Savol: Metodbirlashma rahbarlari faoliyatini har chorakda baholab, har chorakka alohida 10% ustama belgilanadimi? Ya’ni, o‘qituvchilar ustamasiga o‘xshab bir yil uchun belgilanmaydimi? Vazirlikning tegishli xatida mana shunday tushuntirish berilgan ekan. Bu xat bo‘yicha ish tutsak metodbirlashma rahbarlariga bir yil uchun emas har chorakda ularni ishini ko‘rib, bir yilda to‘rt marta baholashga to‘g‘ri kelib qolyapti. Bu vaziyatda qanday yo‘l tutgan ma’qul?
Savolga Xalq ta’limi info kanalida quyidagicha javob berildi:
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida» nizomga muvofiq ta’lim muassasasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlariga 10 foiz har oylik ustama haq belgilanishi mumkin.
Haqiqatdan ham uslubiy birlashma rahbarlari faoliyatini baholab, ularga ustama tayinlash tartibi bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 11 iyundagi 02-02/17-03-sonli ko‘rsatma xati ishlab chiqilgan.
Unda uslubiy birlashma rahbarlari faoliyati 4 ta mezon asosida 100 ballik tizimda baholanishi batafsil tushuntirilgan. Ammo xatda mezonlar bo‘yicha belgilab berilgan ko‘rsatkichlar har chorak bo‘yicha hisoblanishi, bunda 1-chorak natijalari 2-chorak davomida, 2-chorak natijalari 3-chorak davomida, 3-chorak natijalari 4-chorak davomida, 4-chorak natijalari esa keyingi yilning 1-choragi davomida amal qilishi aytilgan.
Ko‘pchilikni chalg‘itayotgan narsa ham aynan mana shu. Haqiqatdan ham o‘sha paytda Xalq ta’limi vazirligi mazkur bandni tushunarsiz izohlagan. Chunki amaliyotda pedagog xodimlarga har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 28-bandida oylik ustamalar har yili 1 iyulga qadar belgilanishi va o‘quv yilining yarim yillik yakunlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi aytilgan.
Ya’ni, ushbu banddan shunday ma’no tushunilyaptiki, pedagog xodimlarga har oylik ustama belgilash to‘g‘risida qaror 1 iyulga qadar qabul qilinishi kerak, har chorakda emas. Mantiqan olib qaralganda ham ishchi guruh har chorakda emas, umumiy qilib bir marta uslubiy birlashma rahbarlarini baholasa to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda o‘tgan yilgi choraklarda qilingan ishlar bo‘yicha hisoblab qo‘yilsa yetarli.
Vazirlikning 2021 yil 11 iyundagi 02-02/17-03-sonli ko‘rsatma xatida uslubiy birlashma rahbarlari faoliyatini har chorakda baholash kerak deyilgan ekanku, endi qanday yo‘l tutamiz degan savol tug‘ilishi mumkin. Ammo «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, vazirlikning xati Vazirlar Mahkamasining qaroridan ustun bo‘lolmaydi.
Shu sababli, bu vaziyatda uslubiy birlashma rahbarlari faoliyatini baholash muddatlari masalasida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida bir yilda bir marotaba o‘rganib chiqishning o‘zi yetarli deb hisoblaymiz.
P.S: O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham pedagoglarga ustama tayinlash borasidagi tushunmovchiliklarga alohida tushuntirish beradi.
Mavzuga doir:
Yangi qaror bo‘yicha metodbirlashmalar faoliyati haqida
Barcha fanlardan metodbirlashma hujjatlari yuklab olish