Taʼlimsiz, ilmsiz taraqqiyot yoʻq, rivojlanish yoʻq

Taʼlimsiz, ilmsiz taraqqiyot yoʻq, rivojlanish yoʻq
Telegramda o'qish

Xalqni – xalq, millatni – millat sifatida shakllantira oladigan asosiy kuch bu – taʼlim va sohadagi islohotlar ekanligi hammamizga yaxshi maʼlum. Bugungi kunda yurtimizda taʼlim tizimini isloh qilishga qaratilgan siyosatning asosiy maqsadlaridan biri ham yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishdir.
Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon yurtimizda taʼlim-tarbiya va ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim hujjat boʻldi.
Farmonda taʼlim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish, bitiruvchilarning bandligini taʼminlash, pedagog xodimlar va olimlarning faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha bir qator istiqbolli vazifalar belgilangan.
Ahamiyatli tomoni shundaki, farmonda birinchi marta taʼlim tizimiga jamiyatning har bir aʼzosi masʼul etib belgilandi. Endilikda oʻqituvchi maqomini oshirish, uning avvalgi obroʻ-eʼtiborini tiklash, taʼlim muassasalaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash hokimliklar zimmasidagi asosiy vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan boʻlsa, Xalq taʼlimi vazirligining maktablar mazmuniga javob berishi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi. Shubhasiz, bundan buyon mahalliy rahbarlar ishiga paxta, gʻallaga qarab emas, balki taʼlim-tarbiya uchun yaratilgan shart-sharoitga, ilmli-maʼnaviyatli yoshlarga qarab baho beriladi.
Yana bir muhim jihat. Farmonda professional taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektorning salmogʻini kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida professional taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish borasida istiqbolli vazifalar aks etgan. Sohaga davlat-xususiy sherikchilikning samarali mexanizmlarini joriy etish, bu borada ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish boʻyicha ham bir qator yangiliklar nazarda tutilgan.
Binobarin, nodavlat oliy taʼlim muassasalarining tashkil etilishi respublikamizda yangi ish oʻrinlar yaratilishi, nodavlat va davlat taʼlim sektori oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini paydo boʻlishi, yoshlarni oʻzi xohlagan yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim olishi, taʼlim va sanoatni chambarchas bogʻlanishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
OʻzLiDeP saylovoldi dasturida ham taʼlim tizimidagi raqobat muhitining shakllanishi, xususiy sektor resurslaridan foydalanish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar oʻrin olgan. Unga koʻra, har bir tumanda kamida toʻrttadan xususiy maktablar barpo qilinishiga erishish, sohada davlat-xususiy sherikchiligi va xususiy xizmatlarni jadal rivojlantirish hisobidan bolalar uchun imkoniyatlar yaratishga erishish koʻzda tutilgan.
Bugun ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish davrida yashayapmiz. Zamon sogʻlom raqobatni talab etmoqda. Shundan kelib chiqib, oliy taʼlim sohasida ham sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, endilikda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida har bir hududda davlat-xususiy sheriklik asosida kamida bittadan oliy taʼlim tashkilotini tashkil etish belgilandi.
Bugungi yangi Oʻzbekiston – inson davlat uchun emas, davlat inson uchun, tamoyili amal qilinayotgan mamlakatdir. Shunday ekan, islohotlarning tag- zamirida inson manfaatlari, aniqrogʻi yoshlar kelajagi turadi. Zotan, ular jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini oʻtaydi.
Gulshana XUDOYOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Manba: XS.uz

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
Baxtiyor.uz
Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: