Toshkent shahridagi maktablar faoliyatini yaxshilash hamda Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash bo’yicha Vazirlar Mahkamasining qarori

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchtepa tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi bo’yicha Toshkent shahridagi maktablar faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar tarqatdi. Xabarda aytilishicha, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yilning 17 avgust kuni “Toshkent shahri umumta’lim maktablari faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorni qabul qildi.
2019-2020 yillarda Toshkent shahrida yangi maktablar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash uchun 800 mlrd. so’m mablag’ ajratiladi.
2018-2019 o’quv yilida Toshkent shahrining 309 004 nafar o’quvchi o’rniga ega 303 ta umumta’lim maktabida jami 409 703 nafar o’quvchi tahsil olgani holda o’rtacha navbatlilik darajasi 1,4 %ni tashkil etgan.
2019-2020 o’quv yili uchun umumta’lim maktablarining 1-sinflariga keladigan o’quvchilar hisobiga Toshkent shahri umumta’lim maktablarida ta’lim olishi kutilayotgan o’quvchilar soni 450 ming nafarga yetadi. Natijada umumta’lim maktablarida qo’shimcha 140 ming o’quvchi o’rniga ehtiyoj yuzaga keladi.
Hozirgi kunga yeelib, Toshkent shahrida 266 ta umumta’lim maktabining navbatlilik darajasi normal, qolgan 37 tasida esa joylashuv o’rnining nomutanosibligi natijasida navbatlilik darajasi normal darajada emas, ayrimlarida 2 dan yuqoriligicha qolmoqda.
Qarorga ko’ra, 2019 yilda poytaxtda maktablar qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun 400 mlrd. so’m ajratilmoqda. Qaror bilan 2019 yilda rekonstruksiya qilinadigan 10 ta maktab va ta’mirlanadigan 40 ta ta’lim muassasasi ro’yxati ham tasdiqlandi. Ularning quvvati 57,01 mingni tashkil etib, ularda 69,22 ming nafar o’quvchi tahsil olmoqda. Ushbu ro’yxatda, jumladan, Toshkent shahridagi qurilganidan beri biron marotaba investisiya dasturiga kiritilmagan 16 ta maktab ham kiritilgan.
Jumladan, 367,95 mlrd. so’mga yaqin mablag’ qurilish-tiklash ishlariga yo’naltiriladi va 32,05 mlrd. so’m investisiyalar maktablarni jihozlashga sarflanadi.
2020 yilda umumta’lim muassasalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash uchun yana 400,0 mlrd so’m ajratish rejalashtirilgan.
Ikki oy muddatda 2020 yilda ajratiladigan 400 mlrd so’m mablag’ hisobidan yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital ta’mirlanadigan va jihozlanadigan umumiy o’rta ta’lim muassasalarining manzilli ro’yxati shakllantiriladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Toshkent shahar hokimligi va O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019-2020 o’quv yilidan boshlab, Toshkent shahridagi o’quvchilar soni quvvatiga nisbatan kam bo’lgan umumiy o’rta ta’lim maktablarini o’quvchilar soni quvvatiga nisbatan ortiq maktablarga tarmoq maktab sifatida biriktiriladi. Qarorda takidlanishicha, yangi o’quv yilida 9 ta tarmoq maktablari tashkil etiladi.
Toshkent shahridagi faoliyati tugatilayotgan beshta akademik lisey va kasb-hunar kollejlarining bino va inshootlari, tegishli hududidagi yer maydonlari, balansida mavjud barcha moddiy qiymatga ega jihoz va uskunalari operativ boshqarish huquqi bilan xalq ta’limi tizimi tasarrufiga beriladi. Ular negizida maktablar tashkil etiladi.
Hujjatga ko’ra, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Xalq ta’limi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish ob’ektlari sifatini monitoring qilish bo’yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi qurilish-ta’mirlash ishlari bo’yicha va Xalq ta’limi vazirligining “O’quv ta’lim-ta’minot” davlat unitar korxonasi jihozlash ishlari bo’yicha buyurtmachilar etib belgilandi.
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari bo’yicha loyiha-smeta hujjatlari ilg’or mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda, zamonaviy hamda xalqaro standartlarga javob beradigan talablar asosida ishlab chiqilishi belgilandi.
O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik va xususiy shaklda nodavlat ta’lim muassasalari tarmog’ini yanada kengaytirish choralarini ko’rishi, bunda 2020 yildan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy o’rta ta’lim maktablarini xususiy sektor vakillariga qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash, boshqarish, foydalanish va saqlash uchun berish usullarini amaliyotga joriy qilinadi.
Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy sektor vakillariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, shuningdek, xususiy shaklda berilgan umumta’lim maktab o’quvchilarining ta’lim olishlari bilan bog’liq xarajatlarni budjetdan moliyalashtirish tartibini ishlab chiqib, belgilangan tartibda amaliyotga joriy qiladi.
Xalq ta’limi vazirligiga Iqtisodiyot va sanoat hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirliklari birgalikda 2019 yilning 1 dekabriga qadar Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarini oliy ma’lumotli kadrlar bilan to’ldirish, oliy toifali o’qituvchilar sonini oshirish, bir nafar o’qituvchiga to’g’ri keladigan o’rtacha o’quvchilar ulushini bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga moslashtirish bo’yicha dasturni ishlab chiqish bo’yicha vazifalar yuklandi.
Xalq ta’limi vazirligi 2019/2020 o’quv yilidan boshlab umumiy o’rta ta’lim muassasalarida pedagogika sohasiga moyilligi, qiziqishi bo’lgan yuqori sinf o’quvchilari uchun kasbga yo’naltirish ishlarini jonlantirish maqsadida “YOsh pedagog sinflari”ni tashkil etadi.

Maqola yoqdimi? Iltimos, saytni ommalashtirishga yordam berib ijtimoiy sahifadagi do'stlaringizga ma'lum qiling.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: