Hududlardagi epidemiologik vaziyat, ta’lim dargohi va sog‘liqni saqlash tizimining vaziyatga tayyorligidan kelib chiqqan holda 21 sentabrdan boshlab, Respublika bo‘yicha jami 4 379 ta (43,9%) maktab to‘laqonli ravishda ishlamoqda.
Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi rasmiy saytida e’lon qilindi.
Mazkur maktablarda 2,1 mln. nafar (34%) o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan 1,5 mln. nafari (72%) an’anaviy, qolgan 595 ming nafari (28%) onlayn shaklda ta’lim olmoqda.
Maktab faoliyati tiklanmagan o‘quvchilarning ta’lim olishi esa «Onlayn-maktab» loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali ta’minlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, maktablarning an’anaviy shaklda ochilishi to‘g‘risidagi qarorlar har bir maktab bo‘yicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yohud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.