma narsasi tugal odamning o‘zi yo‘q. Kimningdir qo‘li yo‘q, kimningdir oyog‘i. Yana kimningdir aqli, birovning esa vijdoni bo‘lmaydi…
Bolakay jim turaverdi. Sotuvchi esa gapida davom etdi:
— Hozir ko‘rgan poyafzaling senga yarashadi. Kiyib ko‘rasanmi? — dedi.
Bolakay boshi bilan yo‘q ishorasini berdi:
— Ustiga o‘ttiz lira deb yozilgan ekan . Uni ololmayman.
— Hozir mavsum tushgan payt, shuning uchun biroz arzonlashtiraman. Yigirma liraga tushurishim mumkin. Sen uning bir poyini olasan. Demak, bir poy oyoq kiyimi uchun o‘n lira bersang kifoya qiladi.
Bolakay o‘ylanib:
— Narigi poyi biror ishga yaramaydi. Kim oladi uni? — dedi.
— Obbo, rosa gapni cho‘zding- da, — deya kuldi sotuvchi.
— Uni ham o‘ng oyog‘i bo‘lmagan biror bolaga sotarman. Maktabga borasanmi?
— Ikkinchi sinfni tamomladim. Uchinchiga o‘tdim!
— Unda yana ham yaxshi,- dedi sotuvchi. — O‘quvchi bo‘lganing uchun besh liraga arzonlashtiramiz. Besh lira qoldi. Demak poyafzal seniki bo‘ldi! Sotdim uni!
Sotuvchi bolaning hayrat to‘la boqishlari orasida do‘konga kirdi. Sotuvchi aynan ko‘rgazmada turgan poyafzalni oldi. Bolakayni o‘rindiqqa o‘tirg‘izib, yangi oyoq kiyimini kiydirdi. Eski poyafzalini bolakayga ko‘rsatib:
— Men mahsulotimni sotdim, — dedi. Sen ham poyafzalingni menga sotsang, mamnun bo‘lardim.
— Hazillashayapsizmi?- qiqirlab kuldi bolakay. Uning tagi yeyilib ketgan, eski bir poyafzal bo‘lsa.Shu turishida pulga arziydimi u?
— Sen qoloq ekansan-ku, kichik do‘stim. Antikvar narsalardan xabaring yo‘q ekanda. Antikvar narsalar qancha eski bo‘lsa, shuncha narxi oshadi. Shuning uchun ham, menimcha, oyoq kiyiming o‘ttiz- qirq lira tursa kerak.
Bolakay talmovsirab qoldi. Go‘yo tush ko‘rayotgandi u. Sotuvchining hayajondon titrayotgan ko‘lidagi pullariga qarab, o‘n lirani nari surdi:
— Menimcha, yigirma lira ham yetarli. Hozir mavsum tushgan payt- ku!
Sotuvchi uning gapini rad etmay o‘n lirani qaytib oldi va bolakayning yonog‘idan o‘pdi. Quvonchi ichiga sig‘masdi sotuvchining. Agar butun do‘kondagi mollarini bir kunda sotib yuborsa ham hozirgidek baxtiyor bo‘lolmasdi. Bolakay o‘rnidan turdi. Go‘yo qo‘ltiq tayoqqa ham ehtiyoji yo‘q edi uning. Mahzun tabassum bilan shunday dedi:
— Otam haq ekanlar…«Jismingdagi nuqson uchun hech qachon o‘kinma…orlanma… Bu Ollohning ishi» — deydilar…Bugun men birinchi marta nuqsonimdan or qilmadim… Rahmat sizga..!
Ilohim, ko‘ngli yarim insonlarni shod etuvchi kishilar ko‘payaversin.

Yana qiz tug‘sang menga kerakmas (Pushaymon ota qizining hkoyasi)…

Bu ibratli hikoyani xotini hadeb qiz tug‘ishidan norozi bo‘ladigan kishilarga so‘zlab bering.
Bir madrasada dars beradigan odobli-axloqli muallima bor edi. yoshi ham o‘tib borar, eshigiga kelgan sovchilariga rad javobini berar edi. Hamkasblari undan:
– Nega turmush qurmaysiz, axir sizda Xudo bergan husn-jamol yetarli-ku? – deb so‘rashsa, u aytardi:
– Shu atrofda beshta qizi bor ayol bo‘lgan. Eri unga, agar yana qiz tug‘sang, u menga kerak emas, deb tahdid qildi. Vaqti-soati yetib, ayol yana qiz tug‘di. Bu ulug‘ ne’matga shukr qilish o‘rniga ota go‘dakni ko‘tarib, kimdir olar, deb, xufton namozidan keyin masjid eshigini oldiga tashlab keldi. Bomdodda kelib qarasa, go‘dak joyida turganmish, hech kim olmabdi. Qaytarib uyiga olib keladi. Shu zaylda ota har kun murg‘akgina go‘dakni masjid oldiga tashlab kelar, lekin hech kim olmasdi. yetti kun shu ahvolda o‘tibdi. Onaizor esa Qur’on o‘qib, qizalog‘idan ayrilib qolmasligini Allohdan yolvorib so‘rardi. Ota ham zerikib, go‘dakni qayta olib bormay qo‘ydi. Mehribon ona esa go‘dagidan ajrab qolmaganiga juda quvondi. Ayol yana homilador bo‘ldi, yana o‘sha havotir… ko‘zi yoridi va nihoyat o‘g‘il…
Shu orada katta qizi vafot etdi.
Vaqtlar o‘tib, ayol yana homilador bo‘ldi, bu safar ham o‘g‘illik bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi qizi hayotdan ko‘z yumdi. Shunday qilib, birin-ketin yana uchta o‘g‘illik bo‘ldi-yu, keyingi uchta qizidan ham ayrildi. Negadir, har ko‘zi yorib, o‘g‘il tug‘ganida bittadan qizi qazo qilaverardi. Nihoyat, beshta o‘g‘il va o‘sha oltinchi qizi qoldi. Taqdir taqozosi bilan, Ona ham olamdan ko‘z yumdi.
Oradan bir necha yillar o‘tdi, qizaloq ham bolalar ham ulg‘aydi, ishlik, joylik bo‘ldi.
Muallima gapida davom etdi:
– O‘sha otasi menga kerak emas deb, ko‘chaga tashlab kelgan qiz kimligini bilasizlarmi? O‘sha menman. Turmush qurmaganimga sabab otam yolg‘iz, yoshi ham ulug‘, men unga yordamchi, shofyor tayinladim, o‘zim ham uning xizmatidaman. Ukalarimga kelsak, ular otamning ziyoratiga deyarli kelmaydi, kelsa ham bir oyda bir, yana biri ikki oyda bir marta keladi, xolos.
Otam menga qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, ko‘p yig‘laydi…

Ona… (mashhur olimning topqir onasi haqidagi bitigi)

Bolakay uyiga kelib onasiga:
— «Bu xatni maktabdagi o‘qituvchim berib yubordilar» — deydi. Onasi xatni o‘qib ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tutib turdi. Va xatni bolasiga baland ovozda o‘qib berdi:
«Sizning o‘g‘lingiz daho! Maktabimiz uning qobiliyatiga kichiklik qiladi. Shuning uchun siz bolangizga uyingizda ta’lim bering!».
Oradan yillar o‘tib o‘sha bolakay — Edison insoniyat tarixida ulkan ixtiro kashf qilib olim bo‘ldi. Kunlarning birida Edisonning onasi vafot etdi. Onasini xotirlab uning javonini ko‘zdan kechirayotgan Edison qutidagi xatga ko‘zi tushdi. Bu o‘sha xat edi:
«Sizning o‘glingiz kaltafahm, tentak. Erta tongdan boshlab uni maktabga kiritmaymiz!».
Buni o‘qigan Edison rossa yig‘ladi va o‘zining xotira daftariga ushbu bitiklarni bitib qo‘ydi:
— «Edison tentak bola bo‘lgan. Lekin aqlli onasining tadbiri ila dahoga aylandi!».
Onaning hayotdagi o‘rni shunday!!!

Ona mehri

O‘qituvchi dars chog‘ida halokatga uchragan kema haqida o‘quvchilarga so‘zlab berdi. Kemada er-xotin ham bor ekan. Ular qutqaruv kemasigacha suzib borishdi. Birgina joy bor ekan. Er xotinini itarib yubordi. Shunda cho‘kayotgan ayol eriga nima dedi? Qani kim aytadi?
Ko‘pchilik bir ovozdan «Sendan nafratlanaman», yoki, «Ko‘zim ko‘r bo‘lgan ekan» degan so‘zni aytgan — dedi. Shu payt o‘qituvchining ko‘zi jimgina o‘tirgan bolaga tushdi.
— Nima deb o‘ylaysan, ayol eriga nima degan?
— Bolamizni ehtiyot qiling — degan.
— Sen bu voqeani bilasanmi?- hayratlanib so‘radi o‘qituvchi.
— Yo‘q, meni oyim ham o‘limi oldidan dadamga shunday degan — dedi.
O‘qituvchi ko‘ziga qalqib kelgan yoshni ko‘rsatmaslik uchun chetga burildi…

Eng qisqa film (ta’sirli kadrlar)

«Dunyoning eng yaxshi 10 daqiqalik filmi» unvonini olgan qisqa metrajli filmni ko‘rish uchun kinoteatrga odamlar yig‘ildi. Film boshlandi hamki katta ekranda uyning oppoq shiftidan boshqa hech nima ko‘rinmasdi. To‘rtinchi daqiqada ham shu ahvol, beshinchida ham. Sakkizinchi daqiqada ham shiftdan boshqa hech narsa yo‘q edi, odamlar betoqatlana boshladi, ba’zilari kinoteatrni tark etdi, ba’zilari ketgan vaqtiga achindi. To‘qqizinchi daqiqada ekranda hastalik tufayli bir umr falajlikka mahkum bo‘lgan bola va uning yotog‘i ko‘rindi. Ekrandagi yozuv:
«Bu bolakay yana necha yillarini shu zaylda davom etadi, siz esa 8 daqiqa chidolmadingiz…»

Sultonga dars bergan qul

Ayoz ismli bir qul taqdir bo‘lib, Sulton Mahmudning xizmatkori bo‘libdi. Sulton qulining odob-axloqini ko‘rib, uni yaxshi ko‘rib qolibdi. Shunchalik ishonchini qozonibdiki, butun saltanatning xazinaboni etib tayinlanib, saroyning barcha xazina-boyliklari unga topshiriladigan bo‘libdi. Bu holatni ko‘rgan saroydagilarning ba’zilari bunga hasad qilishibdi. Hasad va kibrlari tufayli “shunday oddiy bir qulga bunchalik katta mavqe’ berilishi”ni va o‘zlarining shu darajada ham obro‘lari yo‘qligini o‘zlariga singdira olmabdilar. Holat shunday davom etgach, Sultonga har kuni, har xil bahona bilan Ayozdan shikoyat qila boshlashibdi. Uning obro‘yini tushirish uchun qo‘llaridan kelgan hamma yo‘lni sinab ko‘rishibdi.
Kunlarning birida Sultonning huzurida bir saroy a’yoni ikkinchisiga: “Qul Ayoz xazinaga tez-tez qatnaydigan bo‘lib qoldi, bilasanmi? Menimcha u gavharlarimizni o‘g‘irlab yuribdi. Bunga aminman”, debdi.
Buni eshitgan Sulton quloqlariga ishonmay “Haqiqatdan ham shundaymikin, shunday bo‘lsa o‘z ko‘zim bilan ko‘rayin” — deb, xazina xonasi devoriga kichkinagina teshikcha teshdiribdi. Shunday qilib, ichkarida bo‘layotgan narsalarni tomosha qilishni boshlabdi.
Kech tushibdi, qul sekin saroy xazinasiga borib, eshikni ham bildirmasdan yopib ichkariga kiribdi. Sulton qulning sandiq oldiga yaqinlashganini ko‘ribdi. U yerda yashirib qo‘ygani kichkinagina bir tugun ekan. Tugunni o‘pib, peshonasiga surtib uni ochibdi. Ichidan qullik payti kiygan eski-tuski kiyimi chiqibdi. Uni kiyib oynaning oldiga o‘tibdi. O‘ziga o‘zi: “Avvallari shu kiyimni kiyib yurganingda kim ekanligingni eslaysanmi?” – deb so‘rabdi. – Hech kim… Bor yo‘g‘i sotiladigan qul eding, xolos. Alloh senga Sultonning qo‘li bilan, loyiq bo‘lmasang ham O‘z rahmatidan shunday ne’matlarini lutf qildi. Aslo qaerdan kelganingni unutma! Chunki mol-mulk insonning aqlini oladi, unutishga majburlaydi. Shunday ekan, sen ham sendan kamroq ne’matga ega bo‘lganlarga past nazar bilan qarab, kibrlanma! Buni aslo unutma, ey Ayoz! – deb sandiqni yopib, qulflabdi va sekingina eshikdan chiqibdi. Xazinadan chiqar-chiqmas, Sulton bilan yuzma-yuz kelibdi. Shunda Sulton Ayozga qarab turib, ko‘zidan dona-dona yosh oqa boshlabdi. Sulton gapirishga ham qiynalib, tomog‘i ham tiqilib qolibdi va o‘zini majburlab bo‘lsa ham quliga shunday debdi:
— Bugunga qadar boyliklarimning xazinaboni eding. Endi… Qalbimizning ham xazinaboniga aylanding. Menga, haqiqiy Sultonim oldida hech kim ekanligimni va unga qanday munosabatda bo‘lishim kerakligini o‘rgatding…

Yaxshi amalning mukofoti

Go‘sht fabrikasida ishlaydigan bir ayol ish tugagandan so‘ng muzlatgichlarni tekshirish uchun kirganda eshik bexosdan yopilib ayol muzlatkichni ichida qolib ketdi. Ayol ovozi boricha baqirib yordam so‘radi. Muzlatkich eshigini tepdi, yig‘ladi, ammo hech kim eshitib yordamga kelmadi. Ish vaqti tugagani uchun hamma ishchilar uylariga ketib bo‘lishgan edi.
Oradan bir ikki soat o‘tgandan keyin muzlatkich eshigini eshik yonida turadigan qorovul ochdi. Ayol hayron bo‘lib qorovuldan so‘radi:
— Siz meni muzlatgichga qamalib qolganimni qaerdan bildingiz? Axir sex ichini tekshirish sizni vazifangizga kirmaydiku?
— Men o‘ttiz besh yildan beri shu yerda ishlayman. Bu yerga qanchasi kelib ketadi, lekin birortasi men eshik tagida turib ularni kelib ketishini kuzatishimni sezishmaydi. Guyoki men yo‘qdek odamman ularga… Ammo siz har kuni ertalab men bilan salomlashib kechki mahal xayrlashib ketasiz. Birgina sizni shu ko‘ngil uchun hol axvol so‘raganingiz uchun men o‘zim inson ekanimni his qilaman. Ertalab salom berib ishga kirib ketdingiz, ammo ish tugagandan so‘ng sizni xayrlashib chiqib ketishingizni ko‘rmaganim uchun ichkarida biror narsa bo‘lgandir deb xabar olib kirgandim — dedi.

Ota va o‘g‘il (albatta o‘qing)

Hovlidagi o‘rindiqda ota-bola yonma-yon o‘tirishibdi. Otaning yoshi ulug‘, o‘g‘il esa o‘spirin yigit. O‘g‘ilning qo‘lida gazeta, berilib o‘qiyapti. Ota bog‘ni tomosha qilarkan, o‘ychan edi. Bir payt daraxt shoxiga chumchuq qo‘ndi. Ota o‘g‘lidan:
— Bu nima? — deb so‘radi. O‘g‘il boshini ko‘tarib, chumchuqni ko‘rdi, so‘ng otasiga qarab:
— Chumchuq — dedi va yana gazeta o‘qishda davom etdi. Oradan ozgina vaqt o‘tib, yana bir chumchuq kelib qo‘ndi. Ota chumchuqqa ishora qilib yana:
— Bu nima? — dedi. Yigitning ensasi qotdi:
— Chumchuq dedim-ku?! — dedi jerkigannamo ohangda va gazetasini o‘qiyverdi. Bir oz o‘tmasdan boshqa bir chumchuq kelib qo‘ndi. Ota:
— Bu nima? — dedi. O‘g‘il gazetani g‘ijimlab, otasiga o‘qday qaradi:
— Qanaqa odamsiz, dada, gapga tushunasizmi o‘zi, yo‘qmi?! Chumchuq dedim-ku, chu-um-chu-uq! Endi tushundingizmi? -deya baqirdi. Ota o‘g‘liga termuldi, xo‘rligi keldi. So‘ng o‘rnidan turib, keta boshladi. O‘g‘il asabiylashdi:
-Qayoqqa? O‘tiring joyingizga! -deb baqirib berdi. Ota o‘g‘liga qarab:
— Sen o‘tirib tur, men hozir chiqaman, — dedi-da, uyiga kirib ketdi. Hiyol vaqtdan keyin qaytib chiqdi. Qo‘lida bir daftar bor edi. U otaning kundaligi bo‘lib, yoshligidan ayrim voqealarni yozib yurardi. Shu o‘g‘li uch yasharligida, bir voqeani yozib qo‘ygan ekan. O‘sha joyini varaqlab topib, o‘g‘liga uzatdi- da o‘qi, — dedi. O‘g‘il o‘qishni boshladi…
“Uch yashar o‘g‘lim bilan birga bog‘da o‘tirgan edik , daraxtga bir chumchuq kelib qo‘ndi. O‘g‘lim mendan dada, bu nima? — deb so‘radi.Men chumchuq, — dedim. Yana bitta chumchuq kelib qo‘ndi. Dada bu nima? — deb yana so‘radi. Men chumchuq, — dedim. Uchinchi chumchuq daraxtga qo‘nganida o‘g‘lim savolini uchinchi marta qaytardi. Men ham o‘sha javobimni berdim. Shu bilan har chumchuq qo‘nganida o‘g‘lim mendan so‘rayverdi, men ham erinmay javob beraverdim. Har gal so‘raganida o‘g‘limni erkalab, bag‘rimga bosib, yuz va peshonalaridan o‘pib qo‘yardim. Sanab ko‘rsam, o‘g‘lim mendan yigirma uch marta so‘rabdi. Men ham erinmasdan yigirma uch marta javob beribman”…
Hikoya oxirlagani sari yigitning qo‘li qaltirab borardi. Nihoyat, daftarni yopib, yoniga qo‘ydi. Asta o‘rnidan turib otasini quchoqlab oldi va:
— Dadajon, meni kechiring! Men axmoqlik qildim. Haddimdan oshdim. Kimligimni unutib qo‘yibman. Ko‘zimni ochdingiz. Meni kechiring, kechiring – dedi.

Otasiga intiq o‘g‘il

Bir kishi ishdan horib, jig‘ibiyroni chiqqan holda yarim kechasi uyiga keldi. Eshik ostonasida 5 yasharlik o‘g‘li uni kutib turardi.
— Ota, sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? — savol berdi bola.
— Mayli, nimani so‘ramoqchisan?
— Otajon, bir soatda qancha pul topasiz?
— Bu sening ishing emas. Nimaga buni so‘rayapsan?
— Shunchaki bilgim kelyapti. Iltimos, aytaqoling! Bir soatda qancha pul topasiz?
— Shunchalik bilging kelayotgan ekan, mayli, aytaqolay. 20 dollar topaman.
— Eh, — dedi bola boshini xam qilib va bir zum o‘tmay yana so‘ray boshladi:
— Otajon, menga 10 dollar qarz berib tura olasizmi?
Otaning qoshi uyildi.
— Mendan qancha pul topishimni so‘rashdan maqsading biror bir ahmoqona o‘yinchoq yoki shunga o‘xshash bema’ni narsalarni sotib olish bo‘lsa, ovora bo‘lma. Tur, xonangga borib uxla! Men kun bo‘yi uzoq va qattiq mehnat qilaman. Bunaqa behuda maynavozchiliklarga vaqtim ham, toqatim ham yo‘q.
Bolakay xonasi tomon ohista qadam tashladi va eshikni sekingina yopdi.
Bolasining qilig‘i otaning ensasini qotira boshladi.
“Pul undirish uchun bunday savollar berishga qanday haddi sig‘di ekan?” — o‘ylardi u. Biror soatlardan so‘ng hovuridan tushdi.
“O‘z bolamga biroz qattiqqo‘llik qilib yubormadimmikan?” — deya o‘yga tola boshladi. “Ehtimol o‘g‘lim o‘sha 10 dollarga chinakamiga muhtoj bo‘lib qolgandir. Axir bunchalik tez-tez pul so‘rab turmasdi-ku!”
Ota o‘g‘lining xonasi tarafga yurdi va eshikni ochib past ovozda so‘radi:
— Uyg‘oqmisan, o‘g‘lim?
— Ha, uyg‘oqman — javob berdi bola.
— O‘ylab qarasam, boya senga biroz nohaqlik qilgan ekanman, — dedi ota, — Kun bo‘yi to‘plab yurgan alamimni sendan olibman. Mana senga 10 dollar.
Bolaning chehrasi yorishdi va otasining qarshisiga o‘tirib xursandligidan qichqirdi: «Voy, otajon, rahmat sizga!»
Bola yostig‘ining tagiga qo‘lini tiqib ozroq mayda pullarni chiqarib oldi. O‘g‘lida pul borligini ko‘rib, otaning yanada jahli chiqa boshladi. Bola pullarni jamlab sanadi-da, otasiga nazar soldi.
— Shuncha puling bor ekan, nega yana mendan so‘raysan? — ovozini ko‘tardi ota.
— Chunki o‘zimdagi yetarli emas edi. Hozir esa to‘ppa-to‘g‘ri bo‘ldi, — javob berdi bola, — Ota, mana menda 20 dollar pul bor. Bir soatingizni sotib ola qolay. Bu vaqtni men bilan o‘tkazing!..

Qizim eshik ochadi!

Kelin-kuyovga turmush qurganlarining birinchi yilida yangi uyga ko‘chib o‘tishdi. Xursanchilikdan eshikni bir hafta hech kimga ochmaslikka qaror qilishdi.
Birinchi bo‘lib kuyovning ota-onasi yosh oilani ko‘rishga keldi. Kelin-kuyov bir-biriga qaradi, kuyov eshikni ochishni istadi, lekin qarorlari tufayli shashtidan qaytdi. Shunday qilib, ota-ona kuta kuta qaytib ketishdi.
Ertasi kuni kelinning ota onasi keldi. Kelin-kuyov bir-biriga termuldi. Kelin ko‘zida yosh bilan «men bunday qilolmayman», deb eshikni ochdi. Kuyov hech nima demadi…
Yillar o‘tib er-xotin birin-ketin to‘rt o‘g‘il ko‘rishdi. Keyin to‘rt o‘g‘il ortidan qiz farzand dunyoga keldi. Ota yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun katta tantana o‘tkazishni istadi va hamma tanishlarini taklif qildi. Xotini eridan nima uchun 4 o‘g‘liga bunday tantana o‘tkazmay, bu safar bunday qilganini so‘radi. Er mahzun nigoh bilan shunday javob berdi:
— Chunki qizim menga eshik ochadi!
Ollohim barchamizni eshik ochar farzandlar bilan siylasin!

Kalish

– Bu tilla uzukni men sovg‘a qilganman, e’tiboringiz uchun! Men opketaman!
– Mana bu paltoni men obergandim, tug‘ilgan kunlariga eslasalaring!
– Tilla zanjirim senga qoladi derdilar!
Uch qiz kampiridan qolgan latta putta buyumlarni uch yoqqa tortqilay-tortqilay axiri bo‘lishib olishdi. Chol ularga birpas tikilib turdi-yu, zinada to‘nkarilib yotgan, kampiri kiya-kiya ado qilgan orqasi yirtiq kalishni bir chetga olib qo‘ydi.
– Shu menga qola qolsin, yo‘q demasalaring… onangni eslatib turadi…
Nursiz ko‘zlardan ikki tomchi yosh sizib, behisob ajinlar orasiga singib ketdi…

Xotinga berilgan dars

Er-xotin suhbatlashib o‘tirar ekanlar gap orasida er xotiniga:
-Yaqinlarimni, aka-uka, jiyanlarimni sog‘indim. Sizdan iltimos, ertaga shirin ovqat pishirib, dasturxon bezasangiz. Bugun ularga qo‘ng‘iroq qilib taklif qilaman. Yig‘ilmaganimizga ham ancha bo‘libdi, — debdi.
Ayol norozi ohangda, xushlamay:
-Mayli, kelaverishsinchi, Xudo xohlasa, bir gap bo‘lar! — debdi.
-Unday bo‘lsa, ularni ertaga chaqiraman.
Tong otibdi. Odatdagidek er ishga ketib, soat 13:00da esa, uyga yetib kelibdi.
Ayolidan:
— Tushlik uchun dasturxon tayyormi? YAqinlarim birozdan so‘ng kelib qolishadi?- deb so‘rabdi
Ayol:
— Yo‘q, tayyorlamadim. Begona emaslar-ku, yaqinlaringiz axir, uydagi bor narsadan yeyaverishadi, — debdi.
— Olloh sizni kechirsin! Nima uchun biror narsa pishirish niyatingiz yo‘qligini kecha aytib qo‘ymadingiz, hozir kelib qolishadi, nima qilamiz endi?! — debdi.
Ayol:
— Ularga qo‘ng‘iroq qilib kelmasliklarini ayting, uzr so‘rang, vassalom. Axir begona emaslar, sizning yaqinlaringiz-ku? To‘g‘ri tushunishadi!
Er g‘azablanib uydan chiqib ketibdi. Birozdan so‘ng eshik taqillabdi. Ayol borib eshikni ochib hayratdan dong qotib qolibdi. Qarshisida o‘zining ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, jiyanlari turar edilar.
Otasi qizidan:
— Kuyovim qani? — deb so‘rabdi.
— Biroz oldin chiqib ketuvdilar.., — debdi zo‘rg‘a.
— Kecha ering bizlarni bugungi tushlikka taklif qilgandi. Baraka topgur, bizlarni chaqirib o‘zi ketib qoldimi, a? — debdi.
Ayolni chaqmoq urgandek bo‘libdi. Terlab ketgan qo‘llarini bir-biriga ishqalar ekan, o‘ylay ketibdi: Axir uydagi narsalar bilan yaqinlarini kutib ololmaydi, yo‘q-yo‘q ularga to‘g‘ri kelmaydi! Erining yaqinlariga bo‘laveradi-yu, lekin o‘zining uyidagilariga bo‘lmaydi axir… Qanday qilib ularga oddiy, ko‘rimsiz dasturxon qilishi mumkin?
Ayol eriga qo‘ng‘iroq qilib:
— Nimaga tushlikka mening yaqinlarimni chaqirganingizni aytmadingiz?
Er:
— Mening yaqinlarimmi siznikimi nima farqi bor?
Ayol:
-Sizdan o‘tinaman! Uyda tayinli narsa yo‘q, ovqat qilmaganman. Biror-bir tayyor taom keltira qoling.., — debdi
Eri:
— Men hozir uzoqdaman. Ustiga-ustak ular begona emas, sizning yaqinlaringiz! Ularga ham mening yaqinlarimga bermoqchi bo‘lganingiz, uydagi bor narsalar bilan mehmon qilaqoling!
Toki bu sizga dars bo‘lsin. Mening yaqinlarimni ham hurmat qilishni o‘rganing, — deb qo‘ng‘iroqni o‘chiribdi.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ
Комментарии: 12
  1. Аноним

    :roll: :oops: :evil:

  2. Muhammadyusuf

    Juda zo‘r hikoyalar :idea:

  3. Clever

    Yaxshi hikoya ekan

  4. Rayhona

    hikoyalar juda ham zur hamda ibratli

    1. Farangiz

      Hotinga berlgan dars juda ham oʻrnak bolydgan hkoya eka menga juda ham qoyd

  5. Hilola

    Menga juda ham yoqdi raxmat umringiz uzoq bolsin alhamdrilax

  6. Hilola

    Menga juda ham yoqdi raxmat umringiz uzoq bolsin alhamdrilax

  7. Yulduzxon

    Ajoyib va bir-biridan qiziqarli hikoyalar ekan.Bu hikoyalarni yozganlarga katta rahmat. ;-) :oops: :oops:

  8. BEST

    JUDA HAM AJOYIB QOYIL

  9. Аноним

    :cry: :evil: :cry: :!:

  10. Wax1202

    Gap buliwi mumkn emas vawee zur

  11. Аноним

    :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile: :smile:

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: