«Zakovat» ko‘rsatuvi yopildimi?

Zakovat ko‘rsatuvi yopildimi
Telegramda o'qish

So‘nggi kunlarda shu kabi savol bilan ko‘pchilik murojaat qilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lmoqda. «Zakovat» klubi a’zosi sifatida ayrim izohlarni berib o‘tmoqchi edim»,- deya yozmoqda «Zakovat»ning bir necha bor chempioni Xushnudbek Xudoyberdiyev.

«Zakovat» ko‘rsatuvi dekabr oyida efirdan olindi. 20 yillik faoliyati davomida birinchi marta yangi yil arafasida «Zakovat» efirga ketmadi, Oliy liga o‘yinlari oxiriga yetmay to‘xtatildi, kim finalga chiqqaniyu, kim chempion bo‘lgani ham aniqlanmay qoldi. Hattoki suratga olingan 2 ta ko‘rsatuv efirga ham ketmadi. Bunaqasi shu paytgacha biror marta bo‘lmagandi.
«Zakovat» ko‘rsatuvining to‘xtatilishiga sabab, u efirga ketadigan xususiy kanal ko‘rsatuvni reyting ololmayapti degan vaj bilan ekranlardan olishga qaror qildi. Albatta xususiy kanal nimani efirga berish yoki bermaslikni o‘zi hal qiladi, bunga e’tiroz yo‘q. Kim uchundir ilm va ma’rifat qadriyat, kim uchundir esa boshqa qadriyatlar bor, bunisi ham tushunarli.
Ammo baribir jamiyatda ilmga bo‘layotgan munosabat meni xavotirga soladi. Bugun aksariyat insonlarni faqat qorin g‘ami va o‘yin-kulgu o‘ylantiryapti xolos. Boshqa narsa uncha qiziqmas.
Telekanallarning esa faqat pul uchun reyting ketidan quvishi, o‘ldim-kuydim, saviyasiz seriallaru, bachkana shoularga o‘ch bo‘lishi ham jamiyatdagi umumiy holatning aks-sadosidir.
O‘zi butun dunyoda ham ilmiy kontent katta reyting ololmaydi, chunki ilmning auditoriyasi birmuncha kam bo‘ladi. Mana, oddiy misol: shunchaki YouTube’dagi biror olim bilan intervyuni necha kishi ko‘rganiyu, birorta artist bilan intervyuni necha kishi ko‘rganini qarasangiz ham bo‘ladi. Ayniqsa O‘zbekiston sharoitida bu farq juda seziladi.
Shu sababli ham ilmiy, ta’limga oid va intellektual loyihalar yoki Hukumat, yoki mesenat-homiylar tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanadi. Chunki ilm bu millat kelajagi demakdir.
Endi nima bo‘ladi?
 Eng avvalo shuni ta’kidlamoqchimizki, «Zakovat» yopilgani yo‘q. Faqat ko‘rsatuv ma’lum muddat efirdan olindi xolos. Ammo klub hali faoliyatini davom ettirmoqda.
Klub o‘z oldiga bir qancha rejalarni qo‘ygan:
Birinchidan, hozirgi vaziyatda dod-voy, yig‘i-sig‘i qilmoqchi emasmiz. Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq. Bizni TVda chiqarishni istashmasa, unda o‘zimiz TV ochamiz! Xudo xohlasa, O‘zbekistondagi birinchi intellektual internet televideniyesi ochmoqchimiz. Izlagan imkon topar deyishadi. Balki ushbu loyihamiz uchun ilmning qadriga yetadigan saxiy homiylar ham topilib qolar. Ushbu internet televideniyesida faqat «Zakovat» emas, 20 ga yaqin intellektual loyihalar, o‘yinlar bo‘lishini reja qilyapmiz. Barcha dasturlar YouTube orqali efirga uzatiladi.
Ikkinchidan, 06.11.2020 yildagi PQ-4884-sonli Prezident qarorida maktab o‘quvchilarining intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida «Zakovat» intellektual o‘yini bo‘yicha «Vazir kubogi», «Hokim kubogi» tadbirlarini hamda «zakovat.tv» platformasi orqali maktablar o‘rtasida intellektual musobaqalarni tashkil etish vazifasi topshirilgan. Hozirda Xalq ta’limi vazirligi bilan mazkur band ijrosi yuzasidan choralar rejalashtirilmoqda.
Uchinchidan, Shavkat Mirziyoyev Yoshlar Forumidagi nutqida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 2021 yildan boshlab Intellektual o‘yinlar haftaligini o‘tkazish haqida tashabbus ko‘rsatgan edi. Hozirda tegishli tashkilotlar bilan ana shunday intellektual o‘yinlarni o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda.
Va bu ishlarning barchasida «Zakovat» intellektual klubi asosiy ijrochilardan bo‘lishi tabiiy.
Shunday ekan, bizni hali oldinda katta rejalar kutib turibdi. Mashaqqat va sinovlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, yangidan yangi g‘oyalar ustida ishlaymiz, tanlagan yo‘limizda davom etavaramiz.
«Zakovat» yopilgani yo‘q, hali u mavjud! Ilm hech qachon o‘lmaydi, qisqa muddatga behush bo‘lib qolishi mumkin xolos.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: