Yosh boʻlsa-da tajribali kishilarday harakat qilayotgan bolani koʻrsak, “Qonida bor-da” deymiz. Masalan, duradgorning farzandi yogʻochni sanʼatga aylantiradi. Choʻponning bolasi hali atak-chechak odimlasa-da, tayoqni kiftida oʻynatadi. Dehqon qoʻlidagi urugʻ bexos tuproqqa tushib ketsa ham, hosil beradi. Bobolarning endigina olamni anglab borayotgan nabiraga yetti pushtining ismini yod oldirishi, otalarining kasb-hunarini oʻrgatishi bejiz emas. Shu maʼnoda oʻylab qaralsa, bugungi yoshlarning shu tuproqda tugʻilib voyaga yetgan, jahon ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimizning hayoti va faoliyatini oʻrganishi ham qarz, ham farzdir.
Toʻliq asmi Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy boʻlgan ulugʻ vatandoshimiz oʻz davrida “Malik al-ulamo” deya taʼriflangan. Afsuski, bu zotning tugʻilgan sanasi va yoshlik yillari haqida hozircha maʼlumot yoʻq. Uning vafoti 1191 yilga toʻgʻri kelishi tadqiqotchi olimlarimiz tomonidan aniqlangan. Koson – Movarounnahrdagi Shosh viloyatining orqasida, Fargʻona vodiysi mintaqasi – Sayxun(Sirdaryo)ning shimoliy qismida joylashgan shaharlardan biri. Mana shu shaharda tugʻilgani sababli unga Kosoniy nisbasi berilgan.
Alouddin Kosoniy ilm talabida Buxoro shahriga kelib, Imom Alouddin Muhammad ibn Abi Ahmad as-Samarqandiyga shogird tushgan. U ustozining “Tuhvatul fuqaho” nomli asariga sharh sifatida kitob yozib, uni tuhfa qiladi. Yuksak mahorat bilan yozilgan asardan Alouddin Samarqandiy mamnun boʻlib, yetuk olima va fiqhshunos boʻlgan qizi Fotimani shogirdiga nikohlab bergan, degan maʼlumotlar bor. Shu sababli ham “ustozining kitobini sharhlab, qiziga uylandi”, degan gaplar oʻz davrida tildan tilga oʻtib yurgan. Oila qurilganidan soʻng fiqh, hadis va husnixat ilmida benazir boʻlgan Fotima va Alouddin Kosoniy hamda ularning ustozi Alouddin Samarqandiy hammaslak boʻlib faoliyat yuritishgan.
Alouddin Kosoniy taxminan 1146–1148 yillarda Halab hukmdori Nuriddin az-Zangiyning huzuriga elchi qilib yuboriladi va u umrining oxiriga qadar oʻsha yerda yashaydi. Kosoniy Halabda yashagan davrda hokimiyatni Zangiylar va Ayyubiylar boshqargan boʻlib, mamlakatda ilmiy muhit barqaror edi. Kosoniy bu yerda qisqa vaqt ichida katta shuhrat qozonadi va mahalliy faqihlarning talablari bilan Nuriddin Zangiy tomonidan qurdirilgan Halaviyya madrasasiga bosh mudarris qilib tayinlanadi. Bu ulugʻ zotdan avval madrasada ar-Roziy as-Saraxsiy bosh mudarris boʻlib, tili biroz chuchuk boʻlgani sababli talaffuz xatolaridan toliblarning koʻngillari toʻlmas edi. Kosoniyning madrasada hurmati nihoyatda ulugʻ ekanini, manbalarda taʼriflanganidek, mudarrisning yoʻqligida ham unga atab joynamoz solib qoʻyishgani va u kishi kelganidan to turib ketgunicha atrofida oʻtirishganidan anglash mumkin. Kosoniy yuksak saviyali olim, shu bilan birga oʻtkir zehnli notiq boʻlgan. U ilmiy bahslarda turli aqidaviy oqimlarga qarshi kurash olib borgan. Mana shunday munozaralarda alloma boshqa oqimdagi hamsuhbatlarining nomaqbul qarashlarining asl mazmun-mohiyatini rad etib boʻlmas dalillar asosida roʻy-rost ochib tashlashi va har bir fikrga haqiqiy islom taʼlimoti asosida xolis, haqqoniy javob bera olgani bilan atrofidagilarning eʼtirofiga musharraf boʻlgan.
Shu oʻrinda Alouddin Kosoniyning turmush oʻrtogʻi hazrati Fotima haqida ham batafsilroq maʼlumot berish joiz boʻlar. Chunki bu ayol Sharqda nomi chiqqan sanoqli olima ayollardan. U fiqh, hadis va husnixatda benazir boʻlgan. Ushbu ziyolilar oilasi Halab shahrida umrguzaronlik qilayotganida hukmdor Nuriddin Zangiy tomonidan katta eʼtibor va iltifot koʻrsatilgan. Bu er-xotin fiqhshunoslarning aql-zakovati va ilmiga behad hurmat bilan qaragan hukmdor ayrim muhim ishlarda ular bilan maslahatlashar va turli fiqhiy masalalarda ularning fikri bilan qiziqar edi. Hanafiy fiqh namoyandalaridan biriga aylangan olima hazrati Fotima baʼzan erining sohadagi xatolarini toʻgʻrilab, kamchiliklarini koʻrsatib bergani, Kosoniy ham uning fikrlarini qabul qilgani manbalarda qayd etilgan.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, bu oila aʼzolari Movarounnahrga qaytishga jazm qilganida, Kosoniyning har qanday vaziyatda ham ojizasining raʼyini qaytarmasligini yaxshi tushungan Halab hukmdori Fotima binti Muhammad nomiga shu shaharda qolishlarini iltimos qilib noma yuboradi. Buni qarangki, maktubni olib kelgan elchi erkak kishi boʻlgani sababli Fotima uni qabul qilmaydi. Olimaning taqvosidan hayratlangan hukmdor ikkinchi marta ayol elchi yuboradi. Hazrati Fotima hukmdorning iltimosini qabul qiladi va bu ikki buyuk alloma umrlarining oxiriga qadar shu shaharda qolishadi.
Bu fiqhshunos olima oʻzining tilla buyumlarini sotib, ilm ahli ilmga bir oy davomida iftor berib, xayrli anʼana boshlab bergan ilk ayoldir. Hozirga qadar bu anʼnana halabliklarda saqlanib qolgan. Shu shaharda vafot etgan hazrati Fotima bugungi kunda “Er-xotin qabri” nomi bilan mashhur boʻlgan qabristonga dafn etilgan.
Manbalarda zikr qilinishicha, Kosoniy turmush oʻrtogʻini juda yaxshi koʻrgan va hurmat qilgan. Fotimaning vafotidan soʻng u to soʻnggi kuniga qadar haftaning har juma kuni uning qabrini ziyorat qilgan. Ulugʻ fiqhshunos olim 587 hijriy rajab oyining oʻninchi kuni (1191 yil 3 avgust) vafot etgan. Uning qabri rafiqasining yonidadir. Bugungi kunda bu yer ziyoratgohga aylantirilgan va bu muborak maskanda qilingan yaxshi duolar, albatta, ijobat boʻlishiga odamlar ishonishadi.
Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammaddan Mahmud ismli farzand qolgan. Ayyubiylar hukmdori Sulton az-Zoir oʻoziy uni oʻz qaramogʻiga olib, voyaga yetkazgan.
“Kosoniyning eng eʼtiborli asari, albatta, islom fiqhiga oid. Qolaversa, olimning islom ilohiyotiga oid “As-Sultonul mubin fi usul ad-din” va “Al kitob al-jalil” nomli asarlari borligi ham aytiladi, – deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Muzaffar Komilov. – Turli manbalarda allomaning qalamiga mansub boʻlgan koʻplab asarlarning nomlari keltirilgan boʻlsa-da, ular bizgacha yetib kelmagan”.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, biz bu ikki ulugʻ ajdodimizning hayoti va ijodi, faoliyatini yanada chuqurroq tadqiq etishga astoydil jazm qilganimizcha yoʻq. Ajab emaski, kelgusida yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari sabab Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammad haqida toʻliq maʼlumotlarga ega boʻlsak.
Manba: Uzhurriyat.uz