UYDA QOLING!

Raqamli virus yuqishi orqali aqlsiz inson yaralishi

Butun dunyo gadjetlar (smartfon, televizor, planshet, kompyuter) bilan do’stlashib jonli do’st o’rnini jonsiz birodar egallagan zamonda yashayapmiz.

Smartfon, planshet, kompyuter, televizor va shunga o’xshagan ekranli aqlni o’z aqlimizdan buyukroq sanashimiz bizni aqlsizroq qilib qo’ymoqda. Bu hazil emas, “Raqamli aqlsizlik” tashxisi – sog’likning buzilishi demakdir.
Raqamli aqlsizlik yoki infantilizm deb ataluvchi kasallikka chalingan bolalarda diqqatning kamligi, xotiraning pastligi, o’zini nazorat qila olmaslik, xarakatlaridagi aniqlikning yo’qligi (so’poqroq), tushkun kayfiyat, depressiya , orzuning yo’qligi, maqsadsizlik, gadjetlarsiz o’zini bir narsasi kamdek his qilish, ulardan ajraganida agressiv bo’lib qolish kabilar paydo bo’ladi. 2007-yilda Jaxon Sog’liqni Saqlash tashkilotining ilmiy tekshirishlari natijasi e’lon qilindi. Bunga ko’ra gadjetlar bilan tarbiya topgan bolalarning miyasida miyaning lat yeyishini ko’rsatadigan o’zgarishlar paydo bo’layotgan ekan. Boshqacha qilib aytganda miyaning jarohat olishi, avariyada miya chayqalishi, lat yeyishi oqibatida aqliy zaiflik rivojlansa, televizor, telefon, planshet va kompyuter ta’siri ham huddi shunday miya o’zgarishlarini paydo qilmoqda ekan. Aqli zaiflik qarilikdagi aqli zaiflik Alsgeymer kasalligining ko’rinishlarini ham eslatadi. Bir so’z bilan aytganda miyaning rivojlanmasdan erta qarishini RAQAMLI AQSIZLIK kasalligi deb ataymiz. Jahon Sog’liqni Saqlash tashkilotining hisobotiga ko’ra 18 yoshli yevropalik bola umrining 4 yilini, 7 yoshli bola esa umrining bir yilini ekran oldida o’tkazmoqda ekan. Hozirgi bolalar judayam boshqacha, televizor pultini biladi-ya, juda aqlli, – demoqchimisiz? Albatta pultdan boshqa narsani bilmaganidan keyin umrining mazmuni o’sha pultga va ekran sizni boshqarishi orqali bolangizni tarbiyalashiga bog’liq bo’lib qoladi-da. yetti yoshli bolada 100 milliard neyron shakllanib ular ishlashi uchun neyronlarni yangi jonli ma’lumotlar bilan oziqlantirishingiz lozim. Jonli muloqot, jonli harakat, jonli yangilik neyronlarni shakllantiradi.
Televizor, telefon, internet orqali kelgan ma’lumotlar esa ishlatilmaydigan keraksiz raqamli aql holos. Bolaning oldida uning miyasi yechishi lozim bo’lgan bir qancha muammoli holatlar paydo bo’lishi va ularni yechish orqali neyronlar ishlashi kerak. Miya fikrlashi, tafakkur qilishi orqali o’sadi. Bola qo’lini ishlatishni, tanasini boshqarishni va huddi shunday miyasini ishlatib mustaqil fikrlashni o’rganishi kerak. Gadjetlardagi mahsulotlar bolalarning ekrandagi ma’lumotlardan ta’sirlanib kuzatuvchiga aylanishiga olib keladi. Kinoning qahramonini, ma’lumotning nima bilan tugashini kuzatadigan miya o’zi fikrlashi lozimligini bilmasdan katta bo’ladi.
1970-yildagi bolalarning harakatlanish radiusi bilan hozirgi zamon bolalarining harakatlanish radiusini taqqoslasak 90% ga kamayganligini aniqlashimiz mumkin, – deydi psixolog olimlar.
Bolalarimiz ekran atrofidagina aylanishmoqda. Soatlab ekranga tikilib katta bo’lgan bolalarning ko’z imkoniyati cheklanib, yon tomonni ko’rish rivojlanmay qolmoqda. Undan tashqari ko’z uzoqqa tikilmaganidan keyin yaqinni ko’rishga moslashib olmoqda. SHuning uchun juda ko’p bolalarda ko’rish nuqsonlari ham paydo bo’layapti. Ochki, liinzasiz bolalar yaqin kelajakda kamayib ketishi oddiy holga aylanmoqda.
Bolalar o’z mushaklarini o’stirishlari, paylarida quvvat paydo bo’lishi lozim. Undan tashqari kuniga hech bo’lmaganida o’n hil tabiat hidlarini tuyish, ariqdan sakrab irodasini sinab ko’rish, daraxt ustiga o’rmalab chiqqanida abjirlikni his qilishi ham kerak-ku. Televizordagi odamlarning hislarini aniqlashga o’rgangan miya sohta yuzga o’rganib, hayotdagi jonli yuzlardagi mimikalarni tanib olishi qiyinlashib boradi. Axir har bir kinoda ham qahramon yasama mimika bilan rol o’ynaydi-da. Toza havo olish kamayganligi uchun o’pkaning tiriklik sig’imi deb ataluvchi o’pka hajmi kamayib ketadi.
Televizor oldida ko’p o’tirgan bola yuzaki nafas oladi. YUgurish bilan o’pkaning tiriklik sig’imi kattalashadi. Televizor va telefonga engashib katta bo’lgan bolalarning umurtqasidagi qiyshayishlar boshqa a’zolarning ham noto’g’ri o’sishiga sabab bo’ladi. Masalan, umurtqaning noto’g’ri o’sishi oqibatida jag’ning prikusi ham noto’g’ri rivojlanadi. Tishlar qiyshiq chiqadi.
Bola uch yoshgacha 12 soat uxlashi kerak. O’smirlikka kirib borayotgan bola 8-9 soat uxlashi lozim. 6-11 yoshli bola kamida 9-10 soat uxlashi lozim. CHunki bola uyquda o’sadi. Bundan tashqari bola kamida 5-6 soat tanasini aktiv arakatlantirishi va har kun bitta yangilik bilan tanishishi lozim.
Ekran oldida katta bo’lgan bolaning miyasi keraksiz ma’lumotlar bilan to’lganligi uchun tinch uxlashga qiynaladi. Bosh og’rig’i, asabiylik, kinodagi voqealarni o’ylab yurish kabi o’z hayoti qolib boshqalar hayotini o’ylashga o’rgatiladi.
Bunday bolalarning miyasida maktabdan kelgan uyga vazifani bajarishga joy qolmagandek bo’ladi go’yo.
“Raqamli texnologiyalar qanday qilib miyani lat yeyish darajasidek, miya avariyaga uchrab jarohat olganidek o’zgarish paydo qiladi?” degan savol tug’ilishi mumkin.
Miyaning o’zini nazorat qilish, qaror qabul qilish, hamdardlik ko’rsatish kabi markazlari ishlamaganidan keyin o’ladi. O’lgan nerv tugunlari atrofiyaga uchraydi. Masalan, qo’li singan odamning qo’lini gipsga solib qo’yilsa o’sha qo’li cho’pdek ozib ketadi va ishlaydigan qo’ldan kichikroq bo’lib qoladi. Miyaning ham ishlatilmagan markazlari: qaror qabul qilish markazi, iroda markazi, diqqatni jamlash, xotira kabi miya uchastkalari atrofiyaga uchrab o’lishni boshlaydi.
Bola ma’lumotni yodda saqlab qolganidan ko’ra internetdan topib olishni osonroq deb biladi.
Miya teleekran, telefon ekrani va boshqa raqamli ma’lumotlar orqali kelgan ovozlarga ko’proq ishonch bildiradi va jonli muloqotdagi ovozlarni aniqlash, anglash, his qilish kabi sifatlarini rivojlantirmaydi. Ekranga o’rgangan ko’z, ekrandan kelayotgan ovozga o’rgangan quloqni jonli hayot qo’rqitadi. Bunday bolalar tashqi dunyodan qochishni to’g’ri yo’l deb biladilar.
– Stiv Jobs ham bu ma’lumotlardan habar topganidan keyin farzandlariga raqamli industriyaning ziyonidan asrashni maqsad qilib qo’ydi. Stiv Jobs farzandlarining aypad ishlatishini ta’qiqladi, gadjetlardan tunda foydalanishni chekladi va dam olish kunlari ulardan umuman foydalanmaslikni oilaning qonuni deb aytdi.
– Kris Anderson amerikaning taniqli «Wired» jurnalining bosh muharriri va 3D Robotics yaratgan inson ham o’z farzandlarini gadjetdan foydalanishiga ruhsat bermas ekan.
– Blogger va Twitter egasi o’z farzandlarini kuniga faqat bir soat davomida ekrandan foydalanishga ruhsat bergan.
Farzandlaringiz bilan dushmanlashmang, ularga cheklov qo’yganingizda uning o’rnini bosadigan biror maqsad taklif eting. Eng arzon narsa bu teleekrak, telefon ekrani va planshet bilan ovutish. Rasm chizish, futbol o’ynash, basketbol o’yini, velosiped uchish, tog’ga chiqish albatta pul, harakat talab qiladi. Bolangizga o’zingizdagi eng qimmatbaho narsani taqdim eting bu sizning hayotingizdir.
Vaqtingizni bolangiz bilan birga o’tishi sizning fikrlash tizimingizni unga o’tishiga, bir hil dunyoqarash va har hil munosabat paydo qilishga olib keladi. Farzandlaringizni 10- 20 yildan keyin nima kutayotganligini bilishni istaysizmi? Unda bir test o’tkazamiz. Agar farzandlaringiz kuniga soatlab teleekran oldida o’tirgan bo’lsa, demak ularni dangasalik ekranga qarab ovqat yeb o’tiraverish, degan holat kutmoqda.
Bolangizga muloqot qilishni o’rgatsangiz muloqot qilishni biladigan kelisha oladigan biznesmenga aylanadi. Bolangizni mehnat qilishga o’rgatsangiz mehnatdan qo’rqmaydigan bolaga aylanadi. Bolangizni chiniqishga o’rgatsangiz irodali bo’ladi. Farzandingizga muammoli vaziyatlarni yechishni o’rgatsangiz jur’atli va jasur bo’ladi. Farzandingizga faqat sizdan so’rab bir ish qilishni o’rgatsangiz, sizsiz biror ishni boshini ushlamaydigan so’rovchiga aylanadi. Faqat televizor, telefon, kompyuterda biror narsa ko’rishni o’rgatsangiz, umrini birovlarning hayotini kuzatish bilan o’tkazadigan, ekranga tikilgan insonga aylanadi.
Bolalaringiz unsin, o’ssin, miyasi, jur’ati mustaqqil fikri o’sib, o’z hayotini yaratadigan salohiyatli insonga aylansin.
Vooooy! Unaqa ekranga tikiluvchi o’g’ildan, televizorga mihlangan qizdan, voooeyyy, asrasin o’zi. Dushmanimga ham ravo ko’rmayman-a! (Mahallada duv-duv gap!)

Shifokor, psixolog, psixoterapevt – Zebiniso Ahmedova

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: