Sensor telefonlarining ko’zi ojiz insonlar ijtimoiy hayotidagi o’rni

Mobile speak

Qadirdonim, shiddat bilan rivojlanib borayotgan yigirma birinchi asr bizlarga juda ko’p tuhfalar qildi va qilib kelmoqda.

Bu asr bizga qalbi temirdan iborat bo’lgan odamlarni ham, xotirasi inson xotirasi bilan tenglasha oladigan temirlarni ham hadiya etyapti. Birinchisidan emas-u, ikkinchisidan mamnunmiz. Albatta, rivojlanishning bu bosqichga yetishiga inson aql-tafakkurigina sababdir. Har bir kashfiyot, har bir qurilma botinida kuchli tafakkur, ilm yashiringan. . Ana shunday ajoyib kashfiyotlardan biri, bu shubhasiz sensorli telefonlar. Bu borada ming og’iz ko’pirtirib gapirmay, ming maqtovlar yomg’irini yog’dirmay, sizning bunday qurilmalar haqidagi ma’luumotlaringiz yog’ayotgan yomg’irga darrov soyabon bo’lib oladi. Shunday ekan, biz bu telefonlarning ishlashi, biz uchun qay darajada xizmat eta olishi, uni qay tariqa ishlatish, taxlil-u mulohazalar xususida so’zlashmog’imiz har jihatdan maqquldir.
Xo’sh, bu telefonlar qachondan boshlab ommalasha bordi? Qachon insoniyat olamiga mahkam o’rnashib ulgurdi? Turi yuzdan ortiq bo’lgan bu qurilmalar nimasi bilan bir-biridan farq qiladi-yu, nimasi ularni birlashtiradi? Qanday husnga ega ekanki odam ko’zini odamga emas, shu qurilmalar ekraniga qaratayapti? Bunga yetarlicha asos va sabablar mavjud. Sensorli telefonlar 2000-yillardan boshlab juda oz miqdorda, sinov uchun malum soha vakillaridagina bo’lgan. Bu paytda barcha tugmali telefonlardan foydalanar edi. Sensorlar sinovdan muvoffaqiyatli o’tgach, u keng ko’lamda ishlab chiqarila boshlandi. 2010-yildan ular O’zbekistonga ham kirib keldi. Ammo ularning ishlashi huddi tugmali qurilmalar kabi edi.
Hamma funksiyasi tugmali bobosi bilan bir xil edi. Faqat o’zi sensor. Ko’p o’tmay sensorlar ishlashi, funksiyalarining ko’pligi bilan tugmali telefonlarni ortda qoldirib, ulardan ajralib chiqdi. Dastlab bunday telefonlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar juda ko’p edi. Ammo ularning ko’pchiligi raqobatga, rivojlanish tezligiga dosh berolmay, manzilini bilmay yo’lga chiqib qo’ygan odamday ortda qolib ketdi
va dunyo bozorida bunday telefonlarni ishlab chiqarish bo’yicha «Samsung», «Apple» kompaniyalari yetakchilikni o’z qo’liga oldi. Hozirda xitoy kompaniyalari ham ularga yirik raqobatdoshga aylandi.
Endi ularning ishlash faoliyatiga ko’z tashlasak. Ma’lumki bu telefonlar qurilma ekranini silash, ularga barmoq bosish yo’li bilan ishlatiladi. Mening fikrimcha inson o’z yaqini, farzandi sochini ham bu telefonlarni silaganchalik mehr bilan erkalamasa kerak.
Hozirgi vaqtda sensor telefonlari ikki guruhga bo’linadi: android va iOs. Malumki kompyuterlar Windows, Linuks kabi operatsion tizimlar bilan ishlaydi. Bu kabi telefonlar ham o’z tizimlariga ega. Ularning nomini yuqorida keltirib o’tdik. Doimo beriladigan savollardan biriga javob berib o’taman, hech qachon Android tizimida ishlovchi telefonga kompyuter programmasini, iOs tizimidagilariga esa Androidga tushuvchi dasturni o’rnatib bo’lmaydi.
Azizim, g’oyibona uchrashuvlarimizda ko’p bora sensor telefonlarini bemalol ko’zi ojis insonlar ishlata olishini, ishlatayotganini aytib o’tgandim. Endi buni amaliy isbodlariga o’tamiz. Nomi tilga olingan kompaniyalar faqat sog’lom insonlarni emas, balki ko’zida, eshitishida nuqsoni bo’lgan foydalanuvchilarni ham o’ylab, o’zlari ishlab chiqarayotgan qurilmalarga ular uchun ham imkoniyatlar, qulayliklar yaratib kelishmoqda.
Android va iOs tizimida ishlovchi telefonlarni bemalol ko’zi ojiz odam ishlata oladi. Ha, aynan topdingiz. Ular ham kompyuterimizda bo’lgani kabi, o’z ScreenReaderlariga ega. Ammo birinchi bo’lib sensorli qurilmani qo’liga olgan ko’zi ojiz inson, bu screenReaderni qay tariqa yoqib ishlatishni bilmasligi mumkin. Batafsilroq to’xtalib o’tamiz.

Android tizimidagi qurilmalarda

Bunday tizimdagi barcha telefonlar deyarli bir xil bo’lladi. Faqatgina sozlamalarining joylashuvi, nomlari, ko’rinishlari bilan bir-biridan farq qiladi. Samsung kompaniyasi telefonlarini olib ko’raylik. Ularda gapiruvchi tizim qanday yoqiladi. Buni o’rganishda qadamba-qadam tushuntirishni lozim topdim. Chunki ko’p insonlar bunday telefonlarni xarit qilar ekan, «O’zi ishlata olarmikanman, qanday boshqariladi?»,- degan hadik ichida bo’ladi.
Gapiruvchi dasturni yoqish uchun aval bizga ekrandagi yozuvlarni o’qiy oladigan inson lozim. Faraz qilaylik u bor, yonimizda. Endi «menu»dan «настройки»ga kiramiz. U yerdan «Спецальный возможности» qatorini topamiz va u yerga kiramiz. Ko’z oldimizda yana ko’plab yozuvli qatorlar paydo bo’ladi. U yerdan TalkBack dasturini topib ishga tushiramiz. Qolgan android tizimidagi telefonlarda ham bu dasturni yoqish deyarli shu tartibda bo’ladi.
Dastur ishga tushirilishi bilan faollashgani haqida ovoz beradi. Agar telefonlar yaqin bir ikki yil ichida olingan, yo endi sotib olinsa, va u samsung kompaniyasiga tegishli bo’lsa, unda rus tilidagi nutq sintezatori mavjud bo’ladi. Agar telefon xitoyning mashxur kompaniyalariga tegishli bo’lsa, unda unga nutq sintezatorini ko’chirib olish kerak bo’ladi. Qayerda qolgan edik? Ha, biz dasturni yoqdik va faraz qilamizki unda nutq sintezatori bor.
Endi uni o’zimiz qo’limizga olishimiz mumkin. Chunki endi u gapiradi va barmog’imiz tekkan har bir nuqtani bizga o’qib beradi.
Dastur aynan ko’zi ojiz foydalanuvchilariga mo’ljallangan. Telefondagi yozuv qatorlarni, menularni barmog’imizni ekran ustida qurilmani vertikal holatda tutibb chapdan o’ngga yoki o’ngdan chapga chizish orqali qidirib topishimiz mumkin. Bitta barmoq ekran bo’ylab harakatlanganda hech qaysi funksiya ishlab ketmaydi, ya’ni biror joyga kirib ketib sozlamalarini buzib qo’yish mumkin emas. Shuning uchun telefonni qo’lga olganda ekranga barmoq tekkazishdan aslo cho’chish kerak emas.
Biror dastur yo yozuv qatorini faollashtirish uchun avval uni topib, keyin bitta barmoq bilan tezgina ikki marta ekranga tekkazishi kifoya va o’sha qator faollashadi. Bunday telefonlarni birinchi marta qo’lga olib o’rganishda avvalo harakat, sabr talab etiladi. Shu ikkisiga, uchinchisi bo’lgan qiziqishga ham ega bo’lgan inson albatta o’rgana oladi.
Agar barmoqni ekran bo’ylab to’g’ri harakatlantirishni o’rganib o’linsa, buyog’i ancha osson kechadi. Men shuni baralla ayta olamanki buning sira qiyin joyi yo’q.

iOs tizimidagi qurilmalarda gapiruvchi dasturni yoqish

Bu tizimda eng keng tarqalgan qurilma bu iPhone telefoni hisoblanadi. Ularda gapiruvchi dasturni yoqish quydagi tartibda amalga oshiriladi: «Ностройка»ga kirib «Основные» qatori topiladi.
U yerga kirilgach, «Универсальный доступ» qatori faollashtiriladi. U yerdan «VoiceOver» gapiruvchi dasturi ishga tushiriladi. Ishonch bilan aytamanki, bu tizimli barcha telefonlarda rus tilidagi nutq sintezatori mavjud va yoqishingiz bilan u gapira boshlaydi. Chunki iOs tizimidagi qurilmalarni «Apple»dan boshqa kompaniya ishlab chiqarmaydi. Dastur, telefon har xil bo’lgani bilan, ishlatish usuli bir xil. Bu telefonlarni ham yuqoridagi tartibda ko’rsatilganiday ekranda chapdan o’ngga yo aksincha chizib yozuv qatorlarini ko’rib chiqish mumkin. Ularga kirish uchun esa, barmoqni tezgina ikki marta ekranga tekkazish yetarli. U faollashgani haqida ovoz beradi.

ScreenReaderlarni qay tartibda yoqishni imkon qadar ko’rib chiqdik. O’quvchida tabiiy savollar tug’iladi: «Modomiki ishlatish bir xil ekan, ikkisida ham gapiruvchi dastur mavjud ekan, qay birini tanlash kerak? Qaysisi menga yaxshiroq»?
Bu savollar o’rinli albatta. Ijozatingiz bilan ularning bir-biridan farqli ustun yo kamchiliklari to’g’risidagi ojizona fikrlarimni bayon etsam.

Android va iOs; Ustunliklar va kamchiliklar;

Bu ikki qurilmalarni ishlatish bir xil bo’lgani bilan, ekranda bajariladigan ishoralar, ichki dasturlarni boshqarish turlicha bo’ladi. Shunday paytlar bo’lishi mumkinki, birdaniga uch barmoqni ekran da harakatlantirishga to’g’ri keladi.
Bir tizimning dasturini boshqasiga qo’yib bo’lmasligini bilamiz. Birinchi farq shundaki, Android tizimi har xil manbaalar orqali dasturlarga boyib borishi mumkin. Masalan siz biror dasturni qidirayapsiz. Birinchi navbatda telefondagi Playmarket deb nomlangan dasturlar do’koniga murojat qilasiz. U yerdan topa olmasangiz, internetdagi boshqa saytlarni qidirib ko’rib topishingiz, uni telefonga yuklab olib ishlatishingiz mumkin. Misol: Telegram ijtimoiy tarmog’ini bir paytlar ko’zi ojiz insonlar ishlata olmas, ScreenReader bu ichi rasmchalarga to’la bo’lgan dasturni o’qib bera olmas edi. Lekin yaqinda eronlik dasturchilar tomonidan ko’zi ojizlar uchun alohida telegram ilovasi ishlab chiqildi.
Ammo u play marketda mavjud emas. Uni internetdan olib o’rnatish kerak. Androidda buni amalga oshirish mumkin. Endi iOs tizimiga nigohimizni tashlaylik. Unda ham dasturlar do’koni bor bo’lib, u apstor deb nomlanadi. Bu tizimda ishlovchi telefonlar faqat shu manbaagagina qaram hisoblanadi. Biror dasturchi bu tizim uchun dastur yaratsa-yu, uni apstor do’koniga joylamasa, foydalanuvchilar uni hech qachon telefonlariga o’rnata olmaydi. Bundan ko’rinadiki iOs dasturga boyligi jihatidan androiddan farq qiladi. U birgina manbaaga tayanadi. Men buni iOsning kamchiligi deb bilsam, androidning ustunligi deb bilaman.
Malumki ko’zi ojiz foydalanuvchilar ichida aksariyat qismi kitob mutolaasiga, qo’shiq tinglashga ixlosmand. Demak telefonlarda bunga qanday qulayliklar borligini ko’zdan qochirish mumkin emas. Agar foydalanuvchi android tizimli telefonda bo’lsa, o’zi istagan ma’lumotning qay ko’rinishi bo’lmasin telefonni kompyuteriga ulab, oddiy fleshkaga qay tartibda ma’lumot o’tkazsa, unga ham shu tartibda o’tkaza oladi.
Bunda unga hech qanday yordamchi dasturlarning hojati yo’q va ortiqcha qiyinchiliklarga duch kelmaydi. IOs tizimidagi iPhone telefonlarida esa, bu ish ancha murakkab tartibda amalga oshiriladi. Bunda uni kompyuterga ulashning o’zigina yetarli emas. Birinchidan, telefon bilan kompyuter o’rtasidagi ma’lumot almashinuvini taminlab beruvchi maxsus dastur kompyuterga o’rnatilishi kerak. Ikkinchidan bu ish foydalanuvchidan yetarlicha tajriba, ko’nikma talab qiladi. Albatta foydalanuvchilarimiz ichida ham bu tajribaga ega bo’lgan insonlar ko’p, lekin besh qo’l barobar emas.
Balki iOs dasturchilari bu telefonlarni ma’lumot xavfsizligini taminlash uchun shunday tartibni jore qilgandirlar. Balki zararli viruslardan himoya etmoqni estarlar. Ammo men baribir androidni bu borada ustun hisoblashga majburman. Chunki foydalanuvchilarni qiynalmay o’zlarining ma’lumotlarini telefonlariga o’tqaza olishi men uchun birinchi navbatda turadi.
IOs tizimli qurilmalarni faqatgina «Apple» kompaniyasi ishlab chiqarishi, bu uning eng katta ustunligidir. Androidni turli kompaniyalar chiqarishi sababdan, bazida foydalanuvchilar turli qiyinchiliklarga duch kelishadi. Buni yuqorida birgina nutq sintezatori misolida ko’rdik. Har xil kompaniyalar tizimi bir xil bo’lgan telefonlarni ishlab chiqarar ekan, ularni ko’rinish, grafikasi bo’yicha bir-biridan farq qilishini istaydilar. Natijada bazi androidlarning ichi turli mayda rasmchalarga to’la va bechora ScreenReaderlar ularni nima deb o’qishni bilmay dovdirab qoladi. Bu esa biz foydalanuvchilarga noqulay. Brend bo’lgan «Samsung»da bunday xavf yo’q. Ammo androidni faqat u ishlab chiqarmaydida. «Apple» maxsulotlarida esa umuman bunday muammo kuzatilmaydi. Gapiruvchi dastur telefonni hech qiynalmasdan o’qib beraveradi. Bu ham bir farq. Bu bayon etganlarim dasturiy, ishlash jihatidan farqlar edi. Yana texnik farqli tomonlari borki, u endi siz qay narxdagi telefonlarni olishingiz bilan bog’liq. Ma’lumot sifatida yozib o’tishim kerak. 150 dollardan yuqori bo’lgan android telefonlarida katta xotira, ko’proqqa yetadigan quvvat, va kuchli tezkor xotira mavjud. Bundan tashqari ularni endilikda barmog’ingizning izi bilan ham blok holatidan chiqara olasiz. Buning afzalliklari juda ko’p. Siz yo siz barmoq izini telefoningizga tushirib olgan yaqiningizdan boshqa hech kim sizning telefoningizni olib boshqarib keta olmaydi. Buning uchun avval siz qurilmaning maxsus nuqtasiga barmog’ingizni bosishingiz kerak bo’ladi. «apple»ning iPhone telefonlarida ham bunday funksiya bor bolib, u iPhone 5 rusumlilaridan boshlab jore qilingan. narxlarda ham sezilarli farqlar bor. Ammo ularni ko’ribchiqishni o’zingizga qoldiraman.
Xo’sh, bu telefonlarni sotib ham oldik. Endi nimalar qila olishimiz mumkin? U hayotimizning qay tomonini go’zallashtira, ko’chada qay tariqa bizga yordam bera oladi?

Sensorlar ijtimoiy hayotda

Bugungi kunda ularning xizmati juda katta. Ayniqsa biz ko’zi ojiz insonlarga u ba’zida yo’l ko’rsatuvchi, ba’zida gazeta, jurnal, yaxshi maslahatgo’y, juda bo’lmasa zeriktirmaydigan ovunchoq bo’lib xizmat qilyapti. Har bir gapimiz asosli albatta. Ha, bu telefonlar yo’l ko’rsatuvchi ham bo’lishi mumkin. Xozirgi paytda android tizimida ishlaydigan, ko’zi ojiz insonlar uchun moslashtirilgan Ozman xsis dasturi ishlab chiqildi. Telefoningizdagi gps funksiyasini faollashtirib, u dasturga kirilsa, u sizning qayerda turganingizni, atrofingizda qanday manzil-u makonlar borligini ko’rsatib turadi. Agar biror joyga borishni istasangiz-u, yo’lni bilmasangiz, u holda dasturdan foydalanish mumkin. U yo’lni ko’rsatadi, qachon qayerda burilish kerak, necha metrdan keyin qanday bino barini tasvirlaydi. Faqat avval boshida dastur ichiga kirilganda o’zbekiston kartasini, butun jahon kartalarini yuklab olish kerak bo’ladi. Albatta bu dasturni ishlatish uchun ham katta tajriba lozim. Ammo aytingchi nima tajriba talab etmaydi?
Bu faqat androiddagi qulaylik bo’lsa, yana biri ikki tizim uchun ham tegishli. Yaqin kunlarda ishlab chiqarilgan my bus hamda tashbus dasturi biz ko’zi ojizlarga juda katta yordam beryapti. Agar telefonimizga bu dastur o’rnatilsa, u orqali shahrimizdagi avtobuslar qatnovini kuzata olamiz. O’zimizga biror avtobus kerak bo’lsa, dastur ichidan uni va o’zimizga kerak bo’lgan bekatni tanlaymiz. Internet yoqilsa, telefon shu bekatga tanlagan avtobusimiz qay vaqtda kelishini ko’rsatib turadi. Hatto qancha masofa qolganini ham. Bu bekatdagi holat, endi avtobus ichida ham dasturning yordami bor. U har bekatda keyingi bekat qaysi ekanligini ekranga chiqaradi va biz buni screenReader orqali bilib olishimiz mumkin. Bu bizning vaqtimizni tejaydi. Biz avtobuslarning qachon o’z bekatimizga kelishiga qarab o’z ishlarimizni rejalashtira olamiz. Biror bekatda tushishimiz kerak bo’lsa, undan bir bekat oldin uning nomini ko’ra olamiz. Quvonarlisi bunda bizga hech kimning yordami kerak emas.
«Hozir odamlarga minbar kerak emas, agar jamiyat bo’yicha, adabiyot bo’yicha biror fikri, yozgani bo’lsa, ijtimoiy tarmoqlarda aytishi mumkin. Bu tarmoqlarning o’zi bir katta minbarga aylandi»,- degan edi yozuvchi va shoir Xurshid Davron o’zining facebookdagi bir maqolasida. Juda to’g’ri. Hozir bu ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyat va adabiyot holatini, dunyo yangiliklarini bir paytda kuzatib borish, nainki kuzatish, o’z fikr-mulohazalaringizni qoldirish imkoniyatlari mavjud. Ko’zi ojiz insonlar ham ulardan keng foydalanayapti. Ayniqsa, Facebook, telegram tarmoqlari. Bularni ham gapiruvchi dasturlar to’liq o’qib bberadi. Yuqorida keltirgan imkoniyatlarimizdan tashqari bu ijtimoiy tarmoqlarda do’stlaringiz bilan gaplashish, ma’lumot almashish, o’z maqolalaringizni yoki ijodkor bo’lsangiz ijod namunalaringizni barcha bilan o’rtoqlashishingiz mumkin.
Endi ob-havo ma’lumotlarini ham radio yo tvdan eshitib o’tirishning ham xojati yo’q. Androiddagi google dasturida yo Яндекс с алисы ilovasi o’rnatilgan bo’lsa, iOs tizimida esa siria dasturi ishga tushirilishining o’zi yetarli va albatta internet ham yoqilishi kerak. Bunda ovozli boshqaruv orqali rus tilida siz o’z telefoningizdan ob-havo haqida so’rab olaverasiz. U ham o’z bilganlarini aytadi. Bundan tashqari ulardan dunyo xabarlarini, boshqa shahardagi ob-havo ma’lumotlarini, qaysi davlatda kim prezident ekani-yu, qaysi davlatning poytaxti qayer ekanligini ham so’rashingiz mumkin. Albatta javob olasiz.
Endilikda televizor ko’rish yo radio tinglash uchun uyda, ularning oldida o’tirish ham kerak bo’lmay qoldi. Chunki bu telefonlar uchun ishlab chiqarilgan ilovalar istalgan joyda ularni ko’rish, tinglash imkonini beradi. Internet bo’lsa kifoya. Hozirda televizor ko’rish va radio tinglashga moslashtirilgan, android va iOs dasturi uchun mediabay tv ilovasi ishlab chiqarilgan. Dastur ichida istalgan konalingizni topib eshitishingiz mumkin. Bundan tashqari dasturda kinofilmlar, serial, musiqa va boshqalarni topish mumkin.
Agar siz kitob mutolaasiga juda qiziqsangiz, rus tilidagi juda katta kitob bazasi ulangan ikki tizim uchun ham ishlab chiqarilgan av3715 dasturini ko’chirib olishingiz mumkin. O’tgan uchrashuvimizda kamina ushbu sayt haqida ma’lumot bergan edim. Agar siz bu saytda ro’yxatdan o’tgan bo’lsangiz, dasturga o’z ma’lumotlaringizni kiritib istalgan kitobingizni eshitishingiz, yuklab olishingiz mumkin. Musiqa va axborotning qay ko’rinishi bo’lmasin ularni bemalol topish, eshitsa bo’ladi. Bunda hech bir qiyinchilikka duch kelinmaydi. Faqat telefonni qunt bilan o’rganish, shundagina yuqorida ko’rsatilgan natijalarga erishish mumkin bo’ladi.

Bu telefonlar zeriktirmaydigan ovunchoq ham bo’lyapti degandik yuqorida. Rostdan ham shunday. Chunki tinib tinchimaydigan game makerlar ko’zi ojizlar uchun bu tizimlarda ham o’yinlar yaratishayapti. Bunga misol qilib domino o’yini, karta, kamondan o’q otish haqida o’yinlarini keltirish mumkin. Android va iOs uchun ham birday yaratilgan eng katta o’yinlardan biri bu “a blinde legent” o’yini. Bunda siz ko’zi ojiz bo’lgan bir ritsorni boshqarasiz va u bilan birga jangga kirishingiz kerak bo’ladi. O’yin inglis va fransuz tillarida.
Maqolaga so’ngi nuqtani ko’yar ekanman, «o’quvchiga bu telefonlar haqida oz bo’lsada ma’lumot bera oldimmi, imkoniyatlarini har tarafdan, har soha bo’yicha yorita oldimmi?»,- degan o’y-xayollar meni qamrab olyapti. Bunday telefonlarni ishlatishni maqsad qilar ekansiz, doimo amaliy ish qilishga harakat qiling. Bunda nazariyani bilish kifoya qilmaydi. Har qanday nazariy bilim amaliyotda qo’llanmas ekan, u baribir nolga teng hisoblanadi. Men yozganlarimning barini o’zim sinab ko’rganim, odamlar qila olganlarini bilganim uchun sizlarga taqdim etmoqni istadim. Qisqasi ming marta o’qib o’tirgandan ko’ra, bir marta sotib olib ishlatgan yaxshi!
Mirali G’iyosov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Filologiya fakulteti II bosqich talabasi

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: