Savol: Assalomu alaykum. Meni savolim bor edi. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Bizning maktabda har bir bitiruvchiga bir nafardan o‘qituvchi birkitildi. Direktorimizni aytishicha, agar bitiruvchi o‘qishga hujjat topshirmasa yoki kirolmasa birkitirilgan o‘qituvchi javob berar ekan. Ya’ni fan o‘qituvchilariga chora ko‘rilar ekan. Direktorimizning shu talabi to‘g‘rimi?
Savolga Ulug’bek Po’latov quyidagicha javob berdi:
Maktab direktori jamoa manfaatlarini hisobga olib qonunchilik doirasida qo‘l ostidagi xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklashi mumkin. Shu o‘rinda pedagog xodimlar ham mehnat intizomiga rioya qilishi, ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini o‘z vaqtida va aniq bajarishi lozim. Ushbu qoidalar Mehnat kodeksida aks etgan. Ammo xodimga beriladigan topshiriqlarning ham chegarasi bo‘ladi.
Shuni unutmaslik lozimki, pedagog xodimlarning ish faoliyati Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 7 dekabrdagi 393-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari» hamda 2021 yil 1 iyulda 206-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «O‘mumiy o‘rta ta’lim maktablari xodimlarining lavozim majburiyatlari» bilan tartibga solinadi.
Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarida o‘qituvchilar maktab psixologi bilan hamkorlikda o‘quvchilar shaxsini rivojlantirish, ularni kasbga yo‘naltirish va kasbgacha tayyorlash masalalari bo‘yicha tegishli ishlar olib borishi hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda bolalarni o‘qishga to‘liq qamrab olish, to‘qqizinchi sinf o‘quvchilarini ta’limning keyingi bosqichlariga jalb qilish masalalari bilan shug‘ullanish lozimligi qayd etilgan.
Ammo yuqoridagi normativ hujjatlarda 11 sinf bitiruvchilarining har birini maktabdagi pedagog xodimlarga biriktirish, agar bitiruvchi oliy ta’limda o‘qish uchun hujjat topshirmaydigan bo‘lsa yoki hujjat topshirgan taqdirda ham o‘qishga kirolmasa buning uchun fan o‘qituvchilari javobgar bo‘lishi haqida hech qanday qoida belgilanmagan.
Shu sababli bitiruvchilar oliy ta’limga hujjat topshirmaganligi uchun fan o‘qituvchilariga chora ko‘rish noto‘g‘ri. To‘g‘ri, bitiruvchilarni oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichini oshirib borish maktab direktorining vazifasi hisoblanadi. Lekin bu ishlarni pedagog xodimlarning mehnat huquqlarini poymol qilmagan holda qonun doirasida amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mavzuga doir:
bitiruvchi o‘z vaqtida pasport olmagani uchun sinf rahbari javobgarmi?
Bitiruvchilar oliygohga kirsa director rag‘batlantiriladimi?
Bir vaqtda ham OTM ham texnikumlarga hujjat topshirsa bo‘ladimi?