Ramz Bobojon (1921–2008)

Ramz Bobojon
Telegramda o'qish

Ramz Bobojon haqida: hayoti, asarlari, tarjimai hol, batafsil ma’lumotlar

Shoir, dramaturg, tarjimon Ramz Bobojon 1921 yil 27 avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maktabning boshlangʻich sinflarini tugatgandan soʻng taʼlimni mahallasidan bir koʻcha naridagi bilim yurtida davom ettirdi. Bilim yurtini bitirgandan soʻng otasining raʼyini qaytarolmay Toshkent davlat tibbiyot institutiga oʻqishga kirdi. Bu yerda bir yil oʻqib, uzil-kesil qaror qabul qildi va kelgusi oʻquv yilidan Toshkent pedagogika institutining adabiyot fakultetiga qatnay boshladi.
Ikkinchi jahon urushining birinchi yilidayoq armiya safiga chaqirildi. Quroldosh doʻsti shoir Shukrullo bilan bir vagonda Olmaota shahridagi ofitserlar tayyorlash harbiy piyoda bilim yurtiga yetib bordi. U yerda yana bir doʻsti yozuvchi Asqad Muxtor bilan uchrashdi.
U mehnat faoliyatini 1939 yili Oʻzbekiston bolalar va yoshlar nashriyotida muharrir vazifasi bilan boshladi. Keyin Oʻzbekiston Davlat nashriyotida, radiokomitetda boʻlim mudiri va muharrirlik vazifalarini bajardi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, oʻrta maktabda oʻqituvchi, hozirgi “Tong yulduzi”, “Oʻzbekiston ovozi” gazetalarida muharrir, boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining kotibi, respublika Badiiy adabiyot nashriyoti direktori vazifalarida ishladi.
U oʻzining tarjimai holida yozadi: “Menda badiiy adabiyotga havas, ijodiy mehnatga ishtiyoq tuygʻulari juda erta uygʻongan boʻlsa ham, oʻzgalardan sir tutardim. Hali durustgina savodim chiqmagan bolalik yillarimda, taxminan oʻn-oʻn bir yoshlarimdayoq qofiyabozlik “kasali”ga mubtalo boʻlganimni hamon eslayman. Buning boisi, birinchidan, Adolat buvimdan eshitgan ertaklarim nasriy boʻlsa ham, ichki qofiyalarga boy ekanidan, ikkinchidan oʻsha paytlarda uyimizda tez-tez sheʼrxonlik boʻlib turganidan deb bilaman. Shunday qilib sheʼriyatga oshiqligim juda erta boshlandi…”
Ramz Bobojon 1936 yildan boshlab ijod qila boshlagan. Uning ilk sheʼri hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida “Shodligim” sarlavhasi bilan bosilib chiqdi (1935). Qaldirgʻoch toʻplami “Sheʼrlar” 1939 yilda chop etildi.
Keyingi yillarda “Hadya” (1940), “Oltin kamalak” (1949), “Vodiyni kezganda” (1949), “Qadrdon doʻstlar”, “Nazmi va Turgʻun” (1954), “Rahmat mehribon”, “Poema va balladalar”, “Tanlangan asarlar” (1958), “Doʻstlar va oʻylar”, “Yurak hamisha uygʻoq”, “Sevgi sirlari” (1963), “Sheʼrlar” (1965), “Yangi ruboiylar” (1966), “Senga sevgilim” (1969), “Birinchi parvoz” (1980), “Muhabbatga taʼzim” (1980), “Sening mehring” (1996) kabi bir necha sheʼrlar toʻplami va “Saylanma”si, ikki jildlik “Tanlangan asarlar”i (1-jild 1973,2-jild 1974) nashr etilgan.
R. Bobojonning poema yaratish borasidagi izlanishlari liro-epik janr takomilida alohida oʻrin tutadi. “Qadrdon doʻstlar” (1949) asarining yaratilishida A. Tvardovskiyning “Vasiliy Tyorkin” poemasining taʼsiri kuchli. Shoir bu dostonida urush va undan keyingi davrdagi qardosh xalqlar doʻstligini koʻrsatishga intilgan.
Dramaturgiyamiz taraqqiyotida ham Ramz Bobojonning oʻziga yarasha xizmatlari bor. U 1960 yilda “Togʻa va jiyanlar” komediyasini yaratdi. “Loʻlilar yoki Zuhraning maktublari” (1964) pyesasi Moskva teatrlarida namoyish qilindi. “Insu jins yoki tirik murdalar” (1971) komediyasi ham muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Dramaturgning ayniqsa, “Yusuf va Zulayho” (1981, toʻldirilgan ikkinchi nashri 2000) dramatik dostoni tomoshabinlar va keng kitobxonlar olqishiga sazovor boʻldi.
Ramz Bobojonni adabiyot shinavandalari nafaqat shoir va dramaturg sifatida, balki mohir tarjimon sifatida ham biladilar. U A. Pushkin, M. Lermontov, N. Nekrasov, A. Tvardovskiy va boshqa rus shoirlarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq shoiri Ramz Bobojon “Obi hayot” dostoni uchun Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Mustaqillik yillarida samarali faoliyati va ijodi uchun u “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

Foydalanilgan adabiyot

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: